DO`STLARGA ULASHING:
Bir savdogarning Gretel ismli oshpazi bor edi. U epchil, quvnoq, ertalabdan kechgacha qo‘shiq kuylashni va baland poshnali oyoq kiyim kiyib yurishni yoqtirardi. Ko‘zgu oldida o‘ng tomonga yoki chap tomonga burilib, o‘z-o‘ziga «Faqatgina men chiroyli qizman» derdi.
Quvonganidan bir ho‘plam sharbat1 ichib ishga kirishar edi. Shunda uning qo‘li-qo‘liga tegmas, sho‘rvasi har doim shirin, qovurdog‘i esa undanda shirinroq bo‘lar edi. Bir kuni xo‘jayini «Gretel, choyxonachi Mixel menikiga mehmonga keladi. Ikkita tovuqni qovur, iltimos, bir tovuq unga kamlik qiladi» – dedi.
– Yaxshi, xo‘jayin, siz qayg‘urmang, hammasi o‘z vaqtida tayyor bo‘ladi, –deb javob berdi Gretel va tovuqlarni qovurishni boshladi. Kech ham tusha boshladi, ammo choyxonachi Mixeldan darak yo‘q edi. Gretel xo‘jayiniga:
– Siz janob Mixelnikiga o‘zingiz borsangiz yaxshi bo‘lar edi. Tovuqlar yaxshi qovurildi, ularni hozir yeyish kerak – dedi.
– Yaxshi – dedi xo‘jayin va mehmonni olib kelishga ketdi.
Gretel esa deraza oldiga o‘tirib, ozgina dam olish uchun bir stakan sharbat ichdi.
Shu vaqt yo‘ldan bir kambag‘al ayol to‘rtta bolasi bilan o‘tib ketayotgan edi. Bolalar qovurilgan tovuq hidini sezishdi va yig‘lay boshlashdi.
– Oyijon, oyi, biz och qoldik!..
Gretel men nima uchun qorni to‘qlarni ovqatlantirishim kerak, ochlarni hyech narsasiz yuboraymi, uydan haydaymi? – dedida «Ey, yaxshi ayol, bu yoqqa kel», – deb ayolni chaqirdi va har bir bolaga tovuq qanotidan uzib, derazadan uzatdi.
Och bolalar esa yanada ko‘proq yeyishni xohlashib «Biz yana xohlaymiz! Biz yana xohlaymiz» – deb qichqirishdi.
«Ey Gretel, quvnoqroq bo‘l! Agar daryoni o‘rtasigacha suzgan bo‘lsang, oxirigacha suzib borishing kerak», – dedi qiz o‘ziga-o‘zi.
U qovurilgan tovuqlarning oyoqlarini kesib, kichkintoylarni to‘ygunicha ovqatlantirdi.
«Qani, Gretel ishni oxirigacha olib borish kerak, Xudo bergan ne’mat zoe ketmasligi kerak?» – dedi u yana o‘z-o‘ziga.
U qolgan tovuqlarni o‘rab, ayolga berdi, yana xaltasiga non ham soldi va o‘zining sandig‘idan ikki kumush tanga olib berdi. Onasi va bolalari unga egilib-egilib ta’zim qilib, yo‘llarida davom etishdi.
«O‘ylayman-ki, men xayrli ish qildim va uni nishonlash gunoh emas,- dedi o‘z-o‘ziga Gretel. Menda yana botirlik paydo bo‘lishi uchun, yana bir qultum sharbat ichaman».
U shunday qildi ham. Bir qadah sharbat ichdi va ochiq deraza oldiga o‘tirdi.
Shu vaqtda xo‘jayin qaytib keldi.
– Gretel, tovuqlar tayyormi? Tez orada bizning mehmonimiz keladi.
– Tayyor, xo‘jayin, men hammasini keragicha qildim. – javob berdi Gretel. Faqat sizga ma’lum qilamanki, tovuqlarni kesadigan pichog‘imiz o‘tmas bo‘lib qoldi. Uni o‘tkirlash kerak.
– Sen rostdan aytyapsanmi, Gretel, – dedi xo‘jayin. Men uni hozir o‘tkirlayman.
Xo‘jayin pichoqni oldi va o‘tkirlay boshladi.
Pichoq bilan egov o‘rtasidagi g‘ij-g‘ij degan ovoz butun ko‘chaga taralar edi.
Xo‘jayin pichoqni o‘tkirlayotib choyxonachi Mixel eshik qoqayotganini ham sezmay qoldi. Epchil Gretel bir sakrab mehmonga peshvoz chiqdi va sekin shivirladi:
«Oh, janob Mixel, mening xo‘jayinim dahshatli ish o‘ylab topdi. U sizni kechki ovqatga taklif qildi, ammo uning niyati yomon. U sizning quloqlaringizni kesib olmoqchi. Eshityapsizmi, u pichoqni qanday o‘tkirlayapti?»
Buni eshitmaslik mumkin emas. G‘ij-g‘ij degan ovoz butun atrofga eshitilayapti.
Mehmon o‘lguday qo‘rqib ketdi va oyog‘ini qo‘liga olib uyiga chopdi. Aqlli Gretel esa xo‘jayiniga borib shunday dedi: Voh-voh! Siz qanday mehmonni taklif qildingiz! Hayotimda bunaqasini ko‘rmaganman.
– Nima bo‘ldi? Tezroq gapir! – qichqirdi xo‘jayin.
– Men endigina tovuqlarni laganga solib, ustiga yog‘ quyib stolga olib bormoqchi bo‘lib turgan edim, janob Mixel lagandan tovuqlarni olib, qochib ketdi. Uyatsiz, sizga qanotlarini ham qoldirmadi. – dedi Gretel.
Xo‘jayin qo‘lida o‘tkirlayotgan pichog‘i bilan ayvongacha sakrab chiqdi va Mixelni ushlab olish uchun ko‘chaga yugurib ketdi.
Lekin bu paytda ancha kech tushib, qorong‘ulik quyuqlashgan edi. Faqatgina oy yorug‘ida yarqiragan pichoq ko‘rinar edi.
– Menga hyech bo‘lmasa bittasini ber! Hyech bo‘lmasa bittasini ber – deb butun ovozi bilan qichqirdi xo‘jayin.
Xo‘jayin Mixeldan hyech bo‘lmasa tovuqning bitta qanotini berishini so‘rar, Mixel esa xo‘jayin undan hyech bo‘lmasa bir qulog‘ingni ber deyapti deb tushunayotgandi.
Mixel quloqlarini qutqarish uchun uyga kirib eshikni ustidan qulfladi.
Aqlli Gretel esa shu vaqtda yerto‘laga tushib quvonchidan yana bir qadah sharbat ichdi.
«Savobli ish qilish va uni nishonlash gunoh emas» – dedi o‘z-o‘ziga. Shundan buyon xo‘jayin bilan semiz Mixel har uchrashganda salomlashmasdan bir-birlarga xuddi urushqoq mushuklardek hurpayadigan bo‘ldilar.
(aka-uka Grimm ertagi)