AHMADJON QOʻSHNAY (Umrzoqov) (1888, Qoʻqon-1959.7.11, Toshkent) — xalq sozandasi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1944). Mehnat Qahramoni (1930). Roʻzimat Mehtar, Hamroqul Surnaychi, Xoliq Qoʻshnaychilarning shogirdi. Bayot, Dugohi Husayniy, Ushshoq kabi maqom yoʻllarida Muhammad Umar, Abdukahhor Hofiz, Abdurahmon hoji, Nazirxon, Shobarot tanburchilarning joʻrnavozi. 1917-y. dan soʻng Hamza Hakimzodaning «Sayyor truppa»sida ishlagan. Hamzaning «Zaharli hayot», «Fargʻona fojiasi», «Pochcham keldi», «Roʻziqul kal», «Qalampir Hoji», «Tuhmatchilar jazosi» asarlariga musiqa bastalagan. 1926-y. dan «Etnografik truppa»da, Musiqa va xoreografiya in-ti (1928, Samarqand)da, keyinroq Oʻzbek musiqa teatri (Samarqand, 1927 — 30)da xizmat qilgan. 1935-y. da Kurd, Eshvoy, Karimqulbegi, Metro, Daromadi Ushshoq, Dugohi Husayniy, Bachavotir, Mirzadavlat, Shodiyona kabi soz yoʻllarini ijro etib, gramplastinkalarga yozdirgan. U Muqimiy nomidagi musiqali drama va komediya teatrini tashkil etishda ishtirok etgan. 2-jahon urushi yillarida Yangiyoʻldagi musiqali drama va komediya teatrida ishlagan. Uning repertuarida 200 ga yaqin kuy boʻlgan.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые