Aka-uka Lyular

DO`STLARGA ULASHING:

Qadim zamonda dengiz qirg‘og‘ida bir oqko‘ngil xotin yashagan ekan. Uning beshta o‘g‘li bo‘lib, ular besh aka-uka Lyular, Lyu-birinchi, Lyu-ikkinchi, Lyu-uchinchi, Lyu-to‘rtinchi va Lyu-beshinchilar ekan. Aka-ukalar shu qadar o‘xshar ekanlarki, hyech kim ularni chehrasidan ajratolmas ekan. Hatto onalari ham ba’zan yanglishib qolar ekan. Biroq aka-ukalarning xislatlari boshqa-boshqa ekan. To‘ng‘ich Lyu — Lyu-birinchi butun bir dengiz suvini ichib og‘zidan yana qaytarib chiqara olar ekan. Lyu-ikkinchi olovdan qo‘rqmas ekan. Lyu-uchinchi oyoqlarini cho‘zib istagan joyiga yetkaza olar, Lyu-to‘rtinchining esa badani temirdan ham qattiq ekan. Kenja Lyu — Lyu-beshinchi bo‘lsa, parranda va hayvonlarning tilini bilar ekan.
Ular farovon va baxtiyor yashar ekanlar. Lyu-birinchi baliq tutarkan. Lyu-ikkinchi ro‘zg‘orni olov bilan ta’minlarkan. Lyu-uchinchi bilan Lyu-to‘rtinchi dalada ishlasharkan. Lyu- beshinchi esa, g‘oz va qo‘ylarni boqib yurarkan.
Kunlardan bir kun shu yerlarning yovuz hokimi ovga chiqibdi. U aka-uka Lyular yashaydigan joyda yaqin o‘rmon yoqasida cho‘pon bola va o‘tlab yurgan qo‘ylarni ko‘rib qolibdi. Bu bola Lyu-beshinchi ekan. Uning yonginasida chiroyli kiyikcha uxlab yotgan ekan. Hokim o‘q-yoyini olib, kiyikni nishonga ola boshlabdi. Lyu qo‘rqib ketib, qichqirib yuborgan ekan, kiiikcha hurkib bir sakrabdiyu o‘rmonga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi. Shu payt butazordan yana boshqa bir kiyik chiqib qolibdi. Lyu unga ham kiyik tilida «Qochib qol!» deb qichqirgan ekan, u darhol o‘zini o‘rmon ichiga uribdi. Yalanglikka sho‘x quyonlar chiqib qolishibdi. Lyu quyon tilida qichqirgan ekan, quyonlar ham yashirinib olishibdi. Lyu hamma hayvonlarni ogohlantirib chiqibdi, o‘rmon esa bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolibdi. Hokimning barcha urinishlari behuda ketib, o‘qlari bekorga isrof bo‘libdi. O‘zi esa qattiq g‘azablanibdi. Rahmdil Lyu bo‘lsa, o‘rmondagi do‘stlariga o‘z vaqtida yordam bera olganidan xursand bo‘libdi.
Shunda yovuz hokim askarlariga Lyu-beshinchini tutib kelishni buyuribdi. Uni shaharga olib borib, qafasda yotgan och yo‘lbarsning oldiga tashlabdilar. Hokim dovyurak va kambag‘al bu bolani yo‘lbars tilka-pora qilib tashlaydi deb o‘ylabdi, biroq Lyu-beshinchi yo‘lbars bilan yo‘lbars tilida gaplashgan ekan, yirtqich hayvon unga tegmabdi.
Hokim bundan xabardor bo‘lib yanada qattiq g‘azablanibdi. U jallodlariga Lyu-beshinchining boshini chopib tashlashni buyuribdi. Lekin Lyu-beshinchi qamab qo‘yilgan zindonga badani temirdan ham qattiq bo‘lgan Lyu-to‘rtinchi yetib kelibdi. U ukasi bilan o‘rnini almashtirib olibdi. Lyu-beshinchi bo‘lsa, sekingina zindondan chiqib, uyiga jo‘nabdi. Ular bir-birlariga juda o‘xshash bo‘lganligi uchun, hyech kim, sezmabdi.
Ertasiga erta bilan Lyu-to‘rtinchini shahar maydoniga olib chiqishibdi. Jallod uning boshini chopib tashlamoqchi bo‘libdi, lekin har qanday ogir va o‘tkir qilich ham Lyu-to‘rtinchining temir bo‘yniga urilgan zahoti parcha-parcha bo‘lib uchib ketaveribdi. Buni ko‘rgan hokim gazablanibdi, jasur bolani baland cho‘qqidan tashlab yuborishni buyuribdi.
Kechasi zindonga oyoqlarini cho‘zib istagan joyiga yetkaza oladigan Lyu-uchinchi yetib kelibdida, ukasining o‘rnida qolibdi. Bu gal ham hyech kim hyech narsani payqamabdi.
Tong paytida Lyu-uchinchini baland qoyaga olib chiqishibdi. Agar o‘sha qoyadan biror odam tushib ketsa, parcha- parcha bo‘lib ketishi turgan gap ekan.
Jallodlar Lyu-uchinchini pastga itarib yuborishibdi, u bo‘lsa xotirjamlik bilan oyoqlarini uzatibdida, hyech narsa ko‘rmaganday turib olibdi. G‘azabidan quturgan hokim saroyga qarab ot choptirib ketibdi. Shu kuniyoq bo‘ysunmas Lyuni gulxanda yondirishni buyuribdi.
Jallodlar hokimning saroyi oldidagi maydonda katta gulxan yoqishibdi. O‘q-yoy ushlagan qo‘riqchilar maydonni o‘rab olishibdi. Har tarafdan to‘da-to‘da odamlar kela bosh- lashibdi.
Bu vaqt ichida olovdan qo‘rqmaydigan Lyu-ikkinchi zindonga yetib kelib, bildirmasdan Lyu-uchinchi bilan o‘rnini almashtirib olibdi. U zindonga kirishi bilanoq, hokim «qatl boshlansin», deb ishora qilibdi. Jallodlar Lyu-ikkinchini katta gulxanning o‘rtasiga tashlabdilar. Alanga uylarning tomidan ham baland ko‘tarilibdi. Lyu- ikkinchi o‘t va qora tutun orasida ko‘rinmay ketibdi. Xalq achinganidan yig‘labdi. Bag‘ritosh hokim bo‘lsa, zahar- xandalik bilan kulibdi.
Ammo tutun tarqagach, odamlar olov o‘rtasida hyech nima ko‘rmaganday kulimsirab turgan Lyu-ikkinchini ko‘rib xursand bo‘lib ketishibdi. Qahr-g‘azabdan hokimning joni hiqildog‘iga kelibdi.
— Bu qanday odam o‘zi? — deb baqiribdi u. — O‘tga solsang yonmasa, qoyadan tashlasang o‘lmasa, qilich uni chopmasa, hatto vahshiy yo‘lbars ham unga tegmasa-ya! Yo‘q, yo‘q, mendek qudratli hokim oddiy bir dehqonni bir yoqli qilolmasligi mumkin emas!
Shundan keyin shafqatsiz hokim Lyuni dengizning o‘rtasiga olib borib, bo‘yniga og‘ir tosh bog‘lab cho‘ktirib yubormoqchi bo‘libdi.
«Balki u suvdan ham qo‘rqmas? — deb o‘ylabdi hokim. — Baribir bo‘yniga bog‘langan tosh suzib chiqishga qo‘ymaydi. Dengiz tagida qolib, yo‘q bo‘lib ketsin!» O‘sha kuni kechqurun u qatlni ijro etishni buyuribdi.
Butun bir dengiz suvini ichib yubora oladigan Lyu- birinchi zo‘r qiyinchiliklar bilan zindonga kirib olibdi. U ukasining o‘rnida o‘tirib, qatlni kuta boshlabdi.
Kechqurun uni olib borib kemaga solishibdi. Hokim saroy ahli bilan boshqa kemaga chiqibdi. Kemalar dengizning o‘rtasiga suzib boribdi. Eng chuqur yerga yetganda Lyu- birinchining bo‘yniga kattakon xarsang bog‘lashibdi-da, shafqatsiz hokimning ishorasi bilan uni to‘lqinlanib turgan dengizga uloqtirishibdi.
Lyu-birinchi suv ostiga tushishi bilan dengiz suvini simira boshlabdi. Dengiz suvi allaqayoqqa singib keta- yotganini ko‘rib, qo‘rquvdan hokimning rangi oqarib ke­tibdi. Tezda dengizning tagi ko‘rinib qolibdi. Kemalar to‘ntarilib ketibdi. Hokim va uning odamlari dengiz tagidagi balchiqqa botib qolishibdi.
Shundan so‘ng Lyu-birinchi xarsangni yechib tashlab, sekin- asta qirg‘oqqa chiqibdi-da, dengiz suvini ichidan qaytarib chiqaribdi. Hokim va uning odamlari dengiz ostida qolib ketishibdi.
Xalq esa yovuz hokimning halokatga uchraganidan shod bo‘lib, yengilmas aka-uka Lyularni olqishlabdi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x