Akvarel boʻyoqlari

Konstantin PAUSTOVSKIY

 

Bergning yonida “vatan” soʻzini aytishganlarida, bu soʻzning mohiyatini his qilib, tushunmaganligidan shunchaki kulib qoʻyar edi. Vatan – ota-bobolar yashab oʻt­gan muqaddas tuproq, insonning tugʻilgan joyi, de­yishadi. Aslida-ku inson dunyoning qaysi joyida tu­gʻilishining farqi yoʻqdek, masalan uning bir oʻrtogʻi Amerika va Yevropa oʻrtasida ummonda suzib ketayotgan da tugʻilgan edi.

– Bunday insonlarning vatanini qayerda deb atash mumkin? Nahotki ummon, shamol taʼsirida tundlashib, yurakka xavf-xatar solib dilgir etib turuvchi suv sathi boʻlsa? – deya oʻz-oʻziga savol berardi Berg.

U okean nimaligini yaxshi bilardi. Parijda su­rat chizishni oʻrganish uchun oʻqigan kezlarida La Mansh qirgʻogʻida yashagan edi. Oʻsha paytlar okean unga oʻta begona tuyulganligi hech yodidan chiqmaydi.

Ota-bobolar yashab oʻtgan joy! Berg u haqda oʻy­lar ekan, bobosi yashagan kichik Yevropada joylashgan oʻsha shaharchaga nisbatan ham qalbida oʻzi yoki bolalik chogʻlariga bogʻliq boʻlgan hech qanday oʻzgacha tuygʻularni his qilmaydi. Ammo, har gal xayol surganida Dnepr boʻyidagi oʻsha shaharchada yashab, umri davomida etikdoʻzlik qilgan bobosining koʻzlarini etik­doʻzlarning pishiq ipi va bigizi koʻr qilib qoʻy­gan­ligini eslaydi, xolos.

Qadrdon shahar, deganlarida esa, negadir uning koʻz oʻngida doimo rassom tomonidan yaxshi ishlov beril­magan, oxirigacha toʻliq chizilib ulgurilmagan, tu­raverib eskirib, rangi oʻchib ketgan surat gavdalanardi xolos. U qanchalik urinmasin, bu tuygʻuga nisbat­tan chang bosib qurib yotgan teraklar va oshxonadagi ovqatdan soʻnggi yuvindining yoqimsiz hidi, olis osmon bagʻrida suzib yuruvchi xira bulutlar yoki mashq paytida askarlar kazarmasidan eshitilib turadigan tur­li ovozlardan boʻlak boshqa narsalarni tasavvur qi­lolmasdi.

Fuqarolar urushi yillarida jang qilgan joylari, manzillarni aniq eslolmaydi.

– Mana, yaqinda oqlar qoʻlidan oʻzimizning jona­jon yerlarimizni, vatanimizni tortib olamiz. Ot­larimiz­ni qadrdon Don daryosining suvidan mi­riq­tirib sugʻoramiz, deya jangchilar koʻzlari chaqnab, qu­vonib uni quchib qutlashganida Bergning ensasi qo­tib:

– Qayoqda, bu gaplarning hammasi shunchaki safsata! Biz kabi insonlarning haqiqiy vatani yoʻq, boʻlgan ham emas, – degan edi kulib. Uning bu gapiga esa:

– Eh, Berg, qalbing bunchalar qattiq boʻlmasa! Sen judayam gʻalati insonsan. Sendan qanday qilib yangi hayotni barpo etuvchi jangchi chiqishi mumkin, qachonki sen oʻzing yashab turgan yerni, ona zaminni sevmasang. Sen bunday qalb bilan qanday qilib ham haqiqiy rassom boʻlishing mumkin axir! – deya, norozi ohangda javob berishgan edi jangchilar.

Balkim shu sababdan ham uning atrofini oʻrab turgan ajib tabiat oʻzining haqiqiy husni jamolini, tarovatini undan yashirib turgandir. Balkim shul sabab ham Berg qanchalik urinmasin, oʻzi sevgan peyzaj janri ustida ijod qilolmadi. Portret va nihoyat plakatlar janrini tanlab, shu yoʻnalishda ijod qilayotgan edi. Bir necha bor ijodiy yangi zamonaviy yoʻnalish izlab topishga harakat qildi, ammo barcha urunishlari tushunarsiz tarzda befoyda boʻlib chiqdi.

Umrining koʻp yillari xuddi shamol kabi oʻsha payt­­larda sovetlar mamlakati deb atalmish davlatlarda oʻtdi. Hayot charxpalagi esa taqdirning turli past-balandliklariga duch kelib, tinim bilmay aylanardi. Ammo, uning atrofini yangidan-yangi, Berg uchun unchalik tushunarli boʻlmagan muhabbat, nafrat, mardlik va albatta vatan tuygʻusi kabi hislar oʻrab turardi.

Erta kuz fasli edi. Shunday kunlarning birida Berg rassom Yarsevdan xat oldi. Xatda yoz paytini Muromsk oʻrmonlarida oʻtkazib, dam olishda davom etayotgan Yarsev uning ham kelishini taklif qildi. Berg Yarsev bilan doʻst edi. Buning ustiga anchadan beri Moskvadan boshqa joyga chiqmagandi. Borishga qaror qildi-yu, joʻnab ketdi

Vladimir shahridan keyingi stansiyada tor izli temir yoʻl poyezdiga oʻtib oldi.

Avgust oyi juda issiq va shamolsiz kelgan edi. Poyezd vagonining ichini qora javdar unidan tayyor­langan nonning yoqimli hidi tutib ketgandi. Berg va­g­onning zinapoyasida oʻtirib olib miriqib nafas ol­di. Goʻyoki uning koʻksi havodanmas, balki quyoshning ajib nurlaridan toʻyinayotgandek edi.

Ochilish mavsumi tugab, birin-ketin qurib borayotgan oppoq chinnigullar oʻsib yotgan keng dala bagʻrini chigirtkalarning ovozi tutib ketgan edi.

Yarsev odami yoʻq bu stansiyadan ancha olisda, katta koʻlning qirgʻogʻi boʻyida, oʻrmonchining yogʻoch uyini ijaraga olib dam olayotgan edi.

Berg minib olgan gʻildirakli arava qalin qum ustida qurib yotgan ildizlarni gʻichirlatib bosgancha, odimlab borardi. Oʻrmon orasidan zargʻaldoqlarning horgʻin xonishi eshitilib turar, sargʻaygan yaproqlar damba-dam yoʻl yuziga toʻkilar, osmonning olis bagʻrida tiniq bulutlar esa uzun boʻyli machtabop qaragʻaylar tepasida suzib yurardi.

Bir pasdan soʻng Berg aravada chalqanchasiga yotib oldi. Negadir uning yuragi ogʻir ura boshladi.

“Havo taʼsir qilayaptimikin”? – deya xovotirlandi Berg.

Shu chogʻ uning koʻzlari nogahon quyuq yastanib yotgan oʻrmon daraxtlari ortida moviy chayqalib turgan koʻlga tushdi. Koʻlning suvi mavjlanib hayratlanarli darajada xuddi ufq boʻylab koʻtarilayotgandek qiyalab yoyilib turardi. Uning ortida esa tuman ichra qayin butazorlar koʻzga tashlandi. Koʻlning ustida tarqalgan tuman yaqindagina boʻlib oʻtgan oʻrmon yongʻinidan paydo boʻlgandi. Suvning yuziga toʻkilib, yigʻilib qolgan yaproqlar uyumi esa qora qalin korton qogʻoz kabi suzib yurardi.

Berg koʻl boʻyidagi ushbu ajoyib qirgʻoqda bir oy yashadi. Bu joylarga u faqat dam olish maqsadida kelgan edi. Shuning uchun ham oʻzi bilan surat chizish uchun yogʻ boʻyoqlarini olib kelmagan, ammo har ehtimolga qar­shi bir qutichada Lefranka deb ataluvchi fransuz akvarel boʻyoqlarini olib kelgan edi. Parijda yashagan paytlaridan saqlab kelayotgan bu boʻyoqlarni juda ehtiyot qilardi.

Kuni boʻyi maysalar qoplab yotgan keng dala qoʻy­nida choʻzilib olib, undagi rang-barang turli oʻsim­liklar, gullarni zavqlanib tomosha qildi. Ay­niqsa al­laqanday mayda qop-qora mevachalarini qir­mizi gulkosalar bargi orasiga yashirib oʻsayotgan butachalar uning hayratini yanada oshirdi.

Berg namatak mevalari, ninabargli qora archalar, limon oʻtlari barq urib, xushboʻy taralib yotgan dala bagʻriga gilamdek toʻkilgan togʻ teraklarining uzun barglarini, nafis boʻy choʻzib, tebranib turgan chin­nigulllarni terib zavqlandi. U kuzgi yaproqlarni qoʻliga olib, diqqat bilan kuzatarkan, sovuq taʼsirida namchil sariq yaproqlar ohista kumushrangda qoraya boshlaganligining guvohi boʻldi.

Yon atrofini oʻrab turgan oʻziga xos ajo­yib manzaralar – koʻl yuziga urilib suv qoʻngʻizlarining uchib yurgani, xira tortib mavjlanayotgan toʻlqinlar bagʻrida baliqlarning oʻynab yurishi, mavsumning barq urib ochilib yotgan soʻnggi gullari xuddi toʻq rangli oyna ustida qotib qolgan kabi sokin suvning yuzida qalqib turgani uning hayratini yanada oshirib, qalbini maftun etib qoʻydi.

Shunday issiq kunlarning birida Berg oʻrmon ichidan kelayotgan gʻalati titroq ovozni eshitib qoldi.

Ovoz kelayotgan tomonga diqqat bilan quloq solarkan, vujudini allanechik xovotir bosa boshladi. U yoqdan goʻyoki jazirama issiqda quruqshagan maysalar, turli uchib yuruvchi qoʻngʻizlar-u, chigirtkalarning ovozi gʻalati ohangda qoʻshilib, oʻzgacha tovush kelayotganligini sezdi. Kunbotar tarafda koʻlning ustida esa turnalar galasi kur-kurlab, janub tomonga uchib ketayotgan edi.

Har doim turnalarning uchib ketayotganligini koʻ­rib qolishganida, uning yonida doimo hamrohlik qilib yurgan oʻrmonchining oʻgʻli Vanya Bergga qarab:

 – Menimcha qushlar bizni tashlab issiq taraflarga uchib ketayapti-yov, deb qoʻyardi.

Bu gal esa uning nazarida turnalarning oʻrmonni tark etib, uchib ketayotganligi goʻyo bu goʻzal, betakror makonga xiyonat qilayotgan sotqinlarning ishidek tuyulib ketdi va ularga nisbatan qalbida allanechuk norozilik hissini tuydi. Turnalar bunday suvlari zilol, moʻl-koʻl, sokin orolni, shunday koʻrkam bagʻri keng saxiy oʻrmonzorni, kuz qoʻynida barglari sargʻayayotgan butazorlar, ahyon-ahyonda bir maromda gumburlab turuvchi, kuz havosida oʻsimliklar yelimi aralash daraxtlarning xushboʻylari taralib turgan bu kabi qadrdon joylarni qanday qilib koʻzi qiyib tashlab ketish mumkin, deya oʻylardi.

– Gʻalati! – deya oʻz-oʻzicha koyindi Berg. Bu galgi kun sayin tobora siyraklashib borayotgan oʻrmonga qarab paydo boʻlgan koʻnglidagi bu norozilik hissi ilgarigidek kulguli tuyulmadi unga.

Shunday kunlarning birida Berg oʻrmonda sayr qilib yurganida Tatyana ismli kampirni uchratib, tani­shib qoldi. Soʻnggi kunlarda u bilan kuni boʻyi birga yurib, bamaylixotir aytadigan suhbatlarini tingladi.

Kampirning suhbatlaridan bu joylar oʻrmonning eng tinch, sokin joylari ekanligi va bu yerlar qadimdan oʻzining ijodkor rassomlari bilan nom chiqarganligi haqida bilib oldi. Tatyana atrofda oʻsib yotgan har xil butalarning nomlarini, bu yerda yasalgan qadimgi yogʻoch qoshiqlar, tilla va maxsus qizil boʻyoq surib tayyorlanadigan idishlarning nomlarini birma-bir aytib berdi. Berg bu atamalarni umrida birinchi marta eshitib turganligidan xijolat chekib, qizarib ketdi.

Berg tabiatan kamgap edi. U har zamon Yarsevga luqma tashlab qoʻyardi, xolos. Yarsev esa kuni boʻyi qir­gʻoq boʻyida oʻtirib olib, miriqib kitob oʻqirdi. U ham sevgan mashgʻulotidan xayolini boʻlmay, soʻzlashgisi kelmasdi albatta.

Sentyabrga kelib yomgʻir yogʻa boshladi. Maysalar ustiga tomayotgan yomgʻir tomchilari shildirab ovoz chi­qarardi.

Yomgʻirdan soʻng havo isigach esa, hamma yoqni qirgʻoq boʻyida oʻsayotgan qamishlarning yovvoyi va oʻtkir boʻyi xuddi hayvonlarning nam terisi kabi taralgan boʻy tutib ketdi.

Tuni boʻyi sokin oʻrmon qoʻynida xuddi kuz davomida uning taqdiriga shu oʻrmon mamlakatining ustidan maydalab tomchilab turish yozilgani kabi yomgʻir shigʻalab yogʻar, qorovulxonaning yupqa tomiyu, qaygadir eltuvchi yoʻllar, bu atrofdagi biror joy ham uning nazaridan chetda qolib ketmas edi.

Kunlarning birida Yarsev shaharga qaytishga chogʻ­landi. Bundan Bergning jahli chiqib, xavotirga tu­sha boshladi. Axir kuz mavsumining shunday ajo­yib qiziqarli pallasidan kechib, qanday qilib joʻnab ketish mumkin. Uning nazarida Yarsevning ketish toʻgʻ­risidagi bu istagi ham xuddi turnalarning bu joylarni tark etib, uchib ketayotgani singari xiyonatdek tuyulib ketdi. Nahotki, shunchaki bir yoʻsinda bu kabi keng oʻrmonlarga, zilol suvli koʻllarga, tarovatli betakror kuz fasliga va nihoyat iliq moviy osmonga, maydalab mayin yogʻayotgan yomgʻir tomchilariga xiyonat qilish shunchaki oson boʻlsa?

– Men hali ketmayman, shu yerda qolaman, – dedi, Berg qatiyan. – Ixtiyoringiz, siz qochib ketaverishingiz mumkin, ammo men bu yerdagi kuz faslining suratini chizishni istayapman.

Yarsev joʻnab ketdi. Ertasi kuni Berg quyoshning iliq, zarrin nurlari yuziga tusha boshlaganidan uy­gʻo­nib ketdi.

Tashqarida yomgʻir tingan edi. Daraxtlarning ma­yin soyalari toza, begʻubor dala bagʻrida titrab teb­ranar, eshikning ortida esa butun olam sukunat ichra feruza rangda tiniqib yogʻdulanib turardi.

“Yogʻdulanish” soʻzini Berg faqat shoirlar kitob­larida uchratgan edi. Va bu soʻzni shunchaki dabdabalar uchun ishlatiladi, deb oʻylardi. Ammo u shu tobda butun vujudi bilan tushunib, amin boʻldiki, bu soʻz aynan sentyabr osmoni va quyoshining manzarasi, suratiga berilgan taʼrif ekan.

Maysalar ustiga toʻkilayotgan har bir sariq yaproq quyosh nurida kumush kabi yaltirab turardi. Keng moviy koʻl yuzida sokin tuman suzib yurardi. Aylanib, bir maromda esayotgan mayin shamol esa dimogʻingizga soʻlib, quriyotgan oʻrmon maysalarining taqir, ammo yoqimli oʻziga xos xushboʻyini olib kelardi.

Berg choyini ham ichmasdan qoʻliga boʻyoq va qogʻoz olib, koʻl tomonga qarab ketdi. Vanya uni qirgʻoqning yanada sokin, olis tomoniga oʻtkazib qoʻydi.

Negadir Berg juda shoshilardi. Atrofga razm solar ekan, oʻrmon ustiga qiyalab tushayotgan quyoshning nuri uning nazarida xuddi bir tutam kumush tolasini eslatib yubordi. Havo ochiq. Feruza osmon bagʻrida soʻnggi qushlar oʻychan xonish qilar, siyrak, tiniq bulutlar esa koʻkning eng yuksak joylariga koʻtarilib tar­qalayotgan edi.

Berg yanada shosha boshladi. Shu tobda bor qo­bi­­liyatini ishga solib, boʻyoq ranglarining qudrati, ni­gohlarining ziyrakligi-yu, hamma-hammasini to­ki qal­­bining tub-tubida titrab turgan sirli tit­roq­­lar­gacha qoʻlidagi qogʻozning yuziga toʻkib, koʻrkam va sa­­lobatli oʻrmonning ulugʻvor va soʻzsiz, xokisor toʻ­ki­la­yotgan paytdagi uning suratini tasvirlamoqni ni­yat qildi.

Berg allaqanday qoʻshiqni kuylay boshladi. Soʻng­ra bor ovozi bilan goʻyoki faryod qilib, butun vujudi bilan ishga shoʻngʻidi. Uni hech qachon bu holatda koʻrmagan Vanya, beixtiyor uning har bir harakatini kuzata boshladi. U Berg ishlayotgan boʻyoqlarning suvini damba-dam almashtirib, qutichadagi boʻyoqlar solingan chinni idishchalarni birin-ketin tutib turdi.

Sukunat ichra koʻz ilgʻamas gʻira-shiralik bir damda beixtiyor yaproqlar yuziga kelib qoʻndi. Barglardagi zarrin ranglar jilosiga xiralik tusha boshladi. Havo ham tundlashib borardi. Olisdan eshitilayotgan dahshatli shuvillash oʻrmonning u tomonidan bu tomoniga aylanib, qayerdadir tinib qoldi. Bu holatdan xavotirga tushgan Berg joyida qotib turardi.

– Momaqaldiroq boshlanadi! Uyga ketish kerak! – deya qichqirdi Vanya.

– Kuzgi momaqaldiroq, – deya, qaytardi Berg va xayolini buzmaslikka harakat qilib, berilib surat chi­­zishda davom etdi.

Ammo, momaqaldiroqning navbatdagi gumburlagan ovozi butun osmonni larzaga keltirib yubordi. Tim qora suvning yuzi bir qalqib tushgandek boʻldi goʻyo. Oʻrmon ichra quyoshning soʻnggi shuʼlalari hali ham yaltirab, yogʻdulanib turardi. Berg yanada shoshila boshladi.

Vanya uning ortiga ishora qilib, qoʻlini choʻzgancha:

– Orqaga qara, qara, qanday qoʻrqinchli! – dedi.

Ammo Berg negadir orqasi tomonga oʻgirilishga shoshmadi. Orqa tomonidan bosib kelayotgan chang-toʻ­zon aralash qorongʻulikni goʻyoki yelkalari bilan sezib turardi. Allaqachon jala taʼsiridan yaproqlar uchib, aylanib yerga tushayotgan edi. Shundan soʻng mayda oʻrmon chugʻurchuqlari qoʻrquvdan pastlab ucha boshladilar. Bir necha boʻyoq surish qolganligi tufayli Berg juda shoshib, ishida davom etardi.

Vanya uning yoniga kelib, qoʻlidan mahkam ushlab oldi. Berg shu dam shiddat bilan gumburlab kelayotgan ovozni eshitdi. Uning ortidan goʻyoki okean oʻrmonni bo­sib toshib kelardi.

Shunda Berg koʻl yuziga qop-qorongʻu tuman qoplab olganini koʻrdi. Qoʻlining ustiga birinchi ogʻir tomchi kelib urildi. Soʻngra chaqmoq aralash sharros jala quya boshladi.

Berg chizgan suratini tezda yashikka joylab, eh­tiyotkorlik yuzasidan kurtkasini ham yechib yashikning ustidan oʻrab oldi. Qoʻliga esa akvarel solingan qu­tichani olib, yoʻlga tushdi. Uning yuzlariga chang ara­lash yomgʻir tomchilari kelib urilar, boʻron aylanib, uchirayotgan namchil yaproqlarni yuzi aralash koʻz­la­riga yopishtirardi.

Chaqmoq gumburlab, yonidagi qaragʻay daraxtini sil­­tab, larzaga keltirdi. Bu manzaradan Berg oʻzini yoʻqotib, bir dam gangib qoldi. Jala osmonning shundaygina pastak joyidan quyardi goʻyo. Ular Vanya bilan panaga qochishdi. Yomgʻirdan ivib, sovuqdan dir­dirashib, bir soatlardan keyin qorovulxonaga yetib kelishdi. Qorovulxonaga kelganlarida Berg qoʻ­lidagi akvarel solingan qutiga koʻzi tushdi. Uning ichidagi Lefranka boʻyoqlari tushib qolgan edi. Berg boʻyoqlarni ikki kun jon-jahdi bilan qidirdi, ammo topolmadi.

Moskvaga kelganidan ikki oy oʻtib, yirik qingʻir-qiyshiq harflar bilan bitilgan maktub oldi.

“Salom oʻrtoq Berg, – deya yozardi Vanya. – Siz ketganingizdan soʻng ikki hafta davomida hamma yoqni titib, boʻyoqlaringizni qidirib topdim. Uni nima qilay, sizga qanday yetkazay? Oʻsha yomgʻirdan soʻng qattiq shamollagan ekanman. Endi oʻzimga keldim. Otamning aytishicha shamollash oʻpkamga oʻtib ketibdi. Shu tufayli sizga bir oz kechikib xabar berayotganim uchun mendan xafa boʻlmang.

Agar iloji boʻlsa menga bizning oʻrmonimiz, har xil daraxtlar haqidagi kitob va rangli qalam yuborsangiz. Mening ham judayam surat chizgim kelayapti. Hozir biz taraflarda qor ham yogʻib ulgurdi. Qaysi archaning tagiga qarasangiz quyonchalar oʻtirganini koʻ­rasiz.

Sizni yoz chogʻida yana bizning qadrdon joylari­mizga taklif qilib, kutib qolamiz. Salom bilan Vanya Zotov”.

Berg Vanyadan kelgan xatga javob sifatida unga oʻzi ishtirok etadigan koʻrgazmaning taklifnomasini yubordi.

Bu taklifnomani yaqindagina unga olib kelib berishib, undan esa koʻrgazmaga qoʻyadigan ijodiy asarlarining nomlarini va ular toʻgʻrisida maʼlumot soʻ­rashgan edi.

Berg stolga joylashib olib “Koʻrgazmaga bu yozda ishlagan akvarel etyudim – birinchi badiiy manzaramni qoʻyaman”, degan javob yozib yubordi.

Yarim kechasi. Tashqarida yogʻayotgan oppoq momiq qor deraza rafiga tushib, koʻchadagi chiroqlarning fusunkor yogʻdusida koʻzni qamashtirgudek yaltirab turibdi. Devorga osib qoʻyilgan soat sokin va bir maromda urar, kimdir esa qoʻshni xonadonda royalda Grigning sonatasini chalardi. Asta-sekin musiqaning dilgir sadosi butun xonadonni tutib ketdi.

Berg Vanya haqida oʻylar ekan, jilmaygancha uzoq oʻtirdi. U topib olgan Lefranka boʻyoqlarini Vanyaga sovgʻa qilmay boʻladimi axir!

Ayni damda Berg qalbida yanada tiniqib, yoqimli zavq bagʻishlab paydo boʻlayotgan sirli, tasvirlash qi­yin boʻlgan vatan tuygʻusini dildan his etishni, sezishni, kuzatishni istayotgan edi. Bu tuygʻu uning qal­bida uzoq, oʻn yillab choʻzilgan inqilob yillari davomida kamolga yetgan boʻlsa ajab emas. Yoki yon-atrofi oʻrmonga burkangan, kuz qoʻynida sirli mavjlanib turgan sokin koʻlmi, uning ustida uchib, kuylangan turnalar qoʻshigʻimi yoki bolakay Vanya Zotov sabab boʻldimikin? U qalbini qamrab olib, gʻalayonga solayotgan bu savollarga javob topishga unchalik urinib oʻtirmadi. Uning yodiga nogoh jangchilarning:

– Eh, Berg, qalbing bunchalar qattiq boʻlmasa! Sen judayam gʻalati insonsan. Sendan qanday qilib yangi hayotni barpo etuvchi jangchi chiqardi, qachonki sen oʻzing yashab turgan yerni, ona tuproqni sevmasang, – degan soʻzlari tushib ketdi.

Ha, haqiqatan ham jangchilar haq edilar. Berg qalbida paydo boʻlgan vatan tuygʻusiga butun vujudi bilan mana endi amin boʻldi. Shu tobda u goʻyo oʻzi yashab turgan mamlakatga nafaqat ongi-shuuri yoki inqilobga boʻlgan sadoqati, balki bir ijodkor rassom sifatida butun qalbi, yuragi, vatanga boʻlgan muhabbati uni nafaqat ulgʻaytirganini sezdi, balki uni qayta dunyoga keltirgandek edi goʻyo. Ayni chogʻda shunchaki qup-quruq, maʼnosiz boʻlib tuyulgan zerikarli hayoti zavqu shavqqa toʻlib, oldingiga koʻra yuz bora goʻzal va qadrli boʻlib tuyula boshladi. Uning bor vujudini zabt etgan vatan tuygʻusi, qalbini toʻldirib kelayotgan hayot zavqi yanada goʻzallikka intilib, miriqib yashashga undayotgan edi.

 

Dilorom Abdurahmon tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 5-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/akvarel-boyoqlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x