Anvar Obidjon sheʼriyatida rang-baranglik

Oʻzbek bolalar adabiyotining yirik va zahmatkash vakili Anvar Obidjon XX asrning 80-yillarida yurtimizga istiqlolni chorlagan ijodkorlardan biri sifatida maydonga chiqdi. Ham kattalarga, ham bolalarga bagʻishlab sheʼrlar yozgan shoir oʻzbek bolalar adabiyotini yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqa bildi. Adib adabiyotning nasr, nazm, dramaturgiya turidan tashqari aralash – liro-epik turida, yaʼni toʻrt turida ham qalam tebratdiki, bunday rang-baranglik Shukur Saʼdulla, Safar Barnoyev singari sanoqli ijodkorlar ijodidagina uchraydi.

Anvar Obidjon ijodining oʻziga xosliklaridan biri shundaki, barcha turdagi asarlari birday shuhrat qozondi. Sababi, ularning har birida adibning ulkan salohiyat egasi ekani, donishmandligi, hajv ustasi sifatidagi mahorati, muhimi, xalq va bolalar dunyosini chuqur idrok eta olgani namoyondir. Adibning yana bir jiddiy yutugʻi: nasriy, sheʼriy, dramatik asarlarida xalq ertaklari, dostonlariga xos turli jihatlarni oʻzlashtirib turib, bu jihatlarni oʻz uslubi bilan sintez qila olganidadir. Fargʻonalik ekani esa satira va yumordan oʻrinli hamda mahorat bilan foydalana bilishiga zamin boʻldi. Adib oʻzbek adabiy ertakchiligi anʼanalarini davom ettirib, bu borada ham novator ekanini koʻrsata bildi.

Shoir ijodiga xos ayrim jihatlarga toʻxtalmoqchimiz. Bolalarga atalgan sheʼrlari qisqa hajmda ham mavzuga daxldor muhim fikrni oʻynoqi ohanglar vobastaligida ayta olgani bilan qadrlidir. Shoirning bu jihati kattalar sheʼriyatiga ham koʻchib, birlik, ikkilik, uchlik, toʻrtlik yaratar ekan, bir misrali sheʼrlarini “ignabarglar”, uchliklarini “uchchanoq” (hajvda “uchpaxsa”) deydi. Ignabarglar bir satrli sheʼr yozish mumkinligini koʻrsata bildi. Bularning nomlari ham oʻzbekonaligi bilan ayrichadir.

Odatda, Anvar Obidjon uchliklari a-a-b tarzida qofiyalanadi:

 

Umr shunday bir taom –

Mazalimi, shoʻrmi, xom,

Yeyishimiz shart borin.

 

XX asrning ikkinchi yarmida dunyoga kelgan bu uchchanoqlarda hamma biladigan soʻzlar shunday tartibda berilganki, uch qisqa satr ulkan xulosani qamray olgan. Uchchanoqlar sodda libosdagi ulugʻvor falsafiylik sifatida oʻzbek uchligini yangicha taraqqiyot bosqichiga olib chiqdi.

Anvar Obidjonning bunday sheʼrlari kattalargagina emas, oʻsmirlarga, navqiron yoshlarga birday tavsiya qilinishi mumkin boʻlgan sheʼrlardir. Aslida haqiqiy sheʼr shunday boʻlishi – maʼno serqatlamligiga ega boʻlishi shart:

 

Sheʼr miyaga osh boʻlar,

Toʻdasiga bosh boʻlar

Kitob yegan kalamush[1]

 

Uchliklar falsafiyligi bilan alohida ajralib turadi. Sheʼr – miyani oziqlantiruvchi osh. Birinchi satr hamma aytishi mumkin boʻlgan fikrday taassurot qoldiradi. Shoir mubolagʻa yordamida kitobning qudratini ifoda etadi: kitob oʻqiganni qoʻyavering, hatto uni yegan kalamush toʻdani boshqaradigan darajada aqlli boʻladi. Shoirning bu lutfi chiroyli. Ammo Anvar Obidjonning isteʼdodi shundaki, shu birgina uchlikda turli maʼnolarni jo qila olgan. Sheʼrni bir oʻqib, yuqorida bildirganimiz maʼnolarni anglasangiz, ikkinchi marta oʻqiganda satrlar qatida satira borligini his qilasiz. Sheʼrni oʻqib uqmagan, yaʼni kitobni “egan” odam kalamushdir. U kitobdagi mohiyatni idrok eta olmaydi, ammo kitobiy fikrlarni toʻti misol ayta-ayta boshliq boʻladi. Uch misra sheʼr sheʼrxonning biriga tabiat, biriga jamiyat hodisalarini anglatadi. Aslida Anvar Obidjon sheʼriyati tabiat va jamiyat mutanosibligi haqidadir.

Shoirning oʻnlab toʻrtliklari negadir quyidagi tartibda berilgan:

 

Sochiq

 

Magazindan a

Olib chit, b

Gerdaygancha v

Dedi It: b

– Qoqlagach g

Ityaloqni, d

Artamiz ye

Qoʻl-oyoqni[2]. d

 

Holbuki, shoirning aksariyat sheʼrlari toʻq qofiyaga ega, qofiyalanmay qolgan misralar yoʻq, hisobi. Sheʼrning bir misrasi ikkiga boʻlinganini qofiyalari ham isbotlab turibdi. Bunday sheʼrlarni maktab oʻquvchilari uchun quyidagicha tartibda chop etgan maʼqul:

 

Sochiq

 

Magazindan olib chit, a

Gerdaygancha dedi It: a

– Qoqlagach ityaloqni, b

Artamiz qoʻl-oyoqni. b

 

Shoirning “Bugʻdoy”, “Paxta”, “Sabzi”, “Tarvuz”, “Uzum”, “Sholgʻom”, “Anjir”, “Sarimsoq piyoz”, “Pista”, “Handalak”, “Qalampir” singari oʻnlab sheʼrlarida ham misralar boʻlingan. Nazdimizda, bu sheʼrlar toʻrtlik tartibida chop qilinsa, sheʼr badiiyati uchun ham, sheʼrxon uchun ham qulayroq boʻlar edi. Yuqoridagi misol shoir sheʼrlari nafaqat bolalarga, balki kattalarga ham atalganini, bolalarni ham, qattalarni ham birday oʻylashga majbur qila olishi bilan ahamiyatlidir. “Sochiq” sarlavhasi esa ochqich boʻlib xizmat qilgan, sheʼrga boshqa sarlavha qoʻyish mumkin emas. Bu shoir ijodidagi oʻziga xosliklardan yana biridir.

Shoir bolalarga atab aruz vazni koʻmagida sheʼrlar bitish bilan oʻzbek bolalar sheʼriyatini vazn jihatdan boyitdi. “Bulbulning choʻpchaklari” turkumiga kiruvchi sheʼrlar gʻazal janriga mansub boʻlib, a-a; b-a; v-a tartibida qofiyalangan, ayrimlari radifli, ayrimlari radifsiz. Gʻazallarni oʻqisangiz, aruzning goʻzal ohanglari qulogʻingizga uriladi. Ammo hijolarning qisqa-choʻziqligini mumtoz adabiyotning temir qonunlari asosida koʻzdan kechirsak, gʻazallar dosh berolmaydi. Lekin, bu taxlit oʻqisangiz, kam-koʻst sezmaysiz:

 

Yotar semiz oshqovoq barglarida yelpinib,

Tilla rangli behioy boqdi kulchayuz boʻlib[3].

Foilotun / foilun / foilotun / foilun

Foilotun / foilun / foilotun / foilun

 

“Bulbulning choʻpchaklari”dagi gʻazallar bolalarbop mazmunning aruz ohanglari koʻmagida berilishi bilan betakror hodisadir. Hamza ijodida bolalarga atalgan aruzda bitilgan sheʼrlar bor boʻlsa-da, tabiat hodisalarining, jonivorlarning jonlantirilishiga koʻra Anvar Obidjon gʻazallari eʼtirofga loyiq va bu sheʼrlar “Oʻqish kitobi”ga kiritilsa, maqsadga muvofiqdir. Nazarimizda, shoir bu boradagi tajribalarini boyitgan holda davom ettirsalar, bolalar sheʼriyati uchun faqat yutuq boʻlardi.

Anvar Obidjon sheʼrlariga xos yana bir jihat shuki, ular mavzusiga koʻra juda rang-barang. Bu sheʼrlar ham taʼlim, ham tarbiya berishi bilan ahamiyatli. Aslida bu Sharq sheʼriyatiga xoslikdir. Shoir baʼzi sheʼrlarida obraz darajasiga koʻtarilgan narsaning tabiiy xossalari haqida maʼlumot bersa, baʼzi sheʼrlarida bu narsalarning inson hayotidagi oʻrniga urgʻu beradi.

Bunday fikrlarni uzoq davom ettirish mumkin, ammo koʻp hollarda xulosaviy fikr inson maʼnaviyatiga daxldor. Shoir haqida qator maqolalar bilan birga “Quvnoqlikka yashiringan iztiroblar”[4], “Oʻzlik sari yoʻl”[5] singari adabiy portretlar ham yaratilgan. Lekin bu tadqiqotlar adib ijodi tahlili va talqini uchun debochadir.

 

Laylo ShARIPOVA,

filologiya fanlari nomzodi (BuxDU)

 


[1] Anvar Obidjon. Bezgakshamol – 2. – Toshkent : Sharq, 2003. – B.54.

[2] Anvar Obidjon. Juda qiziq voqea. Sheʼrlar va ertaklar. Toshkent: Yulduzcha, 1987.  – B. 90.

[3] Oʻsha kitob. – B. 151.

[4] Ibrohimova Z. Quvnoqlikka yashiringan iztiroblar. – T.: Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nash., 2005.

[5] Rasulov A. Oʻzlik sari yoʻl. – T.: Adib, 2012. – 40 bet.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/anvar-obidjon-sheriyatida-rang-baranglik/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x