Anton Chexov: yozuvchi monologi

Icteʼdod siri haqida bir taʼrif bor: “Isteʼdod – oʻz dardingni mahorat bilan ifodalash emas, oʻzga dardni oʻzingdan oʻtkazib yashashdir”. Chindan ham, oʻzingdan oʻzga taqdirlarning sevinchiyu ogʻriqlari bilan yashay olish – sening ijod odami ekaningdan darak beruvchi ilk alomat. Lekin… hech kim oʻzidan qochib keta olmaydi. Yozuvchi ikki azaliy qutb – ezgulik va yovuzlik haqiqatini tasvirlamoqchi boʻlsa, barcha ranglarni hayot oʻz muhrini qoldirgan quvvai hofizasidan oladi. Masalan, Homid obrazi Abdulla Qodiriy ruhiyatining mahsuli. Yozuvchining tubanlik, xoinlikka boʻlgan munosabati. Qodiriyning jaholat haqidagi mezoni bu. Oʻzimcha oʻylayman: agarda roman ijodkori irodasi ojiz, iymoni zaif inson boʻlganida, uning feʼl-atvorida Homidga xos qora boʻyoqlar qay tariqa aks etgan boʻlardi? Va qanday koʻrinishda? Birgina salbiynamo qiyofani ming xil tusda ham jumboqli, ham jozibali qilib koʻrsata olish uchun yozuvchining tasavvur dunyosi qanchalar boy va rang-barang, shaxsiyati ham qay darajadadir koʻp qatlamli boʻlishi kerak. Masalan, Nazar Yaxshiboyev jozibasini adib Murod Muhammad Doʻstdan ayro tasavvur qiling-chi? Bosh qahramon boʻladimi yo epizodik perjonaj – farqi yoʻq, bari bizga yozuvchining oʻzi haqida soʻylaydi.

Anton Pavlovich Chexov hikoyalaridagi kulsang oʻzing xijolat chekadigan, yigʻlasang haqing ketadigan personajlar maʼrifatparvar rus ziyolisining hasratlari, koʻzoynagi shishasini namlagan milt-milt koʻzyoshlari edi. Chexovdagi goʻzal ichki madaniyat qahramonlari ustidan qah-qah otib kuldirishga, ojizdan ojiz odamlarni masxaralatishgacha olib bormaydi. Pyesalari yozuvchining oʻziga, sochidan tovoni qadar ziyoli ijodkorning shaxsiyatiga oʻxshaydi. Sirtdan qaraganda, hamma narsa sokin, hayot oʻz yoʻlida risoladagidek ketyapti. Odamlar kuladi, qoʻshiq aytadi. Lekin har bir yurakning oʻz bombasi bor. Qoʻl tekkizgudek boʻlsang, tamom – portlaydi! Chexovona lirizm ortida hayotning shunaqangi tasqara nuqsi borki… Kitobxondagi kulgiga moyil kayfiyat oʻz-oʻzidan mahzun koʻyga tushadi.

Uning qahramonlari shifokor Astrov (“Vanya togʻa” pyesasi) va yozuvchi Trigorin (“Chayka” pyesasi) bilan yuzma-yuz kelgan kitobxon bevosita Anton Chexovning oʻzi bilan muloqot qiladi, uning sof insoniy dardini tinglaydi. Yozuvchi oʻzining bor oʻy-hasratini, kechinmalarini va hatto kasbini ham ortiqcha boʻyoqlarsiz shu qahramonlariga koʻchirgandek. Chexov ham shifokor, ham yozuvchi. Astrov singari bemahal, visolsiz muhabbatga yoʻliqdi. Azob chekdi, azob berdi. Qahramoni kabi ham qalb, ham fikr va tashqi goʻzallik uygʻunligini qoʻmsadi, shunga intildi. Teatr xuddi Trigorin kabi Chexovning ham dramaturglik qobiliyatini kashf etdi, aktrisalarning muhabbati esa yozuvchini chinakam erkak sifatida ulgʻaytirib, mahbubga aylantirdi, taqdirini aktrisa Olga Knipper bilan bogʻladi.

Trigorin oʻz isteʼdodiga qay darajada xavotirlanib, shubha aralash qarasa, Chexov ham oʻziga ishonchsizlik ila: “Oʻlganimdan soʻng meni uzogʻi bilan bir yil eslashadi, xolos”, deb aytgan. Ortda qolgan asr va oʻtayotgan yillar esa yozuvchi bu borada adashganini, oʻzining ijodiga oʻta haqir koʻz bilan qaraganini isbotlab turibdi.

Quyidagi bitiklar “Chayka” asarining qahramonlaridan biri yozuvchi Trigoringa tegishli. Trigorinning fikrlarini yaxlit holda umumlashtirsak, goʻyo Chexov monologi kabi taassurot qoldiradi. Oʻqib, bunga oʻzingiz ham amin boʻlasiz, yozuvchining oʻy-hasratlari soʻz dardiga chalinib, qoʻliga qalam ushlagan har bir “bemor” uchun begona emas.

 

Iqbol Qoʻshshayeva

 

Agar odam kechayu kunduz bir narsa toʻgʻrisida, masalan, oy toʻgʻrisida oʻylay bersa, zoʻrma-zoʻraki tasavvur hosil qiladi, mening ham shunaqa oyim bor. Meni kechayu kunduz sira qutulib boʻlmaydigan bir fikr band qiladi: men yozishim kerak, yozishim kerak, yozishim kerak… Biror qissani yozib tugatdimmi, nima uchundir darhol boshqasini boshlashim kerak, soʻng uchinchisini, uchinchidan keyin toʻrtinchisini yozishim lozim… Xuddi xat mashq qilayotgan kishidek yozganim-yozgan, boshqa ilojim yoʻq. Axir, buning nimasi ajoyib, nimasi maroqli? Qani, ayting-chi? O, bu qanday yovvoyi turmush! Mana, men siz bilan birga oʻtiribman, hayajonlanyapman, holbuki, uyda meni tugamagan qissa kutayotganini bir daqiqa boʻlsin unutganim yoʻq. Mana, koʻrib turibman, bulut xuddi royalga oʻxshaydi. Oʻzimcha oʻylayman: royalga oʻxshagan bulut suzib ketmoqda edi, deb biror hikoyada qayd qilib oʻtishim kerak.

 

Mana, ikkalamizning har bir gapimizni va har bir soʻzimizni eslab qolishga tirishaman, bu gap hamda soʻzlarni tezroq adabiy omborimga joylab olishga shoshilaman: bir kuni kerak boʻlib qolar! Ishimni tamomlagach, yo teatrga, yo baliq ovlashga chopaman; bu yerda picha dam olish va barcha narsani unutish mumkin, deb oʻylayman, biroq yoʻq, iloji boʻlmaydi, kallada tagʻin ogʻir choʻyan soqqaga oʻxshab, yangi syujet aylana boshlaydi, soʻng stolimga borib oʻtirgim keladi, yana yozish uchun shoshilish kerak boʻladi va hamma vaqt shunday. Oʻzimdan mening oʻzimga sira tinchlik yoʻq. Men oʻz hayotimni oʻzim kemirayotganimni, bu boʻshliqda kimgadir beradigan bol uchun, oʻzimning eng asl gullarimdan sharbat toʻplayotganimni va u gullarni yulib olib, ildizlarini toptab tashlayotganimni sezib turaman. Axir, men telba emasmanmi? Axir, yaqinlarim va oshnalarim menga nisbatan, cogʻ kishilarga qilinadigan muomalada boʻladilarmi? “Nima yozyapsiz? Bizga nima hadya qilasiz?”. Hamma vaqt shu gap, hamma vaqt shu gap va menga oshnalarning bu iltifoti, tanishlarning maqtovlari, hammasi riyodek, meni xuddi kasal kishini aldaganlari kabi aldashayotgandek tuyuladi, baʼzan hoziroq orqamdan yashirinib kelib, ushlab olmasalar va meni jinnixonaga olib borib quyishmasa edi, deb qoʻrqib ketaman.

 

Ilgarilari, goʻzal yoshlik yillarida, men yozuvchilikka endi qadam quygan vaqtimda hayotim boshdan-oyoq azob-uqubatdan iborat edi. Yosh yozuvchi muvaffaqiyatsizlikka uchraganda oʻzini beoʻxshov, noʻnoq, ortiqcha deb his qiladi, asablari tarang va joniga tekkan boʻladi; u eʼtirof etilmagan, hech kim tarafidan payqalmagan holda, xuddi puli yoʻq ashaddiy qimorbozdek ularning koʻziga tik va dadil qarashdan qoʻrqib, adabiyot va sanʼatga daxldor odamlar atrofida betoʻxtov aylanib yuradi. Men oʻz oʻquvchimni koʻrgan emasman, ammo u mening tasavvurimda negadir adovatli va ishonmaydigan kishi boʻlib jonlanadi. Men ommadan qoʻrqardim, u mening uchun dahshatli edi, yangi pyesamni sahnaga qoʻygan vaqtlarida har safar nazarimda qora sochli kishilar dushman koʻzi bilan qarayotgandek, sariq sochli odamlar esa sovuq, beparvodek tuyular edi! O, bu naqadar dahshat! Bu shunday azobki, sira tengi yoʻq!

 

Toʻgʻri, yozgan vaqtimda huzur qilaman. Tahrir jarayoni ham lazzatli, lekin… Kitob bosmadan chiqar-chiqmas, chiday olmayman, koʻramanki, men oʻylaganday boʻlib chiqmabdi, hatto umuman uni yozmaslik kerak edi, degan xayolga boraman. Alam qiladi, taʼbim tirriq boʻladi… Omma uni oʻqiydi-da: “Ha, juda soz, yaxshi yozilgan… tuzuk narsa, ammo Tolstoyga yetishiga hali ancha bor”, yoki: “Ajoyib narsa, lekin Turgenevning “Otalar va bolalar” romani bundan yaxshi”, deydi. To goʻrga kirgunga qadar faqat juda soz, yaxshi narsa, juda soz, yaxshi narsa, degan soʻzlardan boʻlak hech narsa eshitmayman, oʻlganimdan soʻng esa tanishlar qabrim yonidan oʻta turib: “Bu yerda Trigorin yotibdi. Yaxshi yozuvchi edi, ammo Turgenevdek yaxshi yozolmas edi”, deyishadi.

 

Siz muvaffaqiyat haqida gapirasiz. Qanaqa muvaffaqiyat? Men hech mahal oʻzimga yoqqan emasman. Yozuvchi sifatida oʻzimni sevmayman ham. Hammadan yomoni shuki, men oʻzimni qandaydir bir tutun ichida deb his qilaman va koʻp vaqt nima yozayotganimni bilmayman… Men suv, daraxtlar, osmonni yaxshi koʻraman, tabiatni sezaman, u menda ehtiros, yengib boʻlmaydigan yozish istagi uygʻotadi. Ammo faqat manzarachi emasman-ku, men axir grajdaninman, oʻz vatanimni, xalqimni sevaman, modomiki oʻzimni yozuvchi deb bilar ekanman, men xalq toʻgʻrisida, uning azob-uqubatlari, kelajagi haqida gapirishni, ilm, insonning huquqi va boshqalar toʻgʻrisida soʻzlashni shart deb bilaman. Hamma narsa haqida gapirgim keladi. Shoshilaman, meni har tarafdan qistaydilar, koyiydilar, xuddi it quvgan tulkidek, u yoqdan-bu yoqqa yugurib yelaman, hayot va ilm boʻlsa hamon olgʻa qarab ketmoqda, men esa xuddi poyezdga kechikkan mujikdek orqada qolib ketayotganimni koʻraman, nihoyat, faqat manzaralarnigina yoza olishimni va boshqa narsalar toʻgʻrisida yozganlarimning hammasi sunʼiy, boshdan-oyoq yasama ekanini sezaman.

 

Goʻzal, shoirona, totli xayolot dunyosiga yetaklab ketuvchi muhabbatgina – olamda yolgʻiz ugina baxt bera oladi! Men bunday muhabbatni boshimdan kechirgan emasman… Yoshlik chogʻimda vaqt yoʻq edi, u pallada men tahririyatlarga qatnab, muhtojlik bilan olishar edim… Mana endi, nihoyat, u muhabbat keldi, u oʻziga chorlamoqda… Endi undan qochishda nima maʼno bor?..

 

“Yoshlik”, 2016 yil 2-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/anton-chexov-yozuvchi-monologi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x