Fors koʻrfazi hududidagi arab mamlakatlarida ayollar ijodining paydo boʻlishi, eng avvalo, ayollarning taʼlim olishi va umuman, bu mamlakatlarda taʼlim tizimining kengayishi bilan bogʻliq. Agar Misr, Suriya, Livan, Iroq, Falastin kabi arab mamlakatlarida ayollar adabiyoti yetarli darajada rivojlangan va XX asrning boshidayoq Mey Ziyade, Oysha Teymur, Bint ash-Shotiy (Oysha Abdurrahman), Fadva Tukan, Nozik al-Malaika kabi adabiyotchi ayollar siymosida koʻplab oʻzining yirik vakilalariga ega boʻlgan boʻlsa, Fors koʻrfazidagi arab mamlakatlarida bu hodisa XX asrning birinchi yarmida kamdan-kam uchraydigan hol edi. Ammo vaziyat mazkur hududda ayollar orasida ijod bilan mashgʻul boʻlgan ziyolilar mutlaqo boʻlmagan ekan, degan maʼnoni anglatmaydi, ularning aksariyati oʻsha paytda halq ogʻzaki ijodi yoʻllarida ijod qilgan.
Shuni taʼkidlash joizki, Kuvaytda qizlarning jamoaviy taʼlim olishi Bahrayndan oʻn yil keyinroq – 1937 yil, Qatarda – 1954, Arab Amirliklarida – 1955, Saudiya Arabistonida – 1960, Ummonda – 1970 yilda joriy qilingan. Taʼlim tizimini joriy qilishdagi farqlarga qaramay, ayollarning ilk ijod namunalari oʻtgan asrning 50-yillari oʻrtalarida paydo boʻlsa ham, Xadaya Sulton as-Salimning Falastin fojealari haqidagi ilk publitsistik maqolalari, shuningdek, Ibtisom Abdulloh Abdullatifning “Qizchaning xotiralari” deb nomlangan memuarlari 1948 yil Qohiraning “Kuvayt” nashriyotida chop etiladigan “Al-Baasa” oynomasida nashr etilgan.
“Arab adibalari qomusi” maʼlumotlari boʻyicha, nashrlar soniga koʻra Kuvayt ayol ijodkorlar nashrlari boshqa mamlakatlarga nisbatan koʻproq boʻlgan. 60-yillarning boshlarida nashr ishlari va publitsistikaning avj olishi munosabati bilan Fors koʻrfazi mamlakatlari roʻznomalari ayollar muammolari uchun maxsus sahifa ajratdi, vaqti-vaqti bilan u yerda ayol yozuvchilarning qisqa hikoya, sheʼr va adabiy maqola koʻrinishidagi ijod namunalari berilib turardi. Fors koʻrfazi mamlakatlarida – Kuvayt, Bahrayn, Saudiya Arabistoni davlatlarida ayollar ijodi namunalari alohida devonlar koʻrinishidagi nashrlar sifatida 50-yillarning oxiri – 60-yillarning boshida chiqarila boshladi, 70–80-yillarda esa bular qatoriga Qatar, Arab Amirligi va Ummonning adibalari qoʻshildilar.
Adabiy janrlar masalasida ayollar koʻproq sheʼrlar va hikoyalar mashq qilishni afzal koʻrardilar. XX asrning oxiriga kelib, arab mamlakatlarida 113 ta sheʼriy devon, 115 ta novellalar toʻplami, 64 ta roman nashr etildi.
“Arab adibalari qomusi”dagi “Kuvayt” boʻlimida yozuvchi ayollar ijodida hikoyanavislik 80-yillarning ikkinchi yarmida eng yuqori choʻqqiga koʻtarilganligi qayd etiladi. Bu gullab-yashnashning yorqin misolini Laylo Usmonning 8 ta hikoyalar toʻplami, Fotima Ali, Surayyo al-Baqsamiy, Laylo Muhammad Solih, Muna Ash-Shofeʼiy va Amina Shoib asarlari toʻplamlari hamda Bizza al-Botiniyning ilk toʻplamlari timsolida koʻramiz.
Zamonaviy Kuvayt hikoyanavisligi shakllanishi va rivojlanishida adibalarning faol ijodi alohida oʻrin tutadi. Laylo al-Usmon, Surayyo al-Baqsamiy va Fotima Yusuf Ali boshchiligidagi yozuvchi ayollarning asarlari arab hikoyanavisligining oltin fondiga kirdi. Hikoyalarning mavzu doirasi, yangi badiiy innovatsiyalar, oʻziga xos obrazlar va yangi bayon shakllarini yaratish borasidagi izlanishlar arab hikoyanavisligini boyitish imkoniyatlarini kengaytirdi.
80-yillarda, ayniqsa, Kuvaytda ayollar ijodi yangi va boy mazmun kasb eta boshladi. Hikoyalar mazmun jihatidan oila va jamiyatda ayolning tutgan oʻrni va shu masala bilan bogʻliq muammolar, ijtimoiy islohotlar mavzusiga bagʻishlangan edi. Ularning ayrimlarida romantik maʼyuslik ham mavjud boʻlib, bunga Xayfa Hoshimning “Dahshatli qasos” hikoyasi misol boʻladi.
Hadaya Sulton as-Salim hikoyalarida qahramonlarning sevgi va baxt yoʻllarida urf-odatlar toʻsqinlik qiladi, ular taqdirdan nolib, muhabbati va maqsadlari uchun kurashishga harakat ham qilmaydilar. “Yomgʻirsiz kuz” hikoyalar toʻplamiga kirgan “Men uni koʻrdim”, “Alanga”, “Olovdan kuchli”, “Xazon boʻlgan umrim” kabi hikoyalar shular jumlasidandir.
Hadaya Sulton as-Salimning barcha qahramonlari qanchalik sust kayfiyatga ega boʻlishmasin, oilasi uchun oʻzlarini qanchalik qurbon qilishmasin, ular kitobxon eʼtiborini ayolning jamiyatdagi oʻrniga, ayniqsa, ajrashgan ayolning ayanchli ahvoliga qarata oldilar. “Xazon boʻlgan umrim” hikoyasining qahramoni oʻz muhitidan ajralib qolgan. Uning istaklarini hech kim hisobga olmaydi, ota-onalari birinchi uchragan xaridorgayoq turmushga berishga tayyor. Hadaya Sulton as-Salim bunday qahramonlari hayotini hosilsiz va yomgʻirsiz kuzga qiyoslaydi. (“Yomgʻirsiz kuz” “خريف بلا مطر” hikoyasi). Hadaya Sulton as-Salim hikoyalarida eng koʻp qoʻllanilgan uslub retrospektiv uslub boʻlib, bunda hikoya personajlari oʻz oʻtmishi haqida soʻzlab beradilar yoki oʻzlarining xotiralari orqali xayolan oʻtgan hayotlariga qaytadilar.
Mashhur tanqidchi Ibrohim Abdulloh Gʻalumning fikricha, 60-yillarda Hadaya Sulton as-Salim va uning zamondoshlari ayollar muammolariga romantik nuqtai nazardan yondashadi. Bunda qahramonlar anʼanalar bilan kurashga harakat qiladilar-u, ular oldida ojizlikdan toʻxtab qoladilar. Xuddi shu kabi, adibaning barcha qahramonlari romantik nuqtai nazardan yoritib beriladi. Bunda yozuvchi yolgʻizlik hissiyoti, qaygʻuli tun, kuz, sahro, olov, alam-sitamlar, qiyinchilik va boshqa obrazli vaziyatlarning ayol hayotidagi oʻrnini nazarda tutadi.
80-90-yillarda ayollar muammolari yoritilgan hikoyalarda yozuvchilar badiiy mahoratining oʻsishi kuzatiladi. Shu bilan bir qatorda, oʻzini shaxs sifatida anglovchi, oʻz imkoniyatlari, mustaqilligini baholash qobiliyatiga ega boʻlgan ayollarning oʻzgacha obrazi namoyon boʻladi. Masalan, Munir Nasifning “Umid saroyining qulashi” hikoyasining qahramoni yuqoridagi fikrlarga ayni mos keladi. Asar qahramoni oʻzi uchun kurasha oladigan ayol. Uning eri oshigʻi olchi tadbirkor, taraqqiyot mevalariga, yangi texnologiya-yu yangicha bozor munosabatlariga juda tez moslasha oladigan odam. Uning deyarli butun umri ofisda, pul ketidan quvib oʻtadi. Kechqurunlari esa doʻstlari davrasida qahvaxona va restoranlarda ulfatchilik qiladi. U oilasini butkul tashlab qoʻygan. Birgalikdagi hayotining dastlabki davrida uning oyoqqa turishiga yordam bergan, endilikda uning befarq boʻlib qolganligidan tahqirlangan xotini bolalarini olib, uydan chiqib ketadi. Ana shundagina butun umrining mazmunini boylik orttirishda deb bilgan hikoya qahramoni oila oʻchogʻi soʻngan uyda erkak qanchalik yolgʻiz va keraksiz boʻlib qolishi mumkinligini anglab yetadi. Taʼkidlash lozimki, bu hikoyada mahalliy vaziyat yoki milliy ruhga hech qanday ishora yoʻq. Sodir boʻlgan voqea – kurrai zaminning xohlagan bir burchagida roʻy berishi mumkin boʻlgan manzara.
Laylo al-Usmon, Fotima Yusuf Ali, Surayyo al-Baqsamiyning keyingi hikoyalaridagi ziyoli qahramonlar ham mazkur yozuvchilarning ilk hikoyalaridagi zaif ayol timsolidagi qahramonlardan tamoman farq qiladi. Hozirgi kunda ham muvaffaqiyatli ijod qilayotgan katta avlod yozuvchilari Laylo al-Usmon, Surayyo al-Baqsamiy, Fotima Yusuf Ali, Laylo Muhammad Solih, oʻrta avlod vakilalari Bizza Botiniy, Muna ash-Shofeʼiy, Aliya Shaiblardan “estafeta”ni Xabba bu Xamsin (1977 y.), Meyd Muhammad ash-Sharad (1977 y.), Latifa Batiz va boshqa iqtidorli yosh adibalar qoʻlga oldilar.
Laylo al-Usmon, Surayyo al-Baqsamiy va Fotima Yusuf Ali hikoyalaridagi badiiy bayon uslublariga nazar tashlar ekanmiz, ularda qancha-qancha insonlar hayotidan lavhalar, qiziqarli vaziyatlar, xarakterlar, tafsilot-detallar mujassamlashganini koʻramiz. Adibalar badiiy vositalarni samarali isteʼfoda qilib, voqelikni makon va zamon jihatdan erkin oʻzlashtirishga erisha oladilar. Ular tanlagan bayon uslubi inson ichki dunyosiga kirib borishga, murakkab xislatlar va xususiyatlarga boy, doimo harakatdagi, shakllanayotgan yoki rivojlanayotgan xarakterlarni ochishga imkoniyat yaratib beradi.
Adibalarning asarlarida hikoyachi obrazining namoyon boʻlishi muhim rol oʻynaydi. Bu ham badiiy ifodaning oʻziga xos shaklidir. Hikoya qiluvchi muallif oʻquvchi-kitobxon va tasvir qilinayotgan hodisalar oʻrtasida vositachi rolini bajarib, hodisalar shohidi va sharhlovchisiga aylanadi.
Masalan, Surayyo al – Baqsamiyning 70-yillarda matbuotda eʼlon qilingan va keyinchalik “Qora ter” (1977) toʻplamiga jamlangan ilk hikoyalarini olaylik. Ular yozuvchining oʻz ijodini ijtimoiy-maishiy mavzularda hikoyalar yozishdan boshlagani haqida xulosa qilish imkonini beradi. Bu hikoyalar dengiz boʻyida yashovchi odamlarning hayotini tasvirlovchi realistik lavhalardan iborat boʻlib, baʼzilarida muallifning bir qadar uzun mulohazalari ham uchrab turadi. Yozuvchining “Qora ter”, “Mulla” hikoyalari shular jumlasidandir. Bu hikoyalarda qiyin vaziyatga tushib qolgan oʻsmirlarning sarguzashtlari tasvirlanadi.
“Mulla” hikoyasida mullaning rahmsizligi oʻquvchi Salimda norozilik va haqoratlar uchun qasos olish istagini tugʻdiradi. Uning bolalarcha shoʻxligi domlaning gʻazabini keltiradi. Mulla bolani aʼzoyi badani momataloq boʻlgunicha shafqatsiz ravishda kaltaklaydi. Alamiga chidolmagan Salim savdo ishlari bilan ketgan otasining ortidan Basra shahriga qochib ketadi. Sahroda adashib qolgan bolani badaviylar oilasi topib oladi va uni to ota-onasi izlab kelgunicha parvarish qiladi. Salim yana sershovqin shaharga qaytadi. Lekin sahrodagi erkin hayot va mehmondoʻst badaviylar oilasida hukmron samimiyat bir umr uning qalbida saqlanib qoladi.
Hikoya oʻspirinning monologi uslubida yozilgan boʻlib, oʻrni-oʻrnida dialoglar bilan almashinadi. Qahramon monologi yozuvchiga oʻz qahramoni ichki hissiyotlarini ishonarli tasvirlash, ruhiy qiyofalar yaratish imkonini beradi. Hikoyada kichik shaharchadagi hali iqtisodiy talatoʻp va taʼlim sohasidagi islohotlar yetib kelmagan eski maktab tasvirlanadi.
Oʻsmir ruhiyatini butun nozikliklari bilan his etish mahorati yozuvchining “Qora ter” hikoyasida ham yaqqol namoyon boʻlgan. Aynan shu hikoya adibaga katta shuhrat keltirdi va u 1971 yildagi madaniyat festivalida nufuzli mukofot bilan taqdirlanadi. Bu hikoya ota vafotidan soʻng oiladagi toʻngʻich farzandga “meros” qolgan kasalmand ona, besh nafar och-yalangʻoch ukani boqish tashvishidagi oʻsmir haqida. U oilada yagona boquvchi boʻlib, doʻkonda yugurdaklik qiladi. Boʻsh vaqtlarida esa dengiz suvi pasaygan pallada umid bilan marvarid chigʻanoqlarini izlaydi. U qoʻllari shilinib ketsa ham, har bir chigʻanoqni ming bir mashaqqat bilan ochib koʻradi. Lekin unga qimmatbaho marvarid uchrayvermaydi. Qalbida umid chechaklari oʻrnini nadomat tikanlari egallaydi. Goʻyo uni sharpalar taʼqib etayotgandek qorongʻilikdan qoʻrqadigan boʻlib qoladi. Chunki u dengizda halok boʻlgan, risoladagiday koʻmilmagan dengizchilarning ruhlari tinchimasdan, darbadarlikda toʻzgʻib yurishi toʻgʻrisida koʻp rivoyatlar eshitgan edi. Shuning uchun har bir sharpa va shitirlashdan vahimaga tushadi. Koʻz oʻngimizda oila boquvchisi emas, balki qoʻrquvdan dahshatga tushayotgan va oʻzi himoyaga muhtoj boʻlib qolgan chorasiz oʻspirin gavdalanadi.
Mana shunday qahramonni biz Laylo al-Usmonning “Fathiya oʻz oʻlimini tanladi” hikoyasida ham uchratamiz. Hikoya birinchi shaxs tilidan yozilgan boʻlib, ayol yoshligida boʻlib oʻtgan dahshatli voqeani eslaydi, u ham boʻlsa – opasi Fathiyaning ona kaltagidan shikastlanib oʻlishi. Bu kam uchraydigan hodisa – oilada tinch, totuv hayot boʻlmaganidan kelib chiqqan vaziyat. Ulgʻayib, baxtli hayot kechirayotgan boʻlsa ham, oilada eng kichik qiz boʻlgan qahramon xotirasidan ota-onasining janjallari, bu janjallarda har gal shallaqi onaning ustun kelgani, vahshiy ayol onasi bilan birga yovvosh erni bolalari oldida xoʻrlagani kabi sahnalar birma-bir oʻtadi.
Fathiyaning ota-onasi ajrashadilar. Bu yurtdagi musulmon odatlariga koʻra, oila ajralganda, bolalar ota uyida qoladi, biroq ikki tomonning roziligi bilan ular yetti yoshgacha onasi bilan yashashi mumkin. Koʻpincha shunday boʻladi ham. Biroq Fathiyaning onasi toʻrttala qizini eriga tashlab, yana turmushga chiqib ketadi, ammo odamlarning gap-soʻzidan qoʻrqib, ular nazarida yaxshi ona boʻlib koʻrinish uchun haftada bir marta qizlarni uyiga olib ketadi. Bu tashriflar esa qizlar uchun doʻzaxdan battar tuyuladi. Onadan mehr koʻrish oʻrniga ular haqoratlanar, baʼzan esa yovuz ona tomonidan kaltaklanadilar ham. Jurʼatsiz ota esa sobiq xotinning zoʻravonligiga chek qoʻyolmaydi va nochor qizlarni onasi bilan uchrashuvga olib boraveradi. Fathiya qatʼiyatli qiz boʻlganligi uchun, bunga oʻzi chek qoʻymoqchi boʻladi va bir gal kasalligini bahona qilib onasining uyiga bormaydi. Asabiy boʻlib qolgan ayolni qizining bu xil oʻjarligi quturtirib yuboradi. U qizini erkalashlar va sovgʻalar bilan aldab-suldab uyiga olib keladi. Ona mehridan mahrum boʻlib yurgan qiz bu xil aldovlarga chippa-chin ishondi. Uyida esa ayol quturib ketadi, otani qargʻaydi, qizni ura boshlaydi. Boshqa uch nafar qiz bir burchakka biqinib, qoʻrquvdan qalt-qalt titraydi, faqat yerga chalqancha tushgan Fathiyagina oyoq-qoʻllari bilan onasining zarbalarini qaytarishga harakat qilib yotar edi. Gʻazabidan es-hushini yoʻqotgan yovuz ona qizini oʻlguncha kaltaklaydi.
Bu hikoya kompozitsiyasida ikki syujet chizigʻi kuzatiladi. Biri – bayon qiluvchi qahramon nomidan opasi Fathiya qismatining soʻzlab berilishi. Bu syujet chizigʻi tugun va yechimga ega. Ikkinchisi oʻsha qahramon katta boʻlganida uning hayotidan xotiralarga undovchi bir epizod-lavhadir. Bu ikki syujet chizigʻi hikoyada oʻzaro almashib turadi, natijada hech qanday mantiqiy tayyorgarliksiz zamon va makonda koʻchish roʻy beradi. Adiba kino kadrlaridagi kollaj usulini qoʻllab, keyinchalik fragmentlarni qoʻshib borish usuli bilan hikoyaning badiyatini yuksaltirgan.
Fathiyaning singlisi opasiga oʻsha dahshatli lahzalarda yordam berolmagani uchun oʻzini aybdor his qiladi. Bu his-tuygʻu keyingi butun hayoti davomida unga tinchlik bermaydi. Bunga oʻxshash holatlar assotsiativ anglash, “beixtiyor xotirlash”, ongosti tushunchalari bilan bogʻliq gʻarb adabiyotida keng qoʻllanib kelingan usullardir. Bunday usul Flober, aka-uka Gonkurlar va ayniqsa, Gʻarb modernizmining yorqin namoyandasi Marsel Prust ijodida koʻp uchraydi (“Yoʻqolgan vaqtni izlab” romani).
Tanqidchilik “Fathiya oʻz oʻlimini tanladi” hikoyasiga oʻz vaqtida yuksak baho berdi. “Dar ash-shuruq” nashriyoti bu hikoyaning nomini toʻplam sarlavhasiga olib chiqar ekan, quyidagilarni taʼkidlagan edi: “Qarshimizda tanlash imkoni qolmaganda, hayotda xayrixohlar boʻlmay, oyogʻimiz ostidagi yoʻl olovli soʻqmoqqa aylanganda – oʻlim sharpasi koʻzga tashlanadi. Fathiya ham shu taxlit oʻz oʻlimini tanladi…”
Biroq Fathiyaning jismi oʻlganligiga qaramay, uning siymosi goʻzalligicha qolaveradi. Chunki u, yuksak badiiy darajada yaratilgan va soʻlmas goʻzallik bilan toblangan obrazdir.
Shunday qilib, Laylo al-Usmon oʻzining “Fathiya oʻz oʻlimini tanladi” nomli hikoyasida boshqa barcha asarlarida boʻlgani kabi assotsiatsiyalar bilan fikrlash, ichki monolog, ong oqimi, kollaj usuli kabi badiiy vositalardan samarali foydalanadi. Bu esa uning zamonaviy badiiy adabiyot texnologiyalari bilan juda yaxshi tanish ekanligini bildiradi. Binobarin Laylo al-Usmon mazkur yangi uslublarni Kuvayt adabiyotida birinchilardan boʻlib tatbiq etdi. Taʼkidlab oʻtish joizki, Laylo al-Usmon arab jamiyati oldidagi ulkan xizmatlari uchun 2009 yilda Bayrutda “Arab ayollari assotsiatsiyasi” tomonidan taʼsis etilgan maxsus mukofot bilan ham taqdirlandi.
Arab hikoyanavisligining yana bir yorqin namoyandasi Fotima Yusuf Ali ham oʻz uslubiga, oʻz badiiyatiga ega adiba boʻlib, u koʻp qirrali qalam sohibasi, faol ijtimoiy arbob, isteʼdodli jurnalist hamdir.
Qarorgohi Qohira shahrida joylashgan “Arab mamlakatlari ayollar birdamligi jamiyati” kengashining faol aʼzosi boʻlmish Fotima Yusuf Ali bir qator asarlari bilan “ayol muammolarining joʻshqin kuychisi” sifatida tanildi va adabiy jamoatchilik tomonidan eʼtirof etildi.
Fotima Yusuf Ali adabiyot olamiga 70-yillar boshida kirib keldi va tez orada hassos ijodkor sifatida nom taratdi. U bir nechta hikoyalar toʻplamlarining muallifidir. Ushbu toʻplamlar ichida “Ta marbuta” toʻplami uning eng mashhur kitobi hisoblanadi.
Toʻplamning barcha hikoyalari bir mavzuga, yaʼni arab ayolining oila va jamiyatda tutgan oʻrnini koʻrsatishga bagʻishlangan. Adibaning hikoyalarida ayol markaziy shaxs boʻlib gavdalanar ekan, uning saʼy-harakatlari, fazilatlari, ichki ozodligi, faol va mustaqil inson boʻlishi oʻsib kelayotgan yosh avlod taqdiriga taʼsir koʻrsatadi. Bu haqiqatni biz adibaning mazkur toʻplamdan oʻrin olgan “Ayolning ogʻriqlari bosilmaydi” hikoyasi misolida yaqqol koʻrishimiz mumkin.
Mazkur hikoya markazida Lubna ismli ayolning ota-onasi bagʻrida oʻtgan bolaligi va turmushga chiqqanidan soʻng, oʻz farzandlari bilan boʻlgan murakkab munosabatlari koʻrsatib berilgan. Hikoyaning qahramoni Lubna chamasi 50 yoshlar atrofidagi chiroyli, maftunkor va boy ayol boʻlib, nasl-nasabli avlodga mansubdir. U taniqli adiba, uning bir nechta kitoblari nashr qilingan, asarlari shuhrat qozongan. Bevaqt vafot etgan eridan 2 farzandi, yaʼni 20 yoshli qizi va talaba oʻgʻli qolgan. Erining vafotidan soʻng Lubna boshqa turmush qurmagan. Lubna “ozod ayol” maʼnosini oʻzicha tushunib, hayot neʼmatlarini hamma narsadan ustun qoʻyadi. Maishatga berilib, bir qancha jazmanlar ham orttirgan. Oʻz uyini nomigagina adabiyot vakillari uchrashadigan maskan qiladi-yu, bahonada turli korchalonlar, nopok insonlar yigʻiladigan ishratxonaga aylantirib oladi. Onasining bu xatti-harakatidan farzandlari nomus qilib, qoʻni-qoʻshni, tanish-bilish oldida bosh koʻtarolmay qolishadi. Hulqi aynigan xudbin ona hirsga qul boʻlib, nafsini qondirish, ehtiroslarga berilishni kanda qilmaydi. Oqibatda qizi onasidan butkul uzoqlashadi, oʻgʻli talabalar yotoqxonasiga koʻchib oʻtadi. Oriyatli oʻgʻil onasidan xabar olgani umuman kelmaydi, yozda ishlab, amallab pul topib, oʻqishining shartnoma pulini ham oʻzi toʻlaydi. Onasidan yordam ham soʻramaydi, chunki onasining kechirayotgan hayoti unda faqat nafrat uygʻotadi.
Ushbu hikoyada adiba maʼlum darajada Kuvayt jamiyatining boy qatlamlariga xos boʻlgan ikkiyuzlamachilik, qoʻshxotinlik, munofiqlik, axloqiy buzuqchilik va hokazo illatlarni ochib beradi.
Adiba oʻz asarlarida asosan ahloqiy masalalarga katta eʼtibor beradi va bu mavzuni birinchi navbatda ayolning huquqi, uning oiladagi, jamiyatdagi tutgan oʻrni bilan bogʻlab tasvirlaydi.
Fotima Yusuf Alining badiiyatiga toʻxtaladigan boʻlsak, asarlarining tili loʻnda, ifodaviy-tasviriy vositalarni nisbatan kam ishlatishiga guvoh boʻlamiz. U butun eʼtiborini qahramonlarining ichki dunyosi tahliliga va ularning xatti-harakatlariga qaratadi, psixoanalizga urgʻu beradi.
Yuqorida nomlari zikr etilgan adibalar ijodi asosan ijtimoiy tahlilga hamda hayotni aslida qanday boʻlsa shunday tasvirlashga yoʻnaltirilgan realizm kontekstidadir. Shu bilan birga, ularning asarlari ichida voqelikni miflashtirish (asotirlashtirish)ga moyil hikoyalar ham uchraydi. Bunday hikoyalarda obrazlar ongosti va turlicha assotsiatsiyalar vositasi orqali oʻziga xos maʼno xususiyatiga ega boʻladi.
Yozish texnologiyasida adibalarning aniq uslubdan murakkab uslubga tomon taraqqiy etishi kuzatiladi. 80-90-yillarda ular modernizm va postmodernizm uchun xos boʻlgan uslublardan foydalanganlar. Bular qatoriga fragmentarlik, vaqt va makonda erkin harakat, ichki monolog, ong oqimi, kollaj va bir qator boshqa uslublarni, bundan tashqari magik (moʻjizakor) realizmga xos boʻlgan voqelikka fantastik va gʻayrioddiy yondoshuv unsurlarini qoʻshish mumkin.
Shunday qilib, adibalar Laylo al-Usmon, Fotima Yusuf Ali va Surayyo al-Baqsamiy oʻz ijodiy faoliyatlari bilan adabiyotga, xususan, arab hikoyanavisligi takomiliga salmoqli hissa qoʻshgan.
Zamonaviy arab novellistikasi milliy oʻzligini yoʻqotmagan holda turli ifodalash vositalarini qoʻllab jahon adabiyotining yutuqlarini ham muntazam ravishda oʻzlashtirmoqda. Bu esa arab badiiy adabiyotining yangi imkoniyatlari ochilishiga, umumjahon adabiy jarayoni oʻzaniga dadil kirib borishiga koʻmaklashishi shubhasizdir.
Shahlo AHMEDOVA,
filologiya fanlari nomzodi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/arab-adibalari/