Antiqa “xabar”lar

 “Oqshom”da ish ogʻir edi. Shuning uchun boʻlsa kerak, bir-birimizga telefonda hazil qilib, jinday boʻlsa-da, asablarni yumshatar edik. Oʻtkir Hoshimov telefonda ovozini oʻzgartirib gapirishga usta edi. Bir kuni Oʻtkir aka qadrdon doʻsti Toʻlqin Rasulovga qoʻngʻiroq qildi.

– Bu “oqshom”mi? – dedi atayin boʻgʻiq tovushda. – Biz ToshMIdan gapiryapmiz. Axborot kerakmi?

Har kuni “informatsiya” normasini bajarolmay boshi qotib oʻtirgan Toʻlqin Rasulovga jon kirdi.

– Kerak! – dedi shoshilib. – Hozir men qogʻoz olib olay… Ayting.

– Yozing! – dedi Oʻtkir Hoshimov salobat bilan. – “Noyob operatsiya”. Kecha Toshkent Davlat meditsina institutining 2-xirurgiya klinikasida tarixda misli koʻrilmagan noyob operatsiya boʻldi. Boʻka rayoni “Avangard” kolxozining 8-brigadasidan ogʻir ahvolda keltirilgan bemor Boqiboyev… – deya “diktovka” qilishga tushib ketdi. Shu tariqa “bemor Boqiboyev”ning yoshi, oilasi, mehnatda erishgan yutuqlarini aytdi. Operatsiyada ishtirok etgan oʻnga yaqin professorlaru dotsentlar, assistentlaru doʻxtirlarni sanadi. Operatsiya paytida amaliyot oʻtkazgan talabalardan qanchasi qatnashgani, bir talaba qoʻrqib hushidan ketib qolganigacha aytdi. Toʻlqin aka yozaverib charchab ketdi shekilli, oxiri toqati-toq boʻlib soʻradi:

– Nimani operatsiya qilishdi oʻzi?

– Nimani boʻlardi! – dedi Oʻtkir Hoshimov tamomila jiddiy ohangda. – Bemor Boqiboyevning oʻng qulogʻi binoyidek boʻlganu, chap qulogʻi oʻzidan-oʻzi choʻzilib ketavergan. Oʻsib-oʻsib, bir haftada 40 santimetrga yetgan. Jarrohlar uning 33 santimetrini kesib, 8 santimetrini qoldirishdi.

Xonada portlagan qahqahani telefonda Toʻlqin Rasulov ham eshitdi. Zum oʻtmay xonaga kirib keldi.

– Qanaqa odamsiz? – dedi oʻzi ham kulib. – Yozaverib qoʻlim charchab ketdi-ku!

 

Nosir MUHAMMAD

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/antiqa-xabar-lar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x