Inna lillahi inna ilayhi rojiʼun.
Bugun Oʻzbekiston xalqi, qoʻshni qardosh millat xalqlari ogʻir judolikka uchradi. Koʻp yillar dini islom uchun, maʼrifat uchun xizmat qilib kelgan taniqli ulamo, navoiyshunos olim, Toshkent shahar bosh imom-xatibi ustoz Anvar qori Tursunov foniy dunyodan boqiy dunyoga rihlat qildilar. Bu haqda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi xabar berdi.
Oʻlim haq. Alloh taoloning irodasiga itoat etamiz. Ustozimiz hayotlarida koʻp mashaqqatlar, sinovlarni boshlaridan oʻtkazdilar. Biroq Parvardigorimiz ato etgan yuksak iroda bilan, sabr bilan butun umrlari davomida islomga, millat maʼnaviyatining oʻsishiga, maʼrifatga, kitobxonlik va mutolaaga, ayniqsa yosh avlod tarbiyasiga xizmat qilishdan charchamadilar. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, ulamolar, imom-xatiblar va mudarrislar Anvar qori Tursunovning oila aʼzolariga, yaqinlariga chuqur taʼziya izhor etib, Allohdan bu ogʻir judolik paytida barchaga sabr soʻrab qoladi. Alloh taolo ustiozimizning dinimiz rivoji yoʻlidagi fidokorona xizmatlari, qilib oʻtgan barcha ezgu amallari ajrini oxiratda Oʻziga maʼlum adadlarda koʻpaytirib bersin, jannatlari ila mukofotlasin.
Ustozimizning qoldirgan ilmiy meroslari, vaʼzu irshodlari, mavʼizai hasanalaridan xalqimiz koʻp yillar manfaatdor boʻlishini muyassar aylasin. Ustozimizning oxiratlari obod boʻlsin.
Janoza namozi bugun, 13 iyun kuni ustozimiz oʻzlari imom-xatib boʻlib faoliyat yuritgan “Minor” jome masjidida Asr namozidan soʻng ado etiladi.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
https://saviya.uz/hayot/jarayon/anvar-qori-tursunov-vafot-etdi/