Albatta, bir nima sodir boʻladi

Haynrix BYOLL

 

Alfred Vunzidel fabrikasida xizmatchi boʻlib ishlagan paytlarim kechmish hayotimda gʻaroyib kunlar boʻlib muhrlandi. Tabiatan mehnatdan koʻra xayolparastlikka oshnoligim koʻproq va oʻzimni urintirishni xush koʻrmayman.

Onda-sonda mehmon boʻladigan moddiy qiyinchiliklar ham ha deganda meni tark etavermaydi – xayolparastlik ham bekorchilik kabi besamar boʻladi-da. Bir safar ilojsizlikdan bandlikka koʻmaklashuvchi tashkilotga umid bogʻlab bordim. Meni (oʻzim kabi yana yetti sherigim bilan) Vunzidel fabrikasiga ishga qabul imtihonidan oʻtishga joʻnatishdi.

Fabrikaning old koʻrinishiyoq ichimga gʻulgʻula soldi: fabrika boshdan oyoq shisha bloklardan qurilgandi. Mehnatni qanchalik yoqtirmasam, yorqin bino va xonalarni ham undan ortiq koʻrmayman. Bizni yorugʻ, bayramona bezalgan oshxonaga olib kirishganda, tashvishim yanada ortdi: muloyim ofitsiantlar bizga tuxumlar, qahva va qovurma burda nonlar keltirishar, koʻzni qamashtiradigan grafinlardagi apelsin sharbatlari kishini oʻziga chorlardi; yana tilla baliqchalar och yashil akvarium oynalariga dimogʻdor basharasini tirab turishini aytmaysizmi. Ofitsiantlar shu qadar xursand edilarki, xursandchilikdan yorilib ketguday, qoʻshiq aytib yuborishdan oʻzlarini zoʻrgʻa tutib turishgandek tuyulardi menga.

Xayolimga boshqa sheriklarim oʻylamagan gumonli fikr keldi: balki bu nonushta ham imtihonning bir bosqichi boʻlsachi; men, oʻz tanasini goʻyo tansiq taomlar bilan siylayotgan kishi kabi nonni astoydil, jon kuydirib chaynay boshladim. Undan keyin qilgan ishimni koʻrgan odam meni jinniga yoʻyishi mumkin: och qoringa apelsin sharbatidan ichdim, qahva va tuxumga qoʻl ham urmadim, qovurma burda nonning yirik boʻlagiga ham tegmadim, keyin oʻrnimdan turdim-u, oshxona ichida u yoqdan bu yoqqa shaxdam qadam tashlab yura ketdim.

Shunday qilib desangiz, imtihonga birinchi boʻlib olib kirishdi, u yerda shinam tuzalgan stollar ustida savolnomalar shay turardi. Devorlar yashil boʻyoq bilan shunday ziynatlangandiki, qoʻyaverasiz. Bu yerda hech bir zogʻ koʻrinmas, shunga qaramay meni kuzatishayotganiga ishonchim komil edi. Oʻzimni goʻyo hech kim kuzatmayotgan, mehnatga boshqorongʻi boʻlgan homiladordek tutdim: betoqatlik bilan ruchkamni sumkamdan sugʻura solib birinchi duch kelgan stol yoniga oʻtirdim va tutqanogʻi tutgan hisobchi kabi soʻrovnomani oldimga tortdim.

Birinchi savol: Bir insonda ikki qoʻl, ikki oyoq, ikki koʻz va quloq borligini mantiqan toʻgʻri deb hisoblaysizmi?

Shu oʻrinda men birinchi marta xayolparastligim mevalari hosilini yigʻib, zudlik bilan uni qogʻozga tushirdim: “toʻrt qoʻl, toʻrt oyoq va toʻrt quloq ham mening gʻayratim oldida kamlik qiladi. Esiz, inson tana aʼzolari bilan kam taʼminlangani achinarli.

Ikkinchi savol: Bir vaqtning oʻzida nechta telefonga xizmat koʻrsata olasiz?

Bu savolga javob berishim ham “ikki karra ikki”dek oson boʻldi. “Agar telefon yettitacha boʻlsa, – yozdim men, – balki zerikib qolarman, toʻqqiztasi balki chigalimni yozar”.

Uchinchi savol: Ish kuni tugagach, boʻsh vaqtingizda nima bilan band boʻlasiz?

Javobim: “Men ish kuni tugashini tasavvur qilolmayman, oʻn besh yoshga kirgan kunim “boʻsh vaqt” jumlasini lugʻatimdan oʻchirib tashlaganman, mehnat doim hayotimning mazmuni boʻlib kelgan”.

Meni ishga olishdi. Ochigʻi toʻqqizta telefon ham meni charchata olmadi. Goʻshakka baqirishimni aytmaysizmi: “Imillamay harakat qiling!” yoki “Boʻsh turmang! – Bir nima qilish kerak. – Bir nima amalga oshadi. – Bir nima amalga oshdi. – Bir nima amalga oshishi kerak edi”. Koʻpincha (muhitning taʼsirida boʻlsa kerak) – buyruq-istak mayliga amal qilardim.

Eng qizigʻi tushlik tanaffuslari edi. Biz oshxonada sassiz-sadosiz xurramlik bilan vitaminlarga boy taomlardan bahra olardik. Vunzidel fabrikasi shunday odamlar bilan toʻlgandiki, ular xuddi hormas-tolmas mehnatkashlar kabi oʻz tarjimai holidan hikoya qilishga mukkasidan ketgandilar. Ularning tarjimai holi ularga oʻz hayotidan ham muhimroq, bir tugmasini bossang bas, ehtiromga burkangan tarjimai hol ijrosini eshitasan.

Vunzidel rahbari Broshek ismli kishi boʻlib, oʻz vaqtida juda shuhrat topgan edi, chunki u talabalik paytidayoq yettita yetim bola va bir falaj ayolni boqqan, qolaversa, toʻrtta savdo vakolatxonasida muvaffaqiyatli amaliyotdan oʻtgan va uning ustiga ikki yil ichida ikkita davlat imtihonini aʼlo bahoga topshirib, oʻqishni tamomlagan edi. Muxbirlar undan: “Siz oʻzi qachon uxlashga ulgurasiz?” – deb soʻrashganda u: “Uxlash – bu gunoh!” deb javob bergan.

Vunzidelning kotibasi esa, bir falaj kishi va toʻrt bolani toʻquvchilik qilib boqqan va shu bilan bir vaqtda psixologiya va mamlakatshunoslik boʻyicha dissertatsiya yoqlagan, buyam yetmagandek ovcharka itlar boqqan va Vamp 7 nomi bilan barda qoʻshiqchilik qilgan.

Vunzidelning oʻzi shunday insonlar toifasidan boʻlganki, bundaylar ertalab uygʻonib ulgurmay, harakat qilishga bel bogʻlashadi. “Men harakat qilishim kerak”, – oʻylaydi ular vannaga kirayotib. “Men harakat qilishim kerak”, – oʻylaydi ular soqol olayotib, ular soqollarini olar ekan, sovun koʻpigiga burkangan ustara moslamaga tantanavor boqadilar: Bu qirtishlashdan toʻkilgan qillar ular harakatchanligining ilk qurbonlari boʻlmoqdalar. Hatto bilinar-bilinmas hodisalar ham ularda mamnuniyat uygʻotadi: suv shildiramoqda, qogʻoz ishlatilmoqda. Bir nima amalga oshmoqda. Non yeyilmoqda, tuxum paqqos tushirilmoqda.

Vunzidelning arzimagan kichik bir qimirlashi ham harakat boʻlib koʻrinadi: boshiga shlyapa qoʻndirishi, barmoqlari titraganicha paltosi tugmasini qadashi, xotinining yuzidan oʻpib qoʻyishi, hammasi mehnat.

U xonasiga qadam qoʻyishi bilan kotibasiga salom oʻrniga qichqiradi: “Bir nima qilinishi kerak!” Kotiba ham unga koʻtarinki kayfiyatda javob beradi: “Albatta, bir nima amalga oshadi!” Vunzidel keyin birin-ketin boʻlimlarni aylanib, hammaga “Bir nima qilinishi kerak!” nomli koʻtarinki jumlasini ulashadi. Hamma unga “Albatta, bir nima amalga oshadi!” deya javob qaytaradi. Men ham, u xonamga kirgan zahoti nurafshon qiyofada: “Albatta, bir nima amalga oshiriladi!” deb hayqiraman.

Birinchi hafta davomida xizmat koʻrsatadigan telefonlarim sonini oʻn bittaga yetkazdim, ikkinchi haftada oʻn uchtaga. Ertalablari tramvayda ketar ekanman, yangidan-yangi buyruq-istak mayllarini ixtiro qilib yoki “sodir boʻlmoq, amalga oshmoq” feʼllarini turli zamonlarda, turli nisbatlarda, istak mayli va aniq mayllarida kashf qilib rohatlanaman; ikki kun davomida faqat bitta gapni qaytardim, chunki uning shunday zer-zabar shaklini topib oldim: “Biror nima sodir boʻlishi kerak boʻlgan boʻlsa – boʻlsa ekan”, keyingi ikki kun boshqa bir gap: “Sodir boʻlishi mumkin boʻlmagan narsa boʻlsa – boʻlsa ekan”.

Shu zaylda rostdan ham bir nima sodir boʻlganday, oʻzimni holsiz seza boshladim. Qaysidir seshanba kuni fikrimni yigʻib ulgurmasimdan, Vunzidel xonamga kirib keldi va oʻzining “Bir nima qilinishi kerak!” iborasi bilan hayqirdi.

Uning yuzidagi gʻayrioddiy ifodaga tikilib, yozib qoʻyilganidek, xushchaqchaq va gʻayrat bilan “Albatta, bir nima amalga oshadi!” deyish tilimga kelmadi. Uzoq vaqt kalovlandim, chunki hadeb baqiravermaydigan Vunzidel menga qarab oʻkirar edi: “Javob bering! Yozib qoʻyilganidek javob bering!” Men esa sekingina, istamasdan, “men yomon bolaman” deyishga tili bormayotgan yosh bolaga oʻxshab javob berdim. Boʻgʻzimdagi gapim zoʻrgʻa sirgʻalib chiqdi: “Bir nima amalga oshadi!” Tilim kalimaga kelib ulgurmasidan, rostdan ham nimadir sodir boʻldi: Vunzidel toʻsatdan yerga yiqildi, u taraf-bu tarafga agʻanab, ochiq eshik roʻparasida koʻndalang yotib qoldi. Men qoʻrqa-pisa stolimni aylanib oʻtib unga yaqinlashganimda, koʻnglimdan oʻtgan gumon toʻgʻriligiga amin boʻldim: u jon taslim qilgandi.

Boshimni silkib, Vunzideldan uzoqlashdim, koridor boʻylab ohista yurib Broshek xonasiga yaqinlashdim va taqillatmasdan kirib bordim. Broshek oʻz yozuv stoli yonida oʻtirar, ikki qoʻlida ham telefon goʻshagi, ogʻzida esa sharikli ruchka bilan yon daftarga nimalarnidir qayd etar, yana shu bilan bir paytda yalangoyogʻi bilan stol ostidagi yozuv mashinkasini ishlatardi. Shu alfozda u oilasining bus-butun kiyinishini taʼminlardi. “Bir nima sodir boʻldi,” – dedim men sekingina. Broshek sharikli ruchkani tuflab tashladi, ikkala goʻshakni qoʻydi, oyoq barmoqlarini shoshmasdan mashinkadan oldi.

– Nima sodir boʻldi? – soʻradi mendan.

– Janob Vunzidel qazo qildi, – dedim men.

– Yoʻq, – dedi Broshek.

– Afsuski, rost, – dedim men, – bu yoqqa yuring!

Broshek: “Yoʻq, bunday boʻlishi mumkin emas”, – dedi-yu, mening ortimdan koridor boʻylab tuflisini shaloplatib sudragancha ergashdi.

“Yoʻq, – dedi u Vunzidelning jonsiz jasadiga koʻz tikib, – yoʻq, yoʻq!” Men unga eʼtiroz bildirmadim. Ehtiyotkorlik bilan Vunzidelni oʻgirdim, koʻzlarini yumib qoʻydim-da, unga oʻychan tikildim.

Qalbimda unga nisbatan iliqlikni tuydim va birinchi marta ich-ichimdan uni hech qachon yomon koʻrmaganimni his qildim. Uning yuzida goʻyo bolalar yuzidagi kabi oʻjarlik va qaysarlik ifodasi bor edi, xuddi oʻrtoqlarining dalillari har qancha ishonarli eshitilsayam, qorboboga boʻlgan ishonchidan voz kechmayotganday.

“Yoʻq, – takrorlardi Broshek, – yoʻq!”.

– Biror nima qilish kerak, – asta yuzlandim Broshekka.

– Ha, – dedi Broshek, – biror nima qilish kerak.

Bir nima chorasi koʻrildi: Vunzidel dafn qilindi, menga esa sunʼiy atirgullarni uning tobuti ortidan koʻtarib borishni bir ovozdan topshirishdi, chunki mening qonimda xayolparastlik va harakatsizlikka moyillikdan tashqari, jussam va yuz qiyofamda qora kostyumga monandlik ham bor edi. Ochigʻi men – Vunzidel tobuti ortidan qoʻlimda sunʼiy atirgullar bilan borar chogʻimda – salobatli, ogʻir-vazmin koʻrinardim. Shundan soʻng meni dafn marosimi bilan shugʻullanuvchi muassasaga taklif qilishdi. U yerda menga azador sifatida ishlashni taklif qilishdi. “Siz tugʻma motamsarosiz, – dedi menga muassasa rahbari, – sizni kiyim-kechak bilan taʼminlaymiz. Koʻrinishingiz – qoyilmaqom!”

Men Broshek bilan gaplashib, unga u yerda oʻn uchta telefonga xizmat qilib ham, mehnatga boʻlgan chanqogʻim bosilmayotgani, yetarlicha ishlab chigalim yozilmayotganini tushuntirdim. Oʻsha birinchi marta oʻzimni azador qiyofasida koʻrgan chogʻimda anglab yetdimki, bu aynan mening kasbim, aynan men uchun atalgan ish ekan.

Oʻyga tolib, kamtarona guldastani qoʻlimda tutgancha, xalq orasida uncha ommalashmagan motam kuyi chalinayotgan chogʻda kapella ortida turaman. Qabriston yonidagi kafe doimiy oʻtiradigan pakkam, rol oʻynagani chiqmagan paytlarim u yerda vaqt oʻtkazaman. Baʼzan zerikkanimda buyurtma berilmagan mayit ortidan boruvchilarga ham qoʻshilib ketaveraman, oʻz hisobimdan shartta guldasta sotib olaman-da, xudo yoʻliga yetim-yesirlar tobuti ortidan yurib ketaveraman. Vaqti-vaqti bilan Vunzidelning qabrini ham ziyorat qilib turaman, chunki mening chinakam kasbimni, xayolparastlik qadrlanadigan va hech narsa qilmaslik burchi boʻlgan kasbni kashf qilib bergani uchun undan bir umr minnatdorman.

Endi-endi bir narsa boshimni qotiryapti: Vunzidel fabrikasida nima ishlab chiqarilardi ekan?! Adashmasam sovun edi-yov!

 

Olmon tilidan Davronbek Mamarasulov tarjimasi

 

“Sharq yulduzi”, 2012–2

https://saviya.uz/ijod/nasr/albatta-bir-nima-sodir-boladi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x