APELSIN, poʻrtaxol (Citrus sinensis — gollandcha appelsien — aynan xitoy olmasi) — rutadoshlar (apelsingullilar oilasi)ning sitruslar turkumiga mansub doim yashil daraxt va buta. Vatani — Birma va Jan.-Gʻarbiy Xitoy. Yovvoyi holda uchramaydi. Tropik va subtropik mamlakatlarda qadimdan madaniylashtirilgan (Xitoyda 2 ming yildan beri, Jan. Yevropada 15-a. dan, Kavkazning Qora dengiz buylarida 11-a. dan). Boʻyi 6 — 12 m. Shox va novdalarida ingichka tikanlari bor. Bargi tuxum shaklida, hosili asosan noyab.-dek. oylarida yetiladi. Mevasi dumaloq yoki tuxumsimon, sargish yoxud qizgʻish, vazni 300 — 400 g, taʼmi nordon, tarkibida 12% qand, 1 — 2% limon kislota, 0,9% oqsil, A, V, S vitaminlar va efir moyi (poʻstida) bor. Apelsin hoʻl meva holida isteʼmol qilinadi; undan sharbat, kompot, qiyom va murabbo tayyorlanadi, poʻstidan olinadigan moy atir-upa va konditer sanoatida qoʻllaniladi. Hosildorligi 200 — 250 s/ga cha boradi. 300 ga yaqin navi bor. Vashington navel, Silliqpoʻst, Korolyok 100 va b. navlari koʻp ekiladi. Eqilgandan soʻng 3 — 4 yilda hosilga kiradi. Issiqsevar va namsevar. Qulay sharoitlarda 75 yildan ortiq yashaydi va hosil beradi. Trifoliat, bigardiya, mahalliy navlar urugʻlaridan chiqqan nihollarga payvand qilinadi. 4×2,5 m sxemada ekiladi. T-ra — 10° da yer usti qismi butunlay nobud boʻladi. Apelsin AQSH, Ispaniya, Italiya, Xitoy, Turkiyada hamda Gruziyaning gʻarbida koʻp yetishtiriladi. Oʻzbekiston va Tojikistonda usti yopiladigan maxsus uzun oʻra (transheya)larda, issiqxonalarda oʻstiriladi (yana q. Sitrus mevalar).
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые