Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti Folklor boʻlimi mudiri, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari doktori, professor Mamatqul JOʻRAYEV bilan shu haqda suhbatlashdik.
– Xalq ogʻzaki ijodini ilmiy jihatdan oʻrganish asoschilaridan biri professor Hodi Zarifovning taʼrificha, bulungʻurlik Amin baxshi “Alpomish” dostonini uch oy davomida tinglovchilarni zeriktirmay kuylagan ekan. Endi yozda yoki kuzda boshlangan doston kuzda yoki qishda nihoyasiga yetishini tasavvur qilaylik. Bir fasl muddatda doston ijro etgan baxshi biron kitobga qaramasdan shuncha matn, sheʼriy parchalarni xotirasida qanday saqlagan ekan? Uni voqealari takrorlanmasdan uch oy davomida ijro etish uchun inson naqadar qudratli matonat egasi boʻlishi kerak? Bugungi kundagi baxshichilik anʼanalari avvallariga oʻxshaydimi?
– Bu kabi savollarga javob berish uchun oʻzbek dostonchiligining beqiyos imkoniyatlariga qayta-qayta murojaat qilish kerak boʻladi. Bugungi globallashuv jarayonida insoniyatning oʻzligiga, asl ildiziga intilish kuchayib bormoqda. Natijada odamzod asl qiyofasini saqlab qolish uchun insonga maʼnaviy quvvat bergan qadimiy anʼanalar, urf-odatlar, folklor anʼanalarining bugungi kunda ahamiyati nihoyatda oshdi. Chunki yosh avlodni milliy ruhda tarbiyalash uchun folklor qadriyatlari muhim sanaladi.
Maʼlumki, xalq ogʻzaki ijodida dostonlar necha ming yillardan beri baxshilar tomonidan kuylanib, sayqallanib, avlodlarga ogʻzaki tarzda oʻtib kelgan. Baxshichilik anʼanalarini kuzatarkanmiz, u soz chertganda sozanda, sheʼriy parchalarni aytganda xonanda, shuningdek, parchalarni bir zumda toʻqib ketadigan shoir hamdir. Shoirtabiat baxshi hech qachon dostonni bir xil, yaʼni oʻzgarishsiz ijro etmaydi. Baxshi “Alpomish” dostonini kuylaganda uning mardligi, Barchinni soʻzlaganda goʻzal va oqila qiz koʻz oldimizda gavdalanadi. Shuning uchun doston ham har bir tinglovchiga beqiyos maʼnaviy zavq bergan.
Narpaylik Islom shoir Nazar oʻgʻlining farzandi Oʻzbekiston xalq baxshisi Ziyodulla Islomov bugungi kunda oʻndan ortiq shogird tayyorlab, bobolar anʼanasini davom ettirib kelayotir. Qashqadaryo, Surxondaryoda, Xorazmda baxshichilik sanaʼti hali-hanuz davom etib, yangidan yangi termalar yaratilmoqda. Masalan, Oʻzbekiston xalq baxshisi Abduqahhor Rahimov yaqinda Alpomish dostonining birinchi qismini toʻxtamasdan toʻqqiz yarim soat ijro etdi. Ikkinchi qismini yozishga borganimizda doston oʻsha, mazmun oʻsha, obraz oʻsha, biroq uning badiiy talqini, sheʼri butunlay boshqacha. Bizning baxshilar ijro paytida ilhomlanib ijod qiladi. Bu xalqimizning zakovati azaldan nihoyatda kuchli boʻlganidan dalolatdir. Shuning uchun ham folklorimizning dunyo tamaddunida oʻz oʻrni bor. Hatto bugun dostonlarimizni oʻrganish uchun xorijdan mutaxassislar kelmoqda. Oʻtgan yili koreyalik Ingyong O xonim aynan “Alpomish” va koreys xalqining “Jumong” dostonini qiyoslab shunday xulosa berdiki, qadimgi koreys eposi, xususan, “Jumong” dostonining shakllanishida “Alpomish” dostonining taʼsiri boʻlganini tan oldi. Bu esa bizni nihoyatda quvontirdi.
– Respublika Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 7 oktyabrdagi “2010–2020 yillarda nomoddiy madaniy meros obʼyektlarini muhofaza qilish, asrash, targʻib qilish va ulardan foydalanish Davlat dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori xalqimiz badiiy tafakkurining tarixiy rivoji va maʼnaviy qadriyatlar silsilasini chuqur tadqiq etishda alohida bosqichni boshlab berdi. Davlat dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida institutda “Oʻzbek xalq ijodiy yodgorliklari” 100 jildligini nashrga tayyorlash, xalq ogʻzaki badiiy ijod asarlarini izchil toʻplash, ilmiy oʻrganish va targʻib etish boʻyicha qanday ishlar olib borilmoqda?
– Bugun yurtimizda folklor anʼanalarini saqlash uchun koʻplab ishlar qilinmoqda. Birgina dostonlarni aytadigan boʻlsak, oʻtgan asrning 20-yillaridan boshlangan xalq ogʻzaki ijodini yozib olish ishlari davom etmoqda. Natijada bir asr davomida dostonchilik borasida juda katta manbaga ega boʻldik. Ustoz folklorshunos olimlar – Gʻozi Olim Yunusov, Hodi Zarifov, Buyuk Karimiy, Mansur Afzalov, Muzayyana Alaviya, Zubayda Husainova, Toʻra Mirzayev hamda Muhammad Isa Ernazar oʻgʻli, Mahmud Zarifiy, Rahmatulla Yusuf oʻgʻli, Fotima, Zarif Qodiriy singari havaskor folklor toʻplovchilar faoliyati tufayli el suygan baxshilar Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Fozil Yoʻldosh oʻgʻli, Islom shoir Nazar oʻgʻli, Poʻlkan shoir, Nurmon Abduvoy oʻgʻli, Abdulla shoir Nurali oʻgʻli, Boʻri Sodiq oʻgʻli, Bola baxshi Abdullayev, Egamberdi Ollomurod oʻgʻli, Mardonaqul Avliyoqul oʻgʻli kabi atoqli baxshilardan yuzlab dostonlar yozib olinib, maʼlum darajada nashr etilgan. Shulardan biri 1967–1990 yillarda nashr etilgan 37 kitobdan iborat “Oʻzbek xalq ijodi” majmuasidir. Toʻplamda koʻp dostonlar jamlangan boʻlsa-da, biroq bu yetarli emasdi. Chunki oʻsha davrda aksariyat dostonlar qisqartirilib, oʻzgartirib nashr etilgan. Birgina Islom shoir Nazar oʻgʻli ijrosida yozib olingan “Orzigul” dostonini uchdan biriga qisqarganligini nashrga tayyorlanishi vaqtidagi ishlanmalardan koʻrishimiz mumkin. Oʻsha davrda mafkura tazyiqi shunga majburlagan. Hatto 30-yillar qatogʻonida ayrim baxshilar doston aytishga ham qoʻrqishgan. Chunki ayrim adiblarimizning kuni ularga ham tushishi mumkin edi-da. Shunday qiyinchiliklar bilan boʻlsa-da, bu dostonlar bizgacha yetib keldi.
Bugun ular boshlagan oʻsha savobli ishlar davom etmoqda. Yaqinda nashrdan chiqishni boshlagan “Oʻzbek xalq ijodiy yodgorliklari” 100 jildligining uch jildi nashrdan chiqdi. Bu ulkan merosning yaxlit holda chop etilishi, oʻylaymanki, respublikamiz maʼnaviy hayotida erishilayotgan eng ulkan yutuqlardan biri boʻladi. Unda oʻzbek xalqining eng nodir namunalari dostonlar, ertaklar, naqllar, latifalar, olqish va qargʻishlar, bolalar oʻyinlari, topishmoqlar, maqollar, askiya va loflar asl holatda toʻla nashr etilayotir. Ilk nashrlarda xalqimizning buyuk qahramonlik eposi “Alpomish”ning turli variantlari asosida yettita kitob chop ettirilishi moʻljallanmoqda. Bu kitoblarda Fozil Yoʻldosh oʻgʻli, Muhammadqul Jonmurod oʻgʻli Poʻlkan shoir, Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Berdi baxshi (Berdiyor Pirimqul oʻgʻli), Zohir shoir Qoʻchqor oʻgʻli, Rahmatulla Yusuf oʻgʻli, Bekmurod Joʻraboy oʻgʻli, Umr shoir Safar oʻgʻli kabi bir qator baxshilar ijod namunalari jamlangan. Shuni ham qoʻshimcha qilish mumkinki, biz kitobni nashrga tayyorlash jarayonida xalqaro tajribalarni ham oʻrgandik. Oʻrganishlardan shu narsa maʼlum boʻldiki, dostonlardagi koʻplab diniy, etnografik, tarixiy, mifologik tushunchalar, turli xalq iboralari va etnografik atamalarning ilmiy izohlari, maʼnosi tushunilishi qiyin boʻlgan soʻzlarning lugʻati tuzilib, har bir kitobning oxiriga kiritildi. Shuningdek, har bir jildda nashr etilgan folklor asarining ijrochilari va yozib oluvchilar haqidagi biografik maʼlumotlar, asarlarning audio yoki videoyozuvi asosida tayyorlangan nota-ilova, jild mohiyatini ochib beruvchi fotomateriallar ham berildi. Ayniqsa har bir jild oxiridagi qisqacha lugʻat kelajakda oʻzbek folklori lugʻatini yaratishga zamin boʻlib xizmat qiladi, deb oʻylayman.
– Hozir bir masala koʻndalang turibdi. Nashr etilayotgan 100 jildlikni oʻquvchi qanday qabul qiladi? Ayniqsa, bugungi zamonaviy yoshlarni xalq ogʻzaki ijodiga qanday jalb etish mumkin?
– Bugun farzandlarimiz oʻz hayotlarini zamonaviy texnologiyalarsiz tasavvur qila olmaydi. Endi biz ularning qiziqishlarini inobatga olib, kitoblarni audio nusxalari bilan chop etishimiz, zamonaviylashtirishimiz lozim. Yana bir gap, yuzlab ertaklarimiz yoki dostonlarimiz asosida koʻp seriyali multfilmlar hatto badiiy seriallar ishlansa maqsadga muvofiq boʻlardi. Bu bolajonlarimiz bilan bir qatorda yoshlarimz, hatto katta yoshdagilar uchun ham maroqli boʻlardi. Ularning folklorimizga, qolaversa, milliy qahramonlarimizga boʻlgan qiziqishini orttiradi. Shuningdek, xalq oʻyinlaridan tortib, epos ijrosigacha barcha ogʻzaki ijro jarayonining audio, video tasvirlarini istagan doʻkondan xarid qilish imkoniyati yaratilsa, bu xalqimiz maʼnaviyati uchun eng katta ishlardan biri boʻlardi.
Bugungi bolalar qahramonlik asarlariga juda oʻch. Buni xorijning mantiqsiz jangari filmlariga boʻlgan qiziqishdan bilib olsa ham boʻladi. Shunday ekan, biz ana shu qiziqishni folklorimizga yoʻnaltirsak, undan bahramand boʻlishni oʻrgatsak, marra bizniki. Aminmanki, bunday farzandlar maʼnaviy yetuk boʻlib oʻsishi shubhasiz. Vazifamiz ham xalqimizga aynan shuni anglatishdir”.
Konfutsiy hikmatlaridan birida shunday deyiladi: “Biz donolikka uch yoʻl bilan borishimiz mumkin: birinchidan fikrlash yoʻli bilan, bu – eng oqil yoʻl; ikkinchidan taqlid yoʻli bilan, bu – eng yengil yoʻl; uchinchidan, tajriba yoʻli, bu – eng ogʻir yoʻl”. Xalq ogʻzaki ijodi, Konfutsiy taʼkidlaganidek, eng ogʻir – hayotiy tajriba yoʻli orqali shakllanib, necha chigʻiriqlardan oʻtib yashamoqda. Ular xalqimizning ming yillardan beri shakllanib kelgan turmush tarzining badiiy namunasidir. Xalq donishmandligi avlodlar uchun donolikka eltguvchi mayoq boʻlib xizmat qilishi tayin.
Suhbatni Bobur MUHAMMADIYEV tayyorladi.
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/suhbat/asrlar-qaridan-soylagan-dombira/