(turkum)
1
Hayotmi bu, yo sirli ertak.
Yoki bilmam, bir shirin tushdir:
Kipriklarim otmoqda kurtak.
Qoshlarimga shudringlar tushdi.
Koʻzim buloq singari toza.
Gulga kirdi har bir barmogʻim.
Bogʻda birdan boʻldi ovoza –
Atirgulni yoʻqlab bormogʻim.
Kuy boshladi sozanda bulbul.
Jarchilarim – chittak va kakku:
“Toʻy boshlandi!
Ey, doʻst, oʻynab-kul,
Axir, yashab qolish kerak-ku…”
Sovchi boʻldi oppoq kabutar.
Kuyovjoʻra – qora qaldirgʻoch.
Gul qizarib, bezanib kutar –
Boshida dur yaltiragan toj.
Yoʻlimizga sochilar gulbarg,
Musichalar qilishar duo.
Ota uyin qilar ekan tark,
Koʻzyosh toʻkar Atirgul… Shu on –
Dugonasi – qizgʻaldoq bilan.
Pichirlashar, bilmayman, neni.
Hozirdanoq yuz aldoq bilan
Oʻz izmiga solmoqchi meni.
Mayli,
Gulga boʻysinsam – aybmas,
Titrab turar nozik vujudi.
Buncha xushboʻy! Sirini aytmas,
Suvmas, atir ichganday xuddi…
Yashayapman –
Ming yil, yo bir on:
Vaqtning menga nisbati yoʻqdir.
Anglab yetdim: sevsa gar inson –
Malak!
Boshqa qismati yoʻqdir…
Shu savdoki – boshimga tushdi,
Shu sharafga loyiq koʻrdi Haq:
Ehtimol, bu bir shirin tushdir,
Balki, afsun yoki bir ertak…
2
To tonggacha tinmadi yomgʻir,
To tonggacha chalib chiqdi kuy.
Taronasi – tiniq va sohir
Hasrat ustunlarin yiqdi-ku.
Qalbim bilan tingladim uni,
To tonggacha… koʻzimni yumib.
Jonimdagi achchiq qaygʻuni –
Kuyi bilan ketdi u yuvib.
Koʻzim toza… Toza soʻz bilan
Salom berdim saxiy saharga.
Jilmaydi u – sevinchim bilar –
Quyosh ila chiqqum safarga.
Qumursqalar qatori boʻylab,
Odimlayman, doʻstim – ninachi,
Yoʻl boshlaydi shoʻx qoʻshiq kuylab,
Qoʻshilmasam ranjir ginachi.
Havo toza. Suvlar musaffo,
Atirgullar otmoqda mushak.
Yaprogʻlari – sochadi safo –
Xonqiziga yoqimli toʻshak.
Hayot – goʻzal, fusunkor, sirli,
Yuragimdan toshayapti shasht.
Ey, Sevgining maʼsum asiri,
Yashash kerak, ha, sevib yashash!
Axir, hayot berilgan bir bor,
Yigʻlasak ham, kulsak ham – kechar.
…Uxlamaymiz bu tun ham, dildor.
Yana yomgʻir yogʻar bu kecha…
3
Suv yuziga toʻkildi asta
Atirgulning singan yaprogʻi.
Ega chiqdi unga bir pasda –
Tillaqoʻngʻiz ayni tong chogʻi.
Jildiraydi musaffo ariq.
Oʻynab oqar sahar qoʻynida.
Gul yaprogʻi – eng nafis qayiq
Qalqir quvnoq yel oʻyinida.
Suvni oʻpgan giyohlar – koʻprik,
Sohilda qoʻl silkir xonqizi.
Koʻzlarimdan toʻkilgan kiprik
Eshkak boʻlar… Xavfli oqizib.
Aylantirar mitti girdoblar.
Tillaqoʻngʻiz – mohir dengizchi.
Sabotini, sanʼatin toblab,
Davom etar yoʻlida izchil.
Pisand emas xaslar toʻsigʻi.
Pisand emas qaltis burimlar.
Yelkan qilar yellar qoʻshigʻin.
Olislarda sevgisi imlar.
Ufq qaʼrida – u suygan qoʻngʻiz,
Gʻarq boʻlmaydi quyqa gumonga.
To yor ekan shunday goʻzal his.
Yetishajak bir kun ummonga…
4
Atirgulning tanasi boʻylab
Oʻrlab borar mitti chumoli.
Jilmayadi tushini oʻylab.
Nigohlari sarxush, xumorli.
Tush koʻribdi qizil gʻunchani.
Nur taratib yonib turganmish.
Ochib-yopib gul tugunchani,
Oʻzi bilan suhbat qurganmish…
Uygʻondiyu doʻstlarin chorlab.
Tongda koʻrgan tushini aytdi.
Qarogʻlari sevinchdan porlab.
Takrorladi qadimiy baytni:
“Bu ne tilsim?
Bu ne sir, hayhot,
Nahot menda bor boʻlsa yurak?
Endi menga Usiz yoʻq hayot,
Endi uni koʻrishim kerak!”
Qancha koʻhna kitob titildi.
Xaritalar izlandi halak.
Oxir gʻuncha manzilin bildi
Farishtalar doʻsti – kapalak.
Yoʻl boshladi.
Borar chumoli
Quyosh sari oʻrlaydi tikka –
Yaprogʻlarning ostida qolib.
Sanchilsa ham koʻksiga tikan.
Faqat meni qiynaydi bir oʻy.
Yetarmikan to qish kelguncha.
Taratarmi u payt atir, boʻy.
Sovuq urib toʻzmasmi gʻuncha?
Yarim yoʻlda oʻlar kapalak,
Safar olis – yetmaydi umri.
Oʻyin qilar joduli falak
Sochar ekan bir shoda durni.
Rahmim kelar…
Qoʻlimga olib,
Eltsam deyman manzilga oson.
Lek chumoli qovogʻin solib,
Bosh chayqaydi: “Teginma, Inson,
Sening orzung mendan-da mayda,
Sevgi axir azob-la xushdir.
Jon chekmasang jonona qayda.
Mashaqqatsiz muhabbat puchdir!”
5
Koʻp qavatli bir uy misoli
Atirgulning barglari qat-qat.
Ijaraga bir goʻsha olib,
Sevishganlar yashaydi faqat.
Har bargakda – bir baxtiyor juft.
Har yaproqda bir yorugʻ chiroq.
Biri shoir, biri faylasuf
Ogʻrinmasdan ochadi quchoq.
Bilmas sira – hasad ne, ne kin,
Begonadir dunyo gʻubori.
Yashaydilar dalli va erkin,
Biri – pastda, biri – yuqori.
Bittasiga teginsangiz sal,
Qoʻzgʻoladi bari – qoʻshilar.
Havasimni keltirar rosa –
Bunday ahil, goʻzal qoʻshnilar.
Shabnam kabi sof tushunchasi,
Ishq hukmiga mangu asirday.
Atirgulning olov gʻunchasi
Barchasiga nur sochar birday.
Asalari kuylab yigʻar bol,
Raqs tushadi nafis kapalak.
Xonqiziga tilaydi iqbol –
Ninachi rang bergan kamalak.
Yoʻl quradi tanti chumoli,
Oʻrimchak jim bogʻlaydi rishta…
Xullas, hayot hasratdan xoli.
Mushkin uy bu – toza, sarishta.
Koshki,
Men ham – gunohkor banda
Ular bilan boʻlsaydim non-tuz.
Ular kabi pok emasman-da.
Hur emasman ularday, afsus…
6
Bogʻda bulbul oʻqidi azon.
Keyin kakku tushirdi takbir.
Jam boʻlishdi barcha namozxon –
Zagʻcha, chumchuq… – tizildi bir-bir.
Gulzorning qoq oʻrtasi – masjid,
Atirgulning bargi – sajjoda.
Sajda payti mast qilguvchi hid
Yuraklarni oʻrtadi: boda –
Uzatardi bir sarmast gʻuncha,
Bilmam, nega – sezmasdi hech kim.
Safdoshlarim yotib turguncha.
Gulqadahni sipqorib ichdim.
Tomirimda taraldi lazzat.
Xira ongim birdan yorishdi.
Dilga tushov barcha dahmaza
Gʻoyib boʻldi – yerga qorishdi…
…Ixlos qilar har kim oʻzicha.
Yoʻllar ekan Arshga rozini.
Salom berdi imom musicha –
Va tugatdik shom namozini.
Soʻng tarqaldik…
Kezindim besar –
Ilk bor tuydim ibodat totin.
Endi uyga qaytayin desam,
Xalal berar bir juft qanotim…
7
Oʻtar edim gulbogʻ oralab,
Oyoq qoʻyib mushkin pushtaga.
Bosardim goh gʻunchalarga lab –
Qizil, sariq, oq va pushtiga…
Har birida – oʻzgacha gulob,
Har birida – oʻzgacha bir taʼm.
Mast boʻlardim…
Va sirim gullab,
Qoʻshiq ayta boshlardim xurram.
Kuylamoqdan tinardi qushlar,
Chigirtkalar solardi quloq.
Chuvalchanglar dilini xushlab –
Chiqardi yer yuziga quvnoq.
Faqat bir gul moʻltirar maʼyus,
Faqat bir gul – bogʻning chetida.
Oʻtgan kecha bariga, afsus,
Shu gul yolgʻiz guvoh edi-da.
Ilk bor seni quchganim hamda
Oʻpganimni koʻrdi u nogoh,
Arazladi va oʻsha damdan
Atrini ham sochmay qoʻydi, oh.
Endi oʻynab-kulsam-da qancha,
Gʻunchasini ochmaydi bu gul.
Yer iskaydi jim egilgancha,
Tuproqqa bosh urguday butkul.
Oʻtar boʻlsam yonidan, besas
Tovonimga sanchar nishini.
Qaydan bilay, senga dil bersam,
Atirgulning rashk qilishini.
Kel,
Kutaman bu kech ham bogʻda,
Garchi yoʻqdir senga hech soʻzim:
Ranjimasin – uzatsin boda,
Atirgulga tushuntir oʻzing…
8
Atirgulning bandini kesdim,
Qon sachradi yuzimga bexos.
Seskandim-u… qismatim sezdim,
Qiyin boʻlar endi menga, rost.
Tushlarimga kiradi bu gul,
Xoʻrsinadi, maʼyus entikar:
Yaprogʻlari toʻkilmish butkul,
Koʻzlarimga qadaydi tikan.
Pichoq izi – tuzalmas yara,
Silqib turar ohi, ingrari.
Meni taʼqib qiladi yana,
Boshi ketgan shahid singari.
Girdoblarga otadi oʻzin,
Suv oqizgan gulbargin izlab.
Yoshga toʻlar sohilda koʻzim,
Uvol ketgan gʻunchani eslab.
Axir, senga qilgandim tuhfa,
Tilagandim yolgʻiz muhabbat.
Orzum edi: u bilan uxlab,
Tushlaringda meni koʻr faqat.
Sen-chi, bagʻring tosh ekan, dilbar,
Qanday ogʻir gunohga botding –
Latif gʻuncha qadrini bilmay,
Loyqa ariq qaʼriga otding.
Endi meni qoʻymaydi bu gul,
Endi menga abadiy raqib.
Tushlarimni toʻzgʻitadi ul,
To oʻlguncha qiladi taʼqib.
Bir kun oʻlsam…
Toʻlgʻonar qabrim,
Toshib chiqar mushkin anduhi.
Ayamasdan sochadi atrin
Atirgulning bezovta ruhi!
9
Yonarqurtday turibdi dilda –
Tegrasiga taratib ziyo.
Oʻrmalaydi – ilashsa tilga,
Yulduz kabi nur sochar goʻyo.
Atirgulning labidagi pok
Shabnam yangligʻ balqib turar u.
Tushar boʻlsa yovvoyi nigoh,
Silkinadi – qalqib turar u.
Yorugʻ Soʻz u. Qadr kechasi –
Malaklarning ogʻzidan tushgan.
Shoirlarning necha-nechasi
Uni faqat koʻrmishdir tushda.
Men ham yolgʻiz unga ishonib
Olgan edim qoʻlimga qalam.
Qaro tunda – oʻsha nishonim,
Shuʼlasida tashlayman qadam.
Agar boʻgʻsa zim-ziyo kecha,
Agar zulmat olaytirsa koʻz
Sheʼrim oʻqing… Lahzada kechar
Dilingizga ushbu yonarsoʻz…
Nodir JONUZOQ
https://saviya.uz/ijod/atirgul-barglari/