Arvohlar

Mariya Luiza KASHNITS

 

Umringizda hech arvohlarga duch kelganmisiz, deb soʻrayapsizmi mendan? Ha, albatta, haligacha ular xotiramda muhrlangan, hozir Sizga buni aytib beraman. Biroq hikoyam tugagandan soʻng hech narsani soʻramaysiz, hech qanday izoh talab qilmaysiz, chunki Sizga aytib berganimdan ortiq hech narsa bilmayman, tamom-vassalom.

Yodimda qolgan voqea teatrda, aniqrogʻi, Londondagi “Old Vic Theatre”da, Shekspirning “Richard II” pyesasi qoʻyilayotganda boshlangan edi. Oʻshanda men ham, erim ham birinchi marta Londonda boʻlgan, shahar bizda zoʻr taassurot qoldirgan edi. Biz Avstriyada, asosan qishloqda yashardik, shubhasiz, Vena, Myunxen, Rimni koʻrgan edik, ammo jahon ahamiyatiga molik shaharni bilmasdik. Teatrga borayotganimizda metrolardagi eskalatorlardan qanday chiqib-tushganlarimiz, yerosti yoʻllaridan esayotgan muzdek shamolda perronlarda poyezdlar ortidan shoshilganimiz, keyin hali koʻtarilmagan parda oldida hayajon va quvonchdan, xuddi rojdestvo ertagini sahnada ilk bora koʻrayotgan bolalardek gʻaroyib kayfiyat ogʻushida qolganimiz xuddi kechagidek esimda.

Nihoyat parda koʻtarildi, spektakl boshlandi, koʻp oʻtmay yosh qirol paydo boʻldi, yoshgina, yengiltak oʻsmir, uning qismati nima bilan tugashini, hayot sinovlariga dosh berolmay oʻz ixtiyori bilan, ilojsiz bir holda, oxir-oqibat inqirozga yuz tutishini biz bilardik. Men voqealar rivojiga butun borligʻim bilan berilib, kostyumlarning va dekoratsiyaning yorqin ranglaridan hayratga tushib, sahnadan koʻz uzmay oʻtirarkanman, Antonning diqqati chalgʻib, uning eʼtiborini boshqa nimadir oʻziga tortgandek, xayoli oʻzida emasdek tuyuldi. Diqqatini tortish maqsadida unga murojaat qilganimda sezdimki, u mutlaqo sahnaga qaramas, u yerda gapirilayotgan gaplarni ham eshitmas edi, aksincha, koʻproq bizdan bir qator oldinda, sal oʻng tomonroqda oʻtirgan bir qizdan koʻz uzmasdi, u ham bir necha bor Antonga burilib qarab qoʻydi, shunda rangpar chakkasida sovuq jilmayishga oʻxshash gʻayritabiiy harakat sezildi.

Bu kezlarda Anton ikkovimizning turmush qurganimizga olti yil boʻlgan, uning koʻzga yaqin ayollar, yosh qizlarga nazar solishni, janubliklarga xos chiroyli, qiyiq koʻzlarining mahliyo etish qudratini sinovdan oʻtkazish uchun ularga ehtiros bilan yaqinlashishni xush koʻrishini tajribamdan bilardim. Bunday munosabat men uchun hech qachon rashk qilishga asos boʻlmagan, ayni damda ham rashk qilmadim, gʻoyatda maroqli oʻtkazishimiz mumkin boʻlgan vaqtni Anton boy berayotganidan biroz achchigʻim chiqdi, xolos. Shu sababli qizni oʻziga rom qilish uchun qilgan urinishlariga ortiq ahamiyat bermadim, faqat birinchi koʻrinish davomida Anton mening qoʻlimni sekin silab, iyagini xiyol koʻtarib, koʻzlari bilan goʻzal xonim tomonga imo qilganida men begʻaraz bosh irgʻadim va yana tomoshaga berildim. Tanaffus paytida harholda muloqot imkoniyati yetarli edi. Anton shosha-pisha oʻrnidan turdi-da, meni yoʻlakka tomon sudradi. Shunda men, agar notanish qiz mabodo oʻrnidan tursa, yonimizdan oʻtguniga qadar Anton uni oʻsha yerda kutmoqchi boʻlganini fahmladim. Qiz boʻlsa biron-bir harakat qilishni xayoliga ham keltirmasdi, chamamda u yolgʻiz emas, balki yosh bir yigit hamrohligida edi, xuddi qizga oʻxshab yigit ham soʻlgʻin, nozik chehrali, qizgʻish malla sochli edi, kishida horgʻin, deyarli soʻnik taassurot qoldirardi.

U aytarli chiroyli emas, oʻyladim men, kiyinishi ham unchalik bashang emas, egnida bor-yoʻgʻi shahar tashqarisiga chiqqanda kiyiladigan burmali yubka va pullover, xolos. Men, tashqarida u yoq-bu yoqqa yuraylik, dedim va spektakl haqida gapira boshladim, qarasam, buning mutlaqo foydasi yoʻq ekan. Negaki, Anton men bilan birga tashqariga chiqmadi, gaplarimni ham umuman eshitmadi. U yosh juftga angraygancha tikilib turardi, ular endi oʻrinlaridan turishgan, goʻyo uxlayotgandek, allaqanday imillab biz tomonga kelishardi. U qizga gapirolmaydi, deya oʻyladim men, bu yerda bunday qilish odat emas, bunaqasi hech qayerda odat emas, lekin bu yerda kechirib boʻlmas qiliq. Bu orada qiz bizga nazar ham solmasdan yonginamizdan oʻtib ketdi, spektakl dasturi qoʻlidan hilpirab gilam ustiga tushdi, xuddi qadimda xonim biror erkak bilan aloqa bogʻlash maqsadida “ortimdan yuring” demoqchi boʻlib roʻmolchasini tushirib yuborgandek.

Anton egilib yaltiroq qogʻozni oldi, biroq egasiga qaytarish oʻrniga uni bir qur koʻzdan kechirishga ruxsat soʻradi, qarab chiqdi-da, oʻzining buzuq inglizchasida spektakl va aktyorlar haqida allanimalar deb gʻoʻldiradi, oʻzini va meni ularga tanishtirdi, nazarimda bu yigitni zarracha ham qiziqtirmadi. Qiz ham, shu kerakmidi, degandek ensasi qotib qaradi, holbuki dasturni ataylab tushirib yuborgani shundoqqina ayon edi, endi u erimning koʻziga, garchi nursiz, shu bilan birga, soʻlgʻin nigoh bilan boʻlsa-da, tikilib turardi. Antonning mahalliy odatga koʻra samimiy uzatgan qoʻliga ham eʼtibor qilmadi, ismini ham aytmadi, biz aka-singillarmiz, dedi, tovushining gʻoyatda mayin va yoqimli jarangi, hech bir qoʻrqinchli boʻlmasa-da, qandaydir etimni junjiktirib yubordi. Bu soʻzlardan keyin Anton bolaga oʻxshab qizarib ketdi, biz galereya boʻylab yura boshladik, u yoq-bu yoqdan soʻzlashgan boʻldik, koʻzgular oldidan oʻtayotganimizda qiz toʻxtadi-da, sochlarini siladi va koʻzgu orqali Antonga qarab jilmaydi.

Qoʻngʻiroq chalindi, ichkariga kirib joylarimizni egalladik. Men tomoshaga berilib, ingliz aka-singillarni unutib yubordim, lekin Anton ularni unutmadi. Ular tomonga tez-tez nazar tashlamayotgan boʻlsa-da, men uning spektakl tezroq tugashini kutayotganini, keksaygan qirolning yolgʻizlikdagi ayanchli oʻlimi unga mutlaqo taʼsir qilmaganini sezib turardim. Parda tushirilgach, qarsaklar va aktyorlarning qaytadan chiqishlariga umuman parvo ham qilmadi, aksincha, aka-singillar tomonga choʻzilib, ularga soʻz qotdi va hech tortinmasdan garderob raqamlarini berishlarini soʻradi, shu vaqtga qadar unga xos boʻlmagan, yoqimsiz bir chaqqonlik bilan xotirjam oʻtirgan tomoshabinlar orasidan turtinib-surtinib oʻtdi-da, koʻp oʻtmay bir uyum shlyapayu paltolarni koʻtarib qaytib keldi. Uning yaltoqlanishidan jahlim chiqdi va oxiri yangi tanishlarimiz biz bilan sovuq xayrlashib ketishlariga imonim komil edi, fojia tomoshasidan keyingi his-hayajon ogʻushida, hafsalasi pir boʻlgan, ruhi tushgan Anton bilan uyga qaytishdan oʻzga ilojim qolmaydi, deb oʻyladim.

Lekin hammasi butunlay oʻzgacha boʻldi, chunki biz kiyinib tashqariga chiqsak, yomgʻir sharros quyar, taksi tutishning ham imkoni yoʻq edi. Nihoyat Anton yugurib-yelib, bir iloj qilib topgan bitta taksiga toʻrttalamiz tiqilishib kirib olgach, kulgi va koʻtarinkilikdan mendagi yomon kayfiyat ham tarqalib ketdi.

– Qayoqqa boramiz? – deb soʻradi Anton.

– Biznikiga, – dedi qiz quvnoq, yoqimli ovoz bilan. U haydovchiga koʻcha va uy raqamini aytdi hamda bizni bir piyola choyga taklif qildi, bundan men hayron boʻldim.

– Mening ismim Vivian, – dedi qiz, – akamning ismi Lauri, biz faqat ismimizni aytamiz.

Men qizga yon tomondan nazar solib, uning qanchalik jonlanib ketganidan hayratlandim, ehtimol u dastlab qisilib oʻtirganu, endi bizning, toʻgʻrirogʻi, Antonning yonginasida oʻtirgani uchun bemalol qimirlashga iloj boʻlgandir. Mashinadan tushganimizda Anton shosha-pisha yoʻlkirani toʻladi, men boʻlsam turganimcha uylarni koʻzdan kechirardim, ular yonma-yon qurilgan, hammasi bir-biriga oʻxshash, oldilarida bir xil qurilmalar, bogʻlar, ulardagi oʻsimliklar ham bir xil, bu yerlarda uylarni qayta tanish rosa qiyin boʻlsa kerak, deb oʻyladim beixtiyor, aka-singillarning bogʻida oʻzgacha bir narsani, yaʼni choʻqqayib oʻtirgan toshmushukni koʻrib hatto quvonib ketdim. Bu orada Lauri kirish eshigini ochdi, ikkovlari ikkinchi qavatga koʻtarilishdi, fursatdan foydalanib Anton menga: “Men qizni koʻrganman, aniq koʻrganman, biroq qayerda koʻrganimni eslayolmayapman” deya shivirladi. Uyida Vivian choy qoʻyish uchun darhol gʻoyib boʻldi, Anton uning akasidan, keyingi paytda chet elda boʻlganmisizlar, aynan qayerda, deb soʻradi, Lauri goʻyo biron yeri ogʻriyotgandek tutilib-tutilib javob qaytardi. Unga bu savol yoqmadimi yoki qayerda boʻlishganini xotirlayolmadimi, farqiga borolmadim, harholda xotirlayolmadi shekilli, bir necha bor manglayini silab qoʻydi, u bechorahol koʻrinardi. U allanechuk gʻalati, oʻyladim men, hamma narsa gʻalati, uy ham gʻayritabiiy, jimjit, qorongʻi, anchadan beri bu yerda hech kim yashamagandek mebellarni ham chang bosib yotipti. Hatto elektr lampochkalari ham yo kuygan, yoki burab olingan edi, sham yoqishga toʻgʻri keldi. Shamlarning koʻpi eski mebellar ustidagi kumush shamdonlarda turardi. Bu oʻziga xos tarovatli boʻlib, atrofga sokinlik taratardi. Vivian shisha patnusda choy olib kelgan finjonlar chiroyli, nafis, havorang hoshiyali boʻlib, barcha xayoliy manzaralar chinnida aks etib turardi. Choy oʻtkir, achchiq edi, qand va qaymoq berilmadi.

– Nima haqda gaplashayotuvdinglar? – soʻradi Vivian. Anton shosha-pisha savolini takrorladi.

– Ha, – darhol javob berdi Vivian, – biz Avstriyada boʻldik, haligi…

U ham joy nomini aytolmadi va yupqa chang bilan qoplangan yumaloq stolga tikilgancha qoldi.

Shu payt Anton sigareta qutisini chiqardi, bu uning otasidan qolgan, oltindan yasalgan, yupqa quti boʻlib, hozir sigaretalarni oʻz oʻramida taklif qilish odat boʻlganligiga qaramasdan haligacha undan foydalanardi. U qutini ochdi-da, hammamizga sigareta taklif qildi, keyin uni qaytadan yopib, stol ustiga qoʻydi. Ertasiga Anton qutini qidirgan paytda buni aniq esladim.

Biz choy ichib, sigareta chekdik. Vivian bexosdan irgʻib turdi-da, radioning qulogʻini buradi, baqir-chaqir, uzuq-yuluq musiqa sadolaridan keyin radiokarnaydan jozibador raqs kuyi taraldi.

– Kelinglar, raqs tushamiz, – dedi Vivian va erimga qaradi, Anton oʻrnidan irgʻib turib qoʻlini qizning beliga qoʻydi. Uning akasi boʻlsa meni raqsga taklif qilishga urinmadi ham, shu taxlit biz stolda oʻtirgancha musiqa tinglab, katta xonaning toʻrida u yoqdan-bu yoqqa harakatlanayotgan juftni kuzatdik. Ingliz qizlari u qadar sovuq boʻlishmaydi, degan fikr xayolimdan kechdi, biroq ich-ichimda boshqa oʻy hukmron edi, chunki notanish qizdan avval ham, hozir ham sovuqlik, nafis, intiq bir sovuqlik, shu bilan bir vaqtda allaqanday kuchli istak ufurib turar, uning kichkina qoʻllari xuddi chirmoviqgulning tanobiga oʻxshab erimning kiftlariga yopishgan, lablari baayni kuchli ruhiy tushkunlik va zoriqishdan dod solmoqchi boʻlgandek chimirilgancha tovushsiz qimirlardi. Oʻsha kezlarda salobatli yigit va yaxshi raqqos boʻlgan Anton juftidagi gʻalati holatni sezmayotgandek koʻrinar, unga xotirjam, mehr bilan nazar solar, gohida menga ham xuddi shu taxlit qarab qoʻyar, goʻyo, parvo qilma, hammasi oʻtib ketadi, hech gap yoʻq, degandek boʻlardi.

Uyqusiragandek oʻtirgan Lauri toʻsatdan ohangga mos qilib goh barmoqlari bilan, goh choyqoshiq, gohida erimning sigareta qutisi bilan stolga urgancha musiqaga joʻr boʻla boshladi, bularning bari musiqaga haddan ortiq oshigʻich bir holat bagʻishlar va mening yuragimga allaqanday qoʻrquv solardi. Bu tuzoq, oʻyladim men, ular bizni bu yerga keltirib tunashmoqchi yoki biror joyga olib borib tashlashmoqchi, shu zahotiyoq boshqa fikr miyamga keldi: qanaqa ahmoqona xayol bu, biz kimmizki, tunashsa, bor-yoʻgʻi oddiy odamlar, sayohatchilar, teatr muxlislarimiz, choʻntagimizda nari borsa tomoshadan keyin biror yegulik sotib olishga yetadigan arzimas pulimiz boʻlsa. Shu damda meni uyqu bosdi, sezdirmay bir-ikki esnab ham oldim. Ichgan choyimiz behad achchiq edi-ya, Vivian choyni finjonlarda keltirgan edi, bizga uxlatadigan biror narsa solib bergan boʻlishi, oʻzlariga solmagan boʻlishi mumkin-ku? Ketish kerak, oʻyladim men, mehmonxonaga ketish kerak, erimning nigohini qidirdim, u boʻlsa menga qaramas, aksincha, koʻzlarini yumib olgan, hamrohining nozik yuzi uning kiftiga egilgan edi.

– Telefon qayerda? – soʻradim shosha-pisha, – taksi chaqirmoqchiman.

Lauri darhol ortiga burildi, telefon qutiga oʻxshash mebel ustida turardi, Lauri goʻshakni koʻtarganida gʻuvillagan tovush eshitilmadi. U, ilojim yoʻq, degandek yelka qisdi, lekin shu lahzada Anton hushyor tortdi-da, toʻxtab qoldi, qizdan qoʻlini oldi, qiz unga hayron boʻlib tikilib turdi va nimjon oʻsimlik shamolda chayqalgandek tashvishli qiyofada chayqalib ketdi.

– Kech boʻldi, – dedi Anton, – xavotirlanayapman, ketishimiz kerak.

Aka-singillarning qarshilik qilishmaganidan ajablandim, ular kechni yaxshi oʻtkazganimiz uchun rahmat, degandek bir-ikki ogʻiz samimiy soʻz aytgan boʻlishdi. Kamgap Lauri bizni pastki eshikkacha kuzatib qoʻydi, Vivian tepada qoldi, zina panjarasiga suyangancha qushning chirqillashiga oʻxshash goʻyo hamma tuygʻularni ifodalaydigan yoki hech narsani ifodalamaydigan tovush chiqardi.

Taksi toʻxtaydigan joy yaqinginada edi, lekin Anton biroz piyoda yurishni xohladi, u dastlab toliqqanidan jim bordi, keyin birdaniga gapga tushib ketdi. U aka-singillarni qayerdadir koʻrganini, bunga koʻp boʻlmaganini esladi, ehtimol koʻklam Kitsbyulda koʻrgandir, albatta bu nomning chet elliklar xotirasida qolishi qiyin, Vivianning meni eslayolmaganiga hayron qolmasa boʻladi, dedi. Hatto hozir aniq bir voqea yodiga kelganini, buni oldinroq raqs tushayotgan chogʻida eslaganini aytdi. Qaysidir togʻ yoʻlida, boshqa-boshqa mashinalarda ketayotib bir-birlariga qarashganini, bir mashinada Anton, yolgʻiz oʻzi, boshqa mashinada aka-singillar, rulda qiz boʻlgan, koʻchadagi harakat bir zum toʻxtagan paytda yonma-yon turib qolishgan, keyin qiz undan oʻzib, unga parvo ham qilmasdan uzoqlashib ketganmish.

– U chiroyli emas-a, sal gʻalatimi? – soʻradi Anton hikoyasini tugatasolib.

– Chiroylimi, sal gʻalatimi-yoʻqmi, bilmadim, harqalay kishida allaqanday qoʻrquv uygʻotadi, – dedim men va unga uydagi mogʻor hidini, chang va uzib qoʻyilgan telefonni eslatdim. Anton bularning birortasini sezmagan, hozir ham bu haqda bilishni istamadi. Lekin ikkovimizda ham bahslashishga hafsala yoʻq, aksincha oʻlgudek charchagan edik, shuning uchun darrov soʻzlashishni bas qildik-da, jimgina mehmonxonaga keldigu uyquga ketdik.

Ertasiga tushgacha “Tate” Rasmlar galereyasiga bormoqchi edik, bizda bu mashhur galereyaning katalogi bor edi, nonushta mahali uni varaqlab, qaysi rasmlarni koʻrish, qaysilarini koʻrmasligimizni mulohaza qilib oldik. Nonushtadan soʻng erim sigareta qutisini esladi va men uni oxirgi marta ingliz aka-singillar uyidagi stol ustida koʻrganimni aytdim. Shunda u muzeyga borishdan oldin ularnikidan sigareta qutisini olishni taklif qildi. U qutini ataylab qoldirib ketgan, degan oʻy kechdi miyamdan, lekin indamadim. Shahar rejasidan oʻsha koʻchani topdik-da, avtobusda oʻshanga yaqinroq bir joyga bordik. Yomgʻir tingan, keng, yashil maydonli bogʻ uzra erta kuzning ochsariq tumani yoyilgan, ustunli va frontonli ulkan binolar goh koʻzga tashlanar, goh yengil tuman ichida sirli holatda gʻoyib boʻlardi.

Anton ham, men ham koʻtarinki kayfiyatda edik. Men kecha kechqurungi barcha tashvishlarni unutgan va bizning yangi tanishlarimiz kunduzi qanday koʻrinisharkin, oʻzlarini qanday tutisharkin, deya hayajonda edim. Koʻchani, uyni qiynalmasdan topdik, ammo barcha derazalarning qopqalari yopilgan, goʻyo ichkarida hamma hali uxlayotgandek yoki odamlar uzoq safarga ketgandek edi. Avvaliga tortinibgina qoʻngʻiroq tugmasini bosganim hech bir natija bermagach, kuchliroq, oxiri qoʻpol boʻlsa-da, uzoq va qattiq jiringlatdik. Eshikda eski rusumdagi mis qoʻngʻiroq bor edi, uni ham ishga soldik, qani endi ichkaridan qadam tovushi yoki biron sas eshitilsa. Nihoyat nari ketdik, bir necha uylarni ortda qoldirgach, Anton tagʻin toʻxtadi. Uning fikricha, gap faqat sigareta qutisi ustida emas, ular bilan biror kor-hol yuz bergan boʻlishi mumkin, aytaylik, gazdan zaharlangan boʻlishlari mumkin, bu yerda hamma uyiga gaz pechka qoʻyarmish, kecha u ularning xonasida shunaqa pechkani koʻrganmish. Aka-singillarning biror yoqqa joʻnab ketishlariga ishonmaymanu, harholda politsiyaga xabar bersak boʻlar, endi muzeyda rasmlar tomosha qilish ham koʻnglimga sigʻmaydi, dedi. Bu orada tuman tarqadi, kamqatnov koʻcha hamda 79-uy tepasida lojuvard osmon yuz ochdi. Biz qaytib kelganimizda uy haliyam jimjit va oʻlikdek sassiz turardi.

– Qoʻshnilardan soʻrash kerak, – dedim men, – qoʻshnilardan. Shu payt oʻng tomondagi uy derazasi ochilib, bir baqaloq ayol bogʻchadagi kuzgi gullar ustiga supurgisining suvini silkita boshladi. Biz uni chaqirib, maqsadimizni tushuntirishga harakat qildik. Tanishlarimizning familiyasini bilmasdik, faqat Vivian va Lauri, dedik xolos, biroq ayol kimni nazarda tutganimizni darhol angladi. U supurgisini tortib oldi-da, guldor koftasi ichidagi boʻliq koʻkragini deraza tokchasiga tirab, bizga qoʻrquv ichida tikildi.

– Biz bu uyda boʻlgan edik, – dedi Anton, – kuni kecha, kechqurun, bir narsamizni u yerda qoldiribmiz, shuni olib ketmoqchi edik.

Ayolning chehrasi tundlashdi, bunday boʻlishi mumkin emas, dedi u chiyilloq tovushda. Uning gapiga qaraganda kalit faqat unda saqlanarkan, uyda hech kim yoʻq emish.

– Qachondan beri? – soʻradim beixtiyor va garchi bogʻda, yop-yorugʻ quyosh nuri ostida toshmushuk turgan boʻlsa-da, uy raqamini adashtirgan boʻlsak kerak, deb oʻyladim.

– Bu uyning yosh egalari oʻlganiga uch oy boʻldi, – dedi ayol qatʼiy qilib.

– Oʻlgan deysizmi? – soʻradik biz va birimiz qoʻyib, boshqamiz gapira ketdik, axir bu kulgili-ku, kechagina biz ular bilan birga teatrda boʻldik, ularnikida choy ichdik, musiqa tinglab, raqsga tushdik, dedik.

– Hozir, – dedi baqaloq ayol va derazasini yopdi, mana endi u qoʻngʻiroq qilib, bizni jinnixonagami yoki politsiyagami eltib tashlattirsa kerak, deb oʻyladim.

Biroq u shu zahotiyoq qoʻlida katta kalit shodasini ushlagancha yuzida hayrat ifodasi bilan chiqib keldi.

– Men aqldan ozmaganman, nima deyayotganimni bilaman, – dedi u, – uy egalari oʻlgan va dafn etilgan, ular mashinada chet elga borishgan, qaysi bir togʻ yoʻlida mashinani jinnilarcha tezlikda boshqarib halokatga uchrashgan.

– Kitsbyuldami? – soʻradi erim dahshat ichida. Ayolning gapiga koʻra, joy shunday atalsa kerak, balki boshqachadir, xorijdagi joy nomlarini esda saqlash qiyin. Shunday deya ayol oldinga tushib, bizni ikkinchi qavatga boshlab chiqdi-da, eshikni ochdi. U rost gapiryaptimi, uy rostdan ham kimsasizmi, koʻrmoqchi, uning ruxsati bilan xonaga kirmoqchi boʻldik. U chiroqni yoqolmasligini, uy boshqaruvchisining roziligi bilan lampochkalarni oʻzi olib ketganini aytdi.

Ayolga ergashib ichkariga kirdik, uyning havosi dim va boʻgʻiq edi. Men hali zinapoyadayoq erimning qoʻlidan tutib, bu boshqa koʻcha boʻlsa kerak yoki biz tush koʻrganmiz, ikki kishi bir kechada bir xil tush koʻrishi mumkin, shunaqasi ham boʻladi, endi ketaylik, degan edim. Ha, sen haqsan, bu yerda nimayam qilardik, deya Anton yengil tortib gapimni maʼqullagan edi. U toʻxtab, ozroq pul olish maqsadida choʻntagiga qoʻl suqqan, bizni deb tashvish tortgani uchun qoʻshni ayolga bermoqchi boʻlgan edi. Ayol allaqachon xonaga kirib ketgan, biz uning orqasidan shoshildik, aslida bunga endi ortiq qiziqishimiz qolmagan va bu bor-yoʻgʻi adashish yoki xayoldagi bir narsa ekanligiga ishonchimiz komil edi.

– Kiringlar, – dedi ayol va deraza qopqasidan birini, butunlay emas, hamma mebellarni aniq koʻrsa boʻladigan qilib ochdi, ayniqsa, atrofiga oromkursilar qoʻyilgan, ustini yupqa chang qoplagan yumaloq stol diqqatni tortdi. Stol ustida yakkayu yagona buyum – hozir yorqin quyosh nuridan yaraqlab ketgan, oltindan yasalgan, yupqa sigareta qutisi yotardi.

 

Olmon tilidan Yanglish EGAMOVA tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2015 yil 4-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/arvohlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x