Bolalar adabiyotining kattagina qismini nasriy va sheʼriy ertaklar tashkil etishi barchamizga ayon. Jumladan, soʻnggi davr bolalar adabiyotining yetuk namoyandasi, betakror isteʼdod sohibi, sermahsul ijodkor – shoir, nosir va dramaturg Anvar Obidjon ijodi ham, albatta, ertaklardan mustasno emas. Adibning “Odil Burgutshoh va “Zamburugʻ” laqabli josus” nomli ertagi “Oʻgʻirlangan pahlavon haqida ertak”, “Boʻrining tabib boʻlgani haqida ertak” kabi turkum sheʼriy ertaklari, “Dahshatli Meshpolvon” ertak-dostoni hamda yumorga boy sheʼrlari qatorida bolalar qalbidan chuqur joy olgan.
Maʼlumki, bolalar adabiyotining negizini didaktika tashkil etadi. Ammo didaktika ochiq-oshkora, pand-nasihat va aql oʻrgatuvchi yoʻl bilan emas, obrazli tasvirlarda, taʼsirli sahnalarda berilsagina, taʼsir doirasi kengayadi. Shu maʼnoda adibning “Odil Burgutshoh va “Zamburugʻ” laqabli josus haqida ertak” asari yosh kitobxon qalbiga vatanparvarlik, sadoqat, odillik, ogohlik va ezgulik tuygʻularini singdiruvchi badiiy-didaktik asar sifatida katta ahamiyatga ega.
Yosh kitobxon ertakdagi majoziy obrazlar timsolida yetuk insoniy fazilatlarni koʻradi. Yaxshilik va yomonlik oʻrtasidagi azaliy kurashning sabab va oqibatlaridan voqif boʻladi. Shoir bolalar ruhiyati, his-tuygʻularini inobatga olgan holda asarning bosh gʻoyasini Quyosh, Chaqmoq, Shabnam, Burgutshoh, Popishak, Qargʻa kabi majoziy obrazlar timsolida ifodalaydi. Misralarning ohangdorligi, musiqiyligi esa, asarning katta hajmda boʻlishiga qaramay, oʻquvchini zeriktirmaydi, aksincha, qahramonlar sarguzashti ketidan ergashtiradi.
Ushbu sheʼriy ertak ham barcha ertaklar singari anʼanaviy boshlama – Bor edi bir odil Burgutshoh, //Tobe edi unga qiru togʻ, //Qarchigʻayshoh bor edi yana, //Oʻrmon edi unga boshpana misralari bilan boshlanadi, asosiy qism va ezgulikning yovuzlik ustidan qozongan odatiy tantanasi bilan yakunlanadi.
Xalq ertaklariga oʻrgangan yosh kitobxon uchun adabiy ertaklarning ham xalq ogʻzaki ijodi unsurlarini saqlab qolishi oʻta muhim. “Folklor janrining kompozitsion qulayliklari – ommaviyligi bolalarga atab yoziladigan asarlar uchun gʻoyat muvofiqdir. Bolalar adiblari bu haqiqatni chuqurroq anglay borganlari sari koʻproq ijodiy kamolotga erishayotirlar”, – degan edi bu haqda adabiyotshunos olim Oxunjon Safarov.
Xalq ertaklaridan farqli oʻlaroq, Burgutshoh va Qarchigʻayshoh davlatlari oʻrtasidagi kelishmovchiliklar qisman fojiali yakun topadi. Adib yosh kitobxonni mohirlik bilan bolalikning begʻubor olamidan yetuklikning oʻnqir-choʻnqir yoʻllariga olib oʻta boshlaydi. Hayotda hamma vaqt ham ezgulik yovuzlik ustidan betalofat gʻalaba qilmasligi asarda oʻz badiiy ifodasini topadi.
Shior asar debochasidayoq ziddiyat yaratadi, tazod sanʼatining ajoyib namunalari ertakning boshidan to oxirigacha kitobxonni ziyraklik bilan mushohada yuritishga undaydi. Qiyoslash orqali bir-biriga qarama-qarshi qoʻyilgan ikki mamlakat fuqarolari taqdiriga qiziqish uygʻotadi. Oʻquvchida “Chaqmoq, Quyosh, Shabnam, Popishak, Qarchigʻayshohlarning qismati endi nima boʻlar ekan”, degan savol tugʻiladi va asar xotimasi tomon yetaklaydi.
Boʻlib yaxshi ishlarga hozir,
Bunda Toʻti Burgutga vazir.
Qargʻa unda kirdil ishboshi –
Qarchigʻayning oʻng qoʻl sirdoshi… (1, 83-bet)
Anvar Obidjon majoziy obrazlardan mohirlik bilan foydalanadi. Toʻtining taqlidchiligi, itoatkorligi, odil shohga sodiq vazir ekanligiga ishontiradi. Qargʻaning zolim Qarchigʻayshohga ishboshi boʻlishi, obrazining salbiy boʻyoqda talqin etilishi ham uning tabiiy xarakter-xususiyatiga hamohang. Lochinning sarkarda ekanligi bolalarda mardlik va jasurlik tantanasiga ishonch uygʻotsa, Quzgʻunlarning ayyor, jirkanch qiyofalari, aksincha, nafrat hissini qoʻzgʻaydi. Bulbul obrazi esa mumtoz adabiyotimizda shakllangan ijobiy qiyofasini yana bir bor sayqallaydi. Boyqush va Bulbul obrazlari orqali ikki mamlakat ruhi namoyon boʻladi. Kitobxon birining xonishidan rohatlansa, ikkinchisining qahqahasidan seskanadi. Tovusning goʻzalligidan zavqlanganda Saʼvaning sovuq termulishidan, Kakkularning sarqit izlashidan ijirgʻanadi. Shoir bu bilan mamlakatlarning birida toʻkin-sochin hayot, farovonlik, ikkinchisida yovuzlik va qashshoqlik hukm surayotganini tasvirlaydi. Muallif oʻz badiiy maqsadi yoʻlida asar xotimasigacha, biroz boʻlsa-da, obrazlarning notabiiy talqiniga yoʻl qoʻymaydi. Bunday badiiy puxtalik, topqirlik ijodkordan katta mahorat talab qiladi, albatta.
Burgutshohning mustahkam saltanati, Chaqmoq va Quyosh ismli sadoqatli ikki oʻgʻli va vazirning goʻzal qizi Shabnam haqidagi tasvirlardan soʻng asarning beshinchi bobida Qarchigʻayshoh haqida gap ketadi. U Burgutshoh qasriga oʻzi tomonidan joʻnatilgan “Zamburugʻ” laqabli josus haqida vaziri Qargʻadan soʻrab surishtiradi va quyidagicha javob oladi:
Qargʻa dedi:
– Tortmang hech tashvish,
“Zamburugʻ”…
Eh, juda makkor qush!
U Burgutshoh qasrida hozir…
Qilmoq uchun ishni puxta soz
Fursat poylab yuribdi shovvoz. (1, 85-bet)
Ushbu tarzdagi sirli javob oʻquvchini sergaklantiradi va oldingi boblardagi voqealarni eslashga, josus kimligini bilishga undaydi. Ayni paytda bunday syujet bolalarda kitob oʻqish texnikasini, oʻqilganlarni yodda saqlash, fikrlash kabilarni ham shakllantira boradi.
Ertakning keyingi boblarida Burgutshohni oshkora yenga olmagan Qarchigʻayshohning josus haqidagi fikrlari oʻz tasdigʻini topadi va ziddiyatlar asta-sekin rivojlanib boradi. Yosh kitobxonning Vatan, yurt haqidagi begʻubor tushunchalari boshqa yot fikrlar bilan toʻqnash keladi. Ular josuslik nima ekanligi va uning oqibatlarini bilishga oshiqadilar.
Asar xotimasidan Shabnamning shirinsoʻz, oliyjanob qiyofadagi xorijlik muallimi Popishak aslida josus ekanligi ayon boʻladi. Uning hiylasi oqibatida kichik shahzoda – Quyosh hayotdan koʻz yumadi. Burgutshoh, Chaqmoq va Shabnam ham ogʻir kunlarni boshdan kechiradilar va nihoyat sabr va matonat bilan yorugʻ kunlarga erishadilar.
Anvar Obidjon Shamnam timsolida shirin soʻzga oʻch, maqtovni yoqtiradigan yosh kitobxonni ogohlikka daʼvat etadi. Zero, ogohlik mamlakatimiz siyosatining bugungi kundagi asosiy talabidir. Bolalar adabiyotining oʻz oldiga qoʻygan badiiy maqsadlaridan biri ham yoshlarni davr ruhi bilan hamohang tarbiyalashdir.
Nargiza TOʻXTAYEVA,
tatqiqotchi (OʻzDJTU)
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
- Obidjon A. Oʻgʻirlangan pahlavon. Choʻlpon nashriyoti. T.: 2006.
- Safarov O. Folklor va bolalar adabiyoti. Oʻzbek tili va adabiyoti. 2003. 6-son, 25-bet.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/anvar-obidjonning-odil-burgutshoh-va-zamburug-laqabli-josus-haqida-ertak-asarida-vatanparvarlik-goyasi-tarannumi/