Aksolotl

Xulio KORTASAR

 

Aksolotllar toʻgʻrisida obdon oʻylagan vaqtlarim koʻp boʻlgan. Botanika bogʻidagi akvariumga borar va ularning sezilar-sezilmas harakatlaridan, qotib turishidan koʻz uzmay, soatlab tikilib turardim. Endi oʻzim ham aksolotlman.

Ularni uchratib qolishim bir tasodif bilan bogʻliq boʻlib, uzoq choʻzilgan qishdan keyin Parijning bamisoli tovusdek tovlana boshlagan paytiga toʻgʻri keldi. Men Por-Royal bulvaridan oʻtib, Sen-Marsel va L’Opti-mal bulvarlarini ortda qoldirarkanman, kulrang tekisliklar oʻrtasidagi yashillikka koʻzim tushdi va xayolimga arslonlar keldi. Menga arslonlar va sirtlonlar yoqar, ammo shu paytgacha hali biror marta ham akvariumning zax va namchil binosiga qadam bosmagandim. Velosipedimni chetan toʻsiqqa suyab qoʻyib lolalarni tomosha qila boshladim. Arslonlar tasqara va gʻamgin, mening sirtlonim esa uyquda. Akvariumga kirishga qaror qildim. Rosmana baliqlarga shunchaki koʻz qirimni tashlar ekanman, kutilmaganda aksolotllarga toʻqnash keldim. Bir soat davomida ularni kuzatib dalaga chiqqanimda allaqachon aksolotllardan boshqa hech narsani oʻylashga qodir emasdim.

Ilohiy Jenevyev kutubxonasida lugʻat varaqlab oʻtirib angladimki, aksolotllar – amblistomlar turiga mansub boʻlgan jabrali yoʻlbars amblistomlari ekan. Ularning Meksikaga mansubligini esa kichkinagina qizgʻish basharalaridan hamda akvarium tepasidagi yozuvdan bilib oldim. Afrikadan ularning qurgʻoqchilik boʻlganda quruqlikda va yomgʻirlar mavsumida suvda yashay oladigan turi ham topilganligini lugʻatdan oʻqidim. Ularning ispancha nomini ham topdim, “oxolote” ekan, lugʻatda eslatilishicha bu jonivorlar isteʼmolga yaroqli va ularning yogʻidan baliq moyi oʻrnida (menimcha hozir ishlatilmasa kerak) foydalanilarkan.

Boshqa maqolalarni oʻqigim kelmadi, shunday boʻlsa-da, ertasi kun yana Botanika bogʻiga yoʻl oldim. U yerga har kuni ertalab, baʼzida ham ertalab, ham kechqurun boradigan boʻldim. Akvarium farroshi ensasi qotgan kuyi iljayib yirtardi mening pattamni. Men esa shisha devorlarni muhofaza etib turgan temir toʻsiqqa suyangancha ularga qarardim. Buning hech qanday ajablanadigan joyi boʻlmasa-da, ularga ilk dafʼa koʻzim tushgandayoq angladimki, biz bir-birimizga bogʻliqmiz, qandaydir cheksiz uzoqlarda qolgan va unutilgan bir narsa hamon bizni tutashtirib turishda davom etardi. Buni anglash uchun oʻsha kuni ertalab shisha devor oldida bir dam toʻxtash va suv boʻylab yuqoriga koʻtarilayotgan pufaklarga bir qarashning oʻzi yetarli boʻlgandi. Akvariumning jirkanch va diqqinafas (faqat men bilardim u qanchalar xunuk va diqqinafasligini) tagligida qotib yotgan shilamshiq toshlar orasida toʻplanib turishardi aksolotllar. Ular jami toʻqqiz dona boʻlib, hammasi tumshuqlarini shisha devorga tiragancha, oltinrang koʻzlari bilan tomoshabinlarni kuzatardilar. Sukut saqlayotgan va akvarium tubida tartibsiz tarzda qotib qolgan bu jonzotlar oldida kekkayib turganimdan xijolat chekar va oʻsal holatga tushib qolgandim. Xayolan ulardan birini, biroz oʻngda, boshqalaridan ajralibroq turganini tanlab oldim-da, diqqat bilan oʻrganishga kirishdim. Uning qizgʻish va shaffof tanasida (xuddi sutrang shishadan yasalgan Xitoy haykalchalariga oʻxshash) biz – aksolotllarning eng sezgir qismimiz boʻlgan, baliqlarnikiga monand, ammo ayni paytda oʻn besh santimetrli kaltakesaknikiday murt dumi bor edi. Qirorqasi boʻylab oʻtgan shaffof suzgichi dumiga tutashib ketgan boʻlib, nozik, bejirim kichkinagina panjalari, insonlarnikiday tirnoqchalaridan tamom hayratda edim. Shunda uning koʻzi va yuzi eʼtiborimni tortdi. Oltin kabi yaltiroq, ammo har qanday maʼnodan mosuvo, shunday boʻlsa-da, koʻrishga qobil igna toʻgʻnagich boshiday keladigan bir juft tillorang nuqtadan sizib oʻtgan nigohim sirli va harir boʻshliq ichra jo boʻldi. Koʻzlar tegrasini oʻrab turgan juda nafis qora nur gardish uning gulobi gavdasi va shu rangdagi uchburchak, suyrisimon va vaqtlar oʻtishi bilan yemirila boshlagan boshiga juda monand edi. Uchburchak ogʻzi yuz qismining tugagan joyida, yaʼni naq iyagida joylashgan, yon tomondan qaraganda bir nav koʻrinsa-da, oldidan jonsiz tosh ustiga tortilgan ingichka chiziqday tuyulardi. Boshining har ikkala tomonida quloqlari oʻrnida – jabrasi boʻlsa kerak – suvosti marjonlariga oʻxshash uch donadan qizil butoqcha oʻsib chiqqan edi.

Har oʻn-oʻn besh soniyada butoqchalar keskin bir silkinib koʻtarilar va yana yotar, faqat ana shularga qarabgina uning tirik mavjudot ekanligini anglash mumkin edi.

Vaqti-vaqti bilan oyoqchalaridan biri bilinar-bilinmas harakatga kelardi, men uning moʻjazgina panjalari suvosti oʻtlari ustiga ohistagina bosilganini koʻrdim. Biz umuman tepsa tebranmas maxluqlarmiz, koʻp harakat qilishni yoqtirmaymiz, buning ustiga akvarium ham juda tor, oʻrningdan qoʻzgʻalishing bilan kimningdir dumiga yoki boshiga tegib ketasan, bu esa noroziliklar va janjallarga sabab boʻladi, pirovardida – toliqasan. Harakatsiz tursang vaqt oʻtganini sezmaysan.

Men ilk marta akvariumga qaraganimda aynan ana shu harakatsizlikdan sehrlanib qolgandim. Nazarimda, uning cheksizlikni va vaqtni ana shunday befarq harakatsizlik bilan suvga gʻarq qilishdek sirli istagi borligini gʻira-shira payqab qolgandim. Keyin men tushundim: jabralar harakati, nozik oyoqchalarning toshga ohista bosilishi, toʻsatdan boʻladigan silkinishlar (ulardan ayrimlari gavdasini toʻlqinsimon harakatlantirgancha suza olardilar) shuni anglatardiki, ular gohida soatlab jonsizdek qotib turish holatidan uygʻona olishlari ham mumkin edi. Hammasidan koʻra ularning koʻzlari meni koʻproq hayajonga soldi. Ular bilan baqamti turgan boshqa akvariumlardagi baliqlarning biznikiga monand koʻzlarida maʼnosizlikdan boshqa hech narsa zuhur etmasdi. Aksolotllarning koʻzlari esa menga bu hayotdan boshqa hayot ham borligini, dunyoga boshqacharoq nazar solish ham mumkinligini anglatib turardi.

Yuzimni shishaga mahkam bosib (gohida farrosh xavfsirab yoʻtalib qoʻyardi) cheksiz sokinlikka va poyoni yoʻq dunyoga olib kiruvchi kichkina oltinrang soqqachalarga tikilardim. Ular yuzini taqab turgan shishani barmoq bilan chertish foyda bermas, bari bir hech qanday harakat sezilmasdi. Oltinrang koʻzlar oʻzidan goʻyoki nafis va qoʻrqinchli nurlar taratib menga tikilib turishar va bu hududsiz chuqurlikdan boshim aylanardi.

Baribir ular bizga naqadar oʻxshash! Shundayligini men ancha avval, hali aksolotlga aylanib ulgurmasimdan payqagan edim. Men buni oʻsha kuni, ularning oldiga yaqinlashgan onimda bilgandim. Maymunlarning odamlarga oʻxshab ketishi toʻgʻrisidagi fikrlar qay darajada keng tarqalgan boʻlmasin, ularni bizdan juda uzoq masofalar ajratib turadi. Inson bilan aksolotl oʻrtasida hech qanday oʻxshashlik yoʻqligi mening fikrim toʻgʻriligini, men oddiy tahlilga asoslanish bilan cheklanmaganimni koʻrsatdi. Faqat kaftlari, qoʻllari… lekin kaltakesakning panjalari ham shunday, ammo ular biznikiga hech ham oʻxshamaydi. Oʻylaymanki, hamma gap aksolotllarning oltin koʻzli uchburchak shaklidagi niqobdor boshlarida. Bu anglatib, koʻrsatib turardi. Bu daʼvat etib turadi. Ular hayvon emaslar.

Bu holatda afsonalarga murojaat etish maʼqul va oʻngʻay. Men aksolotllarning keskin oʻzgarishga duchor etilgani, ammo ulardagi sirli insoniy mohiyatni mahv etish imkoni boʻlmaganini angladim.

Mening nazarimda, oʻz vujudlarining qoʻllari boʻlgan – bu jonzotlar suvosti sukunatiga va adadsiz mulohazaga hamda ilojsiz tushkunlikka mangu hukm qilingandirlar. Ularning shabkoʻr nigohi hech qanday maʼno anglatmaydigan, ayni paytda yurakka harorat solishga qodir aqlli oltin soqqasimon koʻzlari mening qalbimga chuqur botib borar va mana bunday daʼvat etardi: “Qutqar bizni, bizni qutqar”.

Nogoh ularga qarab umidbaxsh soʻzlarni shivirlayotganimni va bolalarcha orzularga ishontirmoqchi boʻlayotganimni payqab qoldim. Ular qilt etmay menga qarab turisharkan, jabralarining pushtirang novdalari harakatga keldi. Shu lahzada mavhum bir ogʻriq vujudimni sirqiratib oʻtdi, ular meni koʻrishdi, oʻzlarining anglab boʻlmas hayotlariga kirib olishga urinayotganimni balki tushunishdi. Shubhasiz ular inson zotiga mansub emasdilar, lekin men boshqa birorta jonzotda oʻzimga bu qadar yaqinlikni koʻrgan emasman. Aksolotllar goʻyo nimadandir xabardorday, gohida vahimali hakamday turishardi. Oʻzimni gunohkor his etdim, ularning tiniq koʻzlarida etni junjiktirib yuboradigan begʻuborlik namoyon. Ular gʻumbak edilar, lekin gʻumbak, bu niqobni anglatadi, shu bilan birga sharpani bildiradi. Bu niqob serifoda va ayni paytda qatʼiyatli. Uning ortida qanday bashara oʻzini namoyon etarkin?

Men ulardan qoʻrqardim. Oʻylaymanki, agar atrofimda tomoshabinlar va farrosh boʻlmasa, ular bilan yolgʻiz qololmasdim. “Siz ularga yeb qoʻygudek tikilyapsiz” dedi farrosh kulib, aftidan meni biroz telbatabiat hisoblab. Aksincha, ular oʻzlarining oltinrang odamxoʻr koʻzlari bilan meni yeyotganlarini tushunmasdi u.

Akvarium oldidan qancha uzoqqa ketmay, bari bir ular toʻgʻrisida oʻylardim, goʻyo ular uzoq masofadan turib ham menga taʼsir oʻtkazmoqda edilar. Men u yerga har kun boradigan boʻldim, kechalari ularning qorongʻulikda qilt etmay muallaq turishlarini tasavvur qilar, bir-birlariga shoshilmasdan qoʻl uzatayotganlarini va dabdurustdan oʻzga qoʻlni tutib olayotganlarini goʻyoki koʻrib turardim. Balki ularning koʻzlari qorongʻulikda ham ilgʻar, shunday boʻlgach aksolotllarning qovoqdan mahrum koʻzlari uchun hamisha kunduz.

Endi menga maʼlum, bu yerda hech qanday gʻayritabiiylik yoʻq, oʻzi shunday boʻlishi kerak edi. Har kun ertalab akvarium ustiga engasharkanman, ularni koʻproq anglay boshladim. Ular iztirobda – va men vujudimning har bir hujayrasi bilan ularning tilsiz iztiroblarini, suv qavatlarida qotib qolgan azoblarini his etdim. Ular goʻyoki qandaydir boy berilgan ozodlikka, dunyo aksolotllarga mansub boʻlgan zamonlarga tikilib qolgan edilar. Bunday vahimangiz nigohlarning tosh qotgan yuzlardagi majburiy harakatsizlikni madh etishi ishonchsizday koʻrinar, bu qaygʻuli xabarni anglatishga, ular yashayotgan suyuq doʻzaxning guvohi boʻla olishiga ishonib boʻlmasdi. Hissiyotlarim shu qadar oʻtkirlashib ketgandiki, men aksolotllarning aqli bor deb oʻzimni ishontirmoqchi boʻlardim. Buni ular ham, men ham bilardik. Hech qanday gʻayritabiiy voqea yuz bermaganligi ham shuni anglatardi. Mening yuzlarim akvarium shishasiga taqalib turar, nigohim rangdor pardalardan mosuvo oltinsimon qorachoʻgʻsiz koʻzlarga tikilib ularning sirini anglashga intilardi.

Men shisha devor orqali aksolotlning harakatsiz yuzini juda yaqindan koʻrib turardim. Undan nigohimni olmasdan, ajablanmasdan shisha ortida oʻz yuzimni koʻrdim, aksolotlning yuzi oʻrnida meniki turardi. Akvariumning ichida emas, akvarium shishasining boshqa tomonida turardi. Keyin mening yuzim oʻrnidan qoʻzgʻaldi va men gap nimadaligini tushundim.

Faqat bir narsa ajablantirardi: oʻylashni avvalgiday davom ettirish kerak. Buni anglash nogahonda oʻziga kelib oʻzining tiriklay koʻmilganligini anglashdek vujudni muzlatib yuborardi. Men yana yuzimni shishaning tashqi tomoniga bosdim, lablardan iborat oʻz ogʻzimga qaradim. Aksolotllarni anglab olish maqsadida mahkam juftlashib turgan lablardangina iborat oʻz ogʻzimga qaradim. Men aksolotlligimni angladim va shu lahzaning oʻzida tushundimki, boshqa hech narsaga idrokim yetmaydi.

Aksolotl akvariumdan tashqarida va uning uylari ham akvarium ichida emasdi. Buni bila turib va aynan aksolotl ekanimni anglay turib, men endi oʻz olamimda zohirligimni his etdim. Qoʻrqib ketdim, oʻzimni aksolotlning vujudiga qamab qoʻyilganligimni, tiriklay aksolotl ichiga oʻz insoniy shuurim bilan koʻchib oʻtganligimni, uning ichiga tiriklay koʻmilganimni, ongsiz jonivorlar orasida oʻz ongim bilan yashashga mahkumligimni birdan anglab qoldim va battar qoʻrqib ketdim. Lekin bu holat chekindi, oʻzimni birozgina yon tomonga olarkanman, kimningdir panjasi yuzimga tegdi, menga tikilib turgan aksolotlni koʻrdim, u ham hammasini tushunar, hammasini aniq-ravshan bilib turar, ammo buni soʻz bilan ifodalay olmasdi.

Yoki men uning ichida edim yoki biz hammamiz oltinrang koʻzlarimiz yogʻdusini, akvarium shishasiga bosib turgan kishiga tikib turganimiz sababli oʻz fikrini soʻz bilan ifodalashga ojiz odamlarga oʻxshardik.

U koʻp marta oldimizga keldi, aniqrogʻi kamnamo. Gohida haftalab oʻzini koʻrsatmaydi. Bir gal uni koʻrdim. Mendan uzoq koʻz uzmadi, keyin ortga keskin burildi-da, ketvordi. Nazarimda, endi uning bizga qiziqishi soʻngan, shunchaki odatlanib qolgani uchungina keladi. Modomiki shunday ekan, qoʻlimdan keladigani faqat oʻylash, men uni har kun oʻylayman. Boshimga shunday bir fikr keldi, nazarimda, biz avvallari bir tanu bir jon edik va u oʻzining muqarrar bir sir bilan bogʻliqligini his etardi. Endi uning aksolotlga aylanishi va insonlarga begona boʻlib qolishi natijasida yuz bergan toshqin tufayli ularni bogʻlab turgan koʻprik buzildi. Dastlab men maʼlum darajada aksolotllarga aylanib qolishim mumkinligini, ah, maʼlum darajada, va bizni yaxshiroq anglash uchun unga madadkor boʻlib turishni oʻylardim. Endi boʻlsa, tamoman aksolotlga aylanganman. Va agar insonlardek fikrlayotgan boʻlsam buning sababi shundaki, barcha aksolotllar oʻzlarining pushtirang tosh gʻumbaklari ichida yotib xuddi insonlardek fikrlay oladilar. Nazarimda bor qilgan ishim oʻsha dastlabki kunlar, hali insonlik paytimda, unga ayrim narsalar toʻgʻrisida xabar yetkazganim boʻldi. Va endi bu tanholikda – modomiki u qaytib kelmas ekan – balki u biz toʻgʻrimizda biror narsa yozar, aksolotllar haqida hikoya oʻylab topar degan fikrgina menga tasalli berardi.

 

Rus tilidan Neʼmat ARSLON tarjimasi.

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 10-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/aksolotl/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x