Anvar Isroilov (1937–1992)

Anvar Isroilov 1937 yili Toshkent shahrida tavallud topdi. Oʻrta Osiyo davlat universitetining (hozirga OʻzMU) oʻzbek filologiyasi fakultetida tahsil oldi. Oʻzbekiston Davlat Badiiy adabiyot nashriyotida (1960–1963), respublika radiosi badiiy eshittirishlari Bosh redaksiyasida muharrir (1963–1965), “Kino” jurnalida (1965–1966), “Bir safda” jurnalida, (1966–1968), Oʻzbekiston televideniyesi musiqiy koʻrsatuvlar bosh muharririyatida (1968–1979) turli vazifalarda xizmat qildi.

Anvar Isroilov bir qancha kitoblar muallifi:

  1. “Yoʻllardagi qoʻshiqlar”, 1966 yil
  2. “Yulduzlar gʻazali”, 1974 yil
  3. “Bir suhbat xumori” 1976 yil
  4. “Yugurik nur”, 1980 yil
  5. “Bulbullar va odamlar”, 1981 yil
  6. “Sevgiga iltijo”, 1982 yil
  7. “Oltin yomgʻirlar”, 1985 yil
  8. “Biz – dunyo odamlari”, 1988 yil.

Anvar Isroilov qoʻshiqchi shoir sifatida el-yurt nazariga tushdi. “Soy sohili soʻlim-soʻlim” singari yuzdan ortiq qoʻshiqlari koʻngillarga koʻchdi. Faxriddin Umarov, Sherali Joʻrayev, Kommuna Ismoilova, Kamoliddin Rahimov, Muhabbat Shamayeva, Salohiddin Muhiddinov, Gʻulomjon Yoqubov, Sanobar Rahmonova, Hurriyat Isroilova kabi atoqli xonandalar talqinidagi qoʻshiqlari hali-hanuz el ogʻzida. Uning boshqa shoirlardan farqli oʻlaroq musiqa sanʼatini gʻoyat nozik tushunardi. Teatr sanʼatining ham bilimdoni boʻlgan shoirning rassomlik qobiliyati esa uning koʻp qirrali ijodkor ekaniga yana bir ishora edi. Inson umri faqat yashab oʻtilgan yillar, bosib oʻtilgan yoʻllardangina iborat emas, balki u yodda qolgan ezgu amallar, xayrli damlar majmuasi hamdir. Lirik shoir Anvar Isroilov 55 yil umr koʻrdi. Biroq, ana shu qisqa umr yoʻlida oʻzidan barakali ijodiy meros qoldirdi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobi asosida tayyorlandi.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/anvar-isroilov-1937-1992/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x