“Aql ishq savdosida ustoz emas…”

Azal-azaldan ilgʻor falsafiy qarashlarni keng xalq ommasiga yetkazishda badiiy ijodning oʻrni juda katta boʻlgan. Hazrat Alisher Navoiy ham tasavvuf taʼlimotining yetakchi gʻoyasi boʻlgan maʼrifat haqidagi ijod namunalarida turli ramz va timsollar, istilohlardan, badiiy sanʼatlardan unumli foydalangan. Mana shunday ramz va timsollarning tasavvuf adabiyotidagi maʼnolarini bilgan kishigina shoirning asl maqsadi nima ekanligini anglab yetadi. Shoirning “Gʻaroyib us-sigʻar” devonidan olingan quyidagi bayt tahlilida ham bunga amin boʻlishimiz mumkin:

 

Istab ul butni xirad belida zunnorin koʻrung,

Bir kaloba ip bila Yusuf xaridorin koʻrung.

 

Baytdagi ilk maʼnoni anglab olish uchun baʼzi tushunarsiz soʻzlar va izohtalab jumlalar maʼnosiga oydinlik kiritib olmoq lozim. Birinchi misradagi “but” soʻzi “sanam”, “sevgili”, “maʼshuqa” kabi maʼnolarni anglatadi; “xirad” – aql, “zunnor” – nasroniy dinidagilar beliga bogʻlaydigan chilvir. Ikkinchi misradigi “bir kaloba ip”, “Yusuf xaridori” jumlalari orqali talmeh sanʼati qoʻllanib, diniy rivoyatda keltirilgan Yusuf alayhissalomni bir kalava ip evaziga sotib olmoqchi boʻlgan kampirga ishora qilingan. Shular orqali baytdan “Arzimagan bir kalava ip narx bahosiga Yusufni sotib olmoqchi boʻlgan kampirdek xirad, yaʼni aqlning mahbubani istab beliga bogʻlagan zunnoriga qarang!” degan maʼno kelib chiqmoqda. Eʼtibor berilsa, baytda aqlga nisbatan kinoya qilish ham sezilib turibdi. Xoʻsh, nima uchun aqlga bunday kinoya qilinmoqda? Bunga javob topish uchun tasavvufiy adabiyotda aqlga boʻlgan munosabat, unga berilgan taʼriflarga nazar solish lozim.

Tasavvuf falsafasiga koʻra aql ikki turga ajratiladi: aqli kull va aqli juzʼ. Alloh eng avvalo aqli kullni yaratib, u orqali butun mavjudotlarni yaratgan ekan. Shuning uchun bunday aql Allohga nisbat berilgan. Inson faoliyati va yashashi uchun zarur boʻlgan aqlga esa aqli juzʼ – kichik va majoziy aql deyilgan. Tasavvuf ahlining fikriga koʻra, bunday aql”… haq ila botilni bir-biridan bexato farqlaydigan nurdan mahrum. U kashfiyot va maʼrifatga keng yoʻl ocha olmaydi. Shuning uchun ishq va joziba ahli undan butunlay yiroqlashishga daʼvat etgan. Bu aql yana shuning uchun inkor etilganki, u qiyossiz, dalilsiz va turlanishsiz olgʻa intilishga qodir emas. Unga hamisha tayanch va vosita kerak. U insonni daʼvo, gʻaraz va xudparastlik maydonlariga boshlaydi. Hirs va har turli mantiqiy vositalar ila odamni haq yoʻldan chalgʻitadigan bu aqlni Mavlono Jaloliddin Rumiy “asabiy va juzʼiy aql” deb nomlagan va uning mevasi – vahm, shubha, kaltabinlik, xasad deya uqtirganlar. U kishining fikricha, “Bunday aqlga sohib boʻlishdan koʻra johillik afzaldir,” Mumtoz sheʼriyatda maʼshuqa deyilganda Alloh ham nazarda tutilishini hisobga olsak, yuqoridagi baytda ham Navoiy xirad deganda aynan mana shu aqli juzʼni nazarda tutgan. Chunki inson har qanday mantiqiy dalillar va uning mevasi boʻlgan aql orqali Allohni taniy olmaydi. Tasavvuf taʼlimoti ham Najmiddin Komilov yozganidek,”… ilohiy maʼrifatni egallash, Allohning sifat va ismlari orqali Uning zotini bilish va tanishni talab qilar ekan, buni aql va nazariy-tafakkuriy bilimlar bilan emas, balki yashirin ichki bir tuygʻu, botiniy basirat, yaʼni muhabbat vositasida amalga oshirish mumkin deb taʼlim beradi.”

Navoiyning fikricha, aql – Allohni tanish yoʻlida ortiqcha yuk. Shuning uchun ham uning lirik qahramoni aqlu hushdan, nainki aqlu hushdan, koʻngil va jondan ham xalos boʻlib yengil tortadi:

 

Aql itti, hush ketti, koʻngil kuydi, chiqdi jon,

Shukr et Navoiyki, sabukbormen yana.

 

Fariduddin Attorning fikricha, ishq, yaʼni ilohiy maʼrifat savdosida aql ustoz boʻlolmaydi. Aql goʻyoki tutun, ishq esa olov. Olov yonganda tutun yoʻqolganidek, ishq kelishi bilan aql ham qochadi:

 

Aql ishq savdosida ustoz emas,

Ishq aqlga ulfatu hamroz emas.

 

Ishq olovdir, aqlu hush monandi dud,

Ishq kelsa, aqlu hush qochmasmu zud.

(Jamol Kamol tarjimasi)

 

Attor aqlni tutunga oʻxshatsa, Navoiy esa uni chumoliga qiyoslaydi. Yaʼni ajdaholar maskani chumoliga in boʻla olmaganidek, koʻngilda ham ishq dardi qaror topgach aql chekinishga majbur boʻladi:

 

Aql qochti koʻnglum ichra sokin oʻlgʻach dardi ishq,

Moʻr manzilgohi ermas ajdaholar maskani.

 

Jaloliddin Rumiy esa bu borada yana ham keskin fikrlarni bildiradi. Mavlono Rumiy ilohiy maʼrifatga erishish yoʻlida ilmiy-mantiqiy dalillar va aqlning eng katta gʻov ekanligini taʼkidlar ekan, ilmu zakovatni yoʻltoʻsar shayton, faylasuflardan farqli ravishda Allohni aqlu dalillarsiz tanigan aksariyat jannat ahlini esa ijobiy maʼnoda ahmoqlar deya taʼriflaydi:

 

Ey baso ilmu zakovatlarki, ul,

Oʻylakim bir yoʻltoʻsar shayton erur.

 

Ahli jannat aksariy ahmoq boʻlar,

Fasafiyning sharridan forigʻ ular.

(Jamol Kamol tarjimasi)

 

Shuning uchun ham Rumiy ziyraklikka berilavermasdan goʻlu nodonlar bilan hamnafas boʻlishga chaqiradi. Bunda u goʻlu nodonlar deb oriflarni nazarda tutadi. Ziyraklikni esa hirs tuzogʻi deb hisoblaydi, shu sabab pokboz, yaʼni oriflar ziyraklikdan tiyiladilar:

 

Etma ziyraklik, siniqlik ziddi ul,

Goʻlu nodonlar bilan safbasta boʻl.

 

Hirs tuzogʻidur u ziyraklik, xolos,

Istamas ziyrak boʻlishni pokboz.

 

Navoiy taʼbiricha, keksa aql har qancha dono boʻlmasin, ishq muallimi qoʻlida maktab talabasidek gap. Unga har qancha ishq darsi oʻrgatilmasin, umri tugar soatda ham hech narsani tushunmagani maʼlum boʻladi, anglaganlarining bari unutilish koʻzyoshlarida yuvilib ketadi.

Demak, ilohiy ishq, yaʼni maʼrifat borasida aqlning tutgan oʻrni va imtiyozlari haqida maʼlum tasavvurga ega boʻldik. Mana endi ilk boshda zikr qilganimiz Navoiy baytining ichki mazmuniga yoʻl ochildi desak ham boʻladi. Baytda shoir aytmoqchi boʻlgan fikr aslida mana bunday: maʼlumki, tasavvuf adabiyotida zunnor haqiqiy mahbuba – Alloh xizmati va toatiga bel bogʻlash, kamarbasta boʻlish maʼnolarini anglatadi. Xirad – aql ham mahbubaga yetishish uchun uning xizmatiga bel bogʻlagan. Lekin uning bu urinishi Yusufni bir kalava ip bilan sotib olaman deb oʻylagan kampirning ishidek befoyda va ajablanarli. Shoirning aqlga kinoyasi ham aynan shuning uchun edi. Bu orqali Allohni anglashda aqlning imkoniyatlari koʻngilnikiga qaraganda ancha chegaralanganligiga ishora qilingan. Navoiyning quyidagi qitʼasida esa yuqorida tahlil qilingan baytdan farqli ravishda kishining aql vositasida Haq zotini tafakkur qila olmasligi ochiqchasiga taʼkidlangan. Va bunga urinish esa dengiz suvini hubob – suv yuzida paydo boʻladigan pufak idishi bilan oʻlchashga oʻxshatilgan:

 

Haq zotigʻa biravki, xirad birla fikr etar,

Otin el ichra oqilu farzona aylabon.

Miqdorini tengiz suyining istar anglamoq,

Lekin hubob jomini paymona aylabon.

 

Tasavvuf taʼlimotidagi eng muhim ilmiy-maʼrifiy gʻoyalardan biri boʻlgan bunday fikrni Navoiy oʻzining birgina baytida yuksak badiiy mahorat bilan darj etgan.

 

Alisher RAZZOQOV,

Samarqand Davlat Universiteti aspiranti

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 4-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/aql-ishq-savdosida-ustoz-emas/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x