Xalqimiz azal-azaldan farzanlarining har tomonlama sogʻlom, yetuk insonlar boʻlib yetishishlarini koʻzlab ish yuritgan. Bu borada turli tarbiya vositalaridan, shu jumladan, soʻz sanʼatidan ham samarali foydalangan.
Bu jarayonda ijod ahlining oʻtkir soʻzi alohida ahamiyat kasb etishi haqida Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I. A. Karimov: “Barchamizga ayonki, XXI asr intellektual salohiyat, tafakkur va maʼnaviyat asri sifatida insoniyat oldida yangi-yangi ufqlar ochish bilan birga, biz ilgari koʻrmagan, duch kelmagan keskin muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Bugungi murakkab va tahlikali zamonda yozuvchining bashariyatning ertangi kunini oʻylab, odamlarni ezgulikka, insof-diyonatga, mehr-oqibatga qaratilgan haroratli soʻzi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda”[1], deb taʼkidlaydi. Farzandlarimizning “bizdan koʻra bilimli, aqlli, dono va albatta, baxtli boʻlishlari kerak”ligi ham shunchaki shior boʻlmay, davlatimiz birinchi rahbarining yosh avlodga chinakam gʻamxoʻrligi nishonasi boʻlgan edi.
Mustaqillik yillarida bolalar sheʼriyati ham insoniyat bolaligi singari sodda va begʻubor samimiyatga yoʻgʻrildi. Lekin bu olamda turli-tuman ziddiyatlar, boʻhronlar, murakkabliklar yoʻq degani emas. Ushbu maʼnaviy hudud insoniyatning bir parchasi sifatida uning kechmishida uchraydigan butun murakkablik va ziddiyatlarni oʻziga xos tarzda namoyon qiladi. Shu bois bolalar, bir tomondan, aqlli, mard, qoʻrqmas, adolatparvar, vijdonli, vatanparvar boʻlishsa, ikkinchi tomondan, shoʻx, oʻyinqaroq, yerga ursa koʻkka sapchiydigan, toʻpalonchiligi, goho dangasa, yalqovligi, baʼzan esa nafsini tiyolmasligi, shirinlikka oʻchligi, ochofatligi bilan ham diqqatni tortadi. Bolalik dunyosi ayni shu jihatlari bilan kattalar olamidan farqlanadi.
Anvar Obidjon oʻz asarlarida bolalar ruhiy-maʼnaviy dunyosiga xos biror-bir kulgili detalni topadi va uni poetiklashtirib, bola ruhiyatining yumoristik tasvirini ifodalovchi manzaraga aylantiradi. Bola ruhiyati bilan ushbu manzara oʻrtasidagi nomutanosiblik esa quvnoq, begʻaraz va samimiy kulgini hosil qiladi.
Masalan, “Velosiped buzilganda” sheʼrida yuz-qoʻlini moy qilib gayka burayotgan Sotimboyning ahvoli quyidagicha chiziladi.
Yuz-qoʻlini
Qilib moy,
Gayka burar
Sotimboy.
Kulib boqar
Sotimga
Tagi koʻchgan
Botinka.
(“Bahromning hikoyalari”, 8).
Sotimning oʻyinqaroqligi, velosipedni tindirmasdan minishi oqibatida uning buzilishi-yu, Sotimboyning moyga botib uni tuzatishi – bular barchasi “tagi koʻchgan botinkaning Sotimga kulib qarashi” xarakterli manzara-detali orqali hajviy mazmun bilan boyitilgan. Bu oʻrinda tagi koʻchgan botinkaning goʻyo “kulib” qaraganga oʻxshatilib jonlantirilishi sheʼrning poetik mazmunini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Anvar Obidjon shoʻx, quvnoq bolalar ruhiyatini teran his etadigan va eng muhimi, ushbu holatni poetik mahorat bilan tasvirlash salohiyatiga ega shoir. “Fatxullaning kurkasi” sheʼrida shu xususiyat yaqqol sezilib turadi. Sheʼrda ukasining: “Fatxullaning kurkasi quvdi”, degan shikoyatini eshitgan Nor shunday xulosaga keladi:
Gʻijinib musht tugdi Nor:
– Boplab qasos olamiz.
Kurkani…
Yoʻq, yaxshisi,
Fatxullani solamiz!
(“Bahromning hikoyalari”).
Koʻrinib turibdiki, Nor tabiatiga xos boʻlgan urishqoqlik illati uning oʻz tilidan fosh qilinmoqda.
Anvar Obidjonning xalq ogʻzaki ijodi ruhida yaratilgan “Boʻrining doktor boʻlgani haqida ertak” asarida yirtqich boʻrining oʻrmonga doktor boʻlishi va undan keyingi faoliyati zaharxanda kulgi bilan fosh etiladi. Soxta “doktor” oldiga kasal boʻlib kelgan quyon va toʻngʻizni davolayman deydiyu, lekin aslida yeyishni koʻzlaydi. Biroq uning bu qabix niyatini anglab qolgan quyon bilan toʻngʻizcha juftakni rostlab qolishadi. Keyinroq kelgan tulki esa unga yem boʻladi. Boʻri bemorni qabul qilish daftariga quyidagilarni yozib qoʻyadi:
Qoʻlin tirnab boʻztikan
Tulki keldi notetik.
Ahvoli ogʻir ekan,
Chora topmadik…
Yedik!
(“Bahromning hikoyalari”, 25).
Boʻrining oldiga ishtahasi yoʻqligidan shikoyat qilib Sher tashrif buyuradi. Boʻri unga xushomad qilib vitamin zarurligini, vitamin esa semiz hayvon goʻshtida boʻlishini aytadi. Bu gapni eshitgan Sher uzoq oʻylab oʻtirmasdan quyidagicha qarorga keladi:
Qoʻldan bersam imkonni,
Soʻng yurarman armonda.
Sendan semiz hayvonni
Topish mushkul oʻrmonda.
Qadrlayman men har choq
Tabiblarning soʻzini,
Totmoqchiman hoziroq
Vitaminning tuzini.
Shu tariqa yirtqich boʻri Sherga “vitamin” boʻlib ketadi, hayvonlar esa oʻzlariga beozor quyonni doktor qilib saylaydilar.
Anvar Obidjonning poetik mahorati shundaki, Quddus Muhammadiy yaratib ketgan baʼzi bir obrazlarga qayta qoʻl urar ekan, uning yangi, original, quvnoq yumorga boy boʻlgan yangicha qiyofasini qisqa, ixcham, poetik koʻchimlarga boy majoziy obraz darajasiga koʻtara oladi. Masalan, “Sabzi” sheʼrida shoir yaratgan poetik obraz quyidagicha namoyon boʻladi.
Yupqagina
Poʻstim bor,
Dalada koʻp
Doʻstim bor.
Maqolda ham
Yoziqman.
Oʻsha
“Oltin qoziq” man.
Yotsam
Yerga qapishib,
Dumginamdan
Tortishib,
Tashladilar
Oʻraga…
Salom
Palov toʻraga!
Shoir sabzi obrazini kitobxonlar tasavvurida jonlantirishda oʻziga xos tasvir usullaridan, qofiya sanʼatidan unumli foydalanadi. Xalq maqol-topishmogʻini eslatish bilan uning koʻrinishini bolalar yodiga tushirsa, “poʻstim”, “doʻstim”, “yoziq”, “qoziq” kabi qofiyalar orqali badiiy ohangning taʼsirchanligi va quvnoqligiga erishadi. Ayniqsa, sheʼrning yakunidagi “Yotsam yerga qapishib, dumginamdan tortishib” kabi misralar yumoristik kulgi hosil qilsa, “Salom Palov toʻraga!” misralari uni real hayotga yaqinlashtiradi, bola ruhiyatiga oʻziga xos iliqlik olib kiradi.
Shoir bu sheʼriy turkumlarda turli xil hayvonlar, jonvorlar, kiyim-kechak, predmetlarni jonlantirib, ularning majoziy obrazini yaratdi. Shoirning mahorati har bir obrazni uning oʻziga xos xususiyati, belgisi, rangi, taʼmi, tuzilishi yoki boshqa jihatlarini zukkolik bilan topilgan badiiy detallar, savol-javoblar, diologik nutq vositasida yaratishda namoyon boʻladi. Bu hol bolalarda sheʼrda qalamga olingan narsa-predmetlar obrazini qiyoslash orqali tez tasavvur qilish imkoniyatini tugʻdiradi.
“Boshma-bosh” sheʼrida esa oʻzlariga tanish boʻlgan eski-tuski narsalarni yigʻib yuruvchining “Shara, bara-a” manzarasini echkining majoziy obrazi orqali koʻrishlari bolalarda oʻzgacha bir zavq hosil qiladi. Ular hayotda uncha eʼtibor bermagan “sharabarchi”dagi yumoristik holatlar mazkur sheʼrda nozik idrok etilganidan hayratga tushishadi. Buning asosiy sababi echkining “Shara-bara”chi sifatida tanlanganligidir. Agar echkining oʻrniga boshqa hayvon obrazi tanlanganda, sheʼr bu darajada muvaffaqiyatli chiqmasligi mumkin edi:
Boʻynin choʻzib qichqirgancha
“Shara, bara-a!”
Koʻcha kezar Echki
Eshakaravada.
Der:
– Bolalar,
Zor emasman
Choy puliga.
Pufaklarni almashaman
Koʻk suliga.
(“Juda qiziq voqea”, 36).
Echkining boʻynini choʻzib “Shara, bara-a!” deb qichqirishi juda topib qoʻllangan poetik tasvirdir. Bu oʻrinda jonlantirish orqali echkining yumoristik obrazi yaratilishi barobarida, kitobxonning koʻz oʻngida bu hayvonning boʻyin choʻzib “baa-a” deb maʼrashi ham keladiki, ushbu hol sheʼrning badiiy-estetik qimmatini yanada oshiradi. Zero, Anvar Obidjon ijodining oʻziga xos jihatlari oʻta jiddiy vaziyatni kulgili, ayni choqda, haqqoniy va tagdor qilib tasvirlashida namoyon boʻladi. Shu boisdan ham “Anvar Obidjonning ijtimoiy xarakterdagi sheʼrlari koʻpqatlamliligi bilan yaqqol ajralib turadi. Ularni bolalar ham, kattalar ham qiziqib oʻqiydilar va maʼnaviy maʼnolarni oʻz mushoxadalari doirasida dilga singdiradilar. Shoir “Sigir qoʻshigʻi”, “Parvarda”, “Yirtqich” kabi sheʼrlarida kichkintoylarning dunyoni anglashga intilish jarayonlaridagi kattalar bilan toʻqnashuvi, ota-onalar va bolalarning baʼzan bir-birlarini toʻgʻri tushunmasligi bois sodir boʻluvchi turli anglashmovchilik oqibatida kelib chiqadigan dramatik holatlarni kulgili tarzda koʻrsatadi”[2].
Xulosa qilib aytganda, Anvar Obidjon sheʼrlarida mahorat bilan qoʻllangan poetik obrazlarining barkamol inson tarbiyasidagi ahamiyati nihoyatda kattadir. Ular bolalarning ilm-maʼrifatga boʻlgan ragʻbatlarini oshiradi, oʻzlari va atrofdagilarga, ota-ona va oʻqituvchilariga boʻlgan munosabatlarini qayta koʻrib chiqishga undaydi.
Gulnoza JOʻRAYEVA,
filologiya fanlari nomzodi (ToshDOʻTAU)
Foydalanilgan adabiyotlar:
- I. A. Karimov. Adabiyotga eʼtibor – maʼnaviyatga, kelajakka eʼtibor. T.: Oʻzbekiston. 2009
- Z. Ibrohimova. Quvnoqlikka yashiringan iztiroblar. T.: Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti. 2005
- A. Obidjon. Bahromning hikoyalari. T.: Yosh gvardiya. 1980
- A. Obidjon. Juda qiziq voqea. T.: Yulduzcha. 1987
[1] Karimov I. A. Adabiyotga eʼtibor – maʼmaviyatga, kelajakka eʼtibor. – T.:”Oʻzbekiston”, 2009. B. 11-12
[2] Ibrohimova 3. Quvnoqlikka yashiringan iztiroblar. –T.: Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2005. –B, 14-15.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/anvar-obidjon-sherlarida-poetik-obrazlar/