Post Views:
25
Ali ibn Ahmad ibn Muhammad Banokatiy husnixat sohibi – hattotlardan sanaladi. Qadimda Toshkentni Binkat, Banokat deb ham atashgan.
Banokatiy Bag‘dodda vafot etganligidan u kishi bu tomonga kelib ta’lim olgan ko‘rinadi. Banokatiy asarlari saqlanib qolmagan, lekin u ko‘chirgan asarlar bizgacha yetib kelgan. U arab tili, adabiyoti, falsafasini yaxshi bilgan fozil kishilardan bo‘lgan. Arab tilida yozilgan va u ko‘chirgan asar Ibn Sino (980-1037) va Nasiruddin Tusiy (vafoti 1273) lar qalamiga mansub.
Ma’lumki, Ibn Sino «al-Ishorot va at-tanbixot» degan asar yozgan. Bu asarga alloma Nasruddin Tusiy sharh bog‘lagan. Tusiy faqatgina mantiqshunos, faylasufgina emas, balki iqtidorli astronom, matematik ham edi. U yozgan asarida, u hoh original va hoh sharh asar bo‘lsin, albatta, o‘zi bilgan sohalar aks etishi turgan gap edi. Shu nuqtai nazardan qaraganimizda, Tusiy asarini ko‘chirish, uni tushunish va hattotning ilm-ma’rifati, saviyasi bilan bog‘liq bo‘lishi turgan gap edi.
Banokatiy ana shunday iqtidorli olim va hattot edi. U Nasiruddin Tusiy Ibn Sino asariga yozgan sharhi «Xall al-mushqilot al-ishorot» asarini ko‘chirgan. Shu ko‘chirilgan nusxa O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanadi. Asar zulhijja oyining uninchisida 669 yili ko‘chirilgan (21 iyun 1271), hajmi 270 varaq. Bu asar muallifining xayot vaqtida ko‘chirilgan. Kitob qo‘ldan-qo‘lga ko‘p bor o‘tgan ko‘rinadi, uning hoshiyasida yozilgan izohlar, so‘zlar shundan darak beradi.
Bu kitob sohiblaridan biri 12 muharram 772 yili (1370, 7 avgust) va boshqasi esa 907 yil zulxijja (1502, iyun) deb yozib qo‘yibdi. Keyingi yozuv egasiga asar xaj safarida qo‘lga tushgan.
Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan bu kitob nusxasidagi yozuvlarga qaraganda, bu kitob o‘lkama-o‘lka kezib, ko‘p joylarda bo‘lganligi va shu oradan o‘tgan yetti yuz yil ichida ko‘pchilik diqqat-e’tiborini tortib kelganligi ma’lum.
Toshkent allomalari va tarixiy shaxslari (ikkinchi kitob)
Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/ali-banokatiy-2/