Jahon ilmu faniga bebaho hissa qoʻshgan siymolardan biri Mirzo Ulugʻbekdir. XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab uning olimu podshohligi haqida koʻplab sheʼr, doston, qissa, roman, drama, ilmiy badialar yaratildi.
Xurshid Davron badiiy ulugʻbekshunoslikka “Algʻul” (“Sharq yulduzi”, 2013 yil, 1-son) tragediyasi bilan hissa qoʻshdi.
Asarda makon kengligi, vaqt aniqligi diqqatni tortadi. X. Davron Mirzo Ulugʻbek hayotining oxirgi kunini tasvirlaydi. Vaqt tigʻiz: tajribasiz yozuvchi shoshib qolishi, xarakterlar va sharoitni qorishtirib yuborishi mumkin edi. “Algʻul”da izchil marom, qahramonlar harakatlanadigan adabiy maydon, xarakterlarning betakror oʻzligi aniq seziladi. Dramaturg maydonni kengaytirib, qahramonlarni ixcham gapirtirib, izchil harakat qildirib nimaga erishadi?
“Algʻul” tragediyasida falsafiy mulohaza, voqea-qahramonlarni qiyoslash, uzluksiz rivojlanib, bir-birini toʻldirib borayotgan fikr tayanch nuqta vazifasini oʻtaydi. Dramaturg asarida ramz, qiyos, oʻxshatish koʻp. U asarning badiiy taʼsir kuchini orttiradi. “Algʻul” matniga quloq tutsangiz qayerdandir “Choʻli iroq”, “Tanovar”, “Segoh” singari kuylar borligʻingizni sehrlayotganday boʻladi.
Ulugʻbek va Ali Qushchi aro suhbatlarda badiiylikka chulgʻangan falsafiy qarashlar yoddan chiqmaydi:
Ulugʻbek. Huv anovi yulduz Baytul Javzodur. Xuddi gʻazabga mingan Abdullatif koʻzlariga oʻxshaydur!
Ali Qushchi. Shomliklar ani iblis koʻzi demishlar…
Ulugʻbek. Algʻul yulduzini bilursan, Ali.
Ali Qushchi. Filhaqiqat, Algʻul gʻalatdur. Uch kun yonib, soʻngra soʻnadi-da, yana paydo boʻlub avvalgidek porlab turaveradi.
Ulugʻbek. Koʻksimdagi iztirob ana shu Algʻulga oʻxshaydur, Ali! (60-bet)
Algʻul yulduzi, ruhdagi iztirob “Segoh” kuyi sehri sharhiga ulanib ketadi. Kuy haqidagi gap tragediya oxirigacha davom etadi. Asarga mantiqiy tarzda Toʻyjon timsolini olib kiradi.
Tragediya mantiqiy bogʻliq voqea-hodisa, timsol, personajlardan iborat. Asar uch samarqandlik suhbati bilan boshlanadi. Shaharliklar Ulugʻbek faoliyatidan, yurtdagi notinchlikdan boxabar. Lekin ularni turmush tashvishlari qiziqtiradi: “Men uchun zamin, oyu yulduz harakati emas, tegirmon toshining harakati muhimroqdir” (59-bet).
Ulugʻbek – “Algʻul”dagi voqealar markazi, bahs-tortishuvda yetakchi kuch. U Hoja Nizomiddin, Hoja Burhoniddin, Shamsiddin Miskinday saroyning tayanch kuchlari bilan uchrashadi. Bularning har biri oʻz vazifasini yaxshi biladi, vaziyatga koʻra ish yuritadi. Ota va Oʻgʻil aro murosasiz jang yetilmoqda. Amaldorlar Abdullatifga maktub joʻnatish tarafdorilar. Ulugʻbek – Temur nabirasi, gʻururi baland zot. Avval ham Abdullatifga maktub bitilgan – kelishuvga daʼvat qilingan. Oʻgʻil shitob bilan Samarqandga yaqinlashmoqda: otaga qarshi jangu jadalga oshiqmoqda. Ulugʻbek jangari oʻgʻilni yengishi tayin. Ammo u oʻz farzandiga qarshi jang qilishni ep bilmaydi. Podshoh qalbida iztirob avjlanaveradi. Qolaversa, saroy amaldorlarini tili bilan dili bir deb boʻlmaydi: doʻppi tor kelib qolsa, ulardan birontasi Abdullatif tomonga oʻtib ketishi mumkin. Buni donishmand, siyosat maydonida boʻlaverib pishib ketgan Ulugʻbek ham yaxshi anglaydi. Arkoni saroy bilan uchrashuv Ulugʻbek iztirobini kuchaytiradi.
Ulugʻbek Bobo Husayn Turkistoniy, Mironshoh Qovchin, Sultonshoh Barlos, Shoh Vali singari amirlar bilan uchrashadi, koʻnglida quvonch uchquni yaltiraydi. Nega? Bir toʻda amirlar Abdullatifga bosh urib bordilar, ayrimlar Abulxayrxon panohiga intiladilar. Eng dahshatlisi shundaki, Ulugʻbekning koʻkaldoshi, amir Vafodor qochib ketayotganida qoʻlga olindi. Ulugʻbek va Vafodorni donishmand Saroymulkxonim tarbiyalagan edi. Tragediyada amaldor, amirlar bilan uchrashuv, xoinu qochoqlar haqida maʼlumot olish Ulugʻbek gʻamiga gʻam, iztirobiga iztirob qoʻshadi. Podshoh har bir voqeani chuqur tahlil qiladi, amiru beklar qilmishini qalbidan oʻtkazadi. Asarda ostki – asosiy oqim va voqea-hodisalar sirti tasvirlangan. Kitobxon fikr-tafakkuriga qarshi ikki oqimni qiyoslab boradi. “Algʻul”ning tragediya sifatidagi mohiyatini ostki (falsafiy mushohadalar) va ustki (bevosita jarayon) oqim belgilaydi. Maydonning keng olinishi oʻy, qiyos, fikrlashga imkoniyat beradi. Timsol, personajlar (Ali Qushchi, Toʻyjon singarilar istisno – A. R.) ham ikki tilda gapiradilar: tilida bir gap, dilida boshqa oʻy. Ulugʻbek bilan uchrashganlardan Vafodorning onasi va Bobo Turkistoniy obrazi alohida ajralib turadi. Ona podshoh huzuriga nodon oʻgʻli qilmishi uchun uzr soʻragani keladi. Farzandi gunohidan oʻtishni soʻramaydi. Amir Vafodorni zahar berib oʻldirganini aytadi. Onaning bunday jasorati kamdan-kam uchraydi.
Bobo Husayn Turkistoniy, oʻzga amirlar singari, Ulugʻbekni nobakor oʻgʻilga qarshi jangga kirishga undaydi. Amirlar podshohga xiyonat qilmaydilar. Ayni damda Ulugʻbek oʻy-xayolini chulgʻab olgan fikrlarni anglamaydilar.
Ulugʻbek olim-faylasuf, tajribali yurtboshi, sarkarda, Amir Temur siymosini aniq tasavvur qiladi. U oʻz jigarbandiga qarshi maydonga chiqqan. Ota – yurtboshilarni, oqpadarlik tamgʻasini ilib Otaga qarshi kurashgan farzandlarni yaxshi biladi. Ulugʻbek tirik ekan, oʻgʻliga qarshi jang qilmaydi. Uning olimlik, odil shohlik eʼtiqodi shunday. “Algʻul”ning kuchli asarligi maʼrifat va jaholat aro kurash mudom davom etishida koʻrinadi. Shu gʻoya asarning oʻq tomirlaridan biri. Insoniyat, adolat, ezgu niyat bor ekan, mazkur gʻoya mangu yashayveradi. Maʼrifat nur manbai sifatida loqaydlik, xoinlik, beparvolik, dangasalik, ikkiyuzlamachilikni fosh etadi. Gʻoyaviylik illatlarga qarshi oʻt ochadi, ruhiy-maʼrifiy jasorat tomon undaydi. “Algʻul”dagi fidoyi amirlar Ulugʻbekka sodiqlikni har qanday yoʻsinda isbotlashga tayyor. Abdullatif – amir-beklar raqibi. Agar u otasiga qarshi kurashib taxtni egallasa, unga osoyishtalik, huzur-halovat begona. Bobo Turkistoniyning quyidagi gaplari ontday yangraydi: “Eshitinglar, shahzodaning bu yerdagi quloqlari ham eshitinglar: agar u Sizning joningizga qasd qilsa, Parvardigor haqqi aytaman, men uni sogʻ qoʻymayman. Ul nobakor Nizomiy hazratlari aytgan hikmatni unutmasun:
Shoh boʻlmas otani oʻldirgan odam,
Oshmas olti oydan agar boʻlsa ham”.
Yetuk asarda mantiq izchilligi muhim ahamiyat kasb etadi. Ulugʻbek Ali Qushchi bilan bir voqeani eslaydi. Ustoz va shogird bir avliyo devonaga duch keladilar. Ulugʻbek oʻz taqdirini soʻraydi. Shunda devona: “Seni Sheruya oʻldiradi,” – deydi. Sheruya – Nizomiy Ganjaviyning “Xusrav va Shirin” dostonidagi yetakchi obrazlardan biri. Yana bir fikr bor. Ulugʻbek zinhor yulduzlarga qarab fol ochmagan. Lekin uning ruhida yulduzlar bilan tillashish xususiyati bor. Baytul Javzo – Iblis yulduzida u Abdullatif ruhi, koʻzlaridagi yovuzlikni koʻradi. Uch kun yaraqlab turgach, yoʻq boʻlib ketadigan Algʻulda qalbida mudom davom etayotgan notinchliklarni anglaydi.
“Bashorat” hikoyasida Abdullaziz avlodi taqdirini Ulugʻbek aqlli kelini iltimosiga koʻra bexato aytib beradi. Ulugʻbek, garchi dunyoviy olim boʻlsa-da, yulduzlarning falakdagi joylashishiga koʻra vaqti-vaqti bilan bashorat qilib turardi. “Algʻul”da ulugʻ munajjimning bashoratlariga imo-ishora bor. Xurshid Davron tragediyasi Ulugʻbekning yuksak darajadagi olimligi, ilohiyot bilan bogʻliqligini ostki mazmun tarzida ifodalagan.
Na Maqsud Shayxzoda, na Odil Yoqubov, na Boʻrivoy Ahmedov ikki zid qutb kishilari – Ulugʻbek va Abdullatifni baqamti tasvirlagan. Xurshid Davron ota va oʻgʻilni qurol ishlatilmaydigan, har bir soʻz zaharlangan oʻq-yoy vazifasini oʻtaydigan maydonga olib chiqadi. Ulugʻbek qahr otiga mingan, farzandi qilmishini zinhor qoʻllamaydi. Ammo u otalik maqomidan pastlamaydi. Abdullatif maydonga gʻazab bilan kiradi, otasini yer bilan yakson qilib tashlashga tayyor. Uning asosiy, zaharlangan oʻq – yoyi shundaki, Ulugʻbek ichi qora, xudbin, isteʼdodli odamni, garchi farzandi boʻlsa-da, yoqtirmaydi. Abdurahim isteʼdodli edi. Shuning uchun u ota qahriga uchraganmish. Bechora Abdurahim oʻn ikki yoshida vafot etib ketmaganida ota gʻazabiga duchor boʻlardi. Abdullatif jon-jahdi bilan Abdullazizni yomon koʻradi. Ayniqsa uning valiahdlikka tayinlanishi ogʻani oʻrtab yuboradi. Unga tentak, maʼnaviy buzuq singari ayblarni yuklaydi. Yigirma beshga toʻlgan Abdullatif tezroq podshohlik tojini kiymoqchi. U oʻzining qattiqqoʻl boʻlib yetishishida Gavharshodbegim – Ulugʻbek onasi taʼsiri borligini qistirib oʻtadi. Abdullatif dadil, doʻq-poʻpisa bilan gapiradi. Ammo uning daʼvolari puch, dalillari asossiz. U Ulugʻbek hukmronligi paytida necha amaldor oʻldirilganini ham hisoblab yurgan. Abdullatif podshohni “Padari buzrukvor” desa-da, eng ashaddiy dushman ekanligini yashira olmaydi.
Tragediyada Ulugʻbek va Abdullatif aro fikr toʻqnashuvi kulminatsion nuqta vazifasini oʻtaydi. Maʼrifatli, fanda maktab yaratgan Ota johil, kaltabin oʻgʻlini haq yoʻliga bura olmasligini anglaydi. Aksincha, ichi qora, butun borligʻi-la taxtga intilgan Abdullatif qalb mayliga zinhor quloq solmaydi:
“Ulugʻbek. Hu, anavi yulduz Baytul Javzodur. Xuddi gʻazabga mingan Abdullatif koʻzlariga oʻxshaydur!
Ali Qushchi. Shomliklar ani iblis koʻzi demishlar”(60-bet).
Mantiqan, asar shu dramatik holatda tugaydi. Qon toʻkilmaydi. X. Davron asari shu jihatdan anʼanaviy tragediyalardan farq qiladi. Xususan, Maqsud Shayxzoda “Mirzo Ulugʻbek” tragediyasida Ulugʻbekning Sayyid Obid oʻgʻli Abbos tomonidan oʻldirilishi – qon toʻkilishini koʻrsatadi:
Abbos (choʻchib sipohlariga):
Jadal boʻling, tez otlaning, darhol ketamiz,
Mana qasos, mana sizga otamning xuni!
Ulugʻbek koʻksiga xanjar tiqadi (M. Shayxzoda. Asarlar. 6 tomlik. 3-tom, 252-bet).
Odil Yoqubov “Ulugʻbek xazinasi” romanida Ulugʻbekning oʻldirilishigina emas, balki padarkush Abdullatifning ham tigʻdan oʻtkazilishini tasvirlagan: “Niqoblarini yulib olgan bu ikki suvoriyning biri… amir Sulton Jondor edi. Ikkinchisi… yo rab! Xuddi tushida barkash koʻtarib kirgan navkarga oʻxshagan bu ikkinchi suvoriy… koʻpdan beri fitna qoʻzgʻab qochib yurgan Bobo Husayn Bahodir edi!…
Shahzoda jonholatda otining boshini burdi… toʻsatdan yelkasiga zarb bilan qadalgan oʻq-yoy uni bukchaytirgancha egardan agʻdardi…”(312-bet)
Tragediya yozishga qoʻl urgan adib qiyin yoʻlni tanlaganini biladi. X. Davron bevosita qon toʻkilishini koʻrsatmaydi. Qora rang, motamsaro kuyni maromida tasvirlab oʻziga xos tragediya yaratadi.
Ulugʻbek oʻlim ostonasida turganiga qaramay, rasadxonani toʻliq taʼmirlashni Ali Qushchiga topshiradi. Asosiy xazinasi – kitoblarni yashirib qoʻyishni shogirdidan oʻtinib soʻraydi.
“Segoh” kuyi tragediyadagi yetakchi obrazlardan biriga aylanadi. Ulugʻbek bir necha bor bu gʻaroyib kuyni tilga oladi: “Toʻyjon xonish qilgan “Segoh”ga quloq tutib oʻltirgan kezlarim yuragimni kaftimga olib tomosha qilgandek boʻlaman. “Segoh” alamimga, sirqirab ogʻrigan jonimga oʻxshaydur” (60-bet).
Fojeiy operada shunday ariyalar borki, ular musiqiy asar joni vazifasini oʻtaydi. Shoir Xurshid Davron hayot bilan vidolashayotgan Ulugʻbek ruhi, qalbi, jonini aks ettirmasligi mumkinmasdi.
Asar nihoyasida ixcham, ramziy voqea bor. Mirzo Ulugʻbek Hirotda tugʻilib, voyaga yetayotgan bola haqida Toʻyjondan soʻraydi:
“ – Podshohim, ul oʻgʻlonning ismi Alisherdur. Amir Gʻiyosiddin farzandi… volidasi dugonamdur, – dedi Toʻyjon” (86-bet).
Isteʼdodli Ulugʻbek mohir qoʻshiqchidan ertangi kunning yorugʻ yulduzi Alisher haqida soʻraydi.
“Algʻul” misoli ostin-ustun qavatli mustahkam bino. Yuqori qavat goʻyoki keng-moʻl sahna, ijrochilar oʻz rollarini ijro etadilar. Birinchi qavat maʼno-mazmun, matn osti, shovullab oqadigan daryo. Har ikki qavatda ramziy hayot joʻsh uradi, “Segoh” kuyi yangrab turadi. Holat, kayfiyat roʻy berajak fojiadan xabar berib turadi, “-dur”, “-men” singari qoʻshimchalar asar taʼsirchanligini oshiradi. “Algʻul” oʻzbek dramaturgiyasining nurli asari boʻlib qolishiga ishonamiz.
Abdugʻafur RASULOV
“Yoshlik”, 2014 yil 8-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/algul-yulduzi-iztirob-ramzi/