Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi va ilmiy ekspeditsiyasi rahbari,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi
Zokirjon MASHRABOV bilan suhbat
– Zokirjon aka, tarix, adabiyot va sanʼat turli xalqlarning bir-birini tanishi, anglashi bilan birga, ularning oʻzaro madaniy, ijtimoiy aloqalari rivojiga ham ijobiy taʼsir etadi. Buni boburiylar saltanati tarixi misolida koʻrishimiz mumkin. Istiqlol sharofati bilan jahongir bobomiz ijodiy merosini xalqaro miqyosda oʻrganish maqsadida Bobur nomidagi xalqaro ekspeditsiyaga asos solindi. Keling, suhbatimizni ilmiy izlanishlaringiz asnosida dunyo kitob jamgʻarmalari va muzeylarida saqlanayotgan, ayni paytda oʻzimizga qaytarilgan bebaho qoʻlyozmalar haqida boshlasak…
– Juda ham toʻgʻri aytdingiz. Bobur nomli xalqaro fond va ilmiy ekspeditsiyasi mustaqillik sharofati bilan oʻz faoliyatini boshladi va bunga ham roppa-rosa 25 yil toʻldi. Birinchi xalqaro safarimizni 1992 yil may oyida boshlagan edik. Va bugungacha Bobur va boburiylar qadami yetgan yurtlarga yigirma besh martadan koʻproq ekspeditsiyalar uyushtirilib, Afrika qitʼasidan Hindi – Xitoy yarim oroli, Yevropa – Amerika davlatlarigacha 375 ming kilometrdan ortiq masofa avtomashinada bosib oʻtildi. Ilmiy ekspeditsiya safarlari davomida koʻhna tariximizga oid hamda buyuk ajdodlarimiz qoldirgan 500 dan ziyod noyob asarlarning asl va fotonusxalari mamlakatimizga keltirilib, fond qoshidagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida mujassamlashtirildi va ilmiy isteʼmolga kiritilmoqda. Ular asosida 30 dan ortiq ilmiy-badiiy kitoblar chop etildi. “Bobur devoni” Kobul nashriga takmila, “oʻaribing Andijoniydur” devoni, “Boburnoma” miniatyuralari, “Bobur va Yuliy Sezar”, “Bobur haqida oʻylar”, “Asrlarni boʻylagan Bobur”, “Boburiynoma”, “Buyuklar izidan”, “Boburiylardan biri”, “Hind sorigʻa”, “Andijondan Dakkagacha”, “Andijondan Bagʻdodgacha”, “Xorijda boburshunoslik”, “Boburnoma uchun qisqacha izohli lugʻat”, “Markaziy Osiyo va Hindiston tarixida boburiylar davri”, “Tavorixi Musiqiyun”, Vilyam Rashbrukning “Oʻn oltinchi asr bunyodkori”, Rumer Godenning “Gulbadan”, Harold Lembning “Andijon shahzodasi”, Xondamirning “Buyuklik xislati”, (“Habib-us siyar”), “Buyuk Sohibqiron oʻtgan yoʻllarda”, “Bobur va boburiylar bibliografiyasi”, “Boburiylardan biri”,”Bobur yoʻlbars” va boshqa kitoblar nashr etildi.
Fond tashkil etilgandan buyon birgina “Boburnoma”ning oʻzi uch marta qaytadan nashr ettirildi. Bugungi yoshlarga tushunarli boʻlsin degan niyatda “Boburnoma”ning krill va lotin alifbolarida tabdili yaratildi.
Boburning boʻlasi Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixiy Rashidiy” asari dunyo tarixchiligi va adabiyotshunosligida ikkinchi “Boburnoma” hisoblanadi. Ana shu yirik memuar asar fors tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilinib, chop etildi.
Oʻtgan vaqt ichidagi bu katta yutuqlar Oʻzbekistonni dunyo boburshunosligining markaziga aylanishiga xizmat qildi, desak mubolagʻa emas. Eng eʼtiborlisi Bobur hayoti va ijodi bilan halqimizga maʼnan yaqinlashdi. U haqda koʻp va keng bilish imkoniyati yaratildi.
2015 yilda esa barcha bajarilgan ishlarning solnomasi sifatida mamlakatimizda ilk bor shaxsga nisbatan qomus, yaʼni “Bobur entsiklopediyasi” yaratildi. 64 bosma toboqli bu ulkan entsiklopediyani yaratishda oʻzbek boburshunos olimlari qatorida Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Afgʻoniston va yevropalik olimlar ham faol ishtirok etishdi. Bobur ijodini qirq yildan beri oʻrganib kelayotgan yaponiyalik boburshunos olim Eyji Mano entsiklopediyaga “butun dunyo boburshunoslari uchun muhim qoʻllanma boʻladi” deya baho berdi. Shu kunlarda esa entsiklopediyaning toʻldirilgan ikkinchi nashri chiqish arafasida. Qolaversa, yana bir noyob qoʻllanmani, yaʼni Rossiya Fanlar Akademiyasining Tillar instituti bilan hamkorlikda “Zaxiriddin Muxammad Babur. Baburidi. Bibliografiya” kitobini ham nashr etdik. Bungacha biz bibliografiya chiqarish tajribasini oʻzlashtirib ulgurgandik. Dunyo boʻylab topib kelgan qoʻlyozmalar haqida “Bobur va jahon madaniyati” muzeyidagi adabiyotlar roʻyxati toʻplamini yaratdik. Soʻng esa “Bobur va boburiylar bibliografiyasi”ning ikkita kitobini chop etdik. Hozir bibliografiyalarimiz soni 4 taga yetdi. Shu oʻrinda bir narsani afsus bilan aytib oʻtmoqchiman. Oʻzbekistonda buyuk allomalarimizning qoʻlyozmalari asosida birorta ham bibliografiya qilinmagan. Xuddi shuningdek, jahon boʻyicha ham. Bu juda zarur, chunki xalqimiz va ayniqsa, yoshlarimiz uchun qaysi ajdodimizning qaysi qoʻlyozmasi yoki u haqdagi manbalar qayerlarda borligi haqida maʼlumot beruvchi manba bu bibliografiyadir. Adabiyotshunoslarimiz bu haqda tezroq amaliy ishga oʻtishlari kerak.
– “Boburnoma” oʻzbek va umumturkiy adabiyotning dunyoga maʼlum va mashhur yozma obidasidir. Bu qomusiy asarda Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Hindiston xalqlarining madaniyati, qadriyatlari, oʻziga xos xususiyatlaridan tortib, bu diyorlarning tabiati, geografiyasi, hayvonot va nabotot olami toʻgʻrisida bebaho maʼlumotlar mavjud. Bu nodir manbaning turli tillarga tarjima qilingan nashrlarini qoʻya turaylik, oʻzimizda mumtoz asarlari yuzasidan tuzilgan mukammal izohli lugʻatlar ham kamchiliklardan xoli emas. Bugun “Boburnoma”ni nozik jihatlarigacha teran anglab, tadqiq eta oladigan boburshunoslar yetishib kelmoqda. Nazarimizda, qadimiy lugʻatlar, tayyor manbalarni qayta koʻrib chiqish vazifasi ular oldida turgan sharafli vazifalardan boʻlsa kerak. Shunday emasmi?
– Haqiqatan ham buyuk qomusiy olim Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari bebaho qoʻllanmadir. U nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari va yoki siz sanagan yurtlar, balki Eron, Turkiya, Bangladesh, Pokiston va yana qator davlatlarning madaniyati, tarixi, urf-odatlari, qadriyatlarini oʻzida aks ettirgani bilan yana ham qimmatlidir. Yaponiyalik yirik boburshunos Eyji Mano “Boburnoma”ni “maʼlumotlar xazinasi” deya atagan boʻlsa, angliyalik boburshunos Beverij xonim “butun tarixda yaratilgan yozma yodgorliklarning eng bebahosidir” deydi. Germaniyalik boburshunos Klaus Shoning esa “Boburnoma”ga baho berib, “mukammal tizimdagi xalq tilida yozilgan eng katta hajmdagi asardir” deya taʼkidlaydi. Xullas,”Boburnoma” bahosi yoʻq asar. Boshqacha aytganda, bu memuar asar hali koʻplab boburshunoslar uchun yangi mavzu boʻladi. Shu maʼnoda asarning nozik jihatlarini yanada teran anglab, yangicha qarash va yondashuvlar bilan uning asosida siz aytganday lugʻatlar, yangi qoʻllanmalar yaratilsa, biz bundan faqat xursand boʻlamiz. Zero, bugun Oʻzbekiston boburshunoslikning markaziga aylanib ulgurdi. Bu bahoga oʻtgan yillar davomida oʻzbek boburshunoslari tomonidan amalga oshirilgan izlanishlar natijasida erishdik. Toʻgʻri, boburshunoslikdagi barcha izlanishlarni mukammal deyishdan yiroqmiz. Bobur va boburiylar ijodi, faoliyati haqida nashr ettirilayotgan ayrim kitoblar, qoʻllanmalarda chalkashliklar bor. Aslida ish bor joyda kamchiliklar kuzatiladi, bir fikr ikkinchisidan farqlanadi. Biroq bu Bobur asarlarining asliyatiga taʼsir etmasligi shart. Chunki oddiy oʻquvchi asliyatni oʻqishi va uqishi kerak. Shuning uchun ham men boburshunoslarimizni yanada sinchkovlik va ziyraklikka chaqirgan boʻlardim.
– Bobur bilan Navoiy hayotlik chogʻlarida yuzma-yuz uchrashmagan. Biroq Mirzo Bobur “Vaqoyeʼ”da Navoiy qiyofasini shu qadar aniq tasvirlaydiki, ikki ulugʻ zot azaldan qalin doʻst boʻlgan deb oʻylaysiz. Ammo ana shu sahifalar asarning xorijiy tillardagi barcha variantlarida ham toʻgʻri aks etgan, deb boʻlmaydi. Masalan, inglizcha tarjimalarda Boburning Navoiy ijodiga bergan bahosi oʻzgacha talqin qilingan oʻrinlarni koʻrish mumkin… Umuman, ona tilimizda bitilgan asarlarning xorijiy tilga tarjimalarini diqqat bilan oʻrganib, bu borada balki alohida tadqiqotlar uyushtirish lozimmikan, degan mulohazalarga ham borasan, kishi. Deylik, “Boburnoma”ning ingliz tiliga qilingan tarjimalaridagi shu kabi noxolisliklar bu ikki ulugʻ zotni yaxshi bilmagan, asarlarini oʻqimagan millionlab inglizzabon kitobxonlarni chalgʻitmaydimi?..
– Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da hazrat Alisher Navoiy va uning ijodiga toʻxtalib, oʻz bahosini bergan. Buni asarni oʻqigan oʻquvchi yaxshi biladi. Va bu baho xolis, buyuk Navoiyning iqtidoridan hayratlanish va undan faxrlanish ekanini ham ilgʻash qiyin emas. Ammo ingliz tilidagi tarjimasi xususidagi fikringizga qoʻshilaman. Oʻzbek boburshunoslari tadqiqotlar olib borsa, foydadan xoli boʻlmasdi. Shu oʻrinda, inglizlar haligacha Bobur va boburiylarni “buyuk moʻgʻullar” deb atashi aynan, shu tarjima yoki yevropacha qarashning notoʻgʻri shakllanganining taʼsiridir. Biz har safar xorijlik suhbatdoshlarimiz bilan shu mavzuda fikrlashamiz, Boburmirzo buyuk oʻzbek ekanini qayta-qayta taʼkidlaymiz. Afsuski, uzoq yillar davomida ularning ongiga singib ketgan “buyuk moʻgʻul” tushunchasini butunlay chiqarib yuborish qiyin. Bu ham oʻsha siz aytgan notoʻgʻri talqinning natijasi.
Savolingizda nazarda tutayotgan, Bobur fondi homiyligida inglizchadan tarjima qilinib chop etilgan Harold Lembning “Bobur yoʻlbars” kitobiga kelsak, matbuotda bu kitobdagi aksariyat voqealar toʻqima, sharqona qarashlardan uzoqda degan fikrlar berilayapti. Asliyat yoki tarjima toʻgʻri, notoʻgʻri deyishdan yiroqman, ijodiy bahoni, menimcha, mutaxassislar bergani maʼqul. Ammo tan olishimiz kerakki, hali biz Bobur va boburiylar hayotini oʻrganish, Bobur ijodidan bahramand boʻlish imkoniyatidan yiroq paytimizdayoq oʻarbda u haqda tarixiy, ilmiy, badiiy asarlar yaratib boʻlingan. Bu esa buyuk ajdodimizning shaxsiyati oʻsha davrdayoq butun dunyoni hayratga solib, u haqda izlanishlar olib borishga daʼvat qilganidan darak. Shu maʼnoda, Harold Lembning oʻz dunyoqarashidan va izlanishidan kelib chiqib yozgan “Bobur yoʻlbars” asarida chalkashliklar boʻlishi tabiiy. Menimcha, tarjima variantini qayta koʻrib chiqish kerak.
– Humoyun Mirzo ogʻir betob boʻlganda, uni azob chekayotganiga chidolmagan otasi jon taslim qilayotgan shahzoda atrofida aylanib, uning tuzalib ketishi uchun hatto umrini bagʻishlashi bizni ham hayratlantiradi, ham allanechuk qaygʻuga soladi. Bobur Mirzoning farzandlariga yozgan maktublari ham hanuz Yevropa sharqshunoslarining diqqatini tortmoqda. Buning oʻziga xos sabablari nimada?
– Buning birgina oʻziga xos sababi – Boburmirzo OTA! Sharqda esa otalar hamisha farzandlari oldidagi maʼsuliyatini chuqur his qilgan. Boburmirzo hayotlik chogʻidayoq taxtni oʻgʻliga topshirgan dunyodagi yakkayu yagona ShOH. Bizning nazarimizda, u ota sifatida Humoyunning saltanatni qanday boshqarishini koʻrishni, unga bu borada yaqin koʻmakchi, maslahatchi boʻlishni istagan. Boburmirzoning bebaho insoniy fazilatlari ichida oila aʼzolariga, qarindosh-urugʻlari, doʻstlariga mehru oqibat koʻrsatishi, sadoqati asarlarida ayniqsa, “Boburnoma”da yaqqol namoyon boʻladi. Bu mehribonligi farzandlariga alohida edi. Oʻgʻillar tarbiyasida esa oʻziga xos qoidalari va yondashuvlari bor ediki, mana shu jihatlar hali-hanuz bashariyatni lol qilib kelmoqda. Boburmirzo qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, farzandlari haqida har doim qaygʻurgan, ularning bir-biriga mehribon, oqibatli, doʻst boʻlishini istagan. Buni farzandlariga yozgan qator maktublarida koʻrish mumkin.
Humoyunmirzoga yozgan xatini eslaylik: “Ukalaringga mehribon boʻl, xato qilsa kechir, aslo oʻzingdan uzoqlashtirma” deydi. Shuning uchun ham Humoyun Komron bilan Hindol Mirzolar taxt talashib, uni qattiq xafa qilganida ham ularni kechiradi. Chunki buni Otasi vasiyat qilgan.
Afgʻonistonning Qandahor viloyatida Boburmirzo tomonidan qurdirilgan Chilzina, yaʼni qirq zina tarixiy obidasi bor. Togʻning ichiga gʻor qilingan. Qirq zinani bosib chiqqaningizda oʻsha gʻor devorlariga”Qurʼoni Karim”dan oyatlar bilan birga oʻgʻillari Humoyun va Komron Mirzoga yozgan pandu nasihatlari ham aks etgan. Demak, u hamisha farzandlari haqida qaygʻurgan. Shu jihatdan olib qaraganda, nafaqat Yevropa sharqshunoslari, sizu biz ham Boburmirzoning bu fazilatlari oldida hamisha hayratdamiz.
– Keyingi paytlarda, turfa internet saytlari orqali bobomiz Abu Rayhon Beruniy turbatlari haqida har xil xabarlar oʻqidik. Baʼzilar u joyning haliyam xarob ahvolda ekanini aytib bong ursa, “Yoʻq, birodarlar, bunday emas! Yaratganga shukrki, buyuk ajdodimiz turbatlari obod etilgan!” qabilida koʻngilni xotirjam qiladigan mujdalar ham yangradi. Bugungi Afgʻon zaminida Beruniydan tortib, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Mashrab kabi ulugʻ bobolarimiz mangu makon topgandir. Siz rahbarligingizdagi Fond aʼzolari bu yerda bir necha bor boʻlib ularning bir nechtasini obodonlashtirishning uddasidan chiqqanlaringiz haqida matbuot va ommaviy axborot vositalari orqali xabardormiz. Bu boradagi izlanishlar davom etadimi?
– Bobur nomli xalqaro jamoat fondi va ilmiy ekspeditsiyasi Bobur va boburiylar izidan yurib, nafaqat boburiylar, balki yurtimizdan yetishib chiqib, taqdir taqozosi bilan xorijda mangu makon topgan boshqa oʻnlab buyuk ajdodlarimizning qabrlarini izlab topib ziyorat qildik. Haqiqatan, Afgʻonistonda mashhur Musallo maydonida hazrat Alisher Navoiyning, Sulton Husayn, Gavharshodbegim va temuriylarning boshqa avlodlarining, buyuk musavvir Kamoliddin Behzodning qabrlari anchagina xarob ahvolda edi. Ishkamishda Boborahim Mashrabning, oʻaznada buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyning qabri yoʻqolib ketish arafasida. Ularni koʻrganimizda, ich-ichimizdan achindik, tezroq obod qilish kerak, degan qatʼiy fikrga keldik va amaliy harakatni boshladik. 1995 yilda ekspeditsiya aʼzolari bilan Hirot shahriga borib, hazrat Alisher Navoiyning maqbarasini obod qilish yuzasidan tadqiqotlar olib bordik, uning asosida loyiha yaratdik. Afsuski, oʻsha vaqtda Afgʻonistonda hukm surgan urush holati ishimizni davom ettirishga imkon bermadi.
2005 yildagi Afgʻonistonga navbatdagi safarimizda mumtoz adabiyotimizning taniqli namoyandasi mavlono Lutfiyning Hirot shahri yaqinidagi Dashti Qanor qishlogʻida xaroba ahvoldagi qabrini izlab topdik. Bu joyni mutaxassislarimiz bilan yaxshilab oʻrganib kelib, Andijonda loyiha tayyorlandi. Loyiha asosida sagʻana va maqbara yurtimizdagi mohir ustalar ishtirokida tayyorlanib, maxsus avtomashinada Afgʻoniston Islom Respublikasi Hirot viloyatining Nangobod qishlogʻiga olib borildi. Va u yerda mavlono Lutfiyning nomiga munosib yangidan qabr-maqbara bunyod qilindi.
2015 yili esa uzoq yillardan beri rejalashtirib kelayotgan ezgu niyatimizni amalga oshirdik. Afgʻoniston davlatiga navbatdagi ilmiy safar uyushtirildi. Safar davomida buyuk alloma Alisher Navoiyning Hirot shahrida joylashgan abadiy oromgohiga Oʻzbekistonda sharqona, temuriylar davriga xos tarzda tayyorlangan qabr sagʻana toshi va maqbara eshigi olib borib oʻrnatildi. Shu safarimiz davomida Hirot shahridan uch kilometr uzoqlikdagi mozorotda mangu makon topgan Navoiyning shogirdi, musavvir Kamoliddin Behzod maqbarasi uchun loyiha tayyorlab qaytdik.
2016 yilda bu ishimizni davom ettirdik. Oʻzbekistondan 1150 tup manzarali koʻchat olib bordik. Hirot shahridan yana 1000 tup koʻchat sotib oldik. Va Hirotning tarixiy Musallo maydonida hazrat Alisher Navoiyning maqbarasi atrofida 2 gektarlik shinam bogʻ yaratdik. Buyuk musavvir Kamoliddin Behzod maqbarasini butunlay yangidan bunyod etdik. 2006 yili Fond tomonidan yangidan barpo qilingan mavlono Lutfiyning maqbarasini qaytadan taʼmirladik. Hamyurtimiz Xudoyorxonning oʻgʻirlab ketilgan qabr toshi oʻrniga yangisini oʻrnatdik. Bu ishlarimizni butun Hirot jamoatchiligi, YUNYeSKO tashkilotining Hirotdagi vakili va hirotlik ziyolilar kuzatib turdilar. Yakunida esa “butun dunyoga ibrat nurini sochib, ajdodlar ruhini shod qilib ketayapsizlar” deya Oʻzbekiston xalqiga minnatdorchiliklar bildirdilar.
Bu xayrli ishlarimiz davom etmoqda. Oʻzingiz aytganingizdek, oʻazna shahrida buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyning, Ishkamishda Boborahim Mashrabning qabrlari nihoyatda achinarli ahvolda turibdi. Ularni obodonlashtirish uchun maxsus loyiha asosida sagʻana toshi va maqbaralarini tayyorlashni boshlab yuborganmiz. Navbatdagi safar yuzasidan Afgʻoniston hukumati bilan muzokaralar olib borilmoqda. Xudo xohlasa, joriy yilning birinchi choragida afgʻonistonlik hamkorlar bilan birgalikda bu ezgu ishimizni amalga oshiramiz va tez orada buyuk alloma Beruniy hazratlarining, otashnafas shoir Boborahim Mashrabning mangu makon topgan manzillari ham obod boʻlib, ziyoratgohlarga aylanadi. Lekin hali yana koʻplab buyuk ajdodlarimizning qabrlarini obod qilish kerak. Yaʼni Hindistonning Kashmir viloyatida Muhammad Haydar Mirzoning, Istanbulda esa buyuk olim Ali Qushchining qabrlari qarovsiz yotibdi. Kelgusida ularni ham obod qilish niyatimiz bor.
– “Boburnoma”da Fargʻona vodiysining purviqor togʻlari, toʻkin-sochin bogʻ-rogʻlari, zumrad dalalari mehr-muhabbat bilan taʼriflangan. Bugun bu goʻzal diyor yurtimizning eng zamonaviy goʻshalaridan biriga aylanib bormoqda. Sizningcha, vodiyning Bobur davridagi tarixiy qiyofasi qay darajada saqlanib qolgan?
– Juda yaxshi saqlanib qolgan. Toʻgʻri, tarixiy binolar yoki oʻsha davr muhiti yoʻq. Biroq “Boburnoma”da taʼriflangan tabiati, iqlimi, urf-odat va anʼanalar haligacha bor. Andijon shahrining Eski shahar qismida esa Bobur davri shahristoni bor. Oʻtgn yillar davomida Bobur jamoat fondi Oʻzbekiston FAning Arxeologiya instituti bilan hamkorlikda bu joylarda arxelogik qazilma ishlari olib borildi…
– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur, domla! Hamisha sogʻ boʻling. Xayrli ishlaringizda Yaratganning oʻzi madadkor boʻlgay!
“Hurriyat” muxbirlari Adiba UMIROVA, Elmurod NISHONOV tayyorladi.
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/suhbat/asrlarni-boylagan-bobur/