Anchadan beri Eshqobil Shukur haqida bir soʻz aytgim keladi, nimadir deyish, yozishga oʻzimni burchdor, qarzdor sezaman. Uning koʻp qirrali ijodini kuzatib kelayotganimga oʻttiz yildan oshdi, axir. Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoir, nosir, publitsist Eshqobil Shukur allaqachon jamoatchilik eʼtiborini qozongan.
Qizgʻin qizgʻaldoqlar kaftida oʻsdim,
Bir juft kabutarning kiftida oʻsdim.
U avvalambor, betakror, nuktadon shoir, kamtar, samimiy inson. Shoir boʻlib maqola, hikoyalar yozadi, efir, ekranda koʻrsatuvlar qiladi, suhbatlar quradi, “Maʼnaviy hayot” jurnalini boshqarib keladi. Uning ipakday tovlanuvchi, musiqiy nazmlarini oʻqish, uqish, dalil, fikrga boy maʼruzalarini tinglash, salmoqli maqolalari, jajji tadqiqotlaridan bahramand boʻlish yoqimli.
Eshqobil Shukur qator-qator kitoblarni qalashtirib tashlaydigan ijodkorlar sirasidanmas, har bir sheʼri, turkumi, maqolasi, toʻplami zar qadrini biluvchi zargar ijodkorlar nazariga tushadi, iliq baho oladi. 2002 yili “Sharq” NMAK bosh tahririyati chop etgan “Hamal ayvoni” nomli salmoqli sheʼriy kitobining Yozuvchilar uyushmasida taqdimoti oʻtkazilganda shoirlar, munaqqidlar, oʻquvchilar birin-ketin soʻzga chiqib iliq fikrlar aytishgani, muallif hayʼatning bir chetida qimtinibgina oʻtirgani, oxirida qisqagina soʻzlab minnatdorchilik bildirgani esimda. Toʻplamni boshlab bergan “Hayotga qasida” sheʼri, refren boʻlib takrorlaguvchi “Lahzani ushlab qol, yashab oʻt lahzani” misralarini butun ijodining leytmotivi deyish mumkin. Sinchkov, zukko ijodkor momoqaldiroqning shirin uxlashini, chaqmoqning soʻzanalar toʻqishini, muzliklar kulgisini, zulmatning tabassum qilishini nozik his etadi, “Barini koʻzlaringga jamla, sen bu tiriklikni tingla va angla” deya oʻziga – soʻzlar saylagan noibga – nakaz beradi. Tingla va angla. Bu shunchaki daʼvat emas, oʻziga va oʻzgalarga “shiftidan dard tomgan kasalxonada armonday tizilib turgan, bir aytgan qoʻshigʻin takror aytmas daraxtlarni”, osma ukollarning ostida yotgan… koʻzlari kirtaygan sariq va oriq daryolarni” tinglash va anglashga daʼvat etadi.
Shoirning sheʼrlari majoziy sifatlari, xalqning qadimiy ohanglarini oʻziga singdirgani bilan ayricha goʻzal bir manzara hosil qiladi. Soʻfiyona naqllar fikrlar taloshida suvratlanadiki, bu hol nazm hamisha ilohiyotdan suv ichganligiga botinda yana bir karra ishonch uygʻotadi. “Koʻhna ruh”, “Oydin qaygʻu”, “Toshlar ovozi”, “Nasoyimul muhabbat”ga sayr”, “Muvaqqat uy”, “Hamal ayvoni” sarlavhali turkumlardan koʻhna va yangi dunyo, turli davr va zamonlar, turfa tiynatli odamlar aks etgan sheʼrlar oʻrin olgan. Shoir qutlugʻ mavzularda qalam chekar, ulugʻvor voqealar, tarixiy qadriyatlar, hayotiy manzaralar, xush-xursandchiliklar, ruhiy evrilishlarni tasvirga olar ekan, yaltiroq iboralar, madhiyalar, nojoiz soʻkishlarni ishlatmaydi, sehrli obrazlar, tagdor ramzlar, topilma tashbehlaru oʻtkir detallar, kutilmagan qiyosu kontrastlar, ibratli voqealar, nafis manzaralar, maroqli syujetlar, shoʻxchan misralar, maʼyus satrlar, maʼnodor tinish belgilari – mana Eshqobilning sevimli usullari, sadoqatli vositalari. Uyatchan nomozshomgullar, shoir nazdida, sheʼrning dilbar singilchalari; “Dengizlar koʻkarib tortadi chilim”; “Qoʻylar bulutlarni ichib qoʻydilar Maysalarning yashil qoniga toʻlib… Yashil chimildiqning ohori sindi, Adirlar bevaday qoldi mungʻayib”. Qaysi oyning tasviri bu? Toʻgʻri, iyunning; “Minorlarni yulib koʻza qildilar, Va minglab koʻzaga toʻldirdilar qon”; “Yer ostiga kirsa barcha shoirlar, Osmondan kutinglar ulugʻ ovozni”. Shodiyona damlarda ruh tantanavor, jarangdor kuylaydi:
Ahay-aha-hay.
Ahay-aha-hay!
Men qushlarning
tushlarida koʻrinay,
Men tushlarning
qushlarida koʻrinay.
Lirik men toʻylarning kuylarida, kuylarning toʻylarida, koʻzlarning soʻzlarida, soʻzlarning koʻzlarida koʻrinishni xohlaydi.
“Chanqovuz” sheʼridagi ikki bor takrorlangan “Tilim tiyildi mening, soʻzim qiyildi mening, Poʻlat til topib oldim” misralari, chanqovuzni koʻz yoshga, dardga, olovga chayqab olingani taʼkidlangani bu mitti cholgʻu asbobi nay, gʻijjak, rubob, tanbur, dutor, chang singari hasrat, armon, alam ifodasi boʻlish barobarida erksizlikka ishora qilinganini payqash qiyin emas. Yuragini soʻzlarining dasturxoni deb bilgan, “tilingga chipqonlar chiqqanida, tilingni chayonlar chaqqanida men tabib boʻldim, tobut boʻldim” deb kuylagan baxshining mungli, anduhli xonishi maʼnodor, tagdor (“Mamarayim baxshi”. Boshqa bir sheʼrda “Chanqovuzni kim chaldi?” soʻrogʻiga Qodir baxshi qulunlar, oylar, qoʻylar, bulbullar chalganini aytadi-da oxirida “koʻkragida erk chayqalgan ena el chaldi” satri gʻoyani ochishda asosiy xizmatni oʻtagan.
Eshqobilning bir qator sheʼrlari syujetli. Muayyan voqea, goʻzal tasvir, qiyosu kontrastlar, xos, mos detallar keltiriladi, xulosa chiqarish koʻpincha oʻquvchiga havola etiladi. “Koʻpkari” sheʼrida milliy oʻyinimiz jarayoni, ot, chavandoz mahorati taʼsirli chiziladi. Koʻp taboq olgan chopagʻon ot koʻzikib surinadiyu oʻlib qoladi, ichdan yigʻlagan chavandoz nazdida saraton muzlaganday, quyosh qorga botganday, qosh ila qoboq, Shom ila Iroq ketganday. Kulminatsion nuqta, nishonga tekkan oʻq oxirgi toʻrt satrda: “Endi gʻamli eriga Soʻz aytmasdan botinib Olti oy aza tutar Chavandozning xotini”. Bir sheʼrining “Uch kunlik buzogʻi oʻlgan sigirni Sogʻib olayotir befarzand xotin” satrlariyoq oʻquvchini loqayd qoldirmaydi, hushyor torttiradi, davomini kutadi, davomi esa mungli, taʼsirli: “Qaygʻuni yamlamay yutadi xotin, Alamni kavshab yeb yotadi sigir. Tomorqada esa…ekin ichidan Bitta bola izlab ivirsiydi er”. Oxiri andak kulgili, koʻproq qaygʻuli: “Ikki jonvor qalbi chayilgan sutni Oʻgʻri mushuk ichib ketdi oʻsha tun”. “Qish. – Dasht…” sheʼrida qattiq sovuq boshlanayotganini, choʻpon erining koʻnglini sezib oʻtovning bir kelinchagiga oʻtovning bir burnidan besh qoʻzichoq, toʻrt kuchukcha, olti uloqchaga joy hozirlaydi, oʻchoqqa oʻt qalaydi, bir kechada bir oʻtovda oʻn yetti jon isinib jon saqlaydi, soʻnggi toʻrtlik gʻaroyib: “Kuyov boʻsa olayin desa, Kelin nari ketadi birdan. Nima qilsin, shuncha koʻz tursa… Iymanadi goʻdakchalardan”. Umuman, Eshqobil ona tabiat shaydosi, uning boʻshashmas kuychisi. Bobo quyosh, momo oyni turli chizgi, rakurslarda berishi, inson tiynati, ruhiy holatlarni nozik ifodalashda ular nuri, yogʻdusidan koʻp va xoʻp foydalanishiga qoyil boʻlasan kishi.
“Sheʼr degani iloh qalbi bilan tutashadigan oliy tuygʻular tasviri degani, shoir bogʻidagi tafakkur daraxtining gulga kirishi degani, muqaddas vaʼda degani. Shuning uchun ham unga ehtiyot boʻlib, faqat muhabbat bilan yondashish kerak. U muhabbatni yaxshi koʻradi. Buning iloji boʻlmasa, jim turgan maʼqul. Matbuotda eʼlon qilinayotgan hamma sheʼr ham sheʼr darajasida boʻlganda edi, olam allaqachonlar guliston boʻlib ketardi… Milliy til, milliy tuygʻu, milliy did. Bularni ayro holda koʻrib boʻlmaydi. Taniqli shoirning yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlashi, maslahat, yordamlarini darigʻ tutmasligi tahsinga loyiq. Oʻzi ham yoshligida yaxshi insonlarning joʻyali maslahatlarini olgan. Qumqoʻrgʻonlik Yangiboy Shoymardonov, termizlik Shafoat Rahmatullayevni minnatdor boʻlib eslaydi. Yaxshi shoir, didi oʻtkir Yangiboy akaning “Sheʼr – koʻp oʻqish, izlanish, mehnat, ilhom mahsuli, noyob topildiq, matbuotda sheʼrlari bot-bot bosilib, qator-qator kitoblari chiqib turgan anovi shoirga havas qilma, ergashma, bundaylar hunarmand emas, kosiblar, oz yozsang ham soz yoz”, – oʻgiti miyamda qattiq oʻrnashib qolgan, Shafoat aka mashqlarimni erinmay koʻrib, fazilat, kamchiliklarini aytib berardi”, – dedi yaqindagi suhbatimizda Eshqobil. – Toshkentga kelgach ustozlardan omadim chopdi. 1979 yil, hali ToshDU filfagining birinchi bosqich tolibiman, “Guliston”da sheʼrlarim chiqib qoldi-ku. Asqad Muxtorday alloma adib nazariga tushish, u kishi boshqargan jurnalda qatnashish, yana iliq fikrlarini eshitish u paytlar bizdek yoshlar uchun katta adabiyot eshigidan moʻralash, oq fotiha olishdek baxt edi. Taniqli shoir, talabchan noshir Shavkat Rahmonga sheʼriy toʻplam maʼqul keltirish nohoyatda qiyinligini bilardik. Qoʻlda yozilgan bir toʻp sheʼrlarimni tavakkal qilib topshirib kelgandim. Qarang, oʻzi oʻqib, jinday qalam urib, mashinkada bostirib, “Sochlari sumbul-sumbul” degan nomda toʻplam qilib chiqargani, yana iliq “Oq yoʻl” bagʻishlaganini unutib boʻladimi? Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shukur Xolmirzayevdek taniqli nosirlarimiz ijodimni kuzatib, dalda, ilhom berib turishardi. “Yoshlik”da bosilgan turkum tizmalarimni oʻqib Odil aka “Isteʼdod muhri urilgan sheʼrlar” deya baho berganidan terimga sigʻmay quvonib ketgandim. Abdulla Oripov, Xurshid Davronlarning-ku doimiy nazaridaman.
“Yurakni oʻrganish”, “Tungi gullar”, “Yashil qushlar”, “Hamal ayvoni” toʻplamlaridan keyin chop etilgan “Koʻz yumib koʻrganlarim” kitobiga Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov “Fikr va hissiyot uygʻunligi” nomda muqaddima, isteʼdodli munaqqid Abdulla Ulugʻov “Chorlov” otligʻ soʻngsoʻz bagʻishlashgan. Mashhur shoir, jumladan, shunday yozadi: “Har qanday yasamalikdan, har qanday fikrbozlikdan, har qanday soxta ohanglardan xoli boʻlgan bu sheʼriyatda dilkashlikni, samimiyatni, mehrni, kuyinchaklikni, goʻzallikni uchratasiz”. Abdulla Ulugʻov Eshqobilning tugʻma shoirligi, ermakka sheʼr yozmasligi, yuragi tugʻyon urib, hislari oshib-toshgan paytda kechinmalarini qogʻozga tushirishini, soʻzlari bir hovuch durdek yarqirashini taʼkidlaydi.
Eshqobil Shukur bir doston, besh-oʻn turkumlardan boshqa yirik hajmli sheʼriy asar yozgani yoʻq, garchi iqtidori, mahorati shunga imkon bersa ham. Buning boisi til boyligida, soʻzga xasislik fikrga saxiyligi, oʻquvchi vaqtini ayashida ekanligini bilsam-da, soʻraganimda, katta asar uchun katta miqyos, tafakkur kengligi, falsafiy teranlik kerakligini, hozir soʻz, iboralar etimologiyasi, tarixi haqidagi moʻjaz tadqiqotlarini, keyingi sheʼrlarini yigʻib alohida toʻplamlar tayyorlayotganini, “Koʻhna bogʻ rivoyatlari” hikoyalar kitobidan keyin nasrda ijodini davom ettirmoqchi ekanini aytdi. Aziz kitobxon, Eshqobil Shukurning besh toʻrtlikdan iborat sheʼrini oʻqiyligu, uning mahoratiga tasanno aytaylik:
Lafz kabi ulugʻman-u, sheʼr kabi gʻarib shonman,
Men shonga sultonman-u, shon ustida beshonman,
Jahon muncha shontalab, jon muncha jahontalab,
Men muncha parishonman, munchalar parishonman.
Oy muncha osmontalab, osmon esa jontalab,
Yer muncha naysontalab, nayson esa ontalab,
Yor muncha hijrontalab, hijron esa qontalab,
Men muncha parishonman, munchalar parishonman.
Ishq muncha olovtalab, olov esa yovtalab,
Dil muncha yalovtalab, yalov esa tovtalab,
Tulporlar jilovtalab, sor burgutlar ovtalab,
Men muncha parishonman, munchalar parishonman.
Botirlari ortalab, or esa hazortalab,
Shoirlari dortalab, dor esa bozortalab,
Zorlari ozortalab, ozorlari zortalab,
Men muncha parishonman, munchalar parishonman.
Kulgi yigʻiday yigʻlab, yigʻi kulgiday kulsa,
Nafrat sevgiday yonsa, tuygʻu sevgiday oʻlsa,
Boshqa Eshqobil boʻlib, boshqa Eshqobil kelsa,
Men muncha parishonman, munchalar parishonman.
Saydi UMIROV,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/ashori-esh-qobil-ijodkor/