“Aldamang, oʻqimagansiz…”

yoxud Yodgor Saʼdiyevu Tom Kruz… “oʻynagan” oʻzimizning “kino”

 

“Oʻtkan kunlar”… Tizzalardan tushmay, oqshomdan sahargacha bekitiqcha, fonus yogʻdusida koʻzlardan yosh tirqirab oʻqilgan, yostiqlar ostida avaylab-asralgan, balchiqlar sachraganida ham gavhardek yarqirab turavergan, qatagʻonlar alangasidan qaqnus misol omon chiqqan, ne-ne oshiq-maʼshuqlarga muhabbat sabogʻini bergan, ne-ne allomai zamonlar hali-hanuz ming bir hayrat ila oʻrganib, toʻla-toʻkis kashf eta olmayotgan bu kitobning sehru sinoati nimada oʻzi? Yana qay bir asaru qay adibga bunday ulugʻ tole nasib etgan ekan?

…Bir tanishim xonadonida bir uy kitobi bilan maqtandi. “Oʻtkan kunlar”ni soʻrasam, “yoʻq edi”, – dedi.

“Boʻlmasa, kitobing yoʻq ekan”, – dedim unga…

 

Kumushbibining yetti libosi

…Bir gal bir guruh vohalik ijodkorlar safida vodiyga safar qilganimizda dovondan oʻtayotib, keyinroq Margʻilon koʻchalarini sayr etayotib ham, gʻalati bir hisni tuydim: goʻyo togʻu toshlar orasidagi yolgʻiz soʻqmoqda izgʻirinda chakmoniga oʻralgan otliq Otabek suyuklisi qoshiga oshiqib ketayotganday, atlasning vatani boʻlgan koʻhna kent guzarlarida Kumushbibi atrining ifori kezib yurgandek… Zavqlanib, yonimdagi hamkasbimga soʻz qotdim: “Moshinada shuncha ovora boʻldik, bu Otabek deganlari shuncha togʻu toshni oshib, Margʻilonga otda qatnaganmi?”. Hamkasbim jilmayib qoʻydiyu, mezbonlar qoshiga yetganimizda lutf bobida “uloqni ilib ketdi”: “Bunday dilkash va samimiy insonlar qoshida nafaqat Otabek singari ulovda, balki, dovon osha tizzalab, emaklab kelsang ham arzir ekan…”. Soʻz qudratini qarangki, mezbonlar zavqdan qiyqirib, hamkasbimning yelkasiga toʻn yopishdi…

Talabalik yillarimizda universitetdagi qattiqqoʻl domlalarimizdan biri shunday savol berib qoldi: “Oʻtkan kunlar”da Kumushbibi necha xil libosda namoyon boʻladi?”. Va ortidan qoʻshimcha qildi: “Kim birinchi boʻlib topib kelsa, “besh” qoʻyaman…”.

Bu “injiq” domladan “besh” olish uncha-buncha aʼlochiga nasib etavermaydigan sharaf edi. Shu bois koʻpchilik darhol “Kumushbibining koʻylagi”ni qidirishga tushdi. Menga esa bu topshiriq malol keldi. Nazarimda domlamiz bizni mazax qilayotgandek edi. Oʻyladimki, (“shu ham ish boʻptimi yigit boshimga…”), koʻylak qidirishdan nima maʼni, buning asar mohiyatini anglab yetishga qanday daxli bor?

Va nihoyat men ham koʻp qatori erinibgina romanni qayta titkilashga tushdim. Ishonasizmi, naq yetti marta oʻqibman, deng. Oxiri “koʻylaklar”ni topdim. Va Qodiriyning mahoratiga hamda bu sinovni oʻylab topgan domlamizning aqliga tasannolar aytdim.

Navoiy bobomizning “Lison-ut tayr” asarida oʻttiz qush Simurgʻni izlab yoʻlga tushadilar. Yoʻlda qancha-qancha mashaqqatlar chekadilar. Va oxiri manzilga yetganlarida Simurgʻ – “oʻttiz qush” – oʻzlari ekanliklarini anglab yetadilar. Oʻzlikni anglashdan saboq beradi bu asar…

Domlamizning jumbogʻini yechishda ham xuddi shunga oʻxshash holat bor ekan. Gap “Kumushbibining koʻylagi”da emas, Qodiriyning mahoratida ekan. “Koʻylak” bahona asarni qayta-qayta mutolaa qilish jarayonida uning yangi-yangi qirralarini kashf etarkansan kishi. Koʻpchilikning nazarida bu kitob Otabek va Kumushbibi oʻrtasidagi otashin muhabbat haqida. Aslida esa bu asar oʻsha davrdagi ijtimoiy-siyosiy voqealar, milliy ozodlik harakati, xalq turmush tarzi, maishiy hayoti… singari bir qancha mavzularni oʻzida mujassam etgan ekan. “Injiq” domlamiz esa bizga uni qayta-qayta oʻqitib, bor jozibasini teranroq his etishimizni istagan ekan, xolos…

Darvoqe, “koʻylak”-chi?”, deysizmi? Salgina hafsala qilsangiz, uni oʻzingiz ham topa olasiz. Eslatib oʻtamiz, biz yetti oʻrinda Kumushbibiga yetti libosda “duch keldik”. Masalan: “Toʻy. Qizlar majlisi” bobida “oq shoyi roʻmol, oq shohi koʻylak, oq zarrin poʻstin”…

 

Kino – kino, kitob – bu KITOB!

“Oʻtkan kunlar”ni oʻqiganman”, deb lof uradigan ayrim “kitobxon”larning yolgʻonini fosh etib, mulzam torttirish uchun, menimcha, ikki ogʻiz savolning oʻzi kifoya. Masalan, ulardan “Xushroʻybibi yoki “Koʻz ogʻrigʻi”, “Qovoq devona” kim?”, – deb soʻrab koʻring-chi? Yoxud “Usta Alim va Saodatning ishq dostoni qanday yakun topadi?”, – deng-a? Aniq bilaman, yelka qisib, yer chizib qolishlari tayin.

Nega deysizmi?

Chunki “oʻqiganman” deguvchilarning aksariyati kitobni faqat qoʻliga ushlab, hafsala qilganlari varaqlab koʻrishgan xolos. Men yuqoridagi kabi savollarni maktab, kollej oʻquvchilariga, talabalarga, hatto ayrim adabiyot muallimlariga berib koʻrib, javob ololmaganimdan soʻng shu xulosaga keldim. Sababi…

Ha, yashang, topdingiz. Ular… kinosini koʻrishgan. “Kitobini oʻqishim shartmi, shu bir xil gap-da?”, – deyishadi. Kinoda esa Saodat ham, Xushroʻybibi ham, “Qovoq devona” ham… yoʻq.

Nafsilamrini aytganda, asar asosida olingan badiiy film (birinchisini nazarda tutayapman) oʻta mahorat bilan ishlanganini oddiy kino muxlislaridan tortib, manaman degan ekspertlargacha yurak-yurakdan eʼtirof etishadi. Otabek va Kumush obrazlari ongu shuurimizga Oʻlmas Alixoʻjayev va Gulchehra Jamilova talqinida singib ketgan. Yoxud Zaynab deganda koʻz oldimizga Gulchehra Saʼdullayeva, Homid deganda esa Hamza Umarov kelishi ham bor gap. Sababi aniq – bu sanʼat ustalari oʻz obrazlarini mahorat bilan yaratishgan.

Filmning bu kabi muvaffaqiyatlarini, kino sanʼatining oʻrniyu ahamiyatini el qatori tan olgan holda bir gapni aytmoqchiman. Kino – kino, kitob – bu KITOB! Kinochilarimiz maʼzur tutishsinu, dunyoning Oskaru yana allambalo mukofotlar olgan manaman degan rejissyorlariyu aktyorlarini yigʻib keling, kitobni asl jozibasiyu tarovatini yoʻqotmagan holda kino yoki serial qilib berishning uddasidan chiqisha olmaydi. Birgina misol: Aleksandr Dyumaning “Graf Monte-Kristo”sining oʻnlab kinotalqinlari bor. Biroq ularni bir chekkaga yigʻishtirib qoʻyib, kitobning oʻzini mutolaa qilishga hafsala toping, shunchalik hayrat tuyasizki, uning kinotalqinidan bu hayratning yuzdan birini topolmaysiz (esimda, oʻt oʻchiruvchi boʻlib ishlaydigan bir qoʻshnim shu kitob haqidagi taassurotlarini oʻzgacha zavq va hayajon bilan soʻzlab bergandi).

Sizda ham shunday boʻlganmi – agar avval kinosini koʻrmagan boʻlsangiz, yaxshi asar oʻqiyotib, uning qahramonlari siymosini oʻzingizcha tasavvur etasiz. Oʻzingiz sezmagan holda, bilib-bilmay, shu asar asosida tasavvuringiz fazosida oʻz filmingizni yaratasiz. Bu filmning “rejissyor”iyu “prodyuser”i – oʻzingiz. Bosh qahramonlar “kasting”ini ham oʻzingiz oʻtkazasiz. Istasangiz, Yodgor Saʼdiyevni yo Raʼno Shodiyevani, hatto Tom Kruzni yo Ayshvariya Rayni “oʻynatishingiz” mumkin.

Mana, mutolaa tasavvuringizga qanchalik erkinlik baxsh etadi (“xayol qanday yaxshi, akangga oʻxshar…”).

 

Yusufbek hojining lutfi

Endi yana “Oʻtkan kunlar”ga qaytsak.

Yaqinda hamkasbim Maqsud Hamroyev (men bu insonni adabiyot bilimdoni, noziktaʼb kitobxon sifatida hurmat qilaman) bir gapni aytib qoldi:

– Filmda Yusufbek hojining mashhur iborasi bor: “Margʻilonda shunday kelinimiz bor ekan, biz bilmay yurgan ekanmiz-da…”. Eʼtibor berganmisiz, shu yerda jiddiy bir xato bor. Qodiriy asarda bunday deb yozmagan. Biz bilgan Qodiriy aslo bunday demasdi ham…

Esladim. Soʻng asarni topib, tekshirib ham koʻrdim. Mana, “biz bilgan Qodiriy” Kumushbibining Toshkentda hoji xonadonida kutib olinishi lavhalarini qanday tasvirlagan:

“ – Qani, bek otasi, koʻrmanani bering-chi! – dedi Oʻzbek oyim Kumushni imlab.

Kumush uyalib zoʻrgʻagʻina salom berdi va Yusufbek hojining yaqinigʻa kelib boʻyin egdi. Hoji qoʻli bilan Kumushning yelkasiga qoqib suydi va Kumushning manglayigʻa tegizib olgʻan oʻz qoʻlini oʻpdi:

Bizning Margʻilonda ham shunday kelinimiz bor ekan-ku, biz bilmay yurgʻan ekanmiz-da, – deb tevaragiga qarab kulindi va qoʻlini duogʻa ochdi. – Bizni shunchalik siylab kelibsizlar, bu yaxshiliqlaringiz bizdan qaytmasa, xudodan qaytsin. Olloh taolo yoshlargʻa tinch va barakatlik umr bersin. Ilohim, taqabbul duo…

Hamma duogʻa yuz siypashdilar. Soʻngra Yusufbek hoji Kumush bilan Zaynabka qaradi:

Men sizlarning koʻrishib turgʻanlaringizni koʻrib juda quvondim, – dedi. – Mundan soʻng ham shu yoʻsunda bir-birlaringizga egachi-singildek boʻlmoqlaringizni tilayman, – dedi va Oʻzbek oyimgʻa:

Qani, mehmonlarni ichkariga olinglar, – deb oʻzi tashqarigʻa burildi”.

Vaziyatga bir diqqat qiling-a. Oʻzbekona lutf, andisha, muomala, madaniyatni oʻz xonadonida qatʼiy nizomga aylantirgan Yusufbek hojidek odam margʻilonlik kelinini alqash uchun unga peshvoz chiqqanlar safida hammaning xatti-harakatiyu gap-soʻzini kundoshlarga xos anchayin kek, gina va alamzadalik bilan sinchiklab kuzatib turgan Zaynabning dilini ogʻritishga jazm eta olarmidi? Qolaversa, undan tili qisiqlik joyi ham yoʻq emas (bu yoqda oʻgʻli “uning qarshisida meni jonsiz bir haykal deb biling”, deb turgan boʻlsa). Shu bois ham hoji “Margʻilonda ham…”, deydi. Yaʼni uning lutfida “Toshkandda ham shunday kelinimiz bor…” degan maʼno ham zohir edi. Qarang, birgina “ham…”da qancha mazmun mujassam.

Mana bu – asl oʻzbekona lutf, andisha, takalluf…

 

* * *

Shubhasiz, kino – zoʻr sanʼat. Biroq kim nima desa, desinu, menimcha, baribir KITOBni kino qilib boʻlmaydi. Yuqorida aytganimday, har birimiz mutolaa asnosida oʻz kinomizni yaratganimiz maʼqul.

Darvoqe, “kinosi”da yoʻq ming bir holatdan yana biri. Otabekning Toshkentdan uylanganidan Homid qay tariqa xabar topadi? Adib Sodiq Toshkentdan Margʻilonga ot choptirib keladiyu, xojasidan “qaynoq xushxabar”ning suyunchisini oladi, deb bitishi, ovora boʻlib Qovoq devonayu Koʻz ogʻrigʻini jiqillashtirib oʻtirmasligi ham mumkin edi…

Biroq oʻshanda u Maqsud aka aytganiday “biz bilgan Qodiriy” boʻlmasdi-da…

Bu yogʻi endi boshqa mavzu…

 

Nuriddin EGAMOV

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/aldamang-oqimagansiz/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x