“Ateist”

Ateizm – xudosizlik targʻiboti juda kuchaygan kezlar edi. Hatto oʻz akasining tobutini koʻtarib qabristonga olib borgani va janoza oʻqitgani uchun bir kommunistni partiyadan oʻchirishgacha borib yetishdi. “Jonajon partiya”dan oʻchirilish esa qamalish, juda boʻlmaganda, ishdan haydalish degani edi…

Shunday kunlardan birida olisroq viloyatga toʻyga bordik. Meni mehmon sifatida siylashdi, shekilli, davra toʻriga – tuman partiya rahbarlaridan birining yoniga oʻtqazib qoʻyishdi.

Oradan bir oz oʻtgach, yoshi ulugʻ bir mehmon kelib, davraga qoʻshildi. Kelin-kuyovni duo qilib dedi:

– Ikki yosh qoʻsha qarisin! Uvali-juvali boʻlib, uzoq umr koʻrsin. Ollohu akbar!

Hammamiz fotihaga qoʻl ochdik. Faqat yonimdagi “rahbarcha” oʻshshayib oʻtiraverdi. Hayron boʻlib qaraganimni koʻrib, izoh berdi:

– Men Xudoga ishonmayman: ateistman!

Rostini aytsam, ensam qotdi. Xayolimga bir “shumlik” keldi.

– Uzr, – dedim ateistga. – Gapga chalgʻib, Siz bilan tuzuk-quruq soʻrasholmadim ham. Eshik-ellar tinchmi? Bola-chaqalar chopqillab yurishibdimi? Planlar yuzmi?

Savollarim shu qadar tabiiy, samimiy ediki, “ateist” qoʻlini koʻksiga qoʻydi:

– Xudoga shukur! Xudoga shukur! – deya boshladi.

Nariroqda oʻtirgan mehmon “piq” etib kulib yubordi. Ateist avvaliga nima boʻlganini tushunmadi, shekilli, bir zum alang-jalang boʻpturdi-da, soʻng zarda bilan oʻrnidan turib, joʻnab qoldi.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

https://saviya.uz/ijod/nasr/ateist/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x