Anvar Obidjon qadim davrlardan buyon shakllanib kelayotgan oʻzbek bolalar adabiyotining salmoqli ijodkorlaridan biri hisoblanadi. U koʻplab asarlari bilan bolalar adabiyotining rivojiga oʻzining ulkan hissasini qoʻshib kelmoqda. Bugunga qadar Anvar Obidjon bolalarga bagʻishlangan koʻplab asarlarini kitoblar koʻrinishida kichkintoylarga taqdim qilgan. Bolalar adabiyoti oʻziga xos xususiyatlari bilan kattalar adabiyotidan farq qiladi. Bolalar yozuvchisi dunyo voqealarini bolalar tasavvurini, tushunchasini nazarda tutib tasvirlaydi. Shu orqali kichkintoylarni olgʻa intilaverishga chaqiradi. Hayotni chuqur sevishga yordam beradi. Bolalar adabiyotida didaktika ohangi ustun turadi. Anvar Obidjon ijodida esa yuqorida koʻrib oʻtilgan xususiyatlaning deyarli barchasini kuzatishimiz mumkin. Anvar Obidjonning bolalarga bagʻishlangan asarlari ichida “Ona Yer” kitobi alohida oʻringa ega, u aynan shu toʻplami bilan bolalar adabiyotiga shoir sifatida kirib kelgan. “Ona Yer” toʻplami 1974 yilda Toshkentda nashr etigan. Toʻplamga jami 47ta sheʼr, 2ta sheʼriy ertak kiritilib, ular toʻrtta boʻlimga taqsimlangan. Birinchi boʻlim 9ta, ikkinchi boʻlim 23ta, uchinchi boʻlim 15ta sheʼr va toʻrtinchi boʻlim 2ta sheʼriy ertakdan iborat.
Bu toʻplamga kiritilgan sheʼrlar bolalar uchun sodda, tushunarli tarzda bayon etilgan. Ushbu toʻplamda bolalar uchun nafaqat qiziqarli, balki tarbiyaviy ahamiyatga ham ega boʻlgan asarlar jamlangan. “Bolalar yozuvchisi sodda, ravon, qiziqarli va mazmundor qilib yoza bilishi kerak. Buning uchun esa u xalq tilini puxta bilishi lozim. Ravon til bilan yozilgan badiiy asarlar kitobxonning nutqiga ham katta taʼsir koʻrsatadi, soʻz boyligini oshiradi” – deydi Mamasoli Jumaboyev. Biz Anvar Obidjon ijodi bilan tanishar ekanmiz, bolalar yozuvchisiga qoʻyilgan yuqoridagi bir qator talablarga adibning ijodi javob bera olishiga guvoh boʻlamiz. Masalan, “Ona Yer” toʻplamidan joy olgan “Halollik” sheʼri zamiriga har bir inson oʻzi uchun oʻzi mehnat qilishi lozimligi singdirilgan. Unga baliq tutib bermoqchi boʻlgan bolaga oʻrdak shunday deydi:
Oʻrdagim der: “Yoʻq, rahmat,
Tutib beray nimasi?
Ovqat yesa bemehnat,
Boʻlarkanmi mazasi.”
Sheʼrdagi aynan shu satrlar sheʼr muzmunini ochib bergan. Shubhasiz, bu sheʼr yosh kitobxon qalbida mehnat qilishga va hayotda halol yashashga intilish hislarining uygʻonishiga turtki boʻladi. Bu oʻgitning sheʼr mazmuniga mohirlik bilan singdirilishi esa muallifning mahoratidan dalolat beradi.
“Nodon komandir” sheʼri esa bolalarni hayot yoʻllarida toʻgʻri yoʻlboshchi tanlashga chaqiradi. Sheʼrning: Yurma nodon izidan, Yurgan – koʻrsin oʻzidan.
deb yakunlanishi insonning oʻz hayotida notoʻgʻri yoʻlboshchi, yaʼni ustoz tanlashi, aytgan ishini hech bir oʻylovsiz bajaraverishi yaxshi odat emasligi va bu yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini uqtirish koʻzda tutilgan. Toʻplamda oʻziga xos xususiyatga ega boʻlgan sheʼrlardan yana biri “Yaxshi niyat” sheʼridir. Bu sheʼrda muallif oʻzgacha kasb egasi boʻlmoqchi boʻlgan bolakay, yaʼni quruvchi-kosmonavt boʻlishni orzu qilgan yosh Avazga qarata shunday deydi:
Ikkilanma hech, Avaz,
Bu xayoling xom emas.
Belni bogʻla, bilim ol,
Yaxshi niyat – yarim mol.
Muallifning bu soʻzlari faqatgina sheʼr qahramoni Avazga emas, barcha bolalarga qaratilgan. Muallif bu sheʼri orqali hamma bolalarni oʻz oldilariga katta-katta maqsadlar qoʻyishga va ular tomon hech narsadan choʻchimay shahdam qadamlar bilan intilishga undaydi. Bu sheʼr yosh kitobxonlarda qatʼiyat va kelajakka ishonch uygʻotadi.
Muallifning shu toʻplamga kiritilgan “Ziyrak qush” sheʼri esa bolalarni har bir narsaga sinchkovlik bilan nazar solishga oʻrgatadi. Sheʼrda qayragʻoch ustidagi jajji qushni doʻst boʻlishga taklif qiliyotgan Norga qush ishonmaydi. Bunga esa oʻzining ziyrakligi bilan erishadi:
– Seni yaxshi taniyman,
Behuda vaysama, Nor.
Doʻst boʻlaman deysan-u,
Qoʻyningda rogatkang bor.
Agar qush laqmalik qilib Norning soʻzlariga ishonganida edi, oʻzining bu laqmaligi jazosini tortgan boʻlardi. Sheʼr yosh kitobxonlarni atrofdagi voqea-hodisalarga befarq qaramaslikka, eʼtiborli boʻlishga undaydi. Yuqorida Anvar Obidjon ijodidan keltirib oʻtilgan namunalar yosh kitobxonni nimalargadir oʻrgatadi, nimalargadir daʼvat etadi. Shoirning bolalarga bagʻishlangan asarlariga oʻgitlar shu darajada mohirlik bilan singdirilganki, bu asar bilan tanishgan har qanday yosh kitobxon qalbida ezgu maqsadlar, begʻubor hislar oʻz-oʻzidan paydo boʻlaveradi. “Bolalar adabiyoti soʻz sanʼati va tarbiya vositasidir. Kichkintoylar uchun yozilgan har qanday badiiy asar ularning yosh xususiyatlariga, saviyalariga mos, kitobxonlar qalbida oʻy-fikr uygʻotadigan, yorqin obrazlarga boy, yuksak gʻoyalarga, ulkan va porloq ishlarga ilhomlantiradigan boʻlishi zarur”, deydi ustozlar. Shu tomondan qarasak, Anvar Obidjon sheʼrlarining yoshlar tarbiyasidagi oʻrni va hissasi katta ahamiyatga ega. Bunga shoirning “Ona Yer” toʻplami yorqin misol boʻla oladi, buni biz tilga olib oʻtgan ayrim namunalar yaqqol tasdiqlab turibdi.
Shoirimiz sheʼrlarini xorijlik bolalarga ham ilinib, oʻzimizcha tarjima qilishga urinib koʻrdik.
Matematika
Savol berdi muallim,
Tulki gangsib yoʻtaldi,
Sichqon qochdi teshikka…
Chumoli qoʻl koʻtardi.
Chumolining,
He, attang,
Yana ishi yurmadi.
Oʻqituvchi Fil uni
Bu safar ham koʻrmadi.
(A. Obidjon. “Juda qiziq voqea”)
Mathematics
Teacher asked one question,
Fox coughed by intention,
Mouse avoided to hole…
Ant rose his hand full.
Unfortunately, again
Hadn’t luck to ant,
Math teacher elephant
Didn’t see the ant.
(Written by A. Obidjon)
K. LAPASOVA,
talaba (ToshDOʻTAU)
Foydalanilgan adabiyotlar:
- A. Obidjon. Ona Yer. T.: Yosh gvardiya, 1974
- A. Obidjon. Juda qiziq voqea. T.: Yulduzcha, 1987
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/anvar-obidjonning-ona-yer-toplami-haqida/