DO`STLARGA ULASHING:
ASSALOM, FIZIKA!
( Maktab sahnasi uchun tadbir ssenariysi)
Tadbir o’tkazilayotgan maktab faollar zali bayramona bezatilgan. Devorlarda fizika fanini ulug’lovchi shiorlar, stentlar, lavhalar aks etgan. Xonada turli fizik asboblar, texnika vositalari joylashtirilgan. Monitor orqali slayt lavhalar aks etib turibdi. Tadbirni o’tkazishdan maqsad o’quvchilarni fizika faniga qiziqishini orttirish, bilim, ko’nikma va malaka hosil qilish.
1-boshlovchi:
Bugun baxtdan, hur hayotdan, Entikadi bu dillar. Mustaqillikni madh aylab, Shodon yayrar ko’ngillar. Aziz do’stlar, vatandoshlar, Sizga bo’lsin ehtirom. Fizikaga oshnolarga, Bo’lsin salom-assalom! 2-boshlovchi:
Assalomu alaykum, aziz do’stlar. Fizika olamiga xush kelibsizlar! 1-boshlovchi: Fizika fan oyligiga bag’ishlangan “Assalom, fizika!” deb nomlangan kechamizni ochiq deb e’lon qilamiz.(Davraga o’quvchilar kirib kelishadi. Qo’llarida fizika faniga tegishli bo’lgan plakatlar.)
Koinot mavjuddir, tabiat mavjud,
Fizika fani ham taraqqiy etgan.
Olis o’tmishdagi bobolarimiz,
Bu fanning sirlarin anglatib ketgan.
Assalom fizika, ulug’ fizika,
Lahzamiz sen bilan bog’liq fizika.
Oddiylikdan toki murakkabgacha,
Ulkan kashfiyotlar zamini shunda.
Texnika, kompyuter, fazo, koinot,
Ixtirolar bori mujassam bunda.
Assalom fizika, ulug’ fizika,
Har lahza sen bilan bog’liq fizika. Atrofimiz fizika (Qo’shiq)
Televizor bo’lmasa, “kunim o’tmaydi”,
Telefon bo’lmasa, ishim bitmaydi.
Bilsang atrofimiz o’zi fizika, Fizikadan paydo bo’lar texnika.
Radioni tenglab dil orom oladi,
Musiqa asbobin kuyga soladi.
Bilsang atrofimiz o’zi fizika, Fizikadan paydo bo’lar texnika
Yorug’lik bo’lmasa qanday qilamiz,
Hech kimda huzur yo’q, buni bilamiz.
Demak, atrofimiz o’zi fizika,
Fizikadan paydo bo’lar texnika
Davraga fizika va astranomiya fanlariga, jahon madaniyatiga hissa qo’shgan O’rta Osiyolik allomalarning siymolari kirib keladi. 1- boshlovchi:
Alohida mustaqil fan deb atagan,
Fizika fanini Forobiy bobom.
Qancha bilimlarni bizga qoldirgan,
Ilmda tengi yo’q nuroniy bobom.
Forobiy:
Menga qadar bu fan tabiat haqidagi fan deb qaralgan edi. Men esa fizikani mustaqil fan sifatida shakllanishiga zamin yaratdim.
2-boshlovchi: Qadim Buxoroda dunyoga kelgan, Ibn Sino bobom, bilimdon bobom.
Fizika faniga ko’p hissa qo’shgan,
Ilmda sohibu, ham sulton bobom. Ibn Sino:
Yerdan ko’tarilgan suv bug’lari sovuqlik tufayli bulutlarga aylanadi. Tog’ tepalarida yanada quyuqlashadi. Qor, yomg’ir va do’lning paydo bo’lishi esa haroratning yuqori va pastlik darajasiga bog’liq. Do’l ko’proq bahor va kuz fasllarida bo’ladi. 1- boshlovchi: Xorazm poytaxti Qiyot shahrida,
Tug’ildi Beruniy, qomusiy olim.
Ko’plab fanlar kabi fizikaning ham,
Rivojini tilab, tashladi odim.
Qahrabolanish va ohangraboni, O’rgandi, o’rgatdi ahli ilmga. Ikki yuzdan ortiq risola yozib, Falakiyot ilmin qo’shdi bo’limga. Beruniy: Yer shar shaklida bo’lgani uchun, jismlarning og’irligi hamma tomondan Yerning markaziga tomon tortiladi. Yerning ichki harakati, ya’ni moddalarning o’z tabiiy o’rniga intilishi zilzilalarni yuzaga chiqaradi. 2-boshlovchi: Abdurahmon Hozin Hayyom shogirdi,
O’n ikkinchi asrda Marvda tug’ilgan.
Jism solishtirma og’irligini,
Maxsus tarozida u isbot qilgan. Abdurahmon Hozin:
Men Beruniyga o’zimning behad hurmat va ehtiromimni bildiraman. Beruniy tomonidan aniqlangan moddalarning solishtirma og’irliklarini to’laligicha “Donolik tarozusi” kitobimga kiritib, tarozi va tarozi toshlari massasini aniqlashda qo’lladim.
1- boshlovchi:
O’rta Osiyoda yashab, ijod qilgan buyuk allomalarimiz va ularning jahonshumul kashfiyotlarini sanab, adog’iga yetib bo’lmaydi. 6-sinf o’quvchilari davraga kirib kelishadi. 1-o’quvchi:
Muso Al – Xorazmiy — Tabobat ilmining sultoni, Matematika fanining asoschisi, tarix va astranomiya fanlarining rivojiga katta hissa qoshgan olim. 2-o’quvchi: Qomusiy olim — Muhammad Al- Farg’oniy “Astranomiyaning boshlanishi” deb nomlangan kitobi bilan Butun dunyoga tanildi. 3-o’quvchi:
Ulug’ donishmand Abu Bakr Ar- Roziy;
4-o’quvchi:
Buyuk matematik, fizik va astranom Umar Hayyom;
5- o’quvchi:
Falsafa, fizika, astranomiya, fanlari rivojiga hissa qo’shib, ob – havo haqidagi bilimlari bilan mashhur bo’lgan Umar Chag’maniy
6- o’quvchi:
Quyosh va oy tutilishini oldindan aniqlash usullarini, 1018 ta yulduzni joylashgan o’rnini aniqlab, dunyoga mashhur “Zijji ko’ragoniy” kitobini yozgan Mirzo Ulug’bek
7- o’quvchi:
Ulug’bek rasadxonasining mashhur o’limlaridan biri bo’lib, zamonasining Aflotuni deb nom olgan Qozizoda Rumiy.
8- o’quvchi:
Ulug’bekning astranomik jadvalini yakunlash nasib etgan, suyukli shogirdi Ali Qushchilar, (hamma)
BUYUK KASHFIYOTLARI BILAN ASRLAR OSHA MANGU YASHAYDI!
“Linza yordamida olov hosil qilish” deb nomlangan sahna ko’rinishini 8- sinf o’quvchilari namoish etishadi.
Fizika faniga qiziquvchi o’quvchilardan 6 nafari sahnaga chiqib, ikki guruhga bo’linib, krassvord ishlashadi: Bosh harfi quyidagi harflar bilan boshlanuvchi, fizika fanida ishlatiladigan so’zlar yoziladi
O’ZAK | S |
Z | O |
B | G’ALTAK |
ELEKTR | LINZA |
K | O |
I | M |
S | A |
T | V |
O | L |
N | O |
D |
Keling do’stlar fizikani o’rganing. (Qo’shiq)
Fizikani iqtidorli kishilar yaratgandir,
Yangi- yangi kashfiyotni olamga tanitgandir.
Keling do’stlar, keling do’stlar fizikani o’rganing.
Ushbu fanda Al- Beruniy, Xorazmiylar yodi bor,
Puxta bilim egallasak, tole bo’lar bizga yor.
Keling do’stlar, keling do’stlar fizikani o’rganing.
Mustaqillik berdi bizga har sohada ko’p imkon,
Ustozlardan bilim olib, bolaylik komil inson.
Keling do’stlar, keling do’stlar fizikani o’rganing.
O’qituvchilar o’z imkoniyatlaridan kelib chiqib, tadbir ssenariysini turli, qiziqarli bellashuvlar, savol- javoblar, she’r va raqslar bilan boyitishi mumkin.
Tadbir so’ngida faol ishtirok etgan o’quvchilarga sovg’alar topshiriladi.
Nafisa Sag’dullayeva
Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi
34- maktabning o’qituvchisi