Tarjimai hol
Toshpo‘lat Arslonqulov (1882-1962) — keksa avlodning eng taniqli ganch ustalaridan biri, O‘zbekiston xalq rassomi, Davlat mukofoti laureati. Uning asarlari Moskva, Sankt-Peterburg va boshqa shaharlar muzeylarida saqlanib keladi.
Tarjimai hol
Toshpo‘lat Arslonqulov 1882 yil Toshkentda nasliy ganch ustalari oilasida tavallud topgan. Nafaqat uning otasi, balki dodasi, dodasining otasi va yetti avlodgacha ota-bobolari naqqoshlik mahoratiga ega bo‘lishgan. Badiiy ganch o‘ymakorligi otadan o‘g‘ilga o‘tib, tajribalar asrlar davomida orta borgan va nasldan-naslga yetkazilgan. Toshpo‘lat Arslonqulov naqqoshlikni juda kichikligidan o‘rganishni boshlagan va 12-13 yoshlaridayoq, u otasi bilan birgalikda jiddiy buyurtmalar ustida ishlagan.
Ganch — bu yog‘ochli gipsning tabiiy yoki sun’iy aralashmasi. U ishlov berishda qulay, deyarli juda oson kesiladi. Ehtimol, mazkur sifatlari bois, chiroyli va qulay me’moriy bezak materiali sifatida qadimdan insonlar e’tiborini o‘ziga tortgan. Ganch o‘ymakorligi usuli nimalardan iborat? Avvaliga, usta priporox yordamida maxsus tayyorlangan xom ganch qatlami ustiga surat soladi. So‘ngra, aralashma qotmaguniga qadar uni kesadi va rang tanlab, bo‘rtma naqshlar soladi. Shundan so‘nggina o‘yib ishlov berish bosqichiga o‘tiladi. Buning bir nechta an’anaviy turlari bo‘lib, har birining maxsus nomi bor. Masalan, “choka-pardoz”, bunda bo‘rtma tasvir ustiga chetdan ichkari tomon yo‘naltirilgan ikkita qiyalama kesiklar bilan ishlov beriladi. Bo‘rtma o‘rtasida murakkab rang-soya o‘yinini yuzaga keltiruvchi tarnovcha hosil bo‘ladi. Toshpo‘lat Arslonqulov, aynan, ushbu murakkab usulni g‘oyat ma’qul ko‘rgan.
Naqqoshlik san’atida usta nafaqat hunarmandlik uslubini egallashi, balki ganch naqshini o‘zi yaratishi ham zarur. O‘zbek milliy naqshlari bag‘oyat boy va turlidir. Shu bilan birga, u an’anaviy tuzilish qoidalariga ham egadir. Bezak tuzilishining ikki ko‘rinishi mavjud.
Ulardan biri, geometrik bo‘lib, murakkab matematik hisobga asoslanadi va “girix” deb nomlanadi. Ikkinchisi — “islimi” asosida o‘simlik shakllari yotadi. Toshpo‘lat Arslonqulov ijodida boshqa zamonaviy ganch ustalarniki kabi ko‘proq o‘simlik bezaklari uchraydi, ba’zida geometrik naqshlar bilan uyg‘unlashadi. O‘zining uzoq umri davomida ko‘plab ajoyib naqshlar yaratgan, uning mohir qo‘llari esa ularni nozik naqqoshlikda gavdalantirdi.
Alisher Navoiy nomidagi Davlat opera va balet teatri bezagidagi ishtiroki uchun Toshpo‘lat Arslonqulov Davlat mukofoti laureati unvoniga ega bo‘lgan.
Toshpo‘lat Arslonqulov ishlagan barcha me’moriy ob’yektlarni sanab o‘tish mushkul. Ular qatorida A. Polovsev uyi (hozirgi Xalq amaliy san’at muzeyi binosi), Hamza nomidagi o‘zbek dramatik teatri, Muqimiy nomidagi musiqiy-drama teatri, O‘zbek SSR Oliy Kengashi Prezidiumining majlislar zali, viloyat ijroiya qo‘mitasi binosi kabilar bor. Lekin, uning eng ajoyib ishi — Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi Davlat opera va balet teatri zali. Arslonqulov zalning bezaklar ketma-ketligini cheksiz va saxiy g‘oyalari, shu bilan birga, nozik didi ila hisoblab chiqqan. O‘zbeklarning yashash joyiga xos milliy an’ana bezaklaridan foydalangan holda, u hashamati bilan hayratga soluvchi yagona bezak asarini yaratgan. Go‘yo, zal devoriga nozik oq to‘r tashlab qo‘yilib, uning jimjima bog‘lamlarida yorug‘lik hilpirayotganday.
1962 yil Toshkentda vafot etgan.
1982 yil O‘zbekiston me’morlar ittifoqi Toshpo‘lat Arslonqulov tavalludining 100-yilligini keng nishonlagan.