Allergiya — organizmga ta’sir qiladigan yoki tana bilan aloqada bo’lgan, masalan, hayvonlarning juni, chang yoki ari zahari kabi moddalarga immun tizimining javobidir .Allergik reaktsiyani keltirib chiqaradigan modda «allergen» deb ataladi. Allergiya tushunchasini medisinaga1906 yilda avstriyalik olim Klimens fon Pirke kiritgan. «Allergiya» termini biron-bir yot moddaga nisbatan organizm sezgirligining keskin oshib yoki susayib ketishini bildiradi. ALLERGIYADA
Allergiyaning boshqacha nomi – bezillash. Allergiya yunonchadan olingan bo’lib, “boshqa, o’zga, begona” ma’nolariga ega. Allergen oziq-ovqat, ichimliklar va atrof-muhitda mavjud. Ko’pgina allergenlar zararsizdir, ya’ni ko’pchilikda bu moddalar allergiya chaqirmaydi . Allergik kasalliklar keyingi yillarda keng tarqalib ketdi va juda xavfli bo’lib qoldi.Shuning uchun ham bu zamonaviy meditsinaning asosiy muammolaridan biri bo’lib qolmoqda. Xususan, allergik kasalliklarning ko’payayotgani sanoati rivojlangan mamlakatlar uchun xosdir. Atrof-muhitning ifloslanishida sanoat chiqindilari yagona manba bo’lmay qoldi.Inson organizmiga doimo ta’sir ko’rsatuvchi boshqa juda ko’plab allergenlar ham mavjud. Bularga, masalan, aholi tomonidan unchalik ehtiyoj yo’q bo’la turib ko’p miqdorda turli dori preparatlaridan, jumladan, antibiotiklardan keng foydalanish, ayollarning kosmetik vositalarni ko’p ishlatishi, aholini ehtiyotdan emlash va ortiqcha vaksinasiyalar misol bo’la oladi. Oziq-ovqat mahsulotlariga har xil sintetik birikmalarni qo’shish ham muhim rol o’ynaydi.Ba’zi o’simlik changi (chang allergenlari) tarkibiga kiruvchi moddalar ham o’z ahamiyatini yo’qotgani yo’q. Ma’lumki, bir qancha o’tlar, butalar, daraxtlar, g’o’za gullari allergik kasalliklarning mavsumiy ko’payib ketishiga sabab bo’ladi.Hozir qishloq xo’jaligida turli-tuman ximikatlarni keng qo’llash tufayli ham yangi moddalar— allergenlar paydo bo’la boshladi.Odam organizmida, xususan, uning ichagida yashovchi parazit gijjalarning hayot faoliyati mahsulotlari ham kuchli allergen hisoblanadi. Nihoyat, qator kasalliklar(tovon mikozlari, revmatizm, moxov va boshqalar) allergiyaning paydo bo’lishida katta rol o’ynaydi. Tabiiyki, har qanday boshqa kasalliklar kabi allergiyani ham davolashdan ko’ra oldini olish osonroq. Buning uchun keng xalq ommasi allergik kasalliklarning kelib chiqish sabablarini va uning oldini olish choralarinigina bilibgina qolmay, balki allergik reaksiyaning zo’rayishiga qarshi organizm himoya kuchini ham mustahkamlash borasida konkret tushunchalarga ega bo’lishlari lozim. Allergen saqlaydi deb, ovqatlanishni, dorilar iste’mol qilishni cheklab qo’yish, o’simliklardan o’zingizni olib qochishingiz shart emas. Biroq salomatlikni mustahkamlash, kasalliklarga qarshi kurashish uchun oddiy gigiyena qoidalariga amal qilishingiz lozim. Allergenlar deb ataluvchi ba’zi omillar (kimyoviy moddalar, mikroblar va ularning hayot faoliyatvda hosil bo’ladigan mahsulotlar, oziq-ovqatlar) organizmning o’ta sezuvchan bo’lishi allergiyani keltirib chiqaradi.
Allergiya kasalligining keng tarqalgan turlaridan biri uy-ro’zg’or allergenlaridir. Bular orasida uy changi – gilam, kiyim-kechak, ko’rpa-to’shaklar changi, zax uy devorvda bo’ladigan mog’orlar, qandala, suvarak singari hashoratlar, hayvon junlari va boshqa iflos narsalar allergiya kasaliga sabab bo’ladi. Ba’zan kir yuvish kukunlari ham allergiyaga sabab bo’lishi mumkin.
Mevali daraxtlar yoppasiga gullaganda havoda ortiqcha gul changi ko’payadi. Bu nafas yo’llari orqali inson organizmiga ta’sirini ko’rsatadi, ya’ni allergiya bonshanadi. Dastlab bu tumov shaklda bo’lib, bosh og’rig’i paydo qiladi.
Eng og’ir o’tadigan allergiya kasalligi turi dori allergiyasi hisoblanadi. U bir necha xil bo’ladi. Antibiotiklar va og’riq ketkazadigan boshqa dorilar doimiy va me’yoridan ko’p iste’mol qilinganida inson organizmida samara bermaydi, aksincha, organizm uchun xavf tug’dirib, dori allergiyasini keltirib chiqaradi.
Abu Ali ibn Sino allergiya kasalligini davolashda yalpiz qaynatmasini anjir bilan birga aralashtirib iste’mol qylishni buyurgan. Ayniqsa, tog’ yalpizi ishlatilsa, bu kuchli ta’sir etadi deb aytib o`tgan.Allergiya turlicha namoyon bo’lishi mumkin. Bahor va yozning iliq kunlarida dalada gullar ochilgan, o’t-o’lanlar ko’kargan, dov-daraxtlar barg chiqargan va butalar xushbo’y hid taratayotgan beg’ubor havoda yoshlar daryo bo’yida dam olishga qaror qiladilar. To’satdan ulardan birida o’tkir tumov boshlanib, ko’zi qizarib yosh oqa boshlaydi, burun va ko’z shilliq qavati qattiq yallig’lanadi, harorati ko’tariladi, nafas qisishi bilan birga kuchli yo’tal azob beradi. Nima uchun u birdaniga va tez bunday dardga chalindi? Buning sababi shundaki, gullayotgan o’tlar, dov-daraxtlar bu faslda o’zlaridan juda ko’p miqdorda chang(gulchangi) ajratadi. Gul changi o’simlik oqsili hisoblanadi,gulchangi odamning shilliq qavatiga tushganda uning sezgirligini oshiradi, ya’ni allergiya paydo qiladi. Ko’pincha nafas organlari kasallikka chalinadi
— allergik traxeit, allergik tumov, bronxial astma va hokazolar kelib chiqadi.
Barcha allergenlar shartli ravishda ikki asosiy gruppaga bo’linadi: organizmga atrof muhitdan tushgan allergenlar(ekzoallergenlar) va odam organizmi to’qimalarining shikastlanishi oqibatida hosil bo’lgan allergenlar(endoallergenlar) deyiladi
Endoallergenlar terining katta qismi kuyib qolganda ham paydo bo’ladi, chunki bunda teri va teri osti to’qimalari shu qadar o’zgaradiki, oqibatda u organizm uchun yot to’qimaga aylanib qoladi, natijada allergik reaksiya vujudga keladi.
Ekzoallergenlarning o’zi bir necha gruppalarga bo’linadi: uy-ro’zg’or, gulchangi, ovqat, dori preparatlari, mikrob allergenlari, yuvuvchi va kosmetik vositalar tarkibidagi allergenlar.
Allergiya chiqaruvchi omillar
Uy-ro’zg’or allergenlari. Uy changi asosiy allergenlardan biri hisoblanadi. Uy changi mikroskop ostida qaralganda ko’p hollarda kiyimlarning mayda zarrachalaridan, uy hayvonlarining tuki, yog’och qipiqlari va boshqalardan iborat bo’ladi. Shu mayda zarrachalarning har biri yoki ularning bari birgalikda allergiya paydo qilish xususiyatiga ega.
Uy hayvonlaridan itlar, mushuklar, kemiruvchilar, baliqlar, qushlar allergenlar bo’lishi mumkin. Chunki bu hayvonlarning tuklari, tangachalari, qasmoqlari odam uchun yot moda hisoblanadi. Boshqa allergenlar qatoriga pat, momiq, turli zamburug’lar (mog’or, po’panaklar)ni kiritish mumkin. Bular shamol bilan tarqalib, kishi organizmiga nafas yo’llari orqali tushishi mumkin.
Mushuk va itlardagi allergiyani oldini olish.
Agar siz uy hayvonlari egasining uyiga tashrif buyursangiz, antigistaminlarni oling.Unutmang, hayvonlar emas, hayvonlar siydigi, so’lagi, junidagi mavjud oqsillar allergiyani chaqiradi. Agar hayvonlar bilan aloqa qilmasangiz, egasidan hayvonni boshqa joyga qulflab qo’yishni yoki boshqa xonaga o’tishni iltimos qiling.
Uy hayvonlariga sizning joyingizda uxlashga yo’l qo’ymang. Uy hayvonlari uchun yumshoq o’yinchoqlar va to’shamalar yuqori haroratda muntazam ravishda yuvilishi kerak.
Uy hayvonlari. Iloji boricha uy hayvonlarini saqlamaslik, yangilarini olib kelmaslik, ularni yotoqxonaga kiritmaslik zarur. Oilada allergik kasallikning paydo bo‘lishi bilan hayvonlarni ko‘paytirish tavsiya etilmaydi, chunki bulardan sezuvchanlikning ortib ketishi va rivojlanishi mumkin. Uy hayvonlarini har doim yuvintirib turish lozim.
Gulchangi allergenlari. Tabiatda, bizni o’rab turgan atrof-muhitda o’simliklarning gulchangi allergenlari juda ko’p tarqalgan. Shamol va har xil hasharotlar gulchangini yuzlab kilometrga tarqatadi, bu ularning tez tarqalishiga imkon beradi va ommaviy xarakter kasb etib, ko’z shilliq qavati, burun, traxeya va o’pka allergiyasining kelib chiqishiga sabab bo’ladi.
Gulchangi terini ham zararlaydi: teri qizaradi, tugunchalar, pufakchalar va qichishish paydo bo’ladi.
Chang va changchiga allergiya simptomlari quyidagi belgilarga ega:
- Burun bitishi;
- Ko’zlarning qichishi;
- Burundagi qichishish;
- Rinit;
- Ko’zlarning shishishi;
- Ko’zlarning yoshlanishi;
- Yo’talish.
O‘simlik changi allergenlari bilan kontaktni yo‘q qilish choralari
- O‘simlikning gullash mavsumi haqidagi ma’lumotni oldindan bilish;
- havosida katta miqdorda allergen bo‘lgan hududlardan uzoqlashish;
- deraza va eshiklarni zich yopish
- avtomobillarda himoya filtridan foydalanish
- tashqarida ko‘zoynak taqib yurish kerak.
Uy kanalari miqdorini kamaytirish chora-tadbirlari
Yotoqxona:
- to‘shak, ko‘rpa va yostiqlarning ustini qoplash uchun allergen kira olmaydigan matolardan foydalanish kerak;
- to‘shak, yostiq, bosh taraf oralig‘i atroflari va yotoqxona pollarini har hafta changyutgich yordamida (sinchiklab) tozalash;
- par yostiq va jun ko‘rpalar (yopinchiqlar)ni sintetik matolardan tayyorlanganlariga almashtirish, ularni har hafta +60oS haroratli suv bilan yuvib turish, iloji boricha gilamlarni olib tashlash;
- har hafta namlangan latta bilan xona jihozlarining yuza qismlarini artib chiqish, shu jumladan deraza ostlari va shkaflarning yuqori qismlarini ham;
- paxta tolasidan tayyorlangan pardalar osish va ularni tez-tez yuvib turish;
- bir martalik (foydalaniladigan) qog‘oz xaltali va filtrli yoki suv manbai bilan bo‘lgan changyutgichlardan foydalanish. Ish vaqtida niqob tutish;
- tozalash ishlarini boshqa kishi qilgani ma’qulroq;
- kanalarni yo‘qotish uchun kimyo-viy moddalar (akaritsidlar)ni qo‘llash;
- mato qoplangan yumshoq mebellarni tozalashga alohida e’tibor kerak. Mebelni kamida 1 haftada 2 marta changyutgich bilan tozalash kerak, shu jumladan stullarning ulanish joyi, suyanadigan va bosh tegib turadigan qismlarini ham.
Bolalar. Tozalash paytida bemor bolalar xonadan tashqarida bo‘lishlari va u yerga 2 soatdan keyingina kirishlari mumkin. Bolalar yumshoq o‘yinchoqlari bilan karavotda uxlashlari mumkin emas. Kanalar miqdorini kamaytirish uchun o‘yinchoqlarni ham changyutgich yordamida tozalash, kimyoviy tozalashga berish yoki kechasiga muzxonaga qo‘yish kerak.
Chang burgalari ta’sirini kamaytirish
- Gilamlarni boshqa, qattiq qoplamalar bilan almashtiring (masalan, laminat);
- An’anaviy pardani rulonli parda bilan almashtiring;
- Muntazam ravishda yostiq, stul va yumshoq o’yinchoqlarni tozalang. Iloji bo’lsa, ularni yuqori haroratda yuving;
- Junli yoki tukli yostiqlardan foydalanmang
Oziq-ovqat mahsulotlariga (oziq-ovqat) bo’lgan allergiya turli reaktsiyalarga ega:
- Qayt qilish;
- Tilning shishi;
- Og’izdagi achishish;
- Labning shishishi;
- Yuzni shishishi;
- Tomoq shishishi;
- Oshqozon spazmi;
- Nafas olishning buzilishi;
- Rektal qon ketish (bolalar kamdan-kam hollarda);
- Diareya;
Ovqat allergiyasida ko`pincha tarkibida allergen saqlovchi mahsulotlarni ko`proq ist`mol qilish natijasida kelib chiqadi. Bu boshqa oziq-ovqat mahsulotlari allergiya chaqirmaydi, degani emas. Zero har qanday oziq-ovqat mahsulotlari allergiya chaqirishi mumkin. Ushbu allergiya ham immunoreaksiya hisobiga kelib chiqadi va qorindagi og`riq, qusish, ich ketishi, Kvinke shishi, eshak emi – ekzema, teridagi qichishishlar kuzatiladi.
Ko`proq o`zida allergen saqlovchi mahsulotlar: (sigir suti, tuxum oqsili, tovuq go`shti, baliq, achchiq qalampir, asal, qizil mahsulotlar, uksus, mayonezlar, qulupnay, yong`oqlar, sitrus mevalar, dukkakli o`simliklar) ovqat allergiyasini keltirib chiqaradi.
Oziq-ovqat allergiyasining oldini olish.
- Muayyan mahsulotni sotib olishni va ulardan foydalanishdan oldin, yorliqdagi ingredientlar ro’yxatini ko’ring. Ko’p oziq-ovqatda sut, tuxum yoki er yong’oq kabi allergenlar bo’lishi mumkin. Ko’pgina mamlakatlar qonuniy ravishda allergen mavjud bo’lgan oziq-ovqat mahsulotlarini aniq belgilashni talab qiladi.
- Restoran va kafelarda ofitsantga qaysi mahsulotga allergiyangiz borligini aniq tushuntiring.
- Uyingizdagi hamma eshiklarni va derazalarni yopiq holda saqlang. Bu chang kirmasligi uchun yordam beradi.
- Ertalab yoki chang miqdori yuqori bo’lgan vaqtlarda ko’chaga kamroq chiqing. Shamolli kunlarda uyda qolish yaxshiroq.
- Mashina boshqarayotganingizda mashina oynalarnini yopib yurgan yaxshiroq. Havo filtri muntazam tozalanganligiga ishonch hosil qiling.
- Agar tashqariga chiqsangiz, uyingizga qaytganingizda kiyimingizni o’zgartiring va dush qabul qiling. Chang kiyimda, terida va sochlarda yig’ishi mumkin.
Bakterial allergenlar. Bakteriyalar ovqat bilan yoki nafas olganda organizmga yoxud teriga tushib, ko’pincha har xil yallig’lanish prosesslarini(angina, furunkulyoz), abssess (yiringli yara) larni paydo qiladi.
Kasallik paydo qiluvchi bunday bakteriyalar organizmda o’ta sezgirlik hosil qiluvchi alohida moddalar ajratib chiqaradi. Shunday qilib, tomoq yoki quloqning yiringli xronik yallig’lanishi bo’lgan odamda bronxial astma, eshakem, ekzema rivojlanishi mumkin.
Odam infeksiyaning surunkali o’chog’idan qanchalik tez holi bo’lsa, allergiyaga u shuncha kam chalinadi.
Irsiyatning allergiya kelib chiqishida ahamiyati yo’q, chunki allergik kasalliklar nasldan-naslga o’tmaydi. Ammo, allergiyaning nasl surishga moyil bo’lishini ham nazarda tutish lozim.
Faraz qilaylik, buva, ota yoki ona allergiya bilan og’rigan. Ularning farzandlari ham shunday kasallik bilan tug’iladimi? Yo’q, albatta. Bu ovqatlanish rejimiga, hayot sharoitiga, atrof muhitga, namlikka, dengiz sathi balandligiga, o’simlik dunyosiga va boshqa ko’p sharoitlarga bog’liq bo’ladi. Lekin shunga qaramasdan bu odamda kasallikka chalinish ehtimoli yuqori.
Organizmning allergenga nisbatan ancha sezgirlik xususiyati nasldan-naslga o’tadi.Masalan, bitta oilada buvada sigir sutiga allergiya, otada atirgul gullaganda tumov, onada— bronxial astma, ularning qizida— yungdan to’qilgan kamzul kiyganida allergik toshma toshgan, o’g’il esa sog’lom bo’lgan. Ko’rinib turibdiki, kasallik naslga bog’liq bo’lmay, balki organizmning allergenlarga bo’lgan sezgirlik oqibatidir.
Kasb-korga oid ekzema(allergiya)
Teridagi allergiya, masalan, ekzema simptomlari:
- Teri po’st tashlashi;
- Qichishish;
- Teri quruqlashishi;
Terida qizg’ish toshmalar toshishi
Kasb-korga oid ekzemaning ko’pchiligini teriga kuchsiz ta’sir etadigan moddalar paydo qiladi. Masalan, agar sog’ odam terisiga skipidar, novokain, penisillin eritmasi surtilsa, salbiy reaksiya kuzatilmaydi. Agar ana shu moddalar teriga bir necha oy yoki yil mobaynida takror-takror tushsa yoki tegib tursa, bora-bora nerv sistemasida o’zgarishlar ro’y beradi.
Organizmda shu moddalarga nisbatan o’ta sezgirlik boshlanadi. Natijada dastlab dermatit (terining yallig’lanishi) paydo bo’la boshlaydi, keyinchalik u haqiqiy ekzemaga aylanadi.
Kasbga oid ekzema rivojlangan dastlabki paytda u odatdagi ekzemadan farq qilmaydi. Kasbga oid ekzemaning kelib chiqishi bir guruh moddalarning teriga zararli ta’sir etishi natijasida ro’y bersa-da, kasalliknipg rivojlanishida bari bir bironta kasbga doir zararli modda asosiy o’rin tutadi. Odatda, allergik dermatitda, ko’pincha, aynan bir moddaga, masalan, xrom konlarida xrom metalliga nisbatan sezgirlikning oshishi katta rol o’ynaydi.
Agar teriga ta’sir etayotgan modda(xrom) yoki mikrobning zararli ta’siri o’z vaqtida yo’qotilmasa, u holda polivalent sensibilizasiya(allergizasiya) deb nomlangan holat sodir bo’lishi mumkin. Bunday bemor bir necha xil allergiya qo’zg’ovchi moddalarga sezgir bo’ladi va pirovardida, u uy-ro’zg’orda, sanoatda va boshqa joylarda uchraydigan allergenlar ta’sirida kasbga oid ekzemaga uchrashi mumkin.
Ko’pincha g’am-tashvishlar, ichki kechinmalar, ekzemani noto’g’ri davolash(o’z-o’zini davolash), binobarin, boshqa biror kasallik asoratlari bemor nerv sistemasi faoliyatiga salbiy ta’sir etadi va bunday holatda ekzemaning og’ir formasi ro’y berishi va bemorning ahvoli ancha og’irlashishi mumkin.
- Kosmetik va yuvish vositalarida saqlanadigan allergenlar
- Tirnoqni bo’yash uchun ishlatiladigan buyoq va laklar, labga surtiladigan pomada va pushti-qizil yog’upa, soch laklari va buyoqlari, kremlar va tualet suvi, sepma dori, losonlar va boshqa kosmetik vositalar allergenlarni ko’p saqlaydi. Yuvish vositalari va kir yuvish poroshoklari ham allergiyani paydo qilishi mumkin. Ko’pincha, allergik kasalliklarning yuzaga kelishida u yoki bu kosmetik vositalarning tarkibiy qismida«aybdor» ekanligini aniqlash juda qiyin bo’lib qoladi.
- Olimlarning kuzatishlaridan ma’lum bo’ladiki, kosmetik vositalar, buyoqlar, laklar ko’p hollarda bronxial astma, dermatitlar(terining yallig’lanishi), ekzema kabi og’ir allergik kasalliklarning kelib chiqishida yagona va asosiy sabab bo’lib xizmat qilmoqda.
Mog’or zamburug’i sporalariga bo’lgan allergiyani oldini olish
- Uyingizda mog’or zamburugi bor-yo’qligini tekshiring;
- Uyingizdagi suv quvurini tekshiring. Suv oqishi namlikni hosli qiladi, u esa mog’or zamburug’i uchun eng qulay muhitdir;
- O’zingizning kichkina mog’orlagan joylarni tozalashingiz mumkin.
- Maxsus xizmat oson erisha olmaydigan joylarda mog’orni tozalashga yordam berishi mumkin;
- Gipsokarton mog’orlagan bo’lsa, uni kesib, almashtiring;
- Barcha qattiq yuzalar mog’or bosmaganligiga ishonch hosil qiling;
- Uyingizdagi namli joylarda gilamlar to’shamang;
- Mog’orlangan gilamlarni almashtiring;
- Hammom yaxshi shamollashiga ishonch hosil qiling;
- Konditsionerlar uyni quruq saqlashga yordam beradi.
Go’dak yoshdagi(1 yoshgacha) bolalardagi allergiya bir qator xususiyatlari bilan ajralib turadi. Yangi tug’ilgan va go’dak bolalar organizmi ayniqsa hayotining birinchi yillarida hali kasalliklarga qarshi kurasha olmaydi. Biroq, ko’p hollarda bunday bolalarda diatez, ekzema tipidagi allergic kasalliklar sodir bo’ladi. Bunday hollarda homilaning ona qornida qanday sharoitda rivojlanganligi, onaning sog’lig’i, qanday kasalliklar bilan og’rigani, tug’ruqning kechishi, uning organizmiga tashqi muhitning, jumladan, kasbga doir zararli omillarning ta’sir etgan-etmaganligi alohida ahamiyatga ega. Ona organizmi va homilaning har xil tashqi muhit omillariga o’ta sezgirligi bir vaqtda paydo bo’lishi mumkin, chunki ona va homila organizmi o’zaro bir-biri bilan chambarchas bog’liq bo’ladi.Allergenlar homila organizmiga plasentar to’siqni yengib, qon orqali, chaqaloq organizmiga esa teri, nafas yoki me’da-ichak yo’llari orqali o’tadi. Homila yoki bola organizmi sekin-asta ma’lum bir begona moddalarga(allergenlar) sezgirligi orta boradi va pirovardida unda allergiya sodir bo’ladi. Go’dak yoshidagi bolalarda allergik kasalliklar va reaksiyalarning oldini olishdagi asosiy prinsip homilador ayol va emizakli onaning to’g’ri ovqatlanishini yo’lga qo’yishdir. Ayniqsa homilador ayollar va emizikli onalar tovuq tuxumi va haddan tashqari ko’p ovqat iste’mol qilmasliklari lozim. Qaynatilgan sigir sutini kuniga0,5 l dan ortiq ichish tavsiya etilmaydi, chunki sutni(10 minutdan oshiq) qaynatganda allergiya paydo qiladigan biologik aktiv moddalar parchalanadi.Go’dak bolalarning me’da-ichak faoliyatining normal ishlashi ularda allergiyani, ayniqsa ovqat allergiyasining oldini olishda katta ahamiyatga ega ekanligini unutmaslik zarur.Dispepsiya, ichak faoliyatining buzilishi, qabziyat kabilar ovqat allergiyasi paydo bo’lishiga qulay sharoit yaratadi. Go’dak yoshidagi bolalarda ovqat allergiyasini profilaktika qilishdagi muhim yo’l ularni faqat ona suti bilan boqish hisoblanadi.
Tez-tez shamollash kasalliklariga chalinib turish(yuqimli kasalliklarni aytmasa ham bo’ladi) bola organizmi sezgirligining oshib ketishiga olib keladi, ya’ni organizmni allergik reaksiyalar, allergik kasalliklarga «tayyorlaydi .Allergik kasalliklarga ayniqsa moyilligi bo’lgan bolalarning(yangi tug’ilgan yoki emadigan!) yashash sharoitiga alohida ahamiyat berish kerak. Kasal bola yashaydigan uyda keraksiz uy-ro’zg’or buyumlari, ayniqsa jun va mo’ynali narsalar bo’lmasligi, xonalar yorug’ va havosi toza, nihoyatda ozoda saqlanishi kerak. Uy changi ancha xavfli, chunki uning tarkibida jun, mayda soch, qasmoq kabi organizmning sezgirligini oshiradigan moddalar bo’ladi. Ular bola yuqori nafas yo’llariga yoki nozik terisiga tushganda tez ta’sir qiladi. Shuning uchun uy-joy, ro’zg’or asboblarini, mebel jihozlarini pol, gilam, poloslar, deraza tokchalarini, oynalarni doimo namlab artib turish darkor.
Ularni ko’tarib yig’ishtirayotgan paytda bemor bolani tashqariga— hovliga olib chiqish va uyni yaxshilab shamollatish lozim. Bolaning o’yinchoqlarini har kuni nam latta bilan artish yoki yuvib turish kerak.
Tukli, gazlamadan, sun’iy, gubka va boshqa yuvilmaydigan materiallardan ishlangan o’yinchoqlarni tash-lab yuborish zarur, chunki ular chang yig’adi.
Bola yotgan uyda kiyinib-yechinish mumkin emas, chunki bu chang ajralib, uy havosini ifloslashi mumkin. Uyda uy hayvonlari bo’lsa, ularni bolaning oldiga qo’yish mumkin emas.
Bola terining allergik kasalligiga duchor bo’lgan bo’lsa(bolalar ekzemasi, ekssudativ diatez), uning badan terisini nihoyatda ozoda tutish zarur. Ushbu kasalliklarning zo’rayib ketishiiing oldini olish maqsadida bola terisini patlar, mo’yna, jonivorlarning yungi, jun, ipakdan to’qilgan materiallar, sun’iy tolalardan ehtiyot qilish kerak. Bunday materiallarni mebel anjomlaridan va o’yinchoqlardan olib tashlash lozim. Par yostiqlarni, patlarni chang o’tkazmaydigan qalin materialdan tikilgan yostiq jildlariga joylanadi. Jun adyollarga albatta ip-gazlamadan tikilgan jildlar kiygiziladi. Ko’rpa-yostiq, choyshab, jildlar ip-gazlamadan yoki zig’ir tolasidan to’qilgan matodan tikilgan bo’lib, yaxshi yuvilgan va dazmollangan bo’lishi kerak. Yuqorida ko’rsatib o’tilgan materiallarning bola terisiga tegib turmasligi uchun, avval bolaga bevosita ip-gazlama yoki zig’ir tolasidan tikilgan ichki kiyim qiygiziladi va shundan keyingina ustidan yuqorida aytib o’tilgan matolardan tikilgan kiyim kiygizish mumkin.
Bilak, bo’yin va boshqa bo’g’imlar atrofidagi terini ayniqsa ehtiyot qilish lozim, chunki terining shu joylari ko’proq ishqalanadi. Bolani sayr qildirayotganda, parvarish qilayotganda, u bilan o’ynaganda terisiga yuqorida ko’rsatilgan matodan tikilgan katta kishilarning kiyimlari tegib ketishidan ehtiyot qilish zarur.
Bolani yuvintirganda shampun, yuqori sifatli sovun turlaridan foydalanmaslik kerak.
Yaxshisi, maxsus bolalar sovunidan foydalanish lozim.
Eshakem. Bu allergik reaksiyaning terida namoyon bo’lishidir. Uning asosiy belgisi pufakchalar hisoblanadi. Toshma toshishdan oldin o’sha joy qattiq qichishadi. Terini qashiganda qizarib ketadi, pufakchalar terining xohlagan joyiga toshishi mumkin. Toshmalar pushti-qizil rangli, ko’pincha yumaloq shaklda— kattaligi1 tiyinlikdan5 tiyinlikkacha yoki undan kattaroq bo’ladi. Pufakchalar kattalasha borib, o’zaro qo’shilib ketadi, turli shaklda bo’lib, ba’zi odamlarda birdan to yuztagacha yetishi mumkin.
Terining bo’sh joylaridagi(masalan, ko’z va jinsiy a’zolar atrofida) shish ko’pincha kattaroq bo’ladi. Buni katta eshakemi yoki Kvinke shishi deb ataladi.
O’tkir, surunkali qaytalovchi, surunkali tugunchali va bolalarda uchraydigan eshakemi mavjud. Ularning har birida har xil belgilarni kuzatish mumkin.
O’tkir eshakemi ko’pincha to’satdan paydo bo’ladi. Teri qattiq qichiydi, ko’p miqdorda pufakchalar paydo bo’ladi. Bemorning umumiy ahvoli qoniqarli bo’lsa-da, lekin ko’pincha kasallik isitma xuruji bilan boshlanib, harorat39—40″ gacha ko’tariladi. Buni eshakemi isitmasi deyiladi. Pufakchalar o’tkir eshakemida teri qoplamasining talaygina qismini qoplaydi. Kerakli dori-darmonlar bilan davolagandan so’ng pufakchalar yo’qoladi va eshakemi xuruji boshqa tutmaydi. Biroq ayrim bemorlarda toshmalar bir necha bor qaytalaydi.
Eshakemi bilan og’rigan bemorni muvaffaqiyatli davolash uchun eng avvalo kasallikning kelib chiqish sababi(allergen)ni aniqlash lozim. Ammo bunga hamisha ham erishib bo’lavermaydi.O`tkir eshakemi ko’pincha ovqatlanish rejimining buzilishi natsjasida ichak yo’llari orqali organizmga ko’pgina turli zararli moddalarning so’rilishi natijasida sodir bo’ladi. Shuning uchun birinchi navbatda bolaning ichagini tozalash kerak. Bir necha kungacha, ya’ni kasallik o’tib ketguncha bemorga asosan sut-qatiq, hamda o’simlik mahsulotlaridan parhez buyuriladi. Eshakemiga chalingan bemorlarni davolash yaxshi natija bermasa, dengiz suvida cho’milish ham foydalidir. Bolalarga konserva mahsulotlari, shirinliklar, tuxum, sitrus sharbatlari berishni cheklash lozim. Chunki bu mahsulotlar bola organizmi sezgirligini oshirib yuborishga va allergik reaksiyani qo’zg’ashga sabab bo’lishi mumkin. Bolaning ichi ravon kelishiga erishish lozim. Eshakemi kasalligi bilan kasallangan bolalarda gijjalar borligini tekshirib borish darkor. Agar bo-lada gijjalar topilgan bo’lsa, davoni kechiktirmay boshlash kerak.
Allergiyani tashxislash
Allergiyani aniqlashning bir necha yo’li bor. Shifokor bemorga allergiyaning kelib chiqishi, qachon paydo bo’lishi, alergiya simptomlari haqida savollar beradi. Bundan tashqari, oilaning boshqa a’zolarida allergiya bormi, deb so’raladi.
Allergiyalar uchun qator testlar mavjud. Quyida ba’zi misollar keltirilgan:
Qon tahlili— immunitet tizimi tomonidan chiqarilgan IgE antitanalari darajasini o’lchaydi. Ushbu sinov ba’zida radioallergersorbent testi (RAST) deb ham ataladi.
Terini tilish testi ham turli antibiotiklarni qabul qilishdan oldin test sifatida tanilgan. Terini shpritsning uchi bilan tirnaladi va bu joyga biroz kamroq alergen qo’llaniladi. Agar teri reaktsiyasi bo’lsa — qichishish, qizarish va shishish allergiya mavjudligini bildirishi mumkin.
Patch testi — dermatit bo’lgan bemorlarda (ekzema) qo’llaniladi . Belga shubha qilinayotgan allergen kerakli miqdorda maxsus metall disklarga qo’yilib biriktirilaldi. Shifokor 48 soatdan keyin terining reaksiyasi tekshiriladi va qaysi o`simlikka alergiyasi borligi aniqlanadi.
Bronxial astma. Bronxial astmaning tipik va xarakterli belgisi— nafas bo’g’ilish xurujlaridir. Ayrim kasallarda nafas bo’g’ilishdan oldin tomoq qirilishi, burun qichishishi, aksirish, yo’tal, ayniqsa nafas olish og’irlashadi. So’ngra nafas qisa boshlaydi, ayniqsa nafas chiqarish qiyinlashadi. Quruq yo’tal xuruji tutadi yoki u biroz balg’amli bo’lib, o’pkada yallig’lanish belgilari eshitiladi. Bronxial astma surunkali kasallik bo’lib, vaqti-vaqtida bemorning ahvoli og’irlashadi, ayrim hollardagina bemor o’zini biroz yengil his qiladi.
Xuruj paytida o’pkada ko’plab quruq xirillash eshitiladi. Xurujlarning og’irligiga ko’ra kasallikning yengil, o’rtacha va og’ir kechadigan turlari tafovut etiladi. Bronxial astmaning birinchi bosqichida bo’g’ilish xurujlari yengilroq o’tadi, kasallik aniq namoyon bo’ladi, ammo ro’yi rost bronxit alomatlari ko’pincha astmali bronxitni paydo qiladi. Kasallikning ikkinchi bosqichida doimiy nafas qisadi, natijada og’ir bo’g’ilish xurujlari paydo bo’ladi. O’rtacha og’irlikdagi xurujlarda ham bir qadar nafas bo’g’ilishi va teri qoplamalarining oqarishi kuzatiladi. Nafas shovqinli, xirillash aniq eshitiladi.
Bronxial astmaning ancha og’ir bosqichida tasvirlab o’tilgan alomatlar yanada keskinroq ifodalanadi. Bemor biror narsaga suyanib o’tirishga majbur bo’ladi, chunki shunday holat uning nafas olishini birmuncha yengillashtiradi. Teri nam, oqargan bo’ladi. Nafas oldiniga tezlashadi, keyin kamayadi, hushtaksimon xirillash uzoqroqdan ham eshitilib turadi.
Bemorning umumiy ahvoli og’irlashadi, majburiy holatni oladi, harakatlari cheklanadi, yurak ritmi buziladi, oyoqlarida shish paydo bo’ladi.
Astmaga chalingan aksariyat kasallarda xuruj yilning ma’lum vaqtlarida tutadi. Bu ko’pincha o’simlik va daraxtlarning gullash davriga to’g’ri keladi. Masalan, bahor faslida astma gullagan o’simlik va daraxtlarning gulchangi allergenlari, yozda har xil boshoqli o’tlarning allergenlari, kuzda— begona o’tlar tufayli sodir bo’ladi. Agar bu paytga kelib zax, nam ob-havo sharoitida yashasa, turli xil mog’or zamburug’larning allergenlari ta’siri ham qo’shiladi, deb xulosa chiqarish mumkin
Bronxial astmani davolash
Xozirda iqlim bilan davolovchi sanatoriylar bunyod etilgan va ularda davolash ishlari katta muvaffaqiyat bilan olib borilmoqda.
Bronxial astmani davolashda davo gimnastikasiga katta ahamiyat berilmoqda va u hamma yoshdagi bemorlar uchun davolash kompleksining zaruriy qismi bo’lib hisoblanadi. Davo gimnastikasi , buzilgan nafas funksiyasini tiklashga yordam beradi, balg’am ko’chishini osonlashtiradi, o’pka emfizemasining rivojlanishini yoki ko’krak qafasi va umurtqa pog’onasining noto’g’ri o’sishining oldini oladi, organizmning qarshilik ko’rsatish qobiliyatini oshiradi, nerv sistemasini mustahkamlaydi. Gimnastikadan tashqari ko’krak qafasini massaj qilish, suzish, uyqu oldidan sayr qilish ham foydalidir. Quyosh vannalarini qabul qilish tavsiya etilmaydi.Xurujlar tutmayotgan paytda va kasal o’zini yaxshi his qilayotganda suzish, konkida uchish, chang’ida yurish, eshkak eshish, turizm, yaqinroq masofalarga sayohat qilish sog’ayib ketishga ancha yordam beradi.Allergiyaga moyil odamlar ximik, farmasevt bo’lib ishlamasliklari, ular farmasevtika zavodlarida, nonvoyxonalarda, tabiiy ipak, paxta tozalash, jun to’qish va boshqa zavod va korxonalarda ishlashlari tavsiya etilmaydi.Keyingi paytlarda bolalarda ham bronxial astma tez-tez uchraydigan bo’lib qoldi. Odatda bolalar astma bilan2—4 yoshlarida og’riydilar. Bolalarda astmaning dastlabki belgilari ko’pincha astma oldi ko’rinishida yuzaga chiqadi va allergik ko’rinishlari(diatez, eshakem va hokazo) nafas olish yo’llarining qayta kasallanishi bilan xarakterlanadi. Bolalarda bronxial astma xurujlari formasidan qat’i nazar, odatda bir necha soat yoky kun mobaynida asta-sekin rivojlanadi, shunga qarab xuruj alomatlari davrini ajratish mumkin. Ya’ni xulq-atvor o’zgaradi(qo’zg’olish, haddan tashqari harakatchanlik yoki aksincha, bo’shashish, uyquchanlik), allergik xarakterdagi tumov, burun qichishishi, aksirish paydo bo’ladi va betinim yo’tal tutadi, salga nafas qisadi. Keyinchalik ahvol og’irlasha boradi va uning oldi olinmasa, bo’g’ilish xurujlari ko’rinishidagi astma rivojlanib ketadi. Xuruj vaqtida bola o’ziga qulay holatda o’tirishga harakat qiladi, ko’zi va yuzidan qo’rquv alomatlari sezilib turadi, qorachiqlari kattalashib ketadi. Terisi oqish-kulrang, og’iz atrofi ko’karib ketadi. Bo’g’ilish xurujlari tutib qolgan bolalarga ham xuddi kattalardagi kabi davo choralari ko’riladi.Bolalarda bronxial astmani profilaktika qilish har xil allergenlarga organizm sezgirligini kamaytirish va nafas organlari kasalliklarining oldini olishdan iboratdir. Yoshlikdan chiniqish va fizkultura bilan shug’ullanish, diatezni, bolalar ekzemasini erta aniqlash va davolash, tarkibida ovqat allergenlari saqlaydigan oziq-ovqat(shokolad, sitrus mevalari, tuxum va boshqa) larni iste’mol qilmaslik kerak. Profilaktik emlashlarga monelik qilgan hollarda emlamaslik va astmaning ilk bosqichida bolalarni to’g’ri davolash ushbu kasallikka qarshi kurashdagi asosiy davo profilaktika tadbirlari hisoblanadi.
Allergiya rivojlanishi uchun xavf omillari
Tibbiyotda xavf omillari deb kasallik yoki bemor holatini yomonlashtiradigan omillar tushuniladi. Ushbu xavf odamning qilgan narsasidan kelib chiqishi mumkin. Misol uchun, chekish o’pka kasalligi uchun xavf omilidir.
Quyida alergiyalar bilan bog’liq xavf omillarining ayrimlari keltirilgan:
- Oiladaastma bilan og’riydigan inson bo’lishi — sizning ota-onangiz, bobo-buvingiz yoki bobongizda astma bo’lgan bo’lsa, sizda ham allergiya rivojlanishi xavfi bor;
- Oilada allergiyaga duchor bo’ladigan inson bo’lishi — agar yaqin qarindoshingiz allergik bo’lsa, allergiya rivojlanishi sizda ham kuzatilish ehtimoli mavjud.
- Ota-onalar bolaning allergiyasi va favqulodda vaziyatlarda nima qilishlari to’g’risida bolaning maktabiga, bolalar bog’chasiga va boshqalarga xabar berishlari kerak.
Kundalik ratsionda mumkin:
1.Yog‘siz va qaynatilgan mol go‘shti, yormali va sabzavotli sho‘rvalar, sariyog‘, zaytun moyi, qaynatilgan kartoshka; 2.Bo‘tqalardan: guruchli, grechkali, gerkulesli; 3.Sut mahsulotlari: bir kunlik qatiq va tvorog; 4.Yangi bodring, petrushka, ukrop, olma, nok (qizil bo‘lmagan), mevali kompotlar(qizil bo‘lmagan); 5.Oddiy choy va oq non.
KUNDALIK RASIONDA TAQIQLANADI:
1.Sitrus mevalar (apelsin, limon, ananas), yong‘oqlar (eryong‘oq, bodom, xandon pista, baliq va baliq mahsulotlari (yangi va tuzlangan, ikra, konservalar, parranda go‘shti (o‘rdak, tovuq, g‘oz mahsulotlari, shokolad va uning turlari, qahva va dudlangan mahsulotlar, uksus, qalampir, mayonez va boshqa xushxo‘r mahsulotlar, xren, rediska, sholg‘om, tomat, baqlajon, qo‘ziqorin va tuxum, qaynatilmagan sut, 2.Qulupnay, qovun, shaftoli, tarvuz, malina, tut, zamburg‘ mahsulotlari, asal, dukkakli mahsulotlar( mosh, loviya va no‘xat); 3.Alkogol va alkogolli, rangli ichimliklar qat’iyat taqiqlanadi; 4.Ot go‘shti va uning mahsulotlari mumkin emas. 5.Qizil rangli mahsulotlar, qizil lavlagi, qizil olcha, gilos va hokazolar.