Ming toʻqqiz yuz oltmish sakkizinchi yilning aprel oyi edi. Oʻsh viloyat gazetasida xizmat qilardim. Odatdagi ish kunlarining birida muharririmiz kaminani yoʻqlatib qoldi. Xonaga kirsam, divanda Odil aka oʻtirardi. Unga qadar ustozning qator hikoyalarini oʻqigan, Toshkentda bir necha marta koʻrgan boʻlishimga qaramay, shaxsan tanish emasdim. Halimjon aka Hamidjonov men haqimda mehmonga qisqacha maʼlumot bergach, muddaoga koʻchdi:
– Odiljon “Literaturnaya gazeta”ning topshiririgʻi bilan kelibdi. Shahar bilan tanishtirib, koʻmaklashing. Mashina xizmatlaringda boʻladi.
Tashqariga chiqqanimizdan keyin, Odil aka: – Narimonov nomli maktab yaqinmi? – deb soʻrab qoldi.
– Shahardan biroz tashqarida, Qorasuv tumaniga qaraydi.
– Ana shu maktabning oʻqituvchilaridan ikki-uchtasi “xoʻjalar bilan qorachalar” oʻrtasidagi kelishmovchiliklar haqida, quda-andachilik toʻgʻrisida gazetaga muammoli maqola yozishibdi. Shuni tekshirib, masalaga aniqlik kiritishim kerak.
Ustoz bilan maslahatga maxsi kiydirib, dastlab tuman xalq taʼlimi boʻlimining mudiri bilan birgalikda Odil aka maqola mualliflari bilan uchrashib, masalaga nuqta qoʻyib, tomonlarni murosaga keltirdi. Uchinchi kuni mashhur geolog olim Ibrohim Hamroboyevning kindik qoni toʻkilgan Oʻzgan shahrini tomosha qildik.
Xalqimizning ulugʻ yozuvchisi Odil Yoqubov bilan dastlabki tanishuvim shunday kechgan edi. Ustoz bilan ikkinchi muloqotimiz u kishi Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotda nasr boʻlimini boshqarayotgan paytda yuz berdi. Tarjima boʻlimining mudiri Hasan Toʻrabekov:
– Sizni ustoz yoʻqlayapti, menimcha, “Singan qilich” boʻyicha baʼzi mulohazalari borga oʻxshaydi, – deb qoldi.
Odil aka bilan yoʻlakda uchrashdik.
– Tursunboy, bormisan, yur, xonaga kiraylik. Toʻlaganning kitobini ruscha variantda oʻqiganman, tarjima qilayotganingni eshitib quvondim. Bu – masalaning bir tomoni. Asar yaxshi, ammo Qoʻqon xonligi haqida Qosimbekovdan ancha avval yozilgan kitoblardagi eski gaplarni Toʻlagan ham qaytarib, ayrim oʻrinlarni suyultirib yuborgan. Ayniqsa “qorachoponlar”ga oshiqcha boʻyoq va urgʻu bergan. Bu esa masalaning muhim tomoni. Shuni hisobga ol. Muallif bilan uchrashib, qisqaradigan qismlari boʻyicha undan yozma tilxat olib Hasanga topshirib qoʻy. Omad tilayman.
Ustozning xonasidan chiqib, Hasan aka bilan kitobdagi takror va oshiqcha oʻrinlarni aniqlab oldik. Oradan koʻp oʻtmay T. Qosimbekovning tilxatini Hasan akaga topshirib, tarjimani Doʻrmonda davom ettirdim.
Bir yil oʻtib, “Singan qilich” romani katta nusxada chop etildi. Asarga aks-sado yaxshi boʻldi. Taniqli olimlar Haydarbek Bobobekov va Muxtor Joʻrayevlar ijobiy taqrizlar yozishdi. Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron “Singan qilich”ni oʻqib… deb nomlangan sheʼr bagʻishladi. Tarjimaning bosilishi munosabati bilan (Pushkin bogʻida) hozirgi Abdulla Qodiriy nomidagi bogʻning choyxonasida shinam dasturxon yozdim. Oʻsha kuni oqshom Odil akaning uyida qoʻnoqda boʻldim. Shu tarzda ustoz bilan suhbatlarimiz qovushib, bordi-keldi odat tusiga kirdi.
Bu orada meni “Choʻlpon” nashriyotiga xizmatga chaqirib qolishdi. Soʻzida sobit taniqli adib doʻstimiz Zohir Aʼlam xizmat oʻrnini kaminaga boʻshatib berdi. Odil aka Yozuvchilar uyushmasini boshqarayotgan kezlar edi. Kunlarning birida ustozning huzuriga bordim. Qabulxonada pataki-paytava boʻlayotganlar koʻp boʻlishiga qaramay, kotiba mening kirishimga izn berdi.
– Kel-kel, bormisan, – deb Odil aka oʻtirishga taklif qildi va hol-ahvolimni soʻradi. – Xabarim bor. Kechikib boʻlsa ham Toshkentga kelganing yaxshi boʻpti. Endi adabiy davraning markazidasan. Ayrim doʻstlaringni ham sinovdan oʻtkazib olasan. Xizmatda xolis boʻl, turli toifa-guruhlardan olisroq yur. Tarafkashlik ham oʻta zararli illat. Hay, mayli, propiska masalasi nima boʻldi?
– Mahmudjon Sattorov degan olim doʻstimiz koʻmaklashdi…
– Madaniyat institutidagi yigitmi?
– Ha, oʻsha ogʻaynimiz.
– U diyonatli olimlarimizdan. Uyushma bilan bogʻliq muammolar boʻlsa, tortinma. Aytganday, ertaga ulkan inson Ibrohim Hamroboyevning tugʻilgan kuni, soat oltilarda kelsang, qutlab qaytamiz.
Odil akaning huzuridan xuddi parvozga shaylangan qushday xursand chiqdim. Soʻngra doʻstim Safar Barnoyev bilan tushlikka otlandik.
1990 yilning saratonida Oʻsh va Oʻzganda yuz bergan fojiali kunlarda viloyat hokimining oʻrinbosari, marhum Sanobar Vahobova, jurnalist Yoqubjon Xoʻjamberdiyev bilan birgalikda shahar aeroportida Chingiz Aytmatov, Odil Yoqubov va Pirimqul Qodirovlarni kutib oldik. Kun tartibida belgilanganidek, dastlab viloyat kasalxonasida davolanayotgan yaradorlarning ahvoli bilan tanishdik. Keyin Modi qishlogʻi bilan Oʻsh shahrini bogʻlab turgan, qabohatli kunlarda jiddiy zarar koʻrgan Furqat mahallasidagi xonadonlarni koʻzdan kechirdik. Asablar tarang. Ortiqcha gap koʻngilga sigʻmaydi. Odil aka ham koʻz yoshlarini tiyolmadi. Hovlidagi gullar payhon qilingan, idish-tovoqlar sindirilgan, gilamlar boltalab tashlangan. Iyun, avji pishiqchilik boʻlganligi bois kallakesarlar gʻarq pishgan giloslarning mevali shoxlarini arralab, mevasini oʻrtaga qoʻyib yegan, Qurʼoni Karimning varaqlariga qoʻllarini artgan. Shu mahal Xudo rahmat qilgur Pirimqul Qodirov:
– Odil, bu nimasi? Daraxtga narvonni suyab gilosni terib yesa boʻlmasmidi? – deb qoldi.
Odil aka odatdagiday keskin, loʻnda javob qaytardi.
– Pirimqul, mentalitet deganlari shu boʻladi.
Chingiz aka soʻkindi. Sanobar Vahobova yigʻlardi. Oʻsha oqshom Oʻsh televideniyesi orqali Ch. Aytmatov tomonidan oloylik qotillarga nisbatan aytilgan keskin soʻzlar hamon koʻpchilikning yodida. Prezidentimizning uddaburonligi va tashabbusi tufayli, Chingiz ogʻa yetakchilik qilgan ustozlarning amaliy koʻmagi bilan qonli fojialarga barham berildi.
1994 yilning aprelida turkistonlik shoir Ernazar Roʻzmatovning yubileyi munosabati bilan yoʻlga otlandik. Odil aka har galgiday guruhimiz boshligʻi. Chimkentdan Turkiston shahriga qadar katta trassaning ikki tarafi qalin ihotazor. Biroq yam-yashil daraxtlarning orasidagi baʼzi qurib qolganlari teng yarmisidan arralangan atlasga sholchadan yamoq solingandek beoʻxshov koʻrinardi.
– Shuni tagidan arralab, oʻtin qilsa barakali boʻlardi, – dedim.
Odil aka miyigʻida kulib:
– Tursunboy ukam, bu qozoqcha mentalitet. Arrakash oʻzini ortiqcha tashvishga qoʻyib oʻtirarmidi?..
Shu mahal Oʻshning Furqat mahallasidagi giloslar xayolimdan oʻtdi. Qisqasi, Odil aka, Nosir Fozilov ogʻalarim yetakchiligidagi navbatdagi safarimiz ham mazmunli boʻldi. Ustozning jalolobodlik kitobxonlari bilan munosabatlari havas qilgulik edi. 1998 yilning bahorida tadbirkor doʻstimiz Qodirjon mahalliy yigit-qizlarning kelajagini oʻylab, universitet qurib, mazkur oliydargohning ochilishiga Odil Yoqubov boshchiligida bir necha kishi mehmonga borgandik. Rasmiy tadbirlardan soʻng, Arslonbobda dam oldik. Bu goʻzal goʻshada ikki ulugʻ inson – Odil aka bilan kosmonavt Solijon Sharipovning uchrashuvlari bayramga aylanib ketdi. S. Sharipov ustozning “Ulugʻbek xazinasi” asarini rus tilidagi tarjimasini asliyat bilan qiyoslab oʻqib chiqqani uchun suhbat oʻta zavqli boʻldi. Atoqli adib oʻz navbatida fazogirga yaxshi fikr va mulohazalari uchun rahmat aytib, omadlar tiladi.
1997 yilning 14 aprelida Bishkekdagi T. Sotilgʻanov nomidagi teatrda taniqli qozoq shoiri Muxtor Shoxonov bilan Chingiz Aytmatov hamkorlikda yozgan dramaning koʻrigiga borishimizga toʻgʻri keldi. Odil aka bilan T. Qayipbergenov bir hafta avval joʻnab ketishdi. Asar premyerasiga bir kun qolganda Yoqubjon Xoʻjamberdiyev ikkimiz yetib bordik. Ustozlar Chingiz ogʻaning dala hovlisida ekan. Odil akaning shashti pastroq edi.
– Valineʼmatlarim, bormisizlar? – dedi bizni bagʻriga bosarkan.
– Zerikmadinglarmi? – soʻradi Yoqubjon.
– Yoʻq, faqat bu atrofdagi doʻkonlarda bizning valyutaga sharob sotmas ekan-da, – dedi Toʻlepbergen aka oʻpkalab.
– Qirgʻizcha rusumga koʻra, Chingiz ogʻaga aytmadinglarmi? – dedim.
– Tortindik…
Ikki elning ulkan adiblari arzimagan narsani Chingiz Aytmatovdan soʻray olmaganligi oʻzbekona iymanishdan boʻlsa kerak. Ustozlarning koʻnglini ovlash niyatida dasturxonni butladik.
1997 yilning oxirlarida ijodkor ukalarim Nabijon Boqiy va Yoqubjon Xoʻjamberdiyevlar Chingiz ogʻa bilan M. Shoxonovning qalamiga mansub “Choʻqqida qolgan ovchining ohu-zori” deb nomlangan keng koʻlamli publitsistik asarning tarjimasini poyoniga yetkazgach, “Sharq” nashriyoti mazkur kitobga muharrirlikni kaminaga topshirdi. Muxtor doʻstimizning iltimosiga binoan unga kirgan sheʼrlarni asliyatga chogʻishtirib chiqishimga toʻgʻri keldi. Ushbu asar 1998 yilda nashr etilib, tez orada tugab ketdi.
Odil aka tugʻma tabiatiga koʻra, gapning indallosini aytish boʻyicha feʼli-amoliga bir umr sobit qoldi. Biroq bachkana hazillarni uncha xush koʻrmagan boʻlishiga qaramay, vaqti kelganda ustoz Said Ahmadni ham, Nosir Fozilovni ham kutilmagan lutflar bilan mot qilganligining guvohi boʻlganman. Qardosh Qirgʻizistonning poytaxti Bishkekda roʻy bergan quyidagi voqea fikrimning isbotidir. Qirgʻiz adiblarining anjumanidan soʻng, respublika davlat kutubxonasining ochilishi munosabati bilan oʻtgan yigʻindan keyin, davra suhbatida Sotqin Sassiqboyev degan oʻrtamiyona publitsist H. H. Niyoziy toʻgʻrisida quyushqonga sigʻmagan fikrni aytib qoldi. Mening gʻashim kelib, mezbonga javob qaytarmoqchi boʻlganimni sezib qolgan Odil aka yelkamga qoʻlini qoʻyib, oʻziga xos ohangda:
– Tursunboy, xafa boʻlma, bu doʻstimizning ismi-jismiga monand Sotqin, familiyasi Sassiqboyev boʻlgach, undan shirin gap chiqarmidi… – dedi.
Ustozning topib aytgan gapidan izza boʻlgan mezbon uzr-maʼzur soʻray boshladi. Qirgʻiz adabiyotining Suyunboy Eraliyev bilan Sovranboy Jasuyevday oqsoqollari esa Sotqindan “oʻsolning qadogʻi necha pul boʻldi?” deb soʻrab, davraga zavq-shavq ulashdi.
1998 yilning 26 mayida Chingiz Aytmatovning 70 yoshga toʻlganligi har jihatdan yuksak darajada nishonlandi. 29 mayda ortimizga qaytib, yoʻl-yoʻlakay qadim Avliyootani, hozirgi Taroz shahrini tomosha qildik. Chimkentni ortda qoldirib, Gʻishtkoʻprikda bir yarim soatcha turib qoldik. Mashinadan tushib turnaqator navbatda turganlarga quloqqoqti qildim. Toshkentga kirishimiz uchun har birimiz ming soʻmdan postda turgan azamatlarga berishimiz shart ekan. Boʻlgan gapni Odil akaga aytdim. Ustozning qoshlari chimirildi:
– Qani yur-chi, boshligʻiga kiraylik-chi…
Qabulxonadagi mallasoch qiz:
– Boshliq zarur ishlar bilan band, – dedi.
Odil aka kotibani rus tilida nordon soʻzlar bilan siylab, roʻparadagi hashamatli xonaga kirib bordi. Boshliq orom-kursida qahva ichib oʻtirgan ekan. Ustoz oʻzini tanishtirib, nima sababdan uning huzuriga kirganligimizni aytib, chaparastasiga tuzlay ketdi. U soʻrashmoqchi boʻlib qoʻl uzatganida, Odil aka siltab tashladi. Tashqariga chiqqach butunlay boshqacha manzaraning guvohi boʻldik. Qoʻshimcha yoʻlaklar ochilib, yoʻlovchilar emin-erkin chegaradan oʻtishardi…
* * *
Yoshing bir joyga yetgan sari oqibatli doʻstingni, dilga yaqin suhbatdoshingni qoʻmsab qolar ekansan. Oxirgi oʻn yillar davomida Odil aka Qozoqboy Yoʻldoshev ikkimizni yoʻqlab, “Hoy qirgʻiz ukam, ertaga Qozoqboy birodaring bilan kelinglar, yangalaring xamir soladi” deb telefon qilishi odatga aylangandi. Beixtiyor xayolga tolaman. Odil Yoqubovday ulkan adibga biror nafim tegmagan boʻlsa… Shunday ulugʻ insonning nazariga tushganimning sabablarini izlayman… Savolimga javob topmay, kaminadan tez-tez hol-ahvol soʻrab turadigan Nosir ogʻa Fozilov, Tohir Malik, Erkin Malik, Omon Muxtor, Anvar Obidjon, Yoʻldosh Solijonov, Sobirjon Otajonov kabi oqibatli qadrdonlarimni, oʻnlab shogirdlarimni eslab, shukrona qilaman. Odil akaday tugʻma, benazir adib yana adabiyotimizning peshonasiga bitarmikin, deb Tangridan tilayman.
Tursunboy ADASHBOYEV
“Yoshlik”, 2012 yil, 11–12-son
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/arralangan-giloslar-yoxud-ustozning-kozyoshlari/