Shomga yaqin tuman quyuqlashdi. Ibrohim shahar chetidagi oynavand doʻkonining bir burchagida oyoqlarini chalishtirgancha tashqariga asabiy termulib, tutundek tarqalayotgan tumanning asta-sekin yoʻl chetidagi dov-daraxt uchlarini, past-baland binolarning tomlarini qanday qoplab olayotganini kuzatib oʻtirardi. Peshtaxta ustida yotgan qoʻl telefoni tinimsiz jiringlar, Ibrohim siyrak qoshlarini chimirib, telefon oynachasida paydo boʻlayotgan yozuvga bir-bir nazar tashlab qoʻyar, lekin uni qoʻliga olib javob bermas edi. Har kun shu ahvol, kech kirmasdan xotini qoʻngʻiroq qilib boshlaydi: “Dadajonisi, bugun manti qilayapman, ertaroq kelasizmi?”. Birpas oʻtgach, yana telefon jiringlaydi: “Kelishingizda qizlaringizga yoʻl-yoʻl daftar olib keling, daftarlari tugab qolibdi. Doʻkonni yopdingizmi, kelayapsizmi?”. Yarim soat oʻtar-oʻtmay yana: “Kelyapsizmi? Manti tayyor boʻldi. Bolalaringizning qorni och, dadam bilan birga yeymiz, deb yemay oʻtiribdi”. Xotini bu gaplarni xuddi maʼshuqalar kabi ovozlarini tovlantirib, nozlanib, erkalanib aytayotgan boʻlsa ham, “dod” solib yigʻlab yuborishdan oʻzini zoʻrgʻa tiyib turgani ikki tomonga ham maʼlum edi. “Mijoz koʻp, xotin, savdoni tashlab uyga chopib ketmayman-ku”, juda band odamdek goʻshakni doʻqillatib qoʻyardi u koʻpincha. Shu bilan… u uyga tunni yarimlatmasa ham, bolalari uxlab qolgandan soʻng borardi. Soʻng gina-kudurat, yolvorish, koʻz yoshlari… Xullas, eriga ishonchi yoʻqolgan hamma xotinlar kabi…
U xotini va bolalarini yomon koʻradi, deb boʻlmasdi, albatta. Xotinini juda yaxshi koʻrmasa ham, unga astoydil achinardi. Ayoli qishloqda obroʻli muallima, hamma hurmat qiladi, hamisha uyim-joyim deb kuyib-pishib yuradi. Uch bolaning onasi boʻlsa ham kelishgan, yoqimtoygina ayol. Bir zamonlar shu ayolning oʻpkasi bilan nafas oladigandek, shu ayolning koʻzlari bilan dunyoni koʻrayotgandek his qilar edi oʻzini. Uni yoʻqotib qoʻyishdan juda qoʻrqar edi. Uyga qaytganda yosh boladek uning izidan ergashib yurardi. Albatta, Gulxumorni qayta uchratib qolgunicha…
Gulxumor!.. Bu qiz maktabda hammaning orzusi edi. Qarshisidan chiqqan mardum u oʻtib ketgach, ortiga burilib qarab qolmasdan iloji yoʻq edi. Uning otasi allaqayerdan shu yerdagi katta bir tashkilotga xoʻjayin qilib yuborilgan, onasi ham bu yerning odami emasligi bilinib turardi. Juda kelishgan, olifta ayol edi. Ular Ibrohimlar oltinchi sinfda oʻqiyotganda koʻchib kelishdi. Sinfda Ibrohimning yoni boʻsh edi, muallim Gulxumorni uning yoniga oʻtirgʻizib qoʻydi. Hamma bolalarning ichi yondi. Darsdan soʻng “Yangi qizga nega muncha tiqilib oʻtirding?”, “Nega muncha pichirlashdinglar?” deb atay jigʻiga tekkan bolalar koʻp boʻldi. Ibrohim esa butun vujudidan ajib bir gullarning nozik ifori kelib turgan yangi partadoshiga tiqilib oʻtirish, u bilan nimadir deb gaplashish nari tursin, olti soat darsni uning yonida nafas olishga ham jurʼat qila olmay, zoʻrgʻa oʻtkazgan edi. Lekin maktabdan chiqqanda ruhini qandaydir sarmastlik qoplab oldi. Xiralik qilayotgan sinfdoshlariga “E-e, boringlar-ye!..”, dedi-da, tez-tez yurib ketib qoldi. Ertasi kuni muallima Gulxumorning daftarini “Mana shunday chiroyli yozish kerak, daftarning toza-ozodaligini qaranglar”, deb hammaga ibrat qilib koʻrsatdi. Kimning farzandi ekanligini ham aytdi. Qizning ovozi juda chiroyli, javoblari ham biyron-biyron edi. Endi sinfdosh bolalar unga ehtiyot boʻlib qarashga majbur boʻlib qolishdi. Lekin qiz matematikadan masalalar yechishga biroz qiynalar edi. Ibrohimning “tap-tup” qilib masala yechib tashlashiga qarab, “Vuuy, sen matematikadan zoʻr ekansan. Kallang rosa zoʻr ishlar ekan-a”, deb havasi keldi. Gulxumorning oʻrnida boshqa biron sinfdosh qiz boʻlganda, ehtimol, masalani shunchaki koʻchirtirib qoʻya qolgan boʻlardi. Ammo u Gulxumorning koʻr-koʻrona koʻchirishini emas, masala yechishni oʻrganishini istagani uchun tanaffus paytlari erinmasdan yechish yoʻllarini oʻrgata boshladi. Keyin-keyin darsdan soʻng maktabda qolib, uy vazifalarini birga ishlashadigan, soʻng birgalikda uyga qaytishadigan boʻlishdi. Koʻpincha sinfdosh bolalar u yer-bu yerda toʻdalashib, ularning maktabdan chiqishini poylab turishar, bolalar qoʻshilib olishsa, Gulxumor “Men ketdim”, deb tez-tez yurib ketib qolardi. Bundan baʼzi sinfdoshlarining achchiqlari chiqar, baʼzan ochiqdan-ochiq rashk qilishib, bir bahona topib, Ibrohim bilan yoqalashib ketishar edi. Bunday achchiq-ters munosabatlar baʼzan sinfda, Gulxumorning koʻz oʻngida ham boʻlar, Gulxumorni undan qizgʻonayotganlarini baʼzan ochiq aytib yuborishar, ammo qiz bu janjallarning unga hech qanday aloqasi yoʻqdek kulib oʻtiraverardi. Matematika esa algebraga aylandi, unga geometriya qoʻshildi, Ibrohim shuncha maydalab tushuntirsa ham, qizning matematikani mustaqil yecha olishi kundan-kunga qiyin boʻlib boraverdi. Oʻzlari ham ulgʻayishdi. Lekin hamon masala-misollarni birga yechishardi. Toʻgʻri, endi ularning yonida yana bir qiz, Gulxumorning eng yaqin dugonasi Sanobar paydo boʻlgan. Bu qiz deyarli gapirmas, unga matematikaning umuman keragi ham yoʻq, Gulxumorning “Ketma, odamlar yigit kishi bilan yolgʻiz yuribdi, deb gap qilishlari mumkin”, degani uchungina ularning yonida oʻtirardi. Aslida ularga qoʻriqchining umuman keragi yoʻq edi. Ular maktab, mashgʻulotlar, masalalardan boshqa hech narsa haqida gaplashishmasdi. Ibrohim koʻp marta unga koʻngil ochmoqchi boʻldi, ammo kundan-kunga suluv boʻlib borayotgan qizga nimadir deyishga jurʼat qila olmasdi. Ayniqsa, kimsan Dadabekovning qizi boʻlsa, uning otasi esa bor-yoʻgʻi bir doʻkonchi. Kutilmaganda… Oʻsha kuni Sanobar maktabga kelmagan edi. Nimagadir kun boʻyi Gulxumorning chehrasi ochilmadi. Qaytishayotganda yuragini ochdi: “Ibrohim, onam oʻzimning onam emas. Biz juda kichkinaligimizda onamiz oʻlib ketgan. Keyin otam shu oʻgay onamga uylangan. Buni doim ukam bilan mendan yashirishadi, oʻgay onam bizga sira yomon gapirmasa ham, uning oʻgayligini doim his qilib turaman. Qarashlarida, gapining ohanglarida… Oʻshanday paytlar oʻzimning onamni juda sogʻinib ketaman, koʻrgim kelib ketaveradi”, uning hamisha jilmayib turadigan katta-katta koʻzlari yoshga toʻlib, lablari allanechuk titrab turardi. Aslida bu sirni mahallada koʻpchilik biladi, lekin bolalarni ayab, bu haqda hech kim ogʻiz ochmaydi. Hatto tabiatan hech qanday gap-soʻz bilan ishi boʻlmaydigan Ibrohim ham bilardi. Lekin hamisha bashang kiyinib yuradigan bu goʻzal va magʻrur qizning ham yuragida armon boʻlishi mumkinligini sira oʻylab koʻrmagan ekan. Qiz uzun-uzun oppoq barmoqlari bilan koʻzlaridan shashqator oqayotgan yoshlarni qayta-qayta sidirib tashlardi. Ibrohim dafʼatan unga nima deb tasalli berishni, qanday yupatishni bilmay talmovsirab qoldi. Biroz oʻtgach, yana qizning oʻzi gapirdi: “Tagʻin birov-yarimga gapirib yurma. Otam eshitsa, qattiq xafa boʻlishi mumkin. Odam baʼzan kimgadir yorilging, dardlashging keladi… Lekin birovga bir narsa deyishdan qoʻrqaman. Uydagilarning qulogʻiga yetib borsa… Narigi mahallada oʻz onamning singlisi – xolam yashaydi. Hech boʻlmasa, shu kishini borib bir koʻrsam, gaplashsam, deyman. Lekin otam uning yoniga borishimizni taqiqlab qoʻygan”.
Shundan soʻng ancha vaqtgacha tezroq qizga koʻngil yorib, bu yerlardan uni butunlay boshqa yoqlarga olib qochib ketish haqida oʻylab yurdi. Oʻzicha rejalar tuzdi. Lekin olib qochish emas, koʻnglidagilarni aytishga ham jazm eta olmadi.
Maktabni bitirishgach, sinfdosh bolalar yigʻilishib, Toshkentga oʻqishga yoʻl olishdi. Gulxumor qoʻyarda qoʻymay Ibrohimni ham oʻzi topshirayotgan institutga hujjat topshirishga koʻndirdi: “Bir vaqtda topshirganlar bitta xonaga tushib qolishar ekan. Birga tushsak, bir-birimizga yordam beramiz. Oʻqishga kirgandan keyin ham menga koʻp yordaming kerak boʻladi”. Ibrohim “Yoʻq”, demadi, ammo biroz malol keldi, bu qizga uning oʻzi kerakmi, yoki faqat yordamimi? Lekin agar oʻqishga kirib qolishsa, uning mavqei oddiy doʻkonchining oʻgʻlilikdan kursdoshlik darajasiga koʻtarilishi, oʻqish davomida qizga yanada yaqin boʻlish imkoniyati koʻnglidagi orzularga erk berib yuborardi. Baxtga qarshi u oʻqishga kira olmadi. Ibrohimning otasi “Ota-bobomiz ulamo oʻtmagan. Savdo bilan kun kechirgan. Doʻkonda ishlaysan”, deb, oʻqish haqidagi orzulariga butunlay nuqta qoʻydi. Gulxumor esa, otasi gaplashganmi, oson savollar tushib qolganmi, harqalay yuqori ball bilan qabul qilindi.
U yozda yana bir bor hujjat topshirib, omadini sinab koʻrmoqchi edi. Yozgi taʼtilni kutib yurgan kezlari Gulxumorni xolasining boyvachcha oʻgʻliga unashtirishganini, toʻylari yozga belgilanganini eshitdi. Hamma “O-ho! Onasi shunday chiroyli qizni begona qilarmidi?”, dedi. Ibrohimning yuragi esa qalampir sepgandek achishdi. Negadir qizning qilgan oʻsha hasratini esladi. Balki rashk tufaylidir, harqalay unga endi bechora qizni qaynona ham oʻgaylik qilib qiynaydigandek tuyuldi.
Garchi u qizga bir narsa demagan, qizning vaʼdasini olmagan boʻlsa-da, koʻp yillar shu qizni oʻylaganda oʻzini xoʻrlangandek his qilib yurdi: “Uning otasi ham amaldor boʻlganida… Hech boʻlmasa u ham oʻqishga kirganida… bemalol koʻnglidagilarni aytib, roziligini olardi. Unga sovchi yuborib, uylangan boʻlar edi”. Keyin oʻqishga ham urinmadi.
Shu bilan qancha suvlar oqib oʻtib, Ibrohim uch bolali boʻlganda yana kutilmaganda Gulxumor paydo boʻldi. Qizlik qaddi-qomati biroz toʻlishib, oʻzi ancha sipo, jiddiy tortib qolganini uni avvaldan bilganlar sezmasa, oʻzi hamon juda goʻzal va magʻrur edi.
Ibrohim odatdagiday doʻkon oldidagi oftobroʻyaga kursi qoʻyib, oʻtgan-ketganni kuzatib oʻtirgan edi. Shundaygina besh-olti qadam narida etaklari uzun, mitti-mitti qizil gullar bilan bezatilgan antiqa qora koʻylak kiygancha xayolga berilib kelayotgan Gulxumorni koʻrib, oʻrnidan turib ketdi…
Uni koʻrib Gulxumorning koʻzlariga ham tabassum qalqdi:
– Assalomu alaykum, qadrdon! – kulimsirab qoʻl uzatdi u.
– Vaalaykum assalom, – Ibrohim uning yumshoqqina issiq qoʻllarini oldi. Maktab davrlaridagidek “sen” deyishga tili bormadi. – Keling-e, sizni butunlay yoʻqotib qoʻydik-ku. Sinfdoshlar yigʻilishib, bir-ikki suratlaringizni olib, “Seni izlayman!” koʻrsatuviga bermoqchi boʻlib turgan edik.
Gulxumor kuldi:
– Sizlarni ovora boʻlib yurishmasin deb, mana oʻzim kela qoldim.
U hamon juda chiroyli edi, kulganda koʻzlari xiyol qisilib, uzun-uzun kipriklari tutashib, ikki chakkasidagi kulgichlari ham qoʻshilib kular, tovlanib turgan boʻliq lablari yoyilib, sadafdek oppoq, tekis tishlari bir husniga oʻn husn qoʻshib yuborardi. Ibrohim unga beixtiyor tikilib qolganidan xijolat tortib, Gulxumorni doʻkonga taklif qildi:
– Kiring, bir piyola choy ichib keting.
U bu taklifni shunchaki, yoʻliga aytgan edi. Ehtimol, oʻzining maktab davrlaridagi jurʼatsiz bolakay emas, xususiy doʻkoniga ega, ozmi-koʻpmi jamgʻarmasi bor erkak ekanligini bildirib qoʻyish uchun aytgandir. Gulxumor esa shu taklifni kutib turgandek, ichkariga kirdi:
– Doʻkonni koʻchirdinglarmi?
– Yoʻ-oʻq, toʻgʻri kelib qolgan edi, olib qoʻya qoldik. U doʻkonni otam bilan akam ishlatishyapti.
Gulxumor doʻkon oʻrtasiga kelib, chor-atrofga nazar tashladi:
– Chiroyli ekan, keng, yorugʻ, sarishta.
Ibrohim unga kursi berib, peshtaxtaga ikki likopcha qand-qurs qoʻydi. Sochiq bostirib qoʻyilgan choynakdan choy quyib uzatdi:
– Xoʻsh, qani, yaxshi yuribsizmi? Nima ishlar qilayapsiz? Kuyov pochcha qanday? Butun sinfni dogʻda qoldirib, turmushga chiqib ketdingiz. Bolalar ham koʻpayishib qolgandir?
Gulxumorning koʻzlari birdan maʼyus tortdi:
– Rahmat, yuribman tuproqdan tashqari, deganday. Ixtiyor oʻzimda boʻlganda oʻsha paytda, oʻsha odamga sirayam turmushga chiqmagan boʻlardim…
Kutilmaganda ular ancha dardlashdilar. Gulxumor doʻkonga kirib, bemalol choy ichib oʻtirgan boʻlsa ham, unga dardini aytadi deb, umuman shunday goʻzal ayolni ham qandaydir gʻam-anduh qiynashi mumkin, deb oʻylamagan edi. U esa… Toʻlib turgan ekanmi, toʻkila qoldi: eri giyohvand ekan. Onasi bilan qaynonasiga qoʻshilib, otasi ham uni oʻsha giyohvand bilan yashayverishga majbur qilibdi. Oxiri marhum onasining singlisi aralashib, uni giyohvand erdan ikki bolasi bilan ajratib olibdi. Otasi esa oʻgay onaga qoʻshilib, undan butunlay voz kechibdi, uyga kirgizmabdi. Hozir u xolasining uyida yashayotgan ekan…
– Mayli, – uning koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi. – uyga kirgizmasalar ham, otam bir tiyin yordam qilmasa ham, roziman. Lekin ukam bilan koʻrishishni taqiqlab qoʻyishganiga hech chiday olmayman. Ukam bechora maktabimga orqa yoʻllar bilan yashirincha kelib, ikki ogʻiz gaplashib ketadi. Hech diydoriga toʻya olmayman. Uning oʻzi ham bundan juda siqiladi.
Oʻshandan soʻng Ibrohim butunlay halovatini yoʻqotdi. Yoshlik yillaridagi oʻtli tuygʻular butun jonu jahonini yana oʻz izmiga olgan edi. Yurganda ham, turganda ham xoʻrlangan, ikki bola bilan deyarli koʻchada qolgan Gulxumorni oʻylaydigan boʻlib qoldi. Farishtadek xotini koʻziga alvastiga oʻxshab koʻrinadigan boʻldi. Har ishda xotinining oʻrniga Gulxumorni qoʻyib, solishtiradigan odat chiqardi.
Bir kun doʻkonga xizmatdosh oʻrtogʻi keldi. Biroz kayfi bor edi. Uni quchoqlab, aroqning badboʻy hidi anqib yotgan ogʻizlarini yuziga bosib, choʻlpillatib qayta-qayta oʻpdi: “Oshna, meni tabrikla, men oʻgʻilli boʻldim!”. “Tabriklayman. Soliya yaxshimi?”, dedi u. “E-ee, qanday Soliya?! Bunisi Mahbubaniki, oshna!”, ishni doʻndirib qoʻygandek tizzalariga shappatilab, qiyqirib kuldi joʻra. Keyinroq yana bir kelganda, muhim bir sirni aytayotgandek, sekin gurung berdi: “Oshna, xotinni ikkita qilganman. Birida uchov, birida ikki farzand bor… Hozir qoʻshxotinlilik moda”. Oʻzi biroz betayinroq, hovliqma yigit edi joʻrasi, bu gurungni ham birov eshitib qolmasin, degandek, u yoq-bu yoqqa alanglab aytgan boʻlsa ham, Ibrohim Gulxumorning kechmishlarini eshitgach, ana shu hovliqma joʻrasining gaplarini koʻp eslaydigan boʻlib qoldi. Xudoga shukr, uyi, doʻkoni bor. Topayotgan mol-dunyosi bilan, bir emas, ikki Gulxumorni guldek yashnatib qoʻysa ham boʻlaveradi. Faqat avval xotinini qoʻshxotinlikka rozi qilish kerak, aks holda, bu esi yoʻq ayol Gulxumorning boshiga kelib, janjal koʻtarishi aniq. Gulxumorning koʻnglini ranjitib qoʻyishi mumkin. U rozi boʻlgach, sekin Gulxumorga aytadi. Shaharning oʻrtasidan unga atab dangʻillama uy ham olib beradi. Oʻzi esa yoshlikda armonga aylangan orzulariga yetadi, hayoti goʻzal ertakka aylanadi, Gulxumor ham boshidan oʻtkazgan uqubatlarni yoddan chiqaradi…
Rutubatli qish kunlaridan biri edi. Kun boʻyi qor boʻlib qorga, yomgʻir boʻlib yomgʻirga oʻxshamaydigan allanima yogʻib turdi. Namchil, sovuq havo hammani dilgir kayfiyatda ichkariga haydadi. Oʻsha kun Ibrohim doʻkondan erta qaytdi. U qatʼiy bir qarorga kelgan edi: “Aytadi. Xotin, shunday-shunday gap. Koʻnsang shu, koʻnmasang, oʻzing bilasan. Men baribir unga uylanaman. Agar aqlli, sabrli xotin boʻlsang, boru-yoʻgʻim har doimgidek seniki, u bilan ham, sen bilan ham yashayveraman, deydi”.
Xotini erim oʻchoqning oshini yaxshi koʻradi, deb, sovuq kunda ham hovlida osh qilgan ekan. Yelib-yugurib dasturxon yozdi, u ust-boshini almashtirguncha, diydirab osh suzib keldi. Eriga mehri tovlanib, yolgʻiz gurung qilgisi keldimi, oshdan keyin bolalarni dars qilish uchun xonalariga chiqarib yubordi. Oʻzi erining roʻparasiga oʻtirib, choy suzib berdi: “Xudoyimga shukur-yey, birga ovqatlanadigan kunimiz ham bor ekan-a. Har kuni kech kelasiz. Bolalarni qarang, sizni tashlab xonadan chiqqilari kelmaydi. Sogʻinib qolishgan”.
Ibrohimning nimagadir koʻngli xijil tortdi, ancha vaqt jim qoldi. Ammo aytmasa, yorilib ketadigandek boʻlaverdi. Soʻng aytdi: “Shunday, shunday…”
Xotin avval unga tushunmayotgandek hayron tikildi, soʻng “dod” deb tizzalariga mushtlab, noliy boshladi, keyin yigʻladi va nihoyat yalinib-yolvorishga tushdi: “Jon, dadasi, unday qilmang. Men bunday sharmandalikni koʻtara olmayman. Iltimos, meni bunday xoʻrlamang. Bolalaringiz ham ulgʻayib kelyapti, buni kechirmaydi, ular sizni juda yaxshi koʻrishadi, mehringizni birov bilan boʻlishishni istamaydi” va hokazo, hokazolar…
U esa indamay turib, yotoqqa oʻtdi: “Meni erim desang, men bilan yashayman desang, mening qarorimni hurmat qil”.
Xotin yana yigʻladi: “Er bermoq – jon bermoq, axir. Oʻz ixtiyorim bilan qanday jon beraman?! Avval meni oʻldiring, keyin uylanavering”.
U esa qaroridan qaytmadi: “Men aytadigan gapimni aytdim”.
Xotin “lov-lov” yondi: “Kim ekan u? Puldor, boqadi, deb koʻzini suzayotgandir-da. Mendan nimasi ziyod ekan?”
U jerkib tashladi: “Har narsa deb valaqlayverma!”
Xizmatdosh joʻradan maslahat soʻradi: “Sen qanday koʻndirgan eding? Mening xotinim koʻnadiganga oʻxshamayapti”. Joʻra qoʻl siltadi: “Gʻam yema, koʻnadi, koʻnmay qayoqqa boradi? Ilgari momolarimiz oʻzlari bosh boʻlib erlarini uylantirib qoʻyishar ekan”.
Bu oʻzini qattiqlikka oldi. Uyga yanayam kechroq boradigan boʻldi. Joyini ham boʻlak qilib oldi. Rostdan ham xotinining har bir harakati, gap-soʻzlari, ovqat chaynashi, luqma yutishi, hatto nafas olishi ham unga yoqmay qolgan edi. Uni umuman koʻrgisi kelmay qoldi. Xotin esa hech narsa koʻrmagandek, shoʻrlik tergayverib oʻzimdan, uydan sovutmay dermidi, ming xil bahona topib, tinimsiz qoʻngʻiroq qilar, oʻrtaga bolalarning iltimoslarini qoʻshib, uyga chorlar, kelgach, yelib-yugurib dasturxon yozar, xullas, har oqshom mehribon, sarishta xotinning rolini qoyil maqom qilib uddalardi. Ammo hamma xona-xonasiga kirib ketgach, shoʻrlik ayol erining yoniga kirib, hissiz choʻzilib yotgan erkakning muzdek koʻksiga bosh qoʻyib, beadogʻ koʻz yoshlar toʻkardi: “Aybim nima?”
Ibrohim uni sekin nari surib qoʻyardi: “Men eringman. Qarorimni hurmat qilishingni istayman. Ana shunda hammasi joyiga tushadi”.
Xotin yana yigʻlardi: “Yoʻq, men sizni hech kim bilan boʻlishishni istamayman”.
Toʻgʻrisini aytganda, oʻrtada bolalar, shuncha yillik turmushi, har qancha qattiqlik qilmasin, kun sayin kulib turib soʻlib, ozib-toʻzib borayotgan xotiniga ichi achirdi. Unga nohaq zulm qilayotganini koʻrib turar, shuning barobarida uning qaysarligidan qahri kelardi.
Tumanli oqshom xotini qoʻngʻiroq qildi: “Ertaroq keling, dadasi, negadir chiroq yoʻq. Bolalar dars qila olmay oʻtirishibdi”, “Svet yoʻq boʻlsa, Jahonni usta Shaydilga yubor. Men savdo qilyapman”, “Jahonni ammasi olib ketgan edi. Ha, mayli, ustanikiga oʻzim oʻtib kelarman”. Yarim soatlardan soʻng yana qoʻngʻiroq boʻldi: “Usta kelib, sozlab ketdi. Lekin tomda qisqa tutashuv boʻlyapti ekan. Eringiz kelsa, menga uchrashsin. Simlarni bir boshdan yangilash kerak, deb ketdi”. “Boʻpti!..”, jerkib tashladi u.
Shu oqshom doʻkonga deyarli hech kim kirmadi. Ammo u koʻcha boʻylab suzib yurgan oppoq tumanga tikilgancha, qoʻllarini qovushtirib oʻtiraverdi. U xotini bilan kurashishdan toliqqanini his qildi. Har oqshom ming xil bahona topib, hech narsa koʻrmaganday qoʻngʻiroq qiladigan xotiniga rahmi kelayotgandi. Avvalgidek oqshomlari bolalari bilan bir dasturxon atrofida chaqchaqlashib oʻtirishlarni sogʻinayotgan edi. “Boʻlmaydi, shekilli. Bechora qiynalib ketdi. Shoʻrlikka koʻp azob berdim. Ichi rashk bilan yonib, qonu zardobga toʻlib ketgan boʻlsa ham, erimni oʻzimdan sovutmay deb, kulib turadi. Uyga chaqirib olish uchun ming xil bahona izlab topadi. Endi toʻxtatish kerak. Bolalarning koʻzlari ham jovdirab qolgan, allaqachon sezishgan. Gulxumorga… uylanmasdan ham yordam beraversam boʻladi. Xudo yoʻliga-da. Savobi ham koʻproq boʻladi. Balki, taqdirida boʻlsa, birov-yarim xotini oʻlgan, maʼqulroq inson chiqsa…”
Darvoqe, oʻsha tumanli oqshomda allaqayerdan xizmatdosh joʻra kelib qoldi. Biroz doʻkonda gaplashib oʻtirishdi, televizor koʻrishdi, soʻng birgalikda qoʻshni oshxonaga oʻtishdi. Ikki sixdan qiymali kabob, ozroq musallas buyurtma qilishdi. Kabob tayyor boʻlguncha, joʻralar musallasni ermak uchun maydalab oʻtirishdi. Shu orada Ibrohimning choʻntagida turgan telefon necha oʻn marta jiringladi. “Ha, xotiningmi?” topagʻonlik qildi joʻra. “Shu-da, boshqa kim ham boʻlardi?” qoʻl siltadi u. “Ikkinchisimi, deyapman-da”, “Ikkinchisi bormi-yey, joʻra, sen bizning xotinni bilmaysan. Na ipga keladi, na qopga. Shuncha qattiqlik qilib ham uni yenga olmadim. Ikki oʻrtada oʻzim qiynalib ketdim” “E-ee, joʻra!.. Shu zamonda bittasini eplash ham oson emas. Ikkita bosh ogʻriqni nima qilasan?”. “Oʻrgildim sendan, kecha nima deyayotganding menga?”. “Nima depman? Aytdim-qoʻydim. Yelkangda boshing bor, bilib-bilib ishingni qilavergin-da, mening aytganimni qilishing umuman shart emas”.
Ular uzoq oʻtirishdi. Bir mahal zim-ziyo tunning bagʻrini tilib, vagʻillagancha ketma-ket ikkita oʻt oʻchiruvchi mashina oʻtib ketdi. Ibrohim mashinalarga qarab, bosh chayqadi: “Bir bechoraning uyi kuydi, oshna”. Joʻra qoʻl siltadi: “E-ee, oʻtsa, oʻtavermaydimi, bizga nima, javobini beradigan joyi bordir-da”. Uning ichi toʻlib ketgan ekan. Kayfi oshgandan soʻng, yigʻlayverib bet-boshini jiqqa hoʻl qildi: “E-ee, joʻra! Kunim qursin mening, kunginam qursin. Uylanaman desam, onaginam “ikki eshaklining oyogʻi tinmaydi, ikki xotinlining qulogʻi. Senga ikki xotin nimaga kerak?!” deb rosa izillagan edi, aytganini qilmagandim. Endi ikki xotinning orasida sarson-sargardonman. Bunisinikiga borsam, “Boring, suyukligingiznikiga boring”, deb haydaydi. Unisinikiga borsam, “Mol dunyongiz qayerda boʻlsa, oʻzingiz ham oʻsha yerda boʻling. Boring, koʻz ochib koʻrganingiznikiga”, deydi. “Pul, pul, pul!..”. Pul ishlab chiqaradigan mashina topsam ham, ularning ola qopi toʻlmaydi. Qara, xotining yuz marta qoʻngʻiroq qilib, seni izlab yotibdi. Meni esa hech kim izlamaydi”.
Vaqt allamahal boʻlib qolgan esa-da, xizmatchilarning qoʻli-qoʻliga tegmaydi, oshxona gavjum. Shuncha odam xotin, bola-chaqani kuttirib, oʻzlari koʻcha-kuyda pul sochib yuribdi. Ibrohimning yuragi siqildi, joʻrasining diydiyosi joniga tegdi. Uni bir amallab, “toy-toy” qilib, bir yoʻlovchi taksiga oʻtirgʻizib yubordi-da, oʻzi uyga yoʻl oldi. Yarim tundan oshgan, tuman shu daraja qalinlashgan edi, mashinaning eng oʻtkir chirogʻida ham ikki metr narini koʻrib boʻlmasdi. Mashinaning ochiq derazasidan dimoqqa achchiq kuyindi hid urilardi. Beixtiyor xotinining oqshom payti aytgan gapini esladi: “Tomda elektr simlar chalkashib qopti, “chirs-chirs” qilib olov chiqarib yotgan ekan. Usta qoʻldan kelgancha qildim, simlarni toʻliq almashtirmasa boʻlmaydi, eringiz kelsa, menga bir uchrashsin, dedi. Dadasi, ertaroq keling, biz qoʻrqyapmiz”. U bugun haqiqatan ham qarorini oʻzgartirgan edi, uyga ertaroq qaytmoqchi edi. Koʻzdan chiqqan soʻgalga oʻxshab, manavi joʻra kelib qolmaganda…
U mashina gazini oxirigacha bosib, tuman bagʻriga singib ketdi. Havodagi kuyindi hidi tobora nafasini boʻgʻib borardi. Darvozalari oldida turgan oʻt oʻchiruvchi mashinalarni darrov tanidi. Ular bundan ikki soatlar chamasi avval oshxona yonidan oʻtib ketgan mashinalar edi. Qiy-chuv qilib yotgan odamlar orasidan oʻtib, ichkariga intildi va beixtiyor ustiga choyshab tashlab qoʻyilgan uch zambilga koʻzi tushdi. U oʻzini zambillar ustiga otdi!.. “Malika?! Senga nima boʻldi?!”, xotinining sochlari, yuzlari qorayib kuyib yotar, koʻzlari yumuq, ustiga yopilgan choyshab jiqqa hoʻl boʻlsa ham, undan taralayotgan issiq taft yuzga urib turardi. U titrab-qaqshab keyingi zambillar ustidagi choyshablarni koʻtarib qaradi: “Mumtoz?! Sarvinoz?!” Uning xonu moni kuyib kul boʻlgan edi!.. U choʻkka tushib, yuzini tuproqqa bosgancha, oʻkirib yubordi: “A-a-aa! A-a-aa!..”
Kimdir kelib, titrab-qaqshab turgan yelkalaridan tutdi: “Allohning irodasi, oʻgʻlim!..” U yonboshiga burilib, yuz-koʻziga, soqollariga qop-qora qurum oʻrnashib qolgan otasini koʻrdi: “Otajo-o-n!.. Ota-a-a!.. Endi men nima qilaman?!” Oʻzini otasining bagʻriga tashladi. Ota uning qoʻltigʻidan olib, sekin oʻrnidan turgʻizdi. Ikki yigit suyab, hovlining ikkinchi tomonida alohida qilib qurilgan mehmonxona tomon yetaklab ketdi. U bilan oldinma-ketin xotini va qizlarini ham shu xonaga olib kirishdi…
Atrof toʻla odam, hamma qandaydir tashvish bilan u yoqdan-bu yoqqa, bu yoqdan-u yoqqa yuguradi. Ammo Ibrohimning nazarida dunyo butkul huvillab qolgan, unda yonma-yon qoʻyilgan uch mayyitdan boʻlak hech narsa mavjud emas edi. Qayerdadir boʻrilar uvillar, unga xotin-xalajning yoʻqlovlari, bot-bot erkaklarning doʻrillagan yigʻisi qoʻshilib ketardi. Kimdir kelib, yelkasiga toʻn soldi, boshiga doʻppi kiygizib, mayishib borayotgan bellarini mahkam bogʻlab qoʻydi. Uni hovliga olib chiqishdi. Eshik oldida turgan odamlar ortga tisarilib, yoʻl boʻshatdilar. Hammaning nigohi unga qadalgan edi. Gʻivir-shivir gaplar. “Shoʻrlikka qiyin boʻldi, tentak boʻp qoladi endi”. “Bechoraginalar!..” “Alloh sabri jamil ato etsin”. “Inna lillahi va inna ilayhi rojiʼun”.
Keyin qabristonga borishdi. Yonma yon qazilgan uch qabr qurbonini olishga shaylangan ajdarhodek ogʻzini “lang” ochib yotardi. Tobutlarning ustidagi zarbof yopinchiqlar olinib, oppoq kafanga oʻralgan mayyitlar birin-ketin yerga qoʻyildi…
Endi unga hech qachon, hech kim “Dadajonisi, kelayapsizmi? Bugun manti qilgandim…” deb qoʻngʻiroq qilmaydi. Qizlari “besh” baholari-yu yulduzchalardan qizarib ketgan kundaliklarini bagʻriga bosib, uni kutib olmaydi. Ular hali goʻdak edilar, tasavvurlari ham goʻdaklarga xos begʻubor, sodda edi. Uyga borishi bilan birinchi boʻlib “Sizga ajoyib xushxabarim (yoki sovgʻam) bor. Toping-chi, u nima?”, der edi Mumtozginasi. “Oʻzing ayta qol, qizim, suyunchisi mendan”. U “Tam-tara-tam” deya, ogʻzi bilan musiqa chalib, orqasida berkitib turgan kundaligini uning tizzalariga qoʻyardi: “Bugun men oʻn oltita “besh” oldim”. Keyin bu sahna Sarvinoz tomonidan takrorlanardi: “Men nechta “besh” olganimni toping-chi!”. Ular oʻzlarining baholarini oila uchun, ayniqsa, otalari uchun juda katta sovgʻa deb hisoblashardi… Endi undan hech kim suyunchi soʻramaydi… Hamma-hammasini ajdahodek ogʻzini ochib yotgan yer yutdi-qoʻydi. “He-e, yer yutgur!” degan qargʻishning maʼnosi shu ekan-da. Qanchalar qabih ekan bu qargʻish… Qanchalar ojiz va notavon ekan bu odamzod, kechagina uchalovini qoʻshib bagʻriga bosib, huzurlansa boʻlardi. U esa bulardan qochdi, qochib yurdi. Oʻzining nafsi uchun… Alal oqibat endi ular uch lahadda, uch tepachaning tagida yotibdi, uchchalasini hech qachon bir qilib boʻlmaydi. Endi unga hech kim bular aytadigan xushxabarlarni aytib, suyunchi soʻramaydi, suyuntirmaydi…
Qizlari qorongʻulikdan juda qoʻrqishardi. Hozir qanday qilib yolgʻiz oʻzlari… U seskanib ketdi. Dunyo zimistonga aylandi…
Ertasi kuni tuman tarqab, quyosh charaqlab chiqib ketgan edi. Lekin yongʻindan usti butkul ochilib qolgan uyning chala yongan bolorlaridan, hatto devorlaridan tarqalayotgan tutun bir necha kun yon-atrofda tumandek qalqib yurdi. Hovlining bir chetida mehmonlar uchun alohida qilib solingan xonada taʼziya qabul qilib oʻtirgan Ibrohimning yoniga usta Shaydulla qayta-qayta kelib, oʻzini oqlab, uzr soʻrab ketdi: “Kelin… kechki payt uyimizda chiroq yoʻq, deb borgan ekan. Kelib, u yoq-bu yoqni qaradim, tepada simlar chalkashib, uch-toʻrt joyidan “chirs-chirs” oʻt chiqib turgan ekan. Hammasini qayta ulab chiqdim. Erta yorugʻda Ibrohimboy bilan maslahatlashib, simlarni yangilaymiz-da, dedim. Kelinga, eringiz bir uchrashsin, deb qaytdim. Yarim tunda hovliga chiqsam, negadir hovlimizning bir tomoni kun chiqqandek yorishib turganday boʻldi. Soʻng odamlarning baqiriq-chaqiriqlarini, oʻt oʻchiruvchi mashinaning chinqirigʻini eshitdim. Yuragim “shuv” etib ketdi… Bechoralar, uxlab qolishgan boʻlsa kerak, ustlariga tom qulab tushgandan soʻng yoʻl topa olmay qolganmi? Bilmadim yana. Lekin ishoning, men hamma qisqa tutashuvlarni bartaraf qilgan edim…”
Ibrohim unga soʻzsiz termilib, sim-sim koʻz yosh toʻkar, “Siz oʻzingizni bekorga qiynayapsiz. Hamma ayb menda, men aybdorman. Ularni men oʻldirdim, mening bemaʼni, bemavrid orzu-havasim, qaysarligim oʻldirdi. Nafsimni ularning mehridan, quvonchlaridan ustun qoʻydim. Men ularga xiyonat qildim. Bu xiyonat hali xayol, niyat boʻlgan boʻlsa-da, koʻngilda bor edi, uni roʻyobga chiqarish uchun guldek ayolimning hayotini zahar-zaqqumga aylantirdim. Uch oy qon yigʻladi shoʻrlik. Bu yongʻin balki xudoyimning ana shu xiyonat uchun menga yoʻllagan jazosidir. Sizda hech bir gunoh yoʻq”, degisi kelar, lekin tili tanglayiga yopishib qolgandek bir soʻz ayta olmay yana koʻz yoshlariga erk berardi.
* * *
Xuddi shu daqiqalarda dunyoning boshqa bir burchagida pishqirib oqayotgan ulkan daryo toʻlqinlari uzra ikki tilsiz mavjudot – endigina balogʻat yoshiga yetgan bahaybat Chapdast bilan oppoq badani suv qaʼrida tovlanib turgan sarviqomat Qorakoʻz bir-biri bilan quvlashib oʻynar, ayni paytda atroflarida gʻujgʻon oʻynab yotgan baliqchalar ham ularning koʻzlariga koʻrinmas, ular baxtdan, muhabbatdan sarmast edilar. Bir qarashda bir-biriga urilgan toʻlqinlardan koʻpiklangandek oqarib oqayotgan daryo tubi tinch va sokindek koʻrinar, lekin kuchli oqim oʻz ishini qildi, muhabbat shavqi bilan mast juftlikni oʻzlari dunyoga kelgan shoʻrtang bahri ummondan juda olislarga olib ketdi.
Suvning chuchukligini birinchi boʻlib Qorakoʻz bildi. U ikki yondagi katta-katta qora koʻzlari bilan Chapdastga hayron qaradi. Chapdastga esa baribir, goʻshtdor uchli tumshugʻi bilan Qorakoʻzning goh u biqiniga, goh bu biqiniga turtib, goh uning atrofida umbaloq oshib oʻynoqlardi. Qorakoʻz bir sapchib, suvning yuziga chiqdi. Unga Chapdast ergashdi. Ular ulkan koʻlning oʻrtasida suvdan bosh chiqarib, atrofga bir qur nazar tashladilar. Qirgʻoqdan sal narida saf tortgan oq qutilar, ularning atrofida gʻimir-simir qilib tik yurgan gʻalati mavjudotlarni koʻrishdi. Ular hali uy, odamlar, ularning mehri va qahri, qiziqish va ermaklari haqida, vaqti kelib, suvsiz joyda tik yuruvchi bu mavjudotlar baxtiyor juftlikning hayotiga xavf solishlari mumkinligi haqida hech qanday tasavvurga ega emas edilar. Bir kun kelib bu bahri ummon ular tufayli Ajdarkoʻl deya nom olishini ham bilmasdilar.
Shu atrofda bamaylixotir qayiqda baliq ovlab yurgan ikki yigit ularni koʻrib, shaytonlab qolgandek nimalardir deb qichqirgancha qayigʻini oʻt oldirib, qirgʻoqqa qarab ketib qoldilar. Chapdast bilan Qorakoʻz ularning ortidan qolayotgan koʻpiklangan suvga bir nafas qarab turishdi-da, yana ummon qaʼriga shoʻngʻib ketdilar.
Oydinkoʻl erta bahorda bor-yoʻgʻi bir necha kun yashaydigan qizgʻaldoqlarni hisobga olmaganda, saksovul-u shuvoqdan boshqa hech narsa unmaydigan choʻlu biyobonning oʻrtasida bir bilgir odamning noyob aqli bilan bu yerlarda ham paxta yetishtirish uchun Amudaryoning suvi hisobiga dunyoga kelgan sunʼiy koʻl. Toʻntarilgan moviy osmondek ajib bir manzara kasb etgan koʻl odamda rangi zaʼfaron bemorning ogʻriqli tabassumiga oʻxshash bir taassurot qoldirardi. Bu qirgʻogʻidan narigi qirgʻoqqa qarasangiz, koʻz ilgʻamaydigan bahri ummon qalqib turar, koʻl etagida bir-biriga oʻxshatib qurilayotgan uylar, koʻchalar, qirgʻoq va koʻchalarni toʻldirib yurgan odamlar. Lekin chor-atrof vabo tarqalgandek zaʼfaron tusda yastanib yotar, biron yashillik koʻzga tashlanmas edi. Bir yilga yetar-yetmas, gugurt qutilariga oʻxshash kottejlardan iborat shaharcha qad rostladi. Shaharchada bir nechta katta-kichik sanoat korxonalari, tashkilotlar qurildi. Uylar, koʻchalar, idoralar odamga toʻldi. Lekin baribir bu yerlar qandaydir fayzsiz edi, kechki payt kattasi ham, kichigi ham, erkagi ham, ayoli ham yigʻilib, har bir darvoza oldiga qoʻyilgan uzun-uzun yogʻoch oʻrindiqlarda oʻtirishar yoki koʻl boʻyiga, boʻlmasa, qahvaxonalarda yigʻilishar, yarim tungacha “va-hah-ha” kulgu, gurunglar boʻlar, nimagadir bu odamlarning yuzlariga chang singib ketgandek nursiz edi. Kulib turgan qiyofalarida horgʻin bir siyrat qalqib turar, kunda kunora koʻlga tushib chiqishsa ham, rangi roʻyi hech suv koʻrmagandek boʻgʻriqib turardi. Ular ishga borishar, uyga qaytishar, koʻngilxushliklar qilishar, ammo na koʻchalariga, na eshiklarining oldiga bir tup nihol ekmas edilar. Boy idoralar, badavlat odamlar koʻl aylanasi boʻylab oʻzlariga dam olish uylari – dachalar qurib olishdi. Qirgʻoqqa tutash bu dachalarga xoʻjayinlar koʻpincha koʻzdan pana maishat uchun… kelishardi. Koʻngillari soya-salqinni tusagani uchunmi yo el koʻzidan panalash uchunmi, qirgʻoq boʻylab turli dov-daraxtlar ekishdi. Bora-bora koʻlning atrofi quyuq daraxtzorga aylandi. Ammo bu daraxtzorlardagi yashillik koʻngilga qandaydir hadik solar, ularga qarab oʻtirib, beixtiyor notoza bir narsani koʻzi tushib qoladigandek, xavotirga tushib ketadi odam.
Oʻsha yili Qorakoʻz bilan Chapdast yettita bir-biridan chiroyli farzand koʻrishdi. Mittigina baliqchalar shunday chiroyli, ularning atrofida suzish shunchalar zavqli ediki, tabiatan tinib-tinchimas Chapdast ularning atrofida girdikapalak boʻlib charchamas edi. Baliqchalar juda tez katta boʻlishdi va barcha akulalarga xos yolgʻiz yashash istagi tufayli bitta, ikkitadan boʻlib, koʻlning turli tomonlariga ketib qolishdi.
* * *
Ibrohim “etti”dan soʻng, buldozer olib kelib, yongan uyni tekislatib tashladi. Ammo bu hovlidagi har bir giyoh, har bir tosh unga xotini va qizlarini eslatar, har burchakdan ularning ovozini eshitar, shunday damlar nafaqat bu mashʼum hovlidan, balki bu yorugʻ dunyodan bosh olib ketib qolgisi kelar, ammo oʻtirsa-tursa yonidan ajralmaydigan boʻlib qolgan oʻgʻli Jahongirni yolgʻiz qoldirib ketishga vijdoni yoʻl qoʻymas edi.
Nihoyat “qirq”ni ham oʻtkazdi. Kechki payt qoʻshni koʻchada yashaydigan otasiga qoʻngʻiroq qildi: “Akam bilan bir kelib ketsangiz. Xoli gaplashadigan maslahatli gap bor edi”. Nimadandir xavotirlanganmi, ular birpasda yetib kelishdi. Chol kelini bilan nabiralarini juda yaxshi koʻrardi. Bir umr doʻkonda oʻtirib, faqat sarxil taom yeb yurgani uchunmi, yoshiga nisbatan juda bardam koʻrinadigan ota yongʻindan keyin birdan choʻkib, goʻdakdek mungʻayib qoldi. Maʼrakalar oʻtguncha, Ibrohimning yonidan ketmadi. Xuddi oʻzini bir narsa qilib qoʻyadigandek, sal koʻrinmasa, izlab qolar, topgach, bir soʻz aytib, hol soʻray olmasa ham, oʻgʻirlab-oʻgʻirlab oʻgʻlining koʻzlariga termulaverardi.
– Agar, rozi boʻlsangiz, hovli bilan doʻkonni sotib, koʻchib ketmoqchi edim, – Ibrohim yerdan koʻzini olmay, otasiga niyatini aytdi.
– Qayerga? – ota “yalt” etib uning yuziga qaradi.
– Ajdarkoʻl tomonlarga. Oʻsha koʻlga oshnalar bilan uch-toʻrt marta ovga borgan edim. Koʻl boʻyida bir shaharcha bor. Har joydan kelib qolgan har turli odamlar yashaydi. Birov bilan birovning ishi yoʻq. Uch-toʻrt korxonasi bor. Koʻldan, shu korxonalardan tirikchilik qilishadi.
– Yetti yot begona joylarda… – koʻzlari jovdiradi otaning.
– Shunisi yaxshi-da, ota. Meni xotiralar, odamlarning koʻzlaridagi savollar juda qiynab yubordi. Menga hech kim achinish bilan qarashini istamayman. Ortiq bunday yashay olmayman, juda charchadim. Bu uy, bu joylarni umuman koʻrmasam, deyman. Meni hech kim tanimasa, hech kim hech narsani eslatmasa, deyman.
– Jahongir-chi, uni nima qilasan?
– Oʻzim bilan olib ketaman. Oʻzimizga yarasha bir uy sotib olaman. Bola uchun nima sharoit zarur boʻlsa, hammasini qilib beraman. Bir doʻkon olaman, boshqa ish qoʻlimdan kelmaydi, axir. Ota-bola roʻzgʻorni bir amallarmiz.
Ular ancha vaqt jim qolishdi. Xonada pashsha uchsa eshitilardi. Oʻgʻli sekin u tomon surilib, pinjiga tiqildi. U ogʻir xoʻrsinib, oʻgʻlining yelkasidan oldi.
Otasi soqolini tutamlab, bosh chayqadi:
– Keksa enangga nima deymiz, bolam? Sen u yoqlarda, biz bu yoqlarda… Enangning qolgan umri Ajdarkoʻlning yoʻlida oʻtadimi endi?
Ibrohim yerga qaradi:
– Ota, enamning oldida soʻz ochish qiyin boʻlgani uchun beodoblik boʻlsayam sizni uyimga chaqirtirdim, endi, enamga oʻzingiz tushuntirasiz, boshqa iloj yoʻq.
– E-e, bolam, yoningda issiq-sovugʻingga qaraydigan bir poshikastang boʻlsa, Badaxshonga ketsang ham, bir narsa demasdim. Oʻzing yetti bukilib oʻtiribsan, yoningda bir parcha goʻdak, buning ham ichi tutab yotibdi, qanday yuboray axir?!
– Mening boshqa ilojim yoʻq, ota. – kesib gapirdi u.
– U joylarni men ham yaxshi bilaman. Odamlarining piyonistalikdan boshqa ermagi yoʻq. Boʻnak olsa, ichishadi, oylik olsa, yana ichishadi. Baliqqa borib, ichishadi, baliq tutib, sotadi-da, puliga yana ichkilik olishadi. Butun suyak-suyaklarigacha ichkilik singib ketgan ularning. Ot bilan eshakning oxuri bir boʻlsa, oʻzi oʻxshamasa ham, qiligʻi oʻxshab qoladi. Bolangning shunday odamlar ichida oʻsishini istaysanmi?
– Ular bilan bizning oxurimiz bitta boʻlmaydi, ota. Shu bolaning tarbiyasidan boshqa ishim bormi mening? Siz bexavotir boʻling.
– E-e, – qoʻl siltadi ota. – Otang senga nomaʼqul gapni aytmaydi. Bir joyda boʻlsak… Mayli, bu hovlini sotamiz, shaharning boshqa bir burchagidan uy olamiz. Bu koʻchaga umuman kirma. Bu hovlini umuman koʻrma. Lekin oyogʻimiz yetadigan joyda yasha. Bolang ham, oʻzing ham koʻz oldimizda boʻlasan. Qarigan chogʻimizda koʻzimiz yoʻlingda boʻlib qolmasin, deyman-da, oʻgʻlim.
Ibrohim yana xoʻrsinib, qatʼiy bosh chayqadi:
– Ilojim yoʻq, ota, hozir sira ilojim yoʻq. Ehtimol, vaqti-soati yetib, qaytib kelarmiz. Iltimos, hozir menga indamang, jon ota. Men shaharchaga borib, uy, doʻkon savdolashib kelay, menga ozroq pul qilib beringlar, bu yerdagi uy bilan doʻkon sotilgach, pullaringizni qaytib olasizlar.
Uning uy bilan doʻkon sotilguncha kutib turishga toqati yoʻq edi. Ibrohim ikkinchi oʻgʻil boʻlsa ham otasi hamma masalada unga suyanar, uni boshqacha mehr bilan yaxshi koʻrardi. Goʻdakligida qulogʻiga azon aytgani kelgan mulla Xolmurod “Uka, shu jigitga Ibrohim deb ism qoʻyaylik. Ibrohim paygʻambarimizdek halim, solih, mehribon banda boʻlsin”, deb ismini Ibrohim deb qoʻyib ketgandi. Mulla ijobat soatlarida duo qilgan ekanmi, u haqiqatan ham juda halim, mehribon, solih farzand boʻlib ulgʻaydi, ota-onasining biron gapini qaytarmadi, yuziga tik qaramadi. Bugun oʻgʻilning boshiga ish tushib turgan bir paytda ota uni butunlay rad etishga haddi sigʻmadi. Ilojsiz bosh irgʻadi: “Xoʻp, oʻgʻlim”. Ibrohim keksa otasini yaxshi tushunadi, ammo ayni damda uning qanday vijdon azobida qovrilayotganini ota qayerdan ham bilsin? Aka esa ota-bolaning munozarasiga umuman gap qoʻshmadi: biri bolasini koʻzi qiymay kuyib turgan otasi boʻlsa, biri yurak-bagʻri kuyib-chatnab yotgan ukasi boʻlsa, shularning ichidagi oʻt uni ham kuydirib yotgan boʻlsa, aka nima ham deydi? Bir soʻz demay yerga qarab oʻtiraverdi va otasi qoʻzgʻolgach, u ham indamay ortidan yoʻlga tushdi. Ularni kuzatgani chiqqan Ibrohim yelkasini qisib ketib borayotgan otasiga qarab, ezilib ketdi: “Ota, albatta yoningizga qaytaman, ammo qachon qaytishimni hali bilmayman. Buning uchun yetarlicha kuch toʻplashim va buni xohlashim kerak boʻladi”.
Ibrohim oʻgʻlini olib, Ajdarkoʻlga bordi. Molga birga qatnaydigan doʻkondor joʻrasiga tayinlab qoʻygan edi. Joʻrasiga uchrashishdan avval, oʻgʻli bilan koʻlga tomon endi. Shovqin-surondan xoli xilvat qirgʻoqni topib, katta saksovulning tagiga borib oʻtirishdi. Saksovulning shoxdor tanasiga suyanib, oʻgʻlining yelkasidan quchgancha oyoqlarini uzatib yubordi. Koʻm-koʻk bahri ummonga tikilib oʻtirib, saksovul shoxlari orasida tushayotgan quyosh nurlari elitdimi, beixtiyor koʻzlari yumila boshladi. Koʻlga tikilib oʻtirgan oʻgʻlining yelkalarini qattiqroq quchdi. Koʻnglining tub-tubida, butun vujudida yaqin oylar ichida biron marta ham his qilmagan yoqimli bir sokinlikni his qildi. U ana shu bebaho halovatni yoʻqotib qoʻymaslik uchun koʻzini ochib, atrofga qarashga-da, qoʻrqardi. Allaqayerdan suvning shaloplashi, odamlarning ovozi, qiyqiriqlari eshitilib turardi, demak, allaqachon boshlab yuborishibdi…
Koʻp oʻtmay telefoni jiringlab qoldi: “Ibrohim, kelyapsanmi? Bir-ikki ogʻaynilar bilan seni kutib turgandik”. U istar-istamay oʻrnidan qoʻzgʻoldi: “Men shu yerdaman, oshna. Hozir yoningga oʻtaman”.
Uni shaharcha chetiga boshlab borishdi. Uy sotmoqchi boʻlgan kishi – yoshi elliklardan oʻtgan, miqti gavdali, tepakal odam ancha dimogʻdor, nimagadir shoshib turgandek edi. U choʻntagidan bir shoda kalit chiqarib, darvozani, uylarni birma-bir ochib koʻrsatdi. Uy yaqindagina yengilgina taʼmirdan chiqarilgan, oddiygina boʻlsa-da, yigʻishtirilgan, toza-ozoda edi: “Yaqindagina taʼmirlatdim. Didingizga maʼqul tushmasa, yana oʻzingiz taʼmirlatib olarsiz”. Darvozaxonaning yonida eshik-derazasi koʻchaga qaragan yana bir xonani ochdi: “Bu doʻkon. Istasangiz oʻzingiz yuritasiz, istasangiz birontaga ijaraga berishingiz mumkin. Faqat bitta narsani oldindan aytib qoʻyay, bu joylar shaharcha markazidagi bozordan ancha uzoq, odamlar har bir narsa uchun katta bozorga borib yurishmaydi. Doʻkon kerakli molga toʻldirib qoʻyilsa, bozordagidan koʻra yaxshiroq savdo boʻladi”. Shahar cheti, sokinlik, hovlining oʻzidagi doʻkon – bu Ibrohimga juda maʼqul tushdi. Narx ham u chamalagandan ancha arzon edi: “Bir ish boshlagan edim, shunga biroz xarajatli boʻlib turibman. Boʻlmasa, bu uyni sotish niyatim yoʻq edi. Birontani ijaraga qoʻyib qoʻysam ham, turaverardi pul topib…” Ibrohim indamay qoʻl uzatdi: “Kelishdik, aka. Narxni siz aytdingiz, men rozi boʻldim”. Kap-katta odamning maydalashib mingʻirlashi unga yoqmadi. Pulini berib, koʻchib kelgach, boshdan-oyoq qayta taʼmirlatishni koʻngliga tugdi: “Shu mingʻirni eslatadigan hech narsa qolmasin”.
Tepakal kishi ketgach, joʻrasi ularni qoʻyarda qoʻymay shu oʻrtadagi yemakxonaga olib kirdi: “Bir piyola choy ichib ket, oshna. Sen buning gapiga ahamiyat berma. Uyi bir yildan beri boʻsh turibdi. Xaridor yoʻq. Yoshgina bir juvonni ikkinchi xotin qilib olib, shu yerga keltirib qoʻygan edi. Uning 10-12 yoshlardagi oʻgʻli ham bor edi. Ayolgina bolasini oʻqishga qoʻydi, oʻzi doʻkonni yuritardi. Uylanganini xotini eshitib qolib, rosa toʻpolon qilgan. Bu nomard boʻlsa, xotinim koʻzimni ochirmayapti, meni kechir, deyishning oʻrniga “Oʻynashing bor ekan, menga xiyonat qilyapsan, odamlar aytishdi” deb, uni haydab yubordi. Shoʻrlik, ota-onamning uyidan erga tegdim, deb chiqib ketgan edim, endi qanday qaytaman, hech boʻlmasa, shu yerda ijarada turishimga ruxsat bering, deb qancha yolvordi. Bu qoʻymadi. Xotinidan qoʻrqdi. Biz tomonda uy olish mumkin, sotish juda qiyin. Bu yerning odamlari pul yigʻishni yomon koʻrishadi. Bugun topsa, bugun yeyishadi, erta bilan ishlari yoʻq”. “Nima ish qiladi bu odam?” “Kichkinaroq avtobazamiz bor, shuning direktori”. “Ha-a…”
Ibrohim ikkilanib qoldi. Quloqlariga oʻsha quvgʻin qilingan ayolning ovozi eshitilib ketgandek boʻldi. “Qoʻl olishmaganimda bu uyni tekinga ham olmas edim. Ammo lafz qilib qoʻyganman. Bechora ayol!.. Bechora ayollar! Ular baʼzan goʻzal boʻlib yaratilganliklari uchun xoʻrlanadilar. Baʼzan ota-onam, bola-chaqam, or-nomusim deb andisha qilganliklari uchun gʻururlari toptaladi. Ayolning oʻz halovatini or-nomusdan oldinga qoʻyishga haqqi yoʻq. Agar shunday qilsa, eng avval oʻsha ayol oʻzini oʻzi hech qachon kechirmaydi. Bechora xotini!.. Er ustiga xotin olmoqchi ekanligini ochiq aytdi, lekin u shoʻr koʻnglingizga boshqa ayolning xayolini kiritib, menga xiyonat qildingiz-ku, demadi. Aksincha, avvalgidan ham koʻproq mehr koʻrsatdi. Ichi yonib ketayotgan boʻlsa ham kulib, shirin soʻzlar bilan uyga chorladi, yelib-yugurib tansiq taomlar tayyorladi. Uning beandisha xiyonatiga “tashlandiq” degan nomdan nomus qilgani uchun chidadi. Bolalarini ota mehridan judo qilgisi kelmadi. Toʻgʻri, yolgʻiz qolishganda koʻp yigʻlar edi, lekin bu yigʻi isyon emas edi, bu yigʻi iltijo edi. Rahmatli oilani muqaddas bilgan. Oradan oʻtgan shuncha koʻngilsizliklar, iztiroblar haqida na onasiga, na biron dugonasiga, na opa-singillariga tish yorib, biron gap aytmagan. Agar u birov-yarimga bir ogʻiz koʻngil yorganida hozir Ibrohim elning oldida bosh koʻtarib yura olmasdi. Xuddi hammasini avvaldan bilgandek, hech kimga lom-mim demagan.
* * *
Bahor kelib, Ajdarkoʻl atroflari yashnab ketdi. Chagʻalaylar, yovvoyi gʻoz-oʻrdaklar, baliqchi qushlar koʻl yuzida odamlardan hayiqmasdan uchib-qoʻnib, suzib yurishi ularning juda olislardan, odamsiz joylardan kelib qolganini anglatib turardi. Albatta, bu hol uzoq davom etmadi. Ikki-uch kunda qirgʻoq tekin goʻsht ishtiyoqmandlariga toʻlib ketdi. Har toʻrt qadamda ov man qilinganligi, qonun buzuvchilarga solinadigan katta jarimalar haqida yozib qoʻyilgan boʻlsa-da, tunlari tez-tez ov miltigʻining paqillagan tovushi eshitilib qolar, odamlar kunduzlari sayr qilib yuribmiz, degan bahonada qayiq bilan sohildan olislab ketar, bir joylarga yetgach, miltiq otishdan qoʻrqib, bechora qushlarni yovvoyi odamlardek vahshiylarcha tosh bilan, tayoq bilan urib, oʻldirib, xaltalari toʻlgach, ularni hech kim koʻrmaydigan xilvat qirgʻoqlarga olib borib, biron daraxt ildiziga bogʻlab qoʻyib, oʻzlari hech narsa koʻrmagandek odamlar uymalashib yotgan sohilga quruq qoʻl bilan qaytib kelishardi. Soʻng sekin odamlar orasidan oʻtib, vamperlarga oʻxshab lab-loʻnjini yalagancha oyoqlarini qoʻllariga olib, oʻlja yashirilgan qirgʻoq tomon yugurishardi. Ushbu holatlarini koʻrgan risoladagidek odam, ulardan nafratlanishdan avval jirkanib, ularga achinib ketardi.
Koʻlga oʻsha bahorda qayerdandir ikkita katta oqqush ham kelib qolgan edi. Koʻm-koʻk koʻl uzra ularning suzib yurishlarini tomosha qilishning oʻzi kishiga olam-olam huzur bagʻishlardi. Ularning choʻmilishlarini hatto baʼzan Chapdast bilan Qorakoʻz ham zavq bilan tomosha qilishardi. Shom quyilib kelayotgan vaqt edi. Oqqushlar sekin-asta suzib, koʻl oʻrtasidagi orolcha tomon borishar edi. Qayerdandir qayiq paydo boʻlib qoldi. Unda uch yigit bor edi. Yigitlarning biri qayiqdan uzun xoda chiqarib, yonginalarida suzib ketayotgan oqqushning yelkasiga bir tushirdi. Oqqushning uzun boʻyni sinib ketgandek bir yonga qayrilib qoldi, oʻzi muvozanatini yoʻqotdimi, yoki joni qattiq ogʻridimi, suv yuzida tipirchilay boshladi. “Ur, nega anqayib turibsan, yana bir marta ur!” qichqirdi yigitlardan biri. Tipirchilab yotgan oqqushning yelkasiga yana bir zarb kelib tushdi. Qarsillagan ovozdan koʻl yuzi titrab ketgandek boʻldi. Suv bir chayqalib, oqqushning tipirchilab yotgan loshi orolcha chetidagi qamishlar orasiga kirib ketdi. Yigitlar qayiqni sal beriroqqa toʻxtatdilar, qayiq chetida oʻtirgan yigit qoʻlidagi fonusni oqqush tomonga tutdi va “Ilgʻor, sen borib oqqushni olib kel”, deb buyurdi. Suv sovuq, tevarak-atrofga qorongʻu tushib qolgan, bu paytda hech kim suvga tushishni istamas edi. Ilgʻor bahona qildi: “Oʻzing bor, negadir oyogʻimning tomiri tortyapti”. Buyruq beruvchi bolaxonador qilib soʻkindi: “He-ye!.. Ulush boʻlinayotganda ham oyogʻimning tomiri tortishgandi, menga kamroq ber, desang ekan”. U fonusni peshonasiga taqib, oʻzini suvga tashladi. Oqqush yotgan qamishlar tomon hovliqib suzib borarkan, savqi tabiiy bir sezgi bilan oʻziga qadalgan qandaydir oʻtkir nigohlarni his qildi. Sekin burilib yonboshiga qaradi, undan bor-yoʻgʻi uch quloch narida ikki bahaybat akula – Chapdast va Qorakoʻz unga tikilib turishardi. U turgan joyida qotib qoldi. Ayni paytda qayiq ham, orolcha ham qarshisida turgan akulalardan uzoqroq edi. Ehtimol, oʻsha lahzalarda begunoh oqqushga nisbatan qilgan qabihligi uchun pushaymon chekkandir, balki qamish poyalari ichiga tiqilib qolgan oqqush koʻziga juda yomon koʻrinib ketgandir, balki butun fikru-zikri bilan jonini asrab qolish yoʻllarini izlagandir, har tugul daqiqa sayin uning omon qolish umidi soʻnib borardi. Oradan besh-olti daqiqa chamasi vaqt oʻtdi, akulalar hujum boshlab yuborishidan qoʻrqib, sheriklarini ham chaqira olmadi. Bir mahal hech kutilmaganda akulalar ortiga burilib, koʻl tagiga shoʻngʻib ketishdi.
– Ilgʻor, Ilgʻo-o-or! – xirillab zoʻrgʻa ovoz berdi u. – Beri kelinglar.
Sheriklari esa allaqachon akulalarni koʻrishgan, ular ham “qilt” etib qimirlashdan choʻchib, nafaslarini ichga yutib, qarab turishardi.
– Beri kelinglar, – yana shivirlabgina chaqirdi u. – Ke-ye-yetdi.
Yigitlar shundan keyingina qayiqning motorini oʻt oldirib, toʻgʻri u tomonga yoʻl solishdi. Yoniga yetishganda, bir soniya tezlikni pasaytirib, uni ilib olib, qayiqqa solishdi-yu, sohilga qarab uchib ketishdi.
Shundan soʻng yigitlar bir necha kun yotib qolishgan boʻlsa-da, oqqush ovi shaharchada ancha payt hangoma boʻlib yurdi: “Shunday qarasa, ikkita akula unga tikilib turgan emish. Qimirlayolmay qolibdi…” “Yigitni qayiqqa olishsa, qoʻl-oyogʻi qaltirab, tishlari taqillab yotgan emish”, “Oʻzlariyam undan beshbattar ahvolda boʻlishgandir. Akula chin qasdlashsa, qayiq-payigʻi bilan yutib yuborishi mumkin edi”. “Akulalar ham bunda-a-ay chamalab koʻrgan, qiltiragan ramaqijon bachcha, yesa, chap ichagiga ham yuq boʻlmaydi. E-e, bor-e, shu suyak-sayoq uchun jagʻimni ogʻritib yotamanmi, degan-da”. “Gap undamas, akulalar odam goʻshtini uncha xushlamas ekan, shuning uchun indamagan”. “Nima boʻlganda ham akulalar odamdan yaxshi ekan, har narsani yeyavermas ekan. Senlardan suvdagi baliq qolmasa, yerda yurgan mol-hol qolmasa, osmondagi qush qolmasa! Oqqushni ham ovlaydimi odam, shunday chiroyli, beozor jonivor. Oʻzi ikkitagina boʻlsa! Noinsoflar! Qoʻy turganda itni tandirkabob qilib yegandan keyin nima ham deyish mumkin?” “Qoʻyni kim beradi bu ishyoqmaslarga? Qoʻy olmoqchi boʻlsa, pul kerak. Boqmoqchi boʻlsa, mehnat qilish kerak. It boʻlsa, tekin, koʻcha toʻ-oʻ-oʻla. Istaganingcha, tutib olaver”.
Aslida akulalar baliqlarning ajdarhosi hisoblansa-da, unga teginmagan mavjudotga hujum qilavermaydi. Ularda hid bilish hissiyoti juda yaxshi rivojlangan boʻladi. Ov qilmoqchi boʻlgan oʻljasini hidiga qarab tanlaydi. Oʻsha kuni peshonasiga yaltiragan chiroq oʻrnatib olgan mavjudotdan kelayotgan badboʻy aroq hidi ularga sira yoqmadi, ulardan sal narida turgan qayiqdan ham oʻsha yoqimsiz hid anqib turgan edi. Shuning uchun ular indamay koʻl tubiga shoʻngʻib ketishdi.
* * *
Ibrohim oʻgʻli bilan yengil-yelpi jihozlarini olib, yangi uyning bir xonasiga joylashdi-da, taʼmirni boshlab yubordi. Oʻziga-ku, hech qanday hashamat shart emas, ammo onasi bilan opachalariga ichikib kundan kunga soʻlib borayotgan oʻgʻlining hayotiga mana shu hashamatlar bir qatim boʻlsa ham nur olib kirishi uchun bor-yoʻgʻini sarflab, qasr qurishga ham rozi edi. Birinchi boʻlib oʻgʻlining xonasini taʼmirlatdi, devorlarini oʻgʻli yaxshi koʻrgan ertak qahramonlarining suratlari bilan bezatdi. Mebel doʻkoniga kirib, oʻgʻli tanlagan divan, shkaf, kitob javoni, stol-stullar xarid qildi. Taʼmirlash ishlari tugagach, kompyuter ham olib berishini vaʼda qildi.
– Hozir ham olishimiz mumkin, lekin hamma yoq chang-chung boʻlib yotibdi, oʻgʻlim, kompyuteringga chang singib ketmasin, deyapman-da.
– Mayli, dada, taʼmir tugagandan keyin obberasiz-da, – oʻgʻlining kayfiyati koʻtarilib ketdi. – Bilaman, kompyuter juda nozik narsa, chang oʻtirib qolsa, darrov buzilib qolarkan.
– Shunday oʻgʻlim, keyin senga kompyuter oʻrgatadigan ustoz topamiz. Kompyuter orqali oʻqish va yozishni oʻrganib olsa ham boʻladi. Maktabga borguningcha, xat-savoding ham chiqadi.
– Qanday yaxshi! – bola xushnud jilmaydi, koʻzlari qisilib ketdi. – Men sizni juda yaxshi koʻraman, dada.
Uzalib, dadasining boʻynidan qattiq quchoqladi, yuzlaridan oʻpib qoʻydi.
Otasi “hamisha eshigingda moling boʻlsin, mol jonga balogardon boʻladi”, der edi. U bu gapning maʼnosini unchalik tushunmasa ham hamisha qoʻylarning kurt-kurt qilib yemish chaynashini tomosha qilishni yaxshi koʻrardi: “Ozroq yem-xashak olib qoʻysam, buyam bir ermak-da”. Kunda kunora kirib, ularning ishiga baho berib ketadigan doʻkondor joʻra niyatini eshitib, xursand boʻldi: “Bekorchi bolalar koʻp, oʻzim usta topib beraman. Toʻrttagina qoʻy sigʻadigan bolaxonali ixcham qoʻra boʻlsa, tepasida xashak turadi, pastda qoʻylar!.. Men ham molni juda yaxshi koʻraman. Ammo xotin xohlamaydi. Yem-xashagini obberaman, foydasi oʻzingniki, desam ham koʻnmaydi, enagʻar. Senga qarab, zora bizning odamlar ham mol-hol qilishni oʻrganib olsalar. Lekin koʻzim yetmaydi-da. Ajdarkoʻldek bitmas tuganmas xazina turganda, kim ham qoʻy boqib, qiy supurib yuradi”.
Qoʻzilarni ham oʻzi topib berdi: “Bir qoʻshnim bor. Kuyovi oʻlib, qarigan chogʻida qiz bilan nevara boqib oʻtiribdi. Bir nevarasi oʻqishga kirgan ekan. Kecha shuning kontraktini toʻlashim kerak, toʻrtta toʻqlim bor, shuni toʻrt yuzdan oling, deb chiqqan edi bechora. Mening hovlimda na qoʻra bor, na molga qaraydigan odam. Xotinga sira kerak emas, bolalar oʻqishda. Shuni sen olib qoʻya qol”.
Ular birgalashib boboning uyiga borishdi. Uning qoʻzilarga xaridor boʻlib kelganini eshitib suyunib ketdi: “Bozor ham ancha yoʻl. Nevaralar ham qiz bola. Bular bilan mol bozorga borib boʻlmaydi. Yolgʻiz oʻzim eplay olmayman. 400 dan bersangiz boʻladi. Sogʻlom, hammasi qochgan, pulingiz oʻzingiz bilan ketadi”.
Qoʻzilar durkungina edi.
– Har biriga 450dan beraman, bobo.
– Nega? – hayron boʻldi chol.
– Qoʻylaringiz menga yoqdi.
Chol sertomir qoʻllarining kafti bilan mijjalarini artdi:
– Baraka toping, iloyo. Yana nimani sotsam ekan, deb oʻtirgan edim. Xudoyo, biringiz ming boʻlsin. Yetimning koʻziga termiltirgulik qilmasin.
Bechora chol oʻz dardini aytdi, lekin uning hasrati Ibrohimning yarasini tirnab oʻtdi…
Ibrohim hovlini ajriqdan tozalashni oʻz boʻyniga oldi. Hali ustalar doʻkonni taʼmirlashni boshlamagan, u tayyor boʻlmagan joyga mol yoyib, savdo boshlashni istamadi. Ustalarga tushlik tayyorlashdan boshqa ish yoʻq, tushlikka bir kun makaron dimlasa, bir kun shoʻrva qilib qoʻya qolar, aslida bilgani ham shu ovqatlar edi.
Usti sap-sariq boʻlib kuyib yotgan ajriqlarning tomiri kigiz yunglaridek chuvalashib, toshdek qotib ketgan edi. Bir quloch joyni bir kun agʻdardi, qoʻllari qavarib, oʻzi qora terga tushdi. Oʻtib-qaytib yurgan usta yigitlardan biri maslahat berdi: “Akamning traktori bor, xoʻp desangiz, ertaga kelib, agʻdarib beradi. Ajriq juda yomon narsa, traktor chuqurroq agʻdaradi, keyin oʻzingiz ajrigʻini ajratib olib, tuprogʻini tozalab olaverasiz”. Ibrohimning boshqa iloji ham yoʻq edi. Traktor agʻdargan joyni tozalaguncha ham boʻlari boʻldi, oʻziyam bir parcha tomorqadan chiqqan ajriq ildizi bir dunyo boʻldi. Ildizlarning tuproqlarini qoqib-qoqib, koʻchaga emas, qoʻraga tashiyotganini koʻrgan yigitlar hayron qolishdi: “Buni nima qilasiz, amaki?”. “Qoʻylarga beramiz, ularga besh-olti kun ermak boʻladi”. Qoʻylar esa bu ajriqlarni bir oydan koʻproq vaqt ermak qilib yotdi. Buni koʻrgan kunda-kunora bir kirib oʻtadigan joʻrasi yoqa ushladi: “Qoyil!”
Lekin terlab-pishib egat tortib, bir dunyo turli-tuman daraxt va gul koʻchatlari qadab chiqqanini koʻrib, unga achingandek, bosh chayqadi: “E-ee, oshna, bu joylarda yantoq bilan saksovuldan boshqa hech narsa bitmaydi. Bekor ovora boʻpsan-da”. “Nimaga ovora boʻlaman? Tuproq boʻlsa, yonginamizda shunday ulkan koʻl boʻlsa, bir parcha yerni koʻkartirish unchalik qiyin boʻlmasa keragov”. “Koʻlning suvi paxtaga ketadi, bu koʻchalarga kelmaydi. Sening bir parcha tomorqang uchun kim ariq qazib, bu yerga suv olib kelardi?” bosh chayqadi joʻra. “Oshna, gʻam yema, bir ilojini qilarmiz. Juda boʻlmasa, nasos qazdiraman. Ichimlik suvi deb berishayotgan suvlari ham, menimcha, shu koʻlning suviga oʻxshaydi, juda boʻlmasa, shundan sugʻoramiz”. Joʻra mot boʻldi: “Ha, qoʻymaysan. Gʻayrat qilaver, bola-chaqani olib, bir kun senikiga mayovkaga kelamiz”.
Aslida Ibrohimning bor harakatida fikri xayolini qamrab olgan gʻamni unutish, ish bilan ovunib, vaqt oʻtkazish va nihoyat kunduzi itdek charchab, tunlari tosh qotib uxlashga qaratilgan ojizona maqsad yashirin edi. Qoʻylarga qarash, tomorqaning hali u yerini, hali bu yerini turtib, ustalarning osh-ovqatiga andarmon boʻlib, koʻpincha kunning qanday oʻtayotganini bilmay qolar, baʼzan ovqatlari ezilib, yoki xomroq boʻlib qolsa, xijolat boʻlar, begona joyda kimdan yordam soʻrashni bilmay qolardi. Bir-ikki marta yoshi elliklarga borib qolgan bir ayol “Ustalar uchun, uka. Men ikki uy narida turaman, qoʻshniman”, deb ovqat olib chiqdi. Biri kadi manti, biri kartoshka-piyoz solib qilingan gulxonim edi. Ayolgina har safar togʻorani uzatayotib, juda xijolat tortardi: “Uka, arzimasa ham… Ustalar xamirli ovqatni yaxshi koʻradi. Mazasi yoqsa, oʻzingiz ham yersiz”. Lekin, “arzimas narsalar solingan boʻlsa ham” taomlarning mazasiga gap yoʻq edi. Qoʻshni ketgach, usta yigitlar ayolni izidanoq unga tanishtirishdi. “Barfin xola, eri avtohalokatda oʻlib ketgan, uning-buning xizmatini qilib, besh bolani elga qoʻshdi. Bolalari ham juda odobli”.
Ayolgina uchinchi marta togʻora koʻtarib chiqqanida, Ibrohim uning oʻzini ham dasturxonga taklif qildi:
– Keling, xola, biz bilan bir piyola choy iching. Taom egasi bilan shirin, deganlar.
– Yoʻgʻ-e, inim, sizlar bemalol…
– Sizda bir ogʻiz gapim ham bor edi, xola, keling, qani. Jahon, momongga choydan quy-chi… Shu-u, desangiz, bizga bir yordamchi kerak edi. Oʻzim ham ovqat pishirishni ozroq biladigandayman, lekin, shu-u, oʻgʻlimga sizning ovqatlaringiz yoqib qopti. Kir-chir, supur-sidir deganday, agar imkoningiz boʻlsa, oʻgʻlimga momo boʻling… Buning momosi ancha uzoqda, har kun koʻrib kelishning iloji yoʻq. Momosini sogʻinib qolayapti-da, – u iloji boricha niyatini koʻngilga tegmaydigan tarzda qogʻozga oʻrab aytishga intildi. Bu ayolni yaxshi bilmasa, balki oʻzi kambagʻalgina boʻlsa ham, birovning xizmatkorligini qilish nafsoniyatiga tegishi mumkin.
– Xoʻp, inim, qoʻlimdan kelganicha harakat qilaman, – supaning chetida omonatgina oʻtirgan ayol serajin, soʻlgʻin yuzlari qizarinqirab yerga qaradi.
– Biz ham qarab turmaymiz, hola, oʻzim mana bu doʻkonni ishlatmoqchiman. Kun boʻyi uyda hisobman. Doʻkonda oʻtirib kartoshka-piyozingizni artib beraveraman. Toʻrttagina qoʻzim bor, unga ham oʻzim qarayman. Jahongir ham uyda. Ota-bola qoʻlimizdan kelgancha sizga yordam beramiz. Ustalarning ishi ham oxirlab qoldi. Keyin faqat uy yumushlari qoladi. Bizni boshqarib, ish buyurib turadigan bir odam kerak-da.
– Yoʻgʻ-yey, inim, hammasini oʻzim qilaveraman. Uyda kelin, qizlar bor. Hamma ishni qoʻlimdan olishgan, shukr. Hozir men qip-qizil bekorchiman, – ayol kulimsirab Jahongirga qaradi, – shugina ulimga momo kerak boʻlsa, mana, biz momo boʻldik-da unga. Uchinchida oʻqiydigan bir nevaram bor, faqat “besh”ga oʻqiydi, agar xoʻp desangiz, kelib, Jahongirboy bilan birga oʻynaydi. Mol-holingizga qarashadi.
Ayolning soddagina mutoyibasi oʻrtadagi begonalik pardasini koʻtarib tashlagandek boʻldi. U ketayotib, shumshayibgina turgan Jahongirning yelkalaridan olib, bagʻriga bosdi:
– Oʻzi juda shirin bola ekan-u, ammo siz uni koʻp ishlatayapsiz, chogʻimda. Bu baʼzan-baʼzan boʻlsa-da, tengqurlari bilan oʻynab turishi kerak. Ertaga nevaramni olib kelaman. Ikkalang oshna boʻlib olganlaringdan keyin biznikiga ham borib oʻynab kelasan. Boʻptimi?
Ibrohim ayolga uyning kalitlaridan bir-bir nusxa berdi: “Biz uyda boʻlmay qolgan paytlarimizda ham bemalol kirib-chiqaverishingiz uchun, xola”.
Goʻyo hammasi joy-joyiga tushgan edi: eng soʻnggi urfdagi taʼmir, chiroyli uy jihozlari, bir pasda nim yashil kurtaklar chiqarib qolgan koʻchatlar, hovlining toʻrini toʻldirib turgan qoʻylar… Bir qadam joyda doʻkon… Hamma joyi saranjom-sarishta, ertalab nonushtasi, tushda tushligi, kechqurun kechki ovqati tayyor. Barfin xola ogʻziga qarab turadi: “Nima yegilaring kelayapti? Nima pishiray?” Ovqatlari biri-biridan mazali. Nevarasi ham juda aqlli, odobli bola ekan, ham momosiga koʻmaklashadi, ham Jahongirning koʻnglini oladi. Shu bola kelgandan buyon Jahongirning koʻzlarida qalqib turguvchi mung oʻrnini maʼyusgina tabassum oldi. Ikki oʻrtoqning boshi birikkan damlar baʼzan sharaqlab kuladigan boʻldi. Lekin Ibrohimning koʻnglini bosib olgan qora bulut sira tarqay demasdi. Kun oʻtgan sayin yelkasini bosib turgan gʻussaning zalvori oshsa oshar, zinhor kamaymas edi. Yursa-tursa, umrining soʻnggi kunlari nohaq xoʻrlangan ayolining iltijoli qiyofasi koʻz oʻngidan ketmas, har oqshom unga “sovgʻa” hozirlab turadigan qizlarining ovozlari quloqlari ostida jaranglab turar, ajdarhodek ogʻzini ochib turgan uch lahad uning pajmurda loshini har kuni yuz marta yutib, yuz marta tuflab tashlardi. Oʻgʻli uchun alohida xona qilib bergan boʻlsa-da, oʻgʻlini bir kecha ham oʻsha xonada yolgʻiz yotishiga qoʻymadi, xuddi kimdir olib ketib qoladigandek yoniga olib, qattiq bagʻriga bosib yotardi. Yarim tunlar aloq-chaloq tushlar koʻrib uygʻonib ketsa, xavotir bilan shoshib, toʻshakni timirskilab oʻgʻlini izlab qolar edi. Baʼzan yolgʻiz oʻzi Ajdarkoʻlning bir xilvat qirgʻogʻiga borib, bor ovozi bilan oʻkirib yigʻlagisi kelar, ehtimol yigʻlasa, koʻz yoshlariga qoʻshilib, koʻnglidagi gʻussalar ham oqib ketarmidi, deb xayol qilar, oʻgʻli oʻqishga ketgan dam koʻlga chiqar, baʼzan qayiq bilan ichkarilab ketar, ammo baxtga qarshi koʻzidan bir tomchi ham yosh chiqmas edi. Xotini va qizlari tez-tez tushiga kirar, xuddi oʻzi oʻylab topgan tushdek ularni har safar bir xil holatda koʻrardi. Ular chiroyli liboslarda, nihoyatda xursand, lekin oʻsha mashʼum kechada koʻrgani kabi yuzlarida dogʻ-dugʻ boʻlib qolgan kuyuk izlari, sochlari olovdan jizgʻanak boʻlib qolgan holda yurishardi. U esa hali toʻliq uygʻonmasdan turib, bu tushga taʼbir izlar, ertasi ham kun boʻyi shu tush taʼsiridan chiqa olmay azoblanar va necha-necha minginchi bor oʻsha kecha yonib turgan tomning tagida oʻzi, yolgʻiz oʻzi qolib ketmaganligiga afsus qilardi: “Agar uyda boʻlganimda shu falokatlar yuz bermas edi… Ehtimol qizlarim har doimgidek meni kuta-kuta kundaliklarini yostiqlarining tagiga qoʻyib uxlab qolishgandir. Men esa!..”
Yoz kunlaridan biri edi. Yonginasida Ajdarkoʻldek bahri ummon quloch kerib yotgan boʻlsa-da, choshgohdan soʻng shaharcha koʻchalari huvillab qolar, koʻpchilik yoz oylarida ishdan taʼtil olib, iqlimi moʻtadil joylarga dam olishga ketar, ketolmaganlar oʻzini soya-salqinga urar, to kunning tafti qaytguncha, hech kim hech kimni izlamas edi. Qoʻylaridan birrov xabar olib qaytgan Ibrohim peshtaxta ortidagi ixchamgina qilib yogʻochdan maxsus yasalgan karavotchaga oʻgʻlini yotqizib qoʻyib, oʻzi televizor tomosha qilib oʻtirgan edi. Darvoza yoniga kelib toʻxtagan yengil avtoulov diqqatini tortdi. Mashinaning orqa eshigi ochilib, undan… Gulxumor tushdi. Haydovchi doʻkonni koʻrsatib, unga nimalardir deb tushuntirdi. U esa rahmat aytib, toʻgʻri doʻkonga qarab yoʻl oldi. Ibrohim bir zum sarosimaga tushib qoldi. Boshiga tushgan aziyatlarda Gulxumorning hech qanday gunohi boʻlmasa-da, shu ayolga boʻlgan savdoyi tuygʻulari sabab eng aziz insonlarini qiynab qoʻygani uchun uni koʻrishni, u bilan koʻrishishni umuman istamas edi. Shu topda doʻkonning orqa eshigidan chiqib qochib ketishni juda-juda istadi, ammo Gulxumor allaqachon ostonada boshini biroz qiyshaytirgan holda jilmaygancha unga qarab turardi:
– Assalomu alaykum, boy bova!..
– E-ee, keling… Vaalaykum assalom, – noiloj oʻrnidan turib uning qarshisiga peshvoz chiqdi.
Jahongir ham hali uxlamagan edi, oʻrnidan turib, keluvchiga ajablanib qaradi. Gulxumor uni koʻrib, tabassum qildi:
– Eh-he, yotoqxonali doʻkon ekan-ku bu.
– Ha, endi, – chaynaldi Ibrohim. – Yonimda boʻlgani maʼqul-da.
– Maʼqul, maʼqul. Qalay, polvon? – Gulxumor peshtaxta osha uzalib, bolaning boshini silab qoʻydi. – Katta yigit boʻp qolibsan-ku.
– Rahmat, – Ibrohim peshtaxta ortidan kursi olib, uni oʻtirishga taklif qildi. – Keling, hozir choy beraman.
Gulxumor kursiga oʻtirib, peshonasida tepchib turgan reza-reza ter donalarini sidirib tashladi:
– Havo juda isib ketdi. Yondiraman, deydi-ya naq, – u qoʻlini fotihaga ochib, hamon angrayib turgan Ibrohimga qaradi. – Oʻzingiz oʻtirmaysizmi? Qani, oʻtirib oling. Ilohi omin, doʻkoningizga baraka bersin.
– Rahmat. Yaxshi yuribsizmi? – biroz xotirjam tortib, hol-ahvol soʻradi Ibrohim. – Biz tomonlarga qanday shamol uchirdi sizni? Mening Ajdarkoʻlda ekanligimni kimdan bildingiz?
Gulxumorning kulib turgan koʻzlariga maʼyuslik indi. U hamon ularga qarab oʻtirgan bolakayga bir qarab olib, ogʻir xoʻrsindi:
– Betashvish odam shu issiqda mana shu dashtu biyobonlarda sargardon boʻlib yurarmidi? Qayerdaligingizni akangizdan soʻrab bildim. Xudo unutgan bir burchaklarda yuribdi, deb shu yerni aytdilar. Qani edi meni ham hamma unutib yuborsa, hech kim izlamasa, izlasalar ham topolmasa, sharoitsiz boʻlsa ham ikki bolam bilan tinchgina, bexavotir yashasam ekan, deb izingizdan keldim.
Bu hasrat kutilmaganda paydo boʻlishdan ham oshib tushgan edi:
– Nima boʻldi sizga? Tinchlikmi?
Gulxumor yerga qarab, ancha tin oldi. U boshini koʻtarganda koʻzlari toʻla yosh edi:
– Erim… Dozani oshirib yuborib… Oʻlib qopti. Shundan buyon menga tinchlik yoʻq. Qaynonam bilan onam “Bolalarni ber. Ulardan ajralishni istamasang, oʻzing ham birga yur. Bular yolgʻiz oʻgʻlimdan qolgan yodgorlik”, deb janjal qilishyapti. “Ikki bolani boqib, tarbiyalash uchun sharoiti yoʻq, uyi yoʻq”, deb meni sudga ham berishdi. Xolam shoʻrlik “Uyim shunga qoladi”, deb vasiyatnoma yozib bergach, zoʻrgʻa qutuldik. Endi xolamning bolalariga yoqmay qoldim. Ochiq bir narsa deyishmasa ham, munosabatlari oʻzgarib qolgan. Boʻlmasa, hammasining alohida uy-joylari bor, vaqtida onalari bilan turgilari kelmay, alohida uy-joy qilib chiqib ketishgan. Shunday boʻlsa ham xolamdan keyin bu uyni ham sotib, pulini boʻlib olmoqchi boʻlib yurishgan ekan. Mayli, men bu uyga sira daʼvogar emasman. Oʻzi kichkinagina uy, sotganda ham hech nima pul boʻlmaydi. Asta-sekin pul toʻplab, kichkinaroq boʻlsa ham oʻzim uy olmoqchi boʻlib yuribman. Endi ularning qovoq-tumshuqlariga qarab, u hovlida nafas olish ham qiyinlashib boryapti. Vasiyatnoma yozilgandan soʻng katta oʻgʻillari xolamning uyiga oʻzining oʻgʻlini olib kelib qoʻydi. Boshqalari ham juda serqatnov boʻlib qolishgan. Xullas, men u yerdan zudlik bilan ketishim kerak.
Gulxumorning boshiga tushgan yangi musibatlar Ibrohimning koʻnglida achinish hissini uygʻotish oʻrniga negadir unga juda malol keldi: “Tavba, bir bechoraning yolgʻiz oʻgʻlidan qolgan nevaralar ekan, oʻzingning boradigan joying yoʻq, qaynonangning yoniga borib yashayver. Yeb qoʻymas axir! Bir kun oʻlib ketsa, oʻzingga ham, bolalaringga ham tayyor boshpana. Eh, odamzod-a!..” Ammo tish yorib, bir soʻz aytmadi.
– Ozroq jamgʻarmam bor. Bitta-ikkita tilla taqinchoqlarim bor. Xolam ham bolalaridan bekitib, uch-toʻrt tilla taqinchogʻini menga bermoqchi. Bu yoqlarda uy arzon, deyishadi. Surishtirib, kichkinaroq boʻlsa ham biron uy topib bera olmaysizmi?
Ibrohimning boshidan hushi uchib ketdi. Bu juvonning “Uy topib bering”, degani, “Boradigan joyim yoʻq, uy topguningizcha, ikki bolam bilan sizning uyingizda yashab turaylik. Kim nima deydi? Rashk qiladigan xotiningiz boʻlmasa…”, degandek boʻlib eshitildi. Ehtimol, ayol ochiq ayta olmayapti-yu, lekin koʻnglida shunday fikr bordek tuyuldi unga. Yana kim biladi.
Ibrohim qarshisidagi ayolning intiq tikilib turgan nigohlariga dosh bera olmay, yerga qaradi. Butun vujudida ogʻir bir toliqishni his etdi. Ancha vaqt jim qoldi. Nima boʻlganda ham ayolning dilini ogʻritmasdan javobini berib yuborishi lozim edi. Xotiralardan qochib, shu joylarga kelib yurganda, bu ayolni koʻchirib kelib, har toʻqnash kelganda yarasini bir yangilab, azob tortishning nima keragi bor? Bunday azobga dosh beradigan kuch-quvvati bormi uning?
– Endi-i-i, – nihoyat boshini koʻtarib, salmoqlab gap boshladi u. – Bu joylarda sotiladigan uy topish juda qiyin. Toʻgʻrisini aytsam, bu shaharchaga ishyoqmas, tekinxoʻr odamlar yigʻilgan. Ajdarkoʻl bitmas-tuganmas xazina, shaharchaning yarim xalqi hech qayerda ishlamasdan baliq ovlab kun kechiradi. Ular baliq sotayin, deb koʻchaga ham chiqib oʻtirishmaydi, mijozlari kelib koʻtarasiga olib ketishadi. Ular salgina harakat bilan baliq ovlab, topgan pullariga non, goʻsht-yogʻ, kartoshka-piyoz, albatta, aroq sotib olishadi. Ularga boshqa hech narsa kerak emas. Yaxshi sharoit, bashang turmushni orzu qilishmaydi. Agar shu koʻldan uzoqroq joyga borib yashashsa, bular ochdan oʻladi, chunki ular mehnat qilishni istashmaydi. Bu joylardan uy sotib olishni orzu qilganlar juda koʻp, lekin bu juda qiyin masala. Mening uyim ham bir tasodif tufayli sotilib qolgan. Lekin mening oʻylashimcha, yaqin yillar ichida bu koʻl ulkan chiqindixonaga aylanishi aniq. Uning suvida ham, atrofida ham birorta tirik jonzot qolmasa kerak. Bir tomonida sanatoriy, bir tomonida kasalxona, bir tomonida asfalt zavodi chiqindi suvlarini shu koʻlga toʻkishadi, chor atrofida ochkoʻz odamlar koʻlni bulgʻab yotishibdi. Mening ham bu joylarda bir umr qolib ketish niyatim yoʻq, ota-onam keksayib qolishdi, “kel” deb yotishibdi. Vaqti soati yetganda ularning yoniga qaytib ketaman.
Unga termulib turgan chiroyli koʻzlardagi umid oʻrnini asta-sekin umidsizlik, ogʻriq, alamli iztirob egallab olayotganini koʻrib turardi. Ayolga rahmi kelib ketdi, ammo u haqiqatan ilojsiz edi. Oradan toʻrt yil oʻtib ham beshafqat xotiralaridan qutula olmagan holida shafqatsiz haqiqat bilan har kun yuzma-yuz kelib yashashga sira kuchi yetmas edi…
– Siz siqilmang, Gulxumor, – ayolning rangi oqara boshlaganini koʻrib, vaziyatni biroz yumshatishga urindi u. – Men surishtirib koʻraman, lekin biron narsa vaʼda qila olmayman. Oshna-ogʻaynilar bor, ularga ham aytaman. Lekin umid juda kam. Biron narsa boʻp qolsa, oʻzim sizga xabar qilaman.
Gulxumor qoʻlidagi choyni oxirigacha sipqorib, piyolasini “taq” etkizib peshtaxta ustiga qoʻydi-da, oʻrnidan turdi:
– Boʻpti, boʻlmasa, men boray.
Doʻkonning ochiq qolgan eshigidan peshinga qarab oqqan quyosh bor nurini ichkariga toʻkib turardi. Ibrohim peshtaxta tagidan sochiqcha olib, yuz-boshini qoplagan terni artdi. Oʻrnidan turib, ayolning ortidan yurdi:
– Men sizni shohbekatga olib borib qoʻyaman, – keta-keta oʻgʻliga yuzlandi, – yur, Jahon, xolani kuzatib qoʻyamiz.
Oftob ham ular bilan birga yoʻlga tushganday boʻldi. Ibrohim mashinaning oynalarini berkitib, konditsionerni qoʻshib qoʻysa ham mashina salonida koʻngilni lohas qilarlik harorat pasaymadi. Koʻchalar esa egasi koʻchib ketgan hovlidek huvillab yotar edi. Ibrohim shaharcha markazidagi yangi qurilgan qahvaxonaning yonida mashinasini toʻxtatdi:
– Ajdarkoʻlga kelib, baliq yemasdan ketsangiz, yaxshi boʻlmaydi. Tushing, sizni bir mehmon qilay, – dedi Gulxumor tumtayib oʻtirgan orqa oʻrindiq tomon burilib.
Gulxumor qoshlarini chimirib, zardali bosh chayqadi:
– Umuman shart emas, men baliqni yomon koʻraman.
– Baliq boʻlmasa, boshqa biron narsa olarmiz, – iltifot qildi u.
– Qornim toʻq, ovora boʻlmang.
Ayolning shaharcha haqida koʻpirtirib aytgan gaplaridan emas, Ibrohimdan xafa boʻlayotgani koʻrinib turardi. Ibrohim esa masʼuliyatni boʻyniga olib, nimadir vaʼda berib, uning koʻnglini tinchitish oʻrniga, maslahat berdi:
– Aslida oʻzingizni qiynab yurmasdan bolalaringizni olib, qaynonangizning yoniga qaytganingiz maʼqulmi, deyman. Tayyor uy-joy, bolalaringizga ham qarashadi, harqalay oʻzining nevarasi. Giyohvand er oʻlib ketgan boʻlsa, bir keksa qaynona bilan murosa qilib yashash judayam qiyin boʻlmasa kerak. Harqalay farzand dogʻida kuygan ayol, bir tomoni savob boʻladi, deyman-da.
Gulxumorning rangi oqarib ketdi:
– Ibrohim!.. Siz menga nima deyapsiz?! Men oʻsha xonadonda oʻn besh yil yashaganman, ammo bir kun ham kun koʻrganim yoʻq. Birovlar oʻgʻli yarimjon yoki giyohvand boʻlsa, kelinning oldida yelkasini qisib, xushomad qilib oʻtadi. Mening qaynonam qildan qiyiq axtarib, har ishimdan mingta nuqson topib, giyohvand oʻgʻliga meni doʻpposlatardi. Meni hech qachon odam oʻrnida koʻrgan emas. Oʻgʻli nima uchun giyohvand boʻlib qolgan? Bu ayol umuman bolasining tarbiyasi bilan shugʻullanmagan, nazorat qilmagan. Ishlayapman deb, umri koʻchada, yigʻilishlarda, bazmlarda oʻtgan. Oʻgʻil onasining mansabparastligi, aqlsizligi uchun giyohvand boʻlib qolgan. U endi oltmishga kirdi, saksonlarga kiradigan boʻlsa, bitta hovli-joy uchun yana yigirma yil oʻsha befarosat, injiq ayolning koʻziga qarab yashashim kerakmi? Yigirma yildan soʻng men oltmishga kiraman, men shoʻr oltmishdan keyin erkin yashaymanmi? Oltmishdan keyingi erkinlik kimga kerak?! Yoʻ-oʻ-q, menga uning hovli-joyi umuman kerak emas, men ham hamma qatori dunyoga bir marta kelaman. Bolalarim bilan tinchgina yashashni istayman. Juda boʻlmasa, hovli-joy qilib beradigan odamga erga tegaman!..
U shu gapni aytib bir zum jim qoldi. Lablari titrab, oqarib ketgan yonoqlariga duvillab koʻz yoshlari toʻkildi:
– Men… Men… Siz haqingizda butunlay boshqacha fikrda edim. Siz boʻlsa… qiyin kunimda koʻkragimdan itardingiz!.. Menga oddiygina odamgarchilikni ham ravo koʻrmadingiz. Shuncha odam yashayotgan joyda men yashay olmas emishman! Sening tashvishing kerak emas menga, deng undan koʻra. Maslahatlaringiz oʻzingizga siylov, meni tezroq bekatga eltib tashlang, – uning ovozi titrab ketdi. – Bolalarim yolgʻiz qolishgan.
Ibrohim bu qadar ochiqdan-ochiq malomatga qolaman, deb oʻylamagandi. Gulxumorga nima deyishni bilmay qoldi:
– Uzr, Gulxumor. Qiynalib yurmang, tayyor uy-joy, degandim-da. Bittagina kampir ekan, deb. Uzr, meni kechiring, koʻnglingizni ogʻritib qoʻydim. Men bir savdo xodimi boʻlsam, sizlarga oʻxshab oʻqigan boʻlmasam, hamma narsaga ham aqlim yetavermaydi. Uzr, ming bor uzr.
– Bittagina kampir emish! Yarim Toshkent uning qarindoshi. Birovi ketsa, ikkitasi kirib keladi. Hammasi uchun albatta biron tansiq ovqat, ogʻizda erib ketadigan pishiriq tayyorlash kerak, hamisha iljayib, qoʻlimni koʻksimga qoʻyib turishim kerak. Shusiz ham bu hayotda juda charchaganman. Endi bu ishlar qoʻlimdan kelmaydi. Bir umr kelin boʻla olmayman.
Ibrohim bekatga Gulxumordan ham koʻproq oshiqdi. Bekatga tezroq yetib olsa-yu, Gulxumordan ham, uning shafqatsiz malomatlaridan ham bira toʻla qutulsa! Yeru koʻk qaytayotgan quyosh taftida jizgʻanak boʻlib kuyayotgandek edi. Ibrohim konditsionerni oʻchirib, mashinaning oynasini ochdi, ammo yuziga tashqaridan issiq shamol urildi. Yuragi behalovat boʻldi: “Oʻzimning tashvishim kammidi?”
Bekatga yetib kelishgach, Gulxumor mashinadan tushdi-da, yugurib oxirgi mijozini kutib turgan birinchi mashinaga oʻtirdi, Ibrohim bilan xayr-maʼzur ham qilmasdan joʻnab ketdi.
– Dada, bu xotin kim? – soʻradi mashina joʻnab ketgach Jahongir. – Nega u sizga baqirdi?
– U mening sinfdoshim, – biron joʻyali yolgʻon oʻylab topishga hafsala qilmadi. – Uysiz qolibdi. Shu yerdan bir uy topib bering, degandi, bu yerda boʻsh uy yoʻq, desam, xafa boʻldi. Oʻzing eshitding-ku hammasini.
– Bolalari boʻlsa, qiyin boʻpti-da ularga. Bizning uyimizda yashayversa, boʻlmasmidi?
– Yoʻq, oʻgʻlim, boʻlmas edi. Bilasan, oʻzi mazam yoʻqroq, menga oshiqcha shovqinning keragi yuq.
– Mayli, dada, – darrov rozi boʻlib qoʻya qoldi oʻgʻli.
Yerga ursa, koʻkka sapchiydigan shoʻx bola oʻsha yongʻindan keyin birdan ulgʻayib, hatto keksayib qolganday edi. Onasi bilan ikki opachasi uchun uning istak-xohishi qonun edi, uning hamma shoʻxliklarini, injiqliklarini hech qanday eʼtirozsiz koʻtarishar, shunga yarasha bola ham ancha-muncha mahmadona boʻlib oʻsayotgandi. Yongʻindan soʻng u birdan bola qiyofasidagi kamgap, jiddiy qariyaga aylanib qolganday boʻldi. Bobosining, ammalarining uyida omon qolgan oilaviy suratlarni yigʻib kelib, kichkinagina bir albom yasab olgan, koʻpincha Ibrohim uning izidan xonasiga kirsa, uni oʻsha albomdagi suratlarga tikilib, yigʻlab oʻtirgan holda uchratardi. Bola ostonada uni koʻrishi bilan albomni yopib, yugurib kelib otasini quchoqlab olardi-da, yuzini uning koʻksiga berkitib, nozikkina yelkalari silkinib-silkinib uzoq yigʻlardi, lekin bir ogʻiz ham gapirmasdi, bitta ham savol bermasdi.
Unga maslahat beruvchilar koʻp edi. Har hafta kanda qilmay bir kelib ketadigan otasi bilan onasi, joʻralari, hatto qaynonasi ham “Boʻlar ish boʻldi. Yolgʻiz bola bilan soʻppayib oʻtiraverasanmi? Endi uylan”, deb qayta-qayta necha bor tayinlab aytishar, u esa har safar “Shoshmay turinglar-chi, vaqti kelganda hammasi boʻladi”, deb javob qaytarardi. “Besh yil boʻldi, bolam. Sen aytgan vaqt qachon keladi? Sening tinchiganingni koʻrib, bexavotirgina oʻlish menga ham nasib qiladimi-yoʻqmi oʻzi?”, shu safar onasi yigʻlab yopishdi. Onasi yigʻladi, yigʻlayverdi, u esa yerga qarab jim oʻtiraverdi. Oxiri yuragini ochmasa, boʻlmadi: “Enajon, Jahoningizning yarasi hali bitmagan. Xudoning bergan kuni enasi bilan opachalarining rasmiga qarab, koʻzlari namlanib oʻtirganini koʻraman. Shu bolaning ustiga qanday qilib begona ayolni olib kelaman. U ayol, oʻgayligiga borib, bunga qattiqroq gapirib qoʻysa, keyin bu qanday chidaydi, men qanday chidayman? Vaqti keladi, ota, sizga ham bir mahram kerak, uylaning, deydi. Shundayam oldin uni uylantirib, keyin oʻzim uylanaman”. Ona battar yigʻladi: “Ay, esi yoʻq bolam-a! Xotini oʻlgan, bola bilan qolgan bir senmi? Sen koʻchadan kelgan birovga koʻngli yarim bolangni turttirib, qarab turmaysan-ku! Yashash niyati bor xotin bolangni turtadimi? Kambagʻalni urma-soʻkma, yoqasini yirt, deyishgan. Axir bu bola koʻrib turgan koʻzing-ku. Buni kim tushunmaydi?”. “Ena, iltimos!..”. “Kuydirib ado qilding meni…”
Ibrohim hayotda xotini bilan ajrashib yoki xotini oʻlib, juda yosh beva qolishsa ham uylanmay yolgʻiz oʻtgan erkaklarni koʻp koʻrgan. Shunday holatlarda ayol kishi yolgʻiz oʻtsa, odamlar unchalik eʼtibor berishmaydi, ammo yolgʻiz yashayotgan erkak hammaning koʻziga juda boshqacha koʻrinadi. Bir muallimlari bor edi, qaddi-basti kelishgan, juda xushmuomala kishi edi. Butun maktab – oʻqituvchilar ham, oʻquvchilar ham uning bir zamonlar xotinidan ajrashgani-yu, endi yolgʻiz oʻtayotganligi haqida gapirishardi. Oʻsha muallim Ibrohimning koʻziga ham gʻalati boʻlib koʻrinar edi. Endi oʻylab qarasa, oʻsha bechoraning ham bechora onasi “Uylan, uylan!”, deb qancha yigʻlagandir… U esa koʻnglidagi qaysidir ozor uchun ayol zotiga erkak sifatida betlayolmay qolgandir. Ibrohimning ota-onasi ham gʻanimat boʻlib qoldi. Muallimning ota-onasi esa oʻtib ham ketgandir. Hozir kimning eshigida ekan shoʻrlik yolgʻiz muallim? Ukaningmi, akaningmi? Balki uylangandir…
U esa uylana olmaydi. Bir kecha tushida xotinini koʻrdi. Bu tushmidi, xayolmidi, haligacha ajrata olmaydi. Doʻkonda oʻtirsa, xotini kirib kelibdi. Uning qoshlari chimirilgan, nimadandir norozi edi. Naq tepasiga kelib, lablari pir-pir uchib, undan gina qila boshlabdi: “Ha, dadasi, nega uylanmayapsiz? Axir uylanmoqchi edingiz-ku! Mendan qanday qutulishni bilmay yurgan edingiz, xudoyimning oʻzi yoʻlingizni ochib qoʻydi. Ammo mendan qutulish uchun ikki qizingizni berishga majbur boʻldingiz”.
Bu gapni xotini tushida bir marta aytdi, ammo u koʻnglida ming marta jarangladi: “Mendan qutulish uchun ikki qizingizni berishga majbur boʻldingiz!..”
Shunday paytda Gulxumorning tashvishi unga ortiqcha edi.
* * *
Chapdast gavdasiga yarashmagan holda tinib-tinchimas mavjudot edi. Koʻlning hali u tomoniga, hali bu tomoniga suzib ketar, baʼzan necha yillik uzangi yoʻldoshi Qorakoʻzni ham yolgʻiz qoldirib ketib qolaverardi. Aylanib-aylanib qaytib kelganda esa, uni topa olmay jigʻibiyron boʻlar, oʻz holiga suzib yurgan baliqlarni u yon-bu yon surib, koʻlni agʻdar-toʻntar qilib tashlardi.
Oʻsha kuni ham Qorakoʻz yolgʻiz qoldi. Chapdastning tinib-tinchimasligidan biroz koyindi, koʻl tubiga tushib biroz tin oldi. Bolaligi oʻtgan bahri ummonning shoʻrtang taʼmi yodiga tushdi. Shuncha yildan beri yashayotgan boʻlsalar ham bu koʻlning badboʻy hid anqib turadigan, tuzsiz, koʻngilni aynitadigan darajada bemaza suviga hech koʻnika olmadi. Ayniqsa, koʻpincha oq libosli mavjudotlar kirib-chiqib yuradigan baland imoratlar joylashgan qirgʻoq atrofidagi badboʻy suvni umuman ogʻizga olib boʻlmaydi. Bu qirgʻoqqa ikkita katta quvur qoʻyilgan boʻlib, biri gʻuvillatib kecha-kunduz toza suv tortib yotadi, ikkinchisidan esa suvga ham oʻxshamaydigan allanimalar toʻkilib yotadi. Koʻlning hech kim yashamaydigan yana bir qirgʻogʻida ham katta bir imorat bor. Uning quvurlaridan yogʻli qop-qora suyuqlik oqib yotadi. Bir marta Chapdast bilan oʻsha tomonga borib qolishgan edi. Necha kun kasal boʻlib suv tubidan chiqa olmay, yotib qolishdi. Shundan keyin hech qachon u tomonlarga bormaydigan boʻlishdi. Qorakoʻz koʻpdan beri Chapdast rozi boʻlib, yonida yursa, oʻsha kecha-yu kunduz oppoq toʻlqinlar bir-biriga toʻsh urib yotadigan shoʻrtang suvli, na zamin, na qayiq, na ikki oyoqda yurguvchi gʻalati mavjudotlar koʻrinmaydigan musaffo bahri ummonga ketishni orzu qilardi. U koʻlning tubiga tushib, olis-olislarga koʻz tikdi. Oʻzicha u yon-bu yon tikilib, suzar yoʻllarini rejalashtirdi. Chor atrof bir xil, suv ham oqar suv emas, bir zaylda qalqib turaveradi, bu holda manzil tomon yoʻl topish qiyin edi. Oqim boʻlsa ham, oqimga qarshi harakatlanib, manzilga yetib olish mumkin edi. Chunki ular oqim bilan kelishgan, oqimga qarshi suzishsa, koʻzlagan manzillariga yetib olishlarini tushunar edi. Koʻlning suvi juda bemaza, undan koʻngilni behuzur qiladigan badboʻy hidlar anqirdi. U suvdan boshini xiyol chiqarib, atrofni kuzatmoqchi boʻldi: “Balki qirgʻoqdan biron belgi topish mumkin boʻlar?”
Shu payt kutilmaganda “Ana, ana akula!” degan qichqiriqlarni eshitdi. U shundaygina ikki qayiqning oʻrtasidan chiqib qolgan edi. Nima boʻlayotganini anglab yetgunicha boshi qandaydir toʻrga kirib qolganini sezdi. Keyingi harakati esa bor gavdasi bilan toʻrning ichiga kirib ketishiga sabab boʻldi. Atrofdagi baqir-chaqirlar avjiga mindi: “Ot! Ot, deyapman senga! Toʻrni oʻyib chiqib ketishi mumkin”. “Boʻl tezroq, davay, hozir qayiqni agʻdarib yuboradi!”. “Toʻrni ikkinchi qayiqqa ham yaxshilab bogʻlanglar. Boʻl, he, lallayib oʻl. Onangni seni!..” “Boʻl, motorni oʻt oldir. Sherigi keb qolishi mumkin”. Ular koʻpchilik edi shekilli, chor atrofdan yogʻilayotgan xanjarli tayoqlar uning aʼzoi badanini ilma teshik qilib tashladi. Qayiqlarning tumshugʻi qirgʻoqdagi qumga tiqilgandan soʻng qiy-chuv battar avjiga mindi. Qorakoʻz hali tirik edi. Qirgʻoqdagi odamlar yopirilib kelib, toʻrni qirgʻoqqa sudrab ketdilar.
– Vu-u-uy, kattaligini! Oʻn metrlar bor-a, ukkagʻar!
– Tirik! Tirik ekan!
– Qoch, yoʻldan qoch! Hozir sherigi keb qolsa, hammangni yamlamay yutvoradi! Qo-oo-och! Suvdan uzoqroqqa obborish kerak buni. Qochinglar!
Odamlar yirtqich hayvondan ham beshafqat edilar, kim qoʻliga nima ilashsa, oʻsha narsa bilan toʻrda sudrab ketilayotgan baliqni urib, azoblab borardi.
Bu paytda negadir yuragi behalovat boʻlib sayrdan ertaroq qaytgan Chapdast suvdan boshini xiyol chiqarib qiy-chuv qilib dunyoni buzayotgan odamlarning harakatini qiziqish bilan tomosha qilib turardi. Odamlar baqir-chaqir qilib toʻrni qumloq sohilga chiqarishgandan keyingina toʻr ichidagi tutqun uning Qorakoʻzi ekanligini bilib qoldi. Oʻqdek uchib oʻzini qirgʻoqqa urdi, Qorakoʻzning atrofidagi odamlar “guv” etib nari qochishdi. Qorakoʻzning esa qimirlashga ham holi yoʻq edi, chanqoq va ogʻriqning zoʻridan ogʻzini katta-katta ochib, bir-bir toʻlgʻanib qoʻyardi. Chapdast unga vahima bilan tikilib turgan olomonga qarab, ilojsizligini anglab yetdi va alamli iztirob bilan ortiga qaytib ketdi. Va bir umrga qayiqlarni, uni boshqarib yuradigan ikki oyoqli mavjudotlarni yomon koʻrib qoldi. Yolgʻiz qayiqlar koʻlning ichkarirogʻiga suzib kirishini kutib yotar, ular koʻlning oʻrtasiga yetganda hujum qiladigan odat chiqardi. Ajdarkoʻl haqiqiy ajdarho koʻliga aylandi. Qasoskor akula haqidagi mish-mishlarning biriga oʻn qoʻshilib, nafaqat shaharcha odamlari orasida, balki Ajdarkoʻldan juda olis-olislardagi shaharlarga ham yetib bordi. Koʻlni muhofaza qiluvchilar deyarli bekorchi boʻlib qolishdi. Chunki uncha-muncha baliqchi avvalgidek oddiy qayiq bilan koʻlga chiqa olmas edi. Motorli qayigʻi bor, har qanday vaziyatda ham oʻzini himoya qila oladigan katta ovchilarga esa hech kim hech narsa deya olmaydi. Chunki ular muhofazachilarga ham choʻtal uzatib turar edilar.
* * *
Bu joylarda bahor juda tez oʻtib ketadi. Dala-dashtlarga oʻt-oʻlan chiqib ulgurmasidan jazirama issiq boshlanib, saraton shafqatsiz moʻyqalami bilan barchasini sap-sariq rangga boʻyab tashlaydi. Hansirab yetib kelgan yoz hamma joyga oʻz hukmini oʻtkaza boshlaydi. Bu yoz bilan erinmay kurashadigan odam kerak. Ibrohim shu yerlarda bir umr qolib ketmasligini bilsa ham, tomorqada ishlashdan erinmasdi. Mevasi koʻchadan oʻtganlarniki, savobi bizniki, deb hovli ortiga ham uzum ekdi. Chiroyli ishkom koʻtarib qoʻydi. Hovli ichkarisida esa bodom, oʻrik, olma-yu shaftoli, xurmo daraxtlari erta bahordan kech kuzgacha gul-u mevasi bilan koʻzi tushgan mardumning havasini keltirib turadi. Avvalgi begʻam Ibrohim boʻlsa, qayta-qayta ajriq bosib, qaqshab-qaqshab qolaveradigan hovlida shuncha ter toʻkmagan boʻlardi. U vaqtni beoʻy oʻtkazish uchun, charchab toliqish va tunlari uyqusizlikdan qiynalmasdan tosh qotib uxlash uchun erta sahar turib, yer chopar, ekin-tikinini oʻtoq qilar, suv tarar, birov-yarim doʻkonga kelganlar darvozadan boʻy koʻrsata boshlagach, sal terini qotirib, Barfin xola tuzab ketgan dasturxondan u-bu totingan boʻlib, doʻkonga oʻtardi. Bogʻ esa miskin xojasi koʻnglining aksi oʻlaroq kunba-kun yashnab ketaverardi. Unga qarab, Ibrohim maʼyus jilmayib qoʻyar, agar daromad topish uchun ishlasa, ehtimol shuncha hosil bermagan boʻlarmidi bu bogʻ? Ota-bola Barfin xolaning oilasi bilan faqat hoʻl meva yeb yotsa ham, bu mevalarni tugatishning iloji yoʻqligidan Ibrohim doʻkonga ham xoʻl meva chiqaradigan boʻldi.
Shu yil Ibrohimga omadli keldi. Jahongiri otasi osonrogʻiga topshir, oʻtolmasang, oʻksib qolasan, desayam, “men bilimimga ishonaman”, deb katta institutga topshirgan edi. Xudo qarashdimi, yo bilimi haqiqatan ham yaxshimidi, oʻqishga kiribdi. Bu xabar telefoniga kelganda ular shaharda yurishgan edi. Oʻsha damda ulardan-da baxtli mardum yoʻq edi bu olamda.
Ota-bola shaharcha markazidan yaxshilab bozorlik qilishdi. Barfin xola bir narsa deb nolimasa-da, keyingi paytda ancha toliqqanligi koʻrinib turardi.
– Bugun Barfin xolani bezovta qilmaymiz, oʻgʻlim, oshni oʻzim tayyorlayman, – dedi Ibrohim.
– Men shakarob tayyorlayman. Ammo biz uyga borgunimizcha Barfin momom “Nima ovqat qilay?” deb uyimizga kelib turadi-da.
– E-e, qoʻyaver, momongni ham bir narsa deb aldaymiz, oʻgʻlim.
– Yoʻq, dada, bugun aldayolmaymiz, u kishiga oʻqishga kirganimni aytmasak, bizdan juda qattiq xafa boʻladi. Aytsak, oʻzlari bayram uyushtirib tashlaydi. Bugun biz yordamchi boʻlamiz u kishiga. Oʻgʻillarini ham chaqiramiz oshga.
– Boʻpti, oʻgʻlim, sen nima desang shu.
Haqiqatan ham ular mashinadan yuklarini tushirguncha, Barfin xola quyma kovushini sudrab yetib keldi:
– Tinchmisizlar? Necha marta kelib ketdim. Uyda ham, doʻkonda ham hech kim yoʻq. Bular qayoqqa ketdi ekan, deb xavotirlanib oʻtirgandim. Moshin oʻtganini koʻrib chopib kelaverdim, – kampir Jahongirning yelkasidan olib, peshonasidan oʻpdi. – Sen qandaysan, bolam?
– Shu bolaga yaxshi qaramagansiz-da, momosi, – kuldi Ibrohim. – Odamni tashvishga qoʻyib yuradi doim.
– Nima gap? Nima qip qoʻyding, bolam? – momoning koʻzlari xavotir bilan pirpiradi.
– Nima qilardi, momosi? Akademiyaga oʻqishga qabul qilishibdi, – Ibrohimning ovozi titrab ketdi. Oʻtgan yillar mobaynida erta-kech issiq-sovugʻiga qarashib yurgan bu ayol unga bir narsa demasa ham, Ibrohimning koʻnglida qanday ulkan gʻussa borligini biladiganday edi. Bu ularni ona-boladek bir-birlariga yaqin qilib qoʻygandi. – Xola, testning javoblari keldi. Shunga endi buncha boʻldi, endi bir osh-posh qilib, nishonlaylik, deb bozorga ketgan edik-da, – koʻngli boʻshab ketganidan xijolatlanib, oʻzicha kulib oʻgʻlining yelkasiga qoqib qoʻydi.
– Voy, bolaginamdan oʻzim oynonay! – Barfin xola uzalib uni bagʻriga bosdi. – Shuni menga aytmasdan uyimning ustidan qandaylar oʻtib ketding sen bola? Momomni bir suyuntiray, demadingmi? Ay, bolam-a, jonginang sogʻ, martabang ulugʻ boʻlsin, – xola yuziga fotiha tortdi. – Oʻziyam hazilakam oʻqimadi-da, mening bolam. Kecha-kunduz kitobdan bosh koʻtargani yoʻq.
Xola belidagi katta shol roʻmolni qaytadan bogʻlab, ishga kirishib ketdi, ikki nevarasini ham chaqirtirib oldi. Ibrohimni doʻkonga chiqarib yubordi: “Boring, siz savdongizni qiling. Ertadan beri yuz kishi kelib ketdi”. Birov ovqatga unnagan, birov hovliga suv sepgan, birov dasturxon tuzagan, xullas, Barfin xola bir pasda hovliga bayramona ruh olib kirdi. Ibrohim oshga xolaning oʻgʻillarini ham chaqirtirdi, xotin-xalajga ham katta laganda osh chiqarib yubordi.
Oshdan soʻng hovli yana huvillab qoldi. Ichkariga kirgisi kelmagan Ibrohim hovlidagi yogʻoch supada oʻtirib xayolga berildi. Xayolan hayotning beshafqat qonunlaridan kuyindi, biron yaxshilik yoʻqki, uning toʻlovi boʻlmasa. Oʻgʻli oʻz bilimi bilan, birinchi urinishdayoq shunday katta oʻqishga kirdi. Baxt, omad! Lekin endi u ketadi. Ibrohim esa kimsasiz hovlida yolgʻiz oʻzi qolishi kerak. Endi xotiralar uni batamom yeb qoʻyadi. Oʻzi azaldan odamoviroq edi, boshiga tushgan koʻrgiliklardan soʻng begona joylarga kelib, battar qobigʻiga oʻralib oldi. Hatto ertadan kechgacha eshigida yuradigan Barfin xola bilan biron marta yozilib gaplashgani yoʻq. Bu ayol u haqda nima bilsa, onasi kelganda, onasining xasrat toʻla gurunglaridan bilib olgan. Ammo oʻzi tish yorib biron marta dardini aytmadi, biron masalada maslahat soʻramadi… Endi bu besh yil qachon oʻtadi, qanday oʻtadi? Qachon kelin tushiradi, qachon nevara koʻradi? Qachon uyi toʻladi?
U oʻz xayollari bilan boʻlib, oʻgʻlining uydan chiqib, yoniga kelib oʻtirganini ham sezmay qoldi.
– Dada! Dado-o-ov!
Yonginasida oʻtirgan Jahongirni koʻrib hayron boʻldi:
– Sen bu yerga qachon kelding?
– Yo tavba, dada, oldingizdan oʻtdim-ku, nahotki koʻrmadingiz? Chaqiraman, eshitmaysiz. Uxlab qoldimikin, desam, koʻzlaringiz ochiq.
Ibrohim xijolatpazligini yashirish uchun kuldi:
– Zoʻr odamlar koʻzi ochiq holda ham uxlayveradi. Tinchlikmi, oʻgʻlim?
– Tinchlik, tinchlik, dada, – Jahongir nimagadir taraddudlanib, yerga qaradi. Biroz jim qoldi. Soʻng chuqur hoʻrsinib, gapida davom etdi. – Dada, uch-toʻrt kundan soʻng men ketishim kerak. Ammo katta hovliga sizni qanday qilib yolgʻiz tashlab ketaman? Ketsam, u yoqlarda qanday yuraman? Shu paytgacha ham, hamisha yolgʻizligingiz haqida oʻylar edim. Oshnalarimnikiga borsam, vagʻir-vugʻir, qiy-chuv, eng tinch uylarda ham otalari onalari bilan birgalashib gʻimir-gʻimir ish qilib yurgan yo gurunglashib oʻtirgan boʻlardi. Shunday paytlar sizning yolgʻiz oʻtirganingiz koʻz oldimga kelib, koʻnglim buzilib ketardi. Dada, iltimos, uylaning. Agar uylanmasangiz, men oʻqishga ketolmayman.
Ibrohim bir kun kelib oʻgʻli shu gapni aytishini bilar edi. Ammo aynan bugun, shu tarzda aytishi, keyin unga qanday javob berishi haqida oʻylab koʻrmagan edi. U oʻgʻliga hazillashgan boʻlib, jilmaydi:
– Men bu atrofda senga onalik qilishga munosib ayolni koʻrmayapman-da. Men uylanadigan ayol mendan avval senga mehr berishi, seni yaxshi koʻrishi kerak. Bunday ayol bormi, oʻgʻlim?
– Bor, dada, xuddi shunday ayol bor, – Jahongir otasi tomon surilibroq oʻtirdi. Darvoza tomonga bir qarab qoʻyib, xuddi birov eshitib qolishidan qoʻrqqandek, pastgina ovozda gapini davom ettirdi. – Barfin momoning kenja qizi, Barchin opa. Bittagina oʻgʻilchasi bor, eri vafot etgan. U yoqda ham joylari tor ekan, qaynonasining oʻzi javob beribdi. Bechora bu yerda ikki yangaga xizmatkor, bizning kirlarimizni ham shu ayol yuvib, dazmollab beradi. Biram yaxshi ayol, chiroyli, xushmuomala. Meni ham juda yaxshi koʻradi. Dada, shunga uylansangiz, koʻnglim xotirjam ketardim-da. Agar, agar… Sizni bir hovlida yolgʻiz qoldirib ketsam… onam bilan opalarimning ruhini ham chirqiratgan boʻlaman, dada. Iltimos, yoʻq demang, dada.
Ibrohim beixtiyor oʻgʻlining koʻzlariga qaradi, uning nigohlari xuddi qalbidek begʻubor edi. U toʻlqinlanib ketdi. Ayoli bilan qizlari oʻlgandan keyin doim “Men endi tamom boʻlgan odamman, mening faqat soxti-sumbatim qolgan”, derdi oʻz-oʻziga. Bu fikrning rostligini avvalo oʻziga isbotlash uchun umr boʻyi butun kuch-quvvatini, irodasini insoniy xohish-istaklarini yengishga sarfladi. Oʻgʻlimning dili ogʻrimasin, dedi. Ayolim bilan qizlarimning ruhi chirqiramasin, dedi. Oʻgʻlining mehri, niyati, begʻubor nigohlari uning qalbidagi zanglarni sidirib tashlaganday boʻldi. Qandaydir yengil nafas oldi. Oʻpkasi toza havoga toʻlib ketganday boʻldi.
– Dada, temir emassiz-ku siz? Yoningizda bir mehribon inson boʻlishini istayman. Xoʻp, desangiz, ketgunimcha…
Ibrohim xushhol kayfiyatda kulimsiradi:
– Toʻrt kunning ichida-ya? U poshikastani umrimda koʻrmagan boʻlsam, hali uning uydagilari nima deydi? Oʻzi rozi boʻladimi, yoʻqmi?
– E-ee, dada, bu yogʻini oʻzimga qoʻyib bering. Barfin momom sizni yaxshi biladi, siz rozi boʻlsangiz, qizini yumaloq yostiq qilib, uyimizga keltirib qoʻyadi. Arshin molchidagidek, bir kalla qand, uch soʻm pul, bitta mulla, shu bilan ish tamom, – aytgan gapidan oʻzi ham yayrab kulimsiradi.
– Eh-he, chatoq-ku sen, qachon otasini uylantiradigan katta yigit boʻlib ulgurding? – Ibrohim oʻgʻlini birinchi marta koʻrayotgandek ajablanib yuziga tikildi. – Shu-u, undan koʻra sening oʻzingni uylantirib qoʻya qolsak-chi?
– Yoʻq, boʻlmaydi. Men hali oʻqishim kerak. Bola-chaqa boqish uchun diplomli, kasbli boʻlishim kerak, – yarim hazil, yarim chin qilib taʼkidladi u. – Ha, aytmoqchi, dada, Fayziddin degan oshnam qayiqlaringni bir kunga berib tur, akam bilan baliqqa chiqib, bir dam olib kelaylik, agar xohlasang, sen ham biz bilan yur, Toshkentga ketishdan oldin bir dam olvolasan, deyapti. Nima deysiz, dada?
Ibrohim uzoq yili bir ustadan ajoyib motorli qayiq sotib olgan edi. Ota-bola baʼzan qayiqda koʻlga chiqib, baliq tutish uchun emas, shunchaki dam olish uchun moviy kengliklar uzra soatlab aylanishar, ozmi-koʻpmi baliq ham ovlashar, bu sayrda koʻpincha na ota va na bola deyarli gaplashishmas, har kim oʻz xayollari bilan band boʻlar, oʻz koʻngli bilangina soʻzlashar edi. Qirgʻoqdan uzoqlab ketishgandagina qaytishda motorni oʻt oldirib izlariga qaytishardi.
– Mayli, oʻgʻlim, – oʻrtadagi yaxshi kayfiyatni buzgisi kelmay, ilojsiz rozilik berdi ota. – Fayziddin ham testdan oʻtibdimi?
– Ha, lekin ular tanka surishgan.
– Parvo qilma, oʻzlariga qiyin boʻladi. Oʻqishga kirib olish bir masala, kirgandan keyin oʻqib ketish masalasi ham bor. Bilimi boʻlmasa, qiynaladi bola.
– Dada, men ham birga borsam maylimi?
– Oʻzingga qara, lekin juda ichkarilab ketmanglar. Koʻlda nahanglar koʻpayib ketgan. Besh yillar avval bir-ikki bemaza baliqchilar bir akulani tutishgan edi. Oʻsha akulaning jufti necha yillardan buyon qayiq koʻrsa, quturib agʻdarib tashlaydi. Extiyot boʻlinglar-da, oʻgʻlim.
– E, dada, bizning qayigʻimizni hech qanday akula quvib yeta olmaydi. Ertaga kechki payt Barfin momomnikiga oʻtaman. Sovchilikka. Ha, avval bir bahona qilib, Barchin opamni doʻkonga joʻnataman, bir koʻrib olasiz, maʼqul, desangiz…
– Keyin-chi? – oʻgʻlidagi zavq-shavq uning kulgisini qistatdi.
– Keyin… Barfin momomning koʻnglini toʻldiradigan sut puli berasiz. Bir mulla keladi, keyin momom bilan Barchin opamni olib kelaman. Qoʻylarning bittasini soʻyamiz, yarmi sizlarga, yarmini men oʻqishga olib ketaman. Kursdoshlarim bilan yeymiz. Boʻladimi?
Ibrohim oʻgʻlining yelkasiga qoqdi:
– Ha, erta kelaversin-chi, sen ovga borib kel, u yogʻi bir gap boʻlar.
Ibrohimga qoʻysa-ku, oʻgʻlini bir daqiqa ham yonidan siljitmasam deydi. Ammo oshnasi bilan birga borgisi kelayotganini koʻrib, bir narsa deya olmadi. Oshnasining akasi ham birga borayotgan ekan-ku. Bir aylanib qaytishadi. Erta indin Toshkentga kuzatsa, oʻgʻlimning bittagina iltimosini ham bajarmagandim, deb oʻzidan xafa boʻlib yurmaydi.
Ular juda erta chiqib ketishdi. Fayziddinning akasi oʻttizlarga kirib qolgan barvastagina yigit edi. Ibrohim unga qayta-qayta tayinladi:
– Ehtiyot boʻlinglar. Koʻlda nahang koʻpayib ketgan. Juda ichkarilab ketmanglar. Bu Toshkentga ketadi, tayyorgarlik koʻrishimiz kerak.
U hiqillagan sayin Jahongir xijolat tortar, Fayziddinning akasi “Xoʻp, xoʻp” deb turgan boʻlsa-da, tobora ensasi qotib borayotganligi koʻrinib turardi. Oxiri gapini ham boʻlib tashladi:
– Aka, men shu koʻlda katta boʻlganman, uni besh barmogʻimday bilaman. Siz oʻgʻlingizdan sira xavotirlanmang. Oʻgʻlingizni ham, qayigʻingizni ham eson-omon qoʻlingizga olib kelib topshiraman, – uning ovozida zardali iddao ohangi bor edi.
Boshqa gapga hojat qolmadi. Ibrohim ularning ortidan gunohkor boladek jovdirab qarab qoldi. Ularning izidan koʻtarilgan chang yotgach, beixtiyor choʻntagidan qoʻl telefonini olib, soatga qaradi. Soat roppa-rosa olti boʻlgan edi. “Olti soat aylanishsa ham, oʻn ikkilarda qaytishadi. Xudo xohlasa, birga tushlik qilamiz”.
Ammo Jahongir kechgacha ham qaytmadi. Ibrohim soʻrab-surishtirib, Fayziddinlarning uyini topib bordi. Biroz ikkilanib turib darvoza qoʻngʻirogʻini bosdi. Anchadan soʻng uyqusi buzilgan odamdek norozi ohangda erkak kishining “Kim kerak?” degan ovoz eshitildi. “Yo, tavba, odam shom kirayotgan payt ham uxlaydimi?”, oʻzicha gʻijindi Ibrohim. Biroz hayallab, darvozani maykachan barvasta erkak ochdi, uning hozirgina uyqudan turgani yuz-koʻzlaridan shundaygina koʻrinib turardi:
– Keling, mehmon, – erkak savol nazari bilan unga qaradi.
– Shu-u, Fayziddin bilan mening oʻgʻlim sinfdosh. Ertalab birga baliq oviga ketishgan edi. Tushgacha qaytib kelishlari kerak edi. Nimagadir daraklari yoʻq, shunga… sizlarnikiga kelishmadimikin, deb…
– E-e, Jahonning otasimisiz? – erkak qaytadan qoʻl berib koʻrishdi. – Tabriklayman, akademiyaga kiribdi. Molodes! Lekin hali ular qaytishgani yoʻq. Ukam ham birga ketgan edi, hech xavotirlanmang, u juda abjir baliqchi, koʻlning ichida baliqlar bilan katta boʻlgan yigit u. Bundan besh yil avval akulani tutgan shovvozlardan biri shu-da. Ha, siz ulardan hech xavotirlanmang, axir ular yosh bola emas-ku. Oʻz holiga qoʻying, urilib-surilib, oʻrni kelganda peshonasi gʻurra boʻlib, yoʻlini topib olsin. Uyga kiring.
Mezbon uning bilagidan tutib, ichkariga tortdi:
– Qani-i…
Ibrohim akula haqida eshitgan zahoti deyarli hushini yoʻqotgan edi:
– Yoʻq, aka, men uyga ketaman. Chunki ular qayiqni olib toʻgʻri uyga borishlari kerak edi. Uyda kutganim maʼqul.
– Yurakni kengroq qiling, birodar, – erkak mayka ostidan doʻppayib turgan qornini silkitib kuldi. – Yana keling, bafurja oʻtiradigan boʻlib.
Ibrohim yoʻlni toʻgʻri Ajdarkoʻl tomon soldi. Qayiqlar tushirilib-chiqariladigan qumloq qirgʻoqqa yaqinlashib, mashinasini bir chetga qoʻydi-da, oʻzi koʻl boʻyiga endi. Shuncha yil Ajdarkoʻl boʻyida yashab, biron marta ham kechki payt suv boʻyiga kelib koʻrmagan edi. Sharbat solinadigan qogʻoz qutilar, baklashkalar, konserva bankalari, selofan xaltachalar sochilib yotgan sohilning bir chetiga oʻtirib, koʻlga tikildi. Quyosh zavolga yuz tutgan, koʻl betidagi ufqning alvon jilolarini qonga oʻxshardi, u seskanib, koʻzini kunchiqar tomonga oldi. Bir pasda butun borliq tunning qora chodiriga oʻranib oldi. Endi hadsiz-xududsiz suv qoramtir rangda qalqib turardi. Uning quloqlariga suv qaʼridan qandaydir chorlovga oʻxshash vahimali ovoz eshitilgandek boʻldi. Bolaligida momosi kechki payt suv boʻyiga bormanglar, suvda dev bor, deb qayta-qayta tayinlar edi. Momosi oʻshanda nima uchun bunday degan, suvda haqiqatan ham dev bormi-yoʻqmi, lekin ayni paytda Ibrohim oʻzini beomon, beshafqat mavjudot qarshisida turgandek his qildi. Beixtiyor “Oq kema”dagi bolakayni esladi. Butun aʼzoi badanini muzdek ter qopladi. Eti junjikib, beixtiyor mashinasi tomon qaradi. Ammo oʻrnidan qoʻzgʻolmadi. Suvga tikilgancha, qunishib oʻtiraverdi. Olis-olislarda baliqchi qayiqlarning chiroqlari lip-lip etib koʻrinar, lekin hech biri qirgʻoqqa qarab harakatlanmas edi. Xayoliga “Balki, Jahongir men Fayziddinlarning uyini izlab yurganimda, allaqachon uyga qaytib kelgandir. Dadam qayerga ketdi ekan, deb xavotirlanib ham oʻtirgandir”, degan fikr keldi.
U shoshib mashinasini oʻt oldirdi-da, uyi tomon yeldirib ketdi. Ammo eshikdagi qulf nochorgina osilib turardi. “Balki…”, u mashinadan tushib ham oʻtirmadi, umid bilan Barfin xolaning uyi tomon burildi. Xola mashina ovozini eshitib, u oʻrindiqdan turmasidan darvozani ochdi:
– Ha, keldinglarmi?
– Xola, Jahongir kelmadimi? – savoliga savol bilan javob qaytardi u.
– Jahongir? – hayron boʻldi xola. – Birga emasmidinglar? Hech kim kelgani yoʻq. U qayerga ketgan edi?
– E-e, – qoʻl siltadi Ibrohim. – Ertalab bir oshnasi bilan baliq oviga ketgan edi. Yonida oshnasining amakisi ham bor edi. Tushgacha qaytinglar, deb tayinlagan edim.
– Sizni qarang-a, bir parcha bolalarni ham ovga yuborasizmi? – bosh chayqadi xola. Rangi oqarib turgan Ibrohimga bir qarab, yana oʻzi taskin bergan kishi boʻldi. – Xavotirlanmang, yonlarida katta odam bor edi, deyapsiz-ku. Koʻlning past-balandini bilmagan odam bolalarni olib koʻlga chiqarmidi? Baliqqa qiziqib ketishgandir. Hali zamon kelib qolishadi. Men ovqat qilib qoʻygan edim. Suzib berayinmi?
– Yoʻq, shart emas, men koʻl boʻyida edim, balki ular qaytishgandir, deb xabar olgani kelgandim. Yaxshisi, koʻl boʻyiga qaytib ketaman.
– Unday qilmang, bolam, – xola uni ushlab qoladigandek mashinaning eshigidan tutdi. – Uyga kirib, bir piyola choy iching, yarim kosagina ovqat yeng. Keyin ustingizga issiqroq biron narsa olib, koʻl boʻyiga chiqsangiz boʻladi. Ungacha shumtakalaringiz qaytib kelib qolishsa ham ajab emas. Hozir men Abdurahmon akangizga aytaman, u ham siz bilan birga qirgʻoqqa boradi.
“Ha, ajab emas…”, koʻnglida “yilt” etgan umid uchquni yondi, “Balki allaqachon kelishayotgandir ham”. U ogʻir sudralib, hovliga kirdi. Baraka topgur, Barfin xola hovlidagi, ayvondagi chiroqlarni yoqib qoʻygan ekan. Ichkariga kirib, shkafdan toʻnini oldi. Soʻng oshxonaga oʻtib, yarim kosagina ovqat suzib oldi. Ovqat iliqqina boʻlib turgan ekan. Bir burda non olib, oshxona stolining bir chetiga oʻtirib, ovqatlana boshladi. U bir amallab chaynayotgan luqmasini yutar, ovqatning mazasini umuman his qilmas edi. “Shuni yeyishim shartmi?”, kosani surib qoʻyib oʻrnidan turdi. Shu payt darvoza tomondan Abdurahmonning ovozi eshitildi: “Ibrohimboy!..”
Abdurahmon ham qalin toʻn kiyib olgan edi. Yoniga kelib, qoʻl berib koʻrishdi:
– Ketdikmi?
– Siz ovora boʻlmasangiz boʻlardi. Ertaga ishga borishingiz kerak. Oʻzim boraverardim.
– Ovoragarchiligi yoʻq. Indamasangiz, onam ham birga borgudek boʻlib oʻtiribdi, – kuldi Abdurahmon. – Jahongirni qanday yaxshi koʻrishini bilasiz-ku.
Ular birpasda koʻl boʻyiga yetib kelishdi. Qoramtir suv yuzida yulduzlar aksi jilva qilar, olis-olislarda baliqchi qayiqlarning chiroqlari “lip-lip” etib koʻzga tashlanib turar edi. Qalqib turgan suv qaʼridan esa bot-bot boyagi chorlov eshitilib ketardi. Tun yarmida qirgʻoqqa ikkita qayiq qaytdi, lekin ular Jahongirlarni koʻrishmagan ekan. Ibrohim Abdurahmon qistagan payt mashina ichiga kirib, boshqa vaqt qirgʻoqda oʻtirib tongni qarshi oldi. Tong otgach, “yilt” etib turgan bir umid ilinjida uyga ham borib keldi, yoʻl-yoʻlakay “Ishga borishingiz kerak”, deb Abdurahmonni ham uyiga tashlab oʻtdi.
Choshgohga yaqin Barfin xola nevarasini ergashtirib, tugunchada yegulik koʻtarib keldi:
– Xavotirlanmang, bolajonim! Qarang, koʻlda qayiq koʻp, hali zamon qaytib kelishadi. Mashinaga kirib, bir piyola choy ichib oling. Qorinlaringiz ham ochib ketgandir. Kecha ham hech narsa yemabsiz.
– Ishtaham yoʻq, xola, – u maʼyus bosh chayqadi. – Hech narsa yemayman.
Barfin xola iltimos-u qistovlari ish bermagach, tugunchasini mashinaga qoʻyib keldi:
– Qorningiz ochganda yersiz, – birpas turib qoʻshimcha qildi. – Jahonjonim keb qolsa, oʻzi yeydi.
Kechki payt ularning yoniga Fayziddinning otasi kelib qoʻshildi. Uning ham koʻzlari xavotirga toʻlib, rangi oʻchibroq turardi.
– Baliqdan qaytgan birov-yarimdan soʻramadingizmi? – dedi u qoʻl berib koʻrisharkan.
– Soʻradim. Bittasi kecha kechki payt koʻrgan ekan. Hammasi har tomondan kelishyapti. Koʻl katta… – xuddi oʻziga gapirgandek koʻldan koʻzlarini uzmasdan javob qaytardi.
Haligi kishi qoʻlini peshonasiga soyabon qilib, koʻlga tikilib-tikilib, “uf” tortgancha choʻntagida jiringlayotgan qoʻl telefonini oldi:
– Hech gap yoʻq. Sen Karomiddindan durbinni berib yubor. Uzoqda qayiqlar yuribdi. Kimligini aniqlash qiyin boʻlyapti.
Tushga yaqin ularning yoniga siyrak soqolli, qotma qariya keldi. Ular bilan koʻrishib, koʻlga qaradi:
– Hech gap yoʻqmi?
Fayziddinning otasi chuqur xoʻrsinib, qariyaga yonidan joy koʻrsatdi:
– Hech gap yoʻq. Siz uyda oʻtiraversangiz boʻlardi, ota.
U “akula ovlovchi”ning otasi edi.
– Qanday oʻtiraman, oʻgʻlim? Bu bolaga hech es kirmadi-kirmadi. Boshqa biron kasb qil, desam aytganni olmaydi, – u qaltirab turgan qoʻllari bilan koʻzlarini artdi.
– Yigʻlamang, ota, birinchi marta yoʻq boʻlib ketishi emas-ku uning, – tasalli bergan boʻldi oʻgʻli. – Oʻzi yoʻq boʻlib ketsa ham mayli edi, yosh bolalarni oʻzi bilan olib ketib, hammani xavotirga qoʻyganiga nima deysiz? Ahmoq! Qari otani yigʻlatib!.. Yigʻlamang-ye!
– E-e, menga eʼtibor qilma, teshik koʻzadan suv chiqar, qariganda koʻngil boʻshab qolarkan. Qani, shuni bolalar tushunsa…
Ularning qarindosh-urugʻlari koʻp ekan, kechgacha koʻl boʻyida bir dunyo odam yigʻildi.
Ertasi kuni besh-olti motorli qayiq bilan koʻlni aylanib chiqishdi. Koʻl hamon sukutda, hech narsa koʻrmagandek jimgina qalqib turardi.
Keyin gʻovvoslar kelishdi. Ular suvning tagiga shoʻngʻib, kun boʻyi shu atrofda timirskilanib yurishdi. Har safar kutayotganlarga roʻbaroʻ kelganda koʻzlarini olib qochishdi.
– Ifloslar! Bular nomiga suvga kirib chiqishyapti, umuman axtarishayotgani yoʻq, – Fayziddinning otasi necha marta ularning yoqasidan oldi. – Yaxshilab izla, onangni… senlarning! Izlamasang, topib bermasang, nimaga kelding bu yerga?
Ular bunday iztirobli holatlarni koʻraverib koʻzlari pishib ketganmi, bir ogʻiz ham javob qaytarmasdan, sekin yoqalarini boʻshatib olib, yana oʻz ishlari bilan mashgʻul boʻlishardi.
Beshinchi kuni koʻl ustida aylanib yurgan vertolyot “Akula ovchisi” bilan Fayziddinning suv yuziga qalqib chiqqan jasadini topib kelishdi. Koʻl boʻyiga butun shaharcha koʻchib chiqqan edi: ota-ona, qarindoshlar, faollar, qutqaruvchilar, shunchaki tomoshagoʻy hangomatalab bekorchilar… Yigitlarni koʻrgan doʻstu begona baravar uvvos tortib yubordi. Kim yigʻlagan, kim hushdan ketgan…
Ibrohim titrab-qaqshab qutqaruvchilarga yopishdi: “Mening bolam qani?! Uni ham topib kelinglar, iltimos”. Ammo vertolyot koʻlni oʻn marta aylanib ham hech narsa topolmadi, oʻgʻlingizni biron nahang yeb ketgandir, deb aytishdan andisha qilishdi, shekilli: “Oyogʻi biron narsaga ilashib qolgandir. Xavotirlanmang, albatta topamiz. Biz yonilgʻi quyib kelaylik”, deb ketib qolishdi. Shu bilan ikki kun koʻrinmay ketishdi. Barfin xolaning oʻgʻillari yana chaqirishgan shekilli, uchinchi kun yana qidiruvchilar paydo boʻldi. Piyodalari suvga tushishdi, chiqishdi. Vertolyot ikki-uch bor koʻlni aylanib, unga bir ogʻiz bir narsa demasdan ketib qolishdi.
Ibrohim yigitlarning murdasini koʻrgach, batamom oʻzini yoʻqotib qoʻygan edi. Shoʻrlik hali u qirgʻoqqa borib, hali bu qirgʻoqqa borib, tiz choʻkib, boshini qumloq sohilga urib, til-zabonsiz koʻlga yalinadi: “Koʻl! Elni boqqan ona koʻl! Onajonim! Oʻgʻlimni qaytarib ber! Yolgʻizimni qaytar! Iltimos sendan, men Jahongirsiz yashay olmayman. U mening jonu jahonim, usiz menga bu dunyoning keragi yoʻq!”
Keyin qoʻllarini osmonga uzatib, Allohga iltijo qilardi, “Yo, mehribon Allohim! Bolaginamni qaytarib ber, uning yosh joniga rahm qil, senga jon kerak boʻlsa, mana, mening jonimni ol, Xudoyim! Jonu jahonimni ol, bolamni qaytarib ber, uni asra, Xudo-o-o!..”
Soʻng yana hech narsa koʻrmagandek sukut bilan qalqib turgan koʻlga yuzlanadi: “Baliqlar, baliqjonlar! Meni, bizni kechiringlar! Sizlarni Alloh bandalarning rizqi qilib yaratgan deb, tutdik, umringizga zomin boʻldik. Oʻgʻlimda sira gunoh yoʻq, unga bu ishni men oʻrgatganman, uni men baliqchilikka oʻrgatganman. Uni kechiringlar, uni yeb qoʻymanglar, uni qutqaringlar. Oʻtinib soʻrayman, uni yeb qoʻymanglar. Iltimos, keyin men baliq yeyayotgan odamlarga koʻzim tushsa, ular mening bolamni yeyayotgandek tuyulaveradi. Keyin qanday yashayman men?! Iltimos, uni yemanglar!..” U engashgan koʻyi tizzalariga mushtlab, bor ovozi bilan boʻkirardi: “Iltimos, uni yeb qoʻymanglar… Men bunga chiday olmayman. Yo qodir Alloh, yolgʻizimni qutqar! Koʻl, ona koʻl, onajonim, bolamni qaytarib ber!..”
Uning nazarida oldida ajdardek ogʻzini ochib yotgan beshafqat koʻl, unda Jahongirini yeb qoʻyishi mumkin boʻlgan bahaybat baliqlar va osmonda xudodan boʻlak hech qanday mavjudot yoʻq edi. Ortida holdan toygan bechora otani qanday qilib bu yerdan olib ketishning chorasini topa olmay, maslahat qilib yotgan odamlarni, shunchaki qiziqish tufayli bir-bir kelib ketayotgan tomoshagoʻylarni umuman koʻrmas, tom bitgan quloqlari hech narsani eshitmas edi.
Farzand koʻyida yonib-jizgʻanak boʻlib yotgan Ibrohim necha yildan buyon bitta koʻl boʻyida yashab, munosabat-muomalalari salom-alikdan nari oʻtmagan hamshaharlari uchun beixtiyor oʻz odamlariga aylanib qolgan edi. Musibat birlashtiradi, deganlari rost edi. Haddi siqqani yoniga borib, bir piyola suv bilan bir luqma yegulik taklif qiladi, pand-nasihat qilib, koʻp kuyinmaslikni soʻraydi, haddi sigʻmaganlar koʻl boʻyidan keta olmay, toʻp-toʻp boʻlib, pichir-pichir gurung qiladi. Albatta, gurunglar ham Jahongir va faryod chekib yotgan Ibrohim haqida boʻladi.
“Bechora, butunlay aqldan ozib qoldi, shekilli. Koʻrib turgani, bori-yoʻgʻi shu oʻgʻil edi. Xuddi tilsiz-zabonsiz koʻl, baliqlar uni eshitadigandek… Hech kimning boshiga bunday koʻrgilikni solmasin. Tavba…”
“Eshitishi mumkin, eshitadi. Bolaligimda, otam urushga ketgan edi. Onam ikkimiz shaharga oʻtin sotgani bordik. Qaytgunimizcha qosh qorayib, kech boʻlib qoldi. Uyda ikki ukam qolgan. Qaytmasak boʻlmaydi, shaharda qoladigan joyimiz ham yoʻq. Yoʻlimizda bir chakalakzor bor edi, undan kunduzi oʻtishga ham hayiqadi odam. Yuragimiz taka-puka boʻlib ketayotgan edik, qarshimizdan ikki boʻri chiqdi. Biz qari eshakka mingashib olgan edik. Eshak bilan boʻridan qochib qutulib boʻladimi hech zamonda? Men butun vujudim bilan onamning beliga yopishib oldim, onamning butun gavdasi dagʻ-dagʻ qaltirayotgani sezilib turardi. Eshak turgan joyida qotib qoldi. Boʻrilarning yonib turgan koʻkish koʻzlariga onamning yonboshidan pusib qarab turibman. Onam bir zum jim turib, kutilmaganda boʻrilarga yigʻlab yalinadi boshladi: “Boʻrijonlar, bizga teginmanglar. Oʻtinaman sizlardan. Uyda ikki goʻdagim och oʻtiribdi. Otalari urushga ketgan. Bizni yeb qoʻysanglar, uyda qolgan norasidalarim ham beqarov, och oʻlib ketadi. Iltimos!.. Menga rahm qilmasanglar ham, goʻdaklarimga rahm qilinglar”. Onam eshak ustida oʻtirgan koʻyi izillab yigʻlab, boʻrilarga yalinardi. Shundan keyin nima boʻldi deng, boʻrilar indamay ortlariga burilib ketib qolishdi”.
“Shoʻrlik Ibrohimning shoʻriga shoʻrva toʻkildi. Bu baliqlar odam goʻshtini juda yaxshi koʻrarkan. Bir qishloqda kutilmaganda yangi-yangi qabrlar choʻka boshlabdi. Bundan xavotirlangan mayit egalari ikkov-uchov boʻlib, bir pana pastqamga berkinib olib, yangi mayit qoʻyilgach, qabristonni poylaydigan boʻlishibdi. Bir oqshom ikkita barzangi yigit belkurak koʻtarib kelib, yangi qabrni qazishga tushibdi. Poylovchilar tishini tishiga qoʻyib, ular ishini oxiriga yetkazishini kutib turishibdi. Haligilar qabrga tushib mayitni olib chiqishib, yana hech narsa boʻlmaganday, qabr ustiga tuproq uyib, mayitni koʻtarib ketishayotganda yoʻllariga koʻndalang boʻlishibdi. Koʻp qiyin-qistovlardan keyin hamma sir fosh boʻlibdi. Ular mayitni shaxsiy hovuzda baliq yetishtiradigan bir nobakorga eltib berib, moʻmay pul ishlasharkan. Hovuz quritib koʻrilganda, uning tubidan odamzodga tegishli oʻnlab bosh chanoqlari, yoʻgʻon son, bilak suyaklari chiqib kelibdi. Haligi nabokor mayitlarni michalab-michalab, hovuzga tashlab yuborar ekan”.
“Insofsiz! Mansab uchun, iflos nafsi uchun, xudbinligidan bir-birovining goʻshtini yeyishga tayyor odamlarni, pul, mol-dunyo uchun bir-birini oʻldirgan odamlarni koʻrganmiz, eshitganmiz. Endi oʻlganlarni ham bezovta qilib, baliqqa berib, soʻng odamlarga yediradiganlari ham chiqibdimi? Bu odamni odamga yedirish degani-ku axir! Yo, alhazar!..”
“Baliqni luqmai halol, deyishardi. Hech boʻlmasa, odam yiliga bir marta baliq yeb, halqumini halollab turishi kerak, deyishardi. Mana sizga, halol luqma!”
“Bilib-bilmay har qanday gapni gapiravermang. Men baliqlarni yaxshi bilaman. Ular odam goʻshtini yomon koʻrishadi. Tavba-a, bu odamlar nimalarni toʻqib chiqarishmaydi-yey?! Baliqqa berish uchun maxsus yemlar, semirtiradigan dori toʻlib yotibdi. Baliq boqib daromad qilayotgan odam qabr kovlab, jinoyatchi boʻlib boshini ogʻritib yotishi umuman shart emas!”
“Kovlaydiganlar bordirki, shu gap chiqqan. Odamlar bekordan-bekorga gapirmaydi”.
“Bu yolgʻon gap. Ishonmayman. Aqlga sigʻmaydi”.
“E-e, katta shaharlarda suvga quyilayotgan qoramoylarni koʻrsangiz edi…”
“Manavi shoʻr shu koʻlning boʻyida oʻlib qolsa keragov… Necha kundan beri tuz totgani yoʻq. Boʻriday uvillagani uvillagan”.
“Lekin, juda charchadi bechora. Nasihatni olmasa. Azaga borgan ham, yeb-yeb yoʻqlaydi. Bu boʻlsa…”
“Itini qara, koʻlni aylanib chopib-chopib keladi-da, suv ichib qoʻyadi, oldiga tashlagan narsaga qayrilib ham qaramaydi. Egasining yonida choʻkkalab, unsiz yigʻlab yotibdi jonivor”.
Barfin xolaning oʻgʻillari tunlarni ham Ajdarkoʻlning boʻyida oʻtkazayotgan Ibrohimning yelkasini silab, qoq suyak boʻlib qolgan gavarasini bagʻriga bosib, yalinib-yolvorib, bir tishlam-ikki tishlam non yedirgan, suv ichirgan paytlari ham boʻldi. U qarshisida majburan ovqatlantirayotgan odamga qandaydir gunohkorona, maʼnosiz jovdirab qarar, bir-ikki luqma yegach, qoʻlidagi yegulikni itining oldiga tashlar, choʻkib ketgan qoʻy koʻzlaridan shashqator yoshlar oqardi…
Quyosh oʻn olti kun mashriqdan magʻribgacha boʻlgan uzoq yoʻlni Ibrohimning koʻzlariga termulib oʻtkazdi. Oʻn olti oqshom yurak-bagʻri qon boʻlib, ufqqa bosh qoʻydi. Oʻn olti tong yollari qonga belangan yarador sher kabi ufqdan bosh koʻtardi. Oʻn yettinchi kun edi. Koʻlni aylanib chopib yurgan it olisdan hurib, egasining yoniga oʻqday uchib keldi-da, uning achchiq ter va tuproqdan qotib ketgan yengidan tortqilay boshladi. Ibrohimning qimirlashga ham holi yoʻq edi. Ammo koʻngli umid bilan bir entikib, oʻrnidan turdi. Uning yuragi it uyga boshlamayotganini sezdi. Nomaʼlum bir yaxshilikni sezdi. It uning oldiga tushib, sohil boʻylab kelgan yoʻlidan chopa ketdi. Ibrohim ham alpong-talpong qilib itiga ergashdi. It koʻl chetida oʻsgan katta bir daraxtning tagiga borib, osmonga qarab avvalgidan ham balandroq tovushda hura boshladi. Ibrohimning vujudiga qandaydir gʻoyibona kuch keldi. U endi yugura boshladi. Ularning ortidan ketayotgan olomonning unga yetib olishi qiyin boʻlib qoldi…
Suv yuvaverib ildizlari ochilib qolgan yovvoyi daraxtning tagida yum-yumaloq qop-qora yung bilan qoplangan nimadir qalqib turardi. Ibrohim oʻzini suvga tashladi. Bu Jahongirining boshi edi. Uning izidan boshqalar ham oʻzlarini suvga otishdi. Daraxtning oʻzidan ham katta ildizi yigitning qoʻl-oyogʻini shunchalik chirmab olgan ediki, bu ildizlardan uni necha devqomat yigit bir boʻlib, amallab ajratib olishdi. Yigitning qoʻl-oyogʻi muzlab qolgan boʻlsa-da, burnidan qip-qizil qon sizib turardi…
– Bolam, bolajonim, jonu-jahonim, – unga yopishdi ota.
– U tirik, qara, qoni hali qotmagan. Mashina olib kelinglar, doʻxtirga olib boramiz!
* * *
Jahongir kasalxonadan chiqqandan soʻng ular yana koʻl boʻyiga kelishdi: ota-oʻgʻil, it.
– Katta bir akula qayigʻimizni agʻdarib yubordi. Bir amallab, qayiqni oʻngʻardik. Birin-ketin qayiqqa chiqib oldik. Bir payt qarasak, haligi akula yana hujumga oʻtdi. Bu safar kuchli zarbdan qayiqning bir cheti yorilib ketgan ekan. Qayiqni oʻngʻarsak ham, uning ichidagi suvni toʻkib tugata olmadik. Koʻlning oʻrtasida qayigʻimiz choʻkib ketdi. Izidan oʻzimiz… Bir-birimizni yoʻqotib qoʻydik. Qop-qorongʻi tun edi. Bir-bir koʻzimni ochaman. Suvning tagi osmondagi yulduzlar shuʼlasidanmi, bir oydin, yop-yorugʻ koʻrinib ketardi. Suv yutib, hushimdan keta boshladim. Shu payt qayerdandir katta bir toʻlqin paydo boʻlib, meni suv yuziga chiqarib tashladi. Soʻng yana hushimdan ketdim. Bu qancha davom etganini bilmayman. Qorongʻu kechada daraxt ildizlari ichida hushimga keldim. Bu ildizlar oyoqlarimga shunchalik chirmashib olgan ediki, ulardan oʻzimni ajratib olishga har qancha urinsam ham iloj qilolmadim. Bir amallab boshimni suvdan chiqarib oldim. Bir-bir hushimga kelganimda shamol olis-olislardan sizning ovozingizni, odamlarning gʻala-gʻovurini olib keladi. Ammo sizlarni chaqiray desam, sira tovushim chiqmaydi…
Ibrohim umrining oʻn yetti kecha-kunduzi qolib ketgan sohilga kelib, yana oʻsha dahshatli kunlaridagi kabi koʻlning qarshisida tiz choʻkdi. Qoʻllarini osmonga koʻtarib, Allohga iltijo qildi: “Yo, mehribon Alloh, bilib-bilmay qilgan gunohlarimni kechirgin. Bolamni qaytib berganing uchun senga behisob hamdu sanolar boʻlsin! Oʻzingga shukr, ming-ming shukr, Qodir egam!”. Soʻng koʻlga yuzlandi: “Sen ham kechir, onajonim koʻl, senga ham ming rahmat. Biz adashgan ekanmiz, sen Ajdarkoʻl emas, Oydinkoʻl, Onakoʻl ekansan. Baliqlar, sizlar ham bizni kechiringlar, sizga ham ming rahmat. Malika, sen ham meni kechir va mendan rozi boʻl. Bilaman, oʻn yetti kun sening ruhing koʻl ustida chirqirab turdi. Seni xavotirga qoʻyishni sira istamagan edim. Bu mening irodamdan tashqaridagi narsa edi. Lekin shukr, Jahongirimizni Xudo qaytarib berdi”.
Jahongir otasining yelkasidan olib, ohista oʻrnidan turgʻizdi. Choʻntagidan roʻmolchasini chiqarib, koʻzlarini artdi:
– Dada, boʻldi, yigʻlamang. Biz yana birgamiz-ku.
– Ha, xudoga shukr.
Jamila ERGASHYeVA
“Ijod olami”, 2018/2
https://saviya.uz/ijod/nasr/ajdarkol/