Ahillik, totuvlikni senda koʻrdim…

Sheʼr mutolaasi – koʻngil bayrami. Yaxshi sheʼr hamisha malham vazifasini oʻtaydi. Agar mutolaa haqiqiy bayram kayfiyati bilan omuxta boʻlsa, unda sheʼr qadri, mutolaa qadri, bayram kayfiyatining qadri yanada ortadi.

Biz bu galgi sonimizni odatiy anʼanamizdan xiyol chetlashgan holda jonajon Oʻzbekistonimizga bagʻishladik. Vatanimiz mustaqilligining yigirma ikki yilligi munosabati bilan mamlakatimizda yashab, turli tillarda ijod qilayotgan shoirlarning ijodidan saralab, Vatan, ona yurt, qadriyatlarimiz, Oʻzbekistonimiz xalqlariga xos urf-odatlar, mehr-oqibat haqidagi sheʼrlardan bayramiy guldasta tuzdik.

Mushoiraga marhamat, azizlar!


 

Valentina SOLDATOVA

Soldatova Valentina Ilinichna. 1932 yil Rossiyaning Kemerovo viloyatida tugʻilgan. 1964 yildan Oʻzbekistonda yashaydi. Falsafa fanlari nomzodi, dotsent. Shoir, bir necha sheʼriy toʻplamlar muallifi. Toshkentdagi Rus va Ukraina milliy-madaniy markazlarining faol ishtirokchisi.

 

OʻZBEKISTONDA KUZ

 

Biz kutamiz kuzni besabru toqat,

U bizga baxsh etar salqinlik, rohat.

 

Yam-yashil yaproqlar quvrab, sargʻayib,

Kuz toʻkin boyligin tashlaydi yoyib.

 

Kuzgi havo biram toza, musaffo,

Harir tola koʻkni bogʻlar shu asno.

 

Qushlar chugʻuri ham tobora kam-kam,

Dalalar huvullab yotar xotirjam.

 

Oppoq qor qoplar soʻng paxtazorlarni,

Kuz sharaflar bobo paxtakorlarni.

 

Osmon ostidagi ungan neki bor –

Neʼmatlar dehqonga oʻqiydi alyor.

 

Osmonga boʻy choʻzgan xirmonlarni siz,

Sut va un qorilgan togʻlarmi deysiz.

 

Meva, hosil, xirmon der bari-bari:

“Oltindir dehqonning saxiy qoʻllari!”

 

 

Vladimir KUDRYaTSEV

Kudryasev Vladimir Leonidovich. 1936 yilda tugʻilgan. 1950–1953 yillarda mehribonlik uyida tarbiyalangan. Oʻzbekistondagi Rus madaniy markazining va “Buloq” adabiy-ijodiy birlashmasining aʼzosi.

 

EZGU SAXOVAT

 

Bogʻlar shovullaydi. Gullar barq urar.

Don bogʻlab toʻlishar oltin boshoqlar.

Bolalar oʻsadi quvontirib koʻz. –

Mehru saxovat-la oʻrab olsangiz.

Mehrni beshik deb bilgan har bir jon

Quyosh va suv kabi zarur mahali.

Sababi, Mehr degan hayotbaxsh kalom,

Balolardan asrar tumor misoli.

… Vatanni yov bosgan urushlar payti,

Bemajol ingranib toʻkkan edim yosh.

Biz oʻzbek mehridan hayotga qaytib,

Dushmanlarga qarshi toʻpladik bardosh.

 

Tevarak-atrofga boqqanmiz hayron,

Koʻzimizda qaynab turardi qahr.

Shunda oʻrtamizga tushdi tarjimon,

Uning ismi edi muqaddas Mehr.

Yov bosgan yoʻllardan amallab oʻtdik,

Achchiq taqdir mushtin koʻp totdik sarson.

Biz – ming-minglab yetim ona deb tutdik,

Shu yurt panoh boʻlib berdi mehr, non…

 

Emishki, Yer shari kitning boshida

Chayqalib turarmish…

                Eh, men kulaman:

Axir Mehr-muruvvatga suyunib, ha-ha,

Tinch-sokin turganin aniq bilaman.

 

Izgʻirinda, qorda, rutubatlarda

Yer shari tinch-omon turgan boʻlsa, bas,

Bunga bois, mehru muruvvatlardan

Kuch olib yashar Yer mangu, muqaddas!

 

 

Sheryan ALIYEV

Sheryan (Sherlan) Aliyev. 1937 yil Ukrainaning Qrim viloyatida, Qora dengiz tumanida tugʻilgan. Jizzaxda voyaga yetgan. Shoir, jurnalist. Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika universitetini tamomlab, oʻqituvchi, tuman gazetasining masʼul kotibi, Jizzax viloyati teleradioqoʻmitasining bosh muharriri boʻlib, ishlagan, bir qancha sheʼriy toʻplamlarning muallifi.

 

EY, KITOBLAR

 

Ey, kitoblar, sassiz xitoblar,

Oyat kabi sevdim sizlarni.

Oʻqiganga quvvat berasiz,

Kurashlarga undab bizlarni.

Teranlikni, gʻayrat-quvvatni

Dengizlardan olasizlarmi?

Jasoratni, haq-adolatni

Xalq dilidan olasizlarmi?

Sizni oʻylab, xayolga tolib,

Tikilaman soʻzlaringizga.

Kurashlarda oʻlsa qahramon,

Oʻrgatasiz “jang” soʻzin bizga.

Olovlarga otdilar sizni,

Lekin yonib ketmadingiz siz.

Olchoq, munofiqlar oldida

Yotib sajda etmadingiz siz.

Sizga dushman – menga ham dushman,

Kurashlarga chiqarman jadal.

Sizni sevib, qilmadim pushmon,

Siz quvonchsiz, faxrsiz mukammal.

Chunki sizlar faqat doʻst emas,

Moʻjizalar toʻla sandiqsiz.

Siz insonga pok vujuddagi

Ona qalbi kabi sodiqsiz!

Saqlaysizlar avval-azaldan,

Ona tilning har bir soʻzini.

Yashaysizlar yurib qoʻlma-qoʻl,

Sizda koʻrar xalq oʻz-oʻzini.

Sizni shundoq yashasinlar deb,

Yurak qoni ila yozganlar.

Qalbga borib joylashsinlar deb,

Koʻkraklarni chuqur qazganlar.

Nurga toʻlar kitob kirgan uy,

Yonar maʼrifatning chirogʻi.

Sizlar borki – dunyo yorugʻdir,

Kitob – madaniyatning bogʻi!

Fikrlarning torozusida

Oʻlchanadi sizdagi maʼno.

Agar yolgʻon soʻzlar aytsangiz,

Bunday kunni koʻrmaylik aslo.

Uzoq umr surib boʻlarmi

Sizdan ibrat olmasak axir?

Hayotdan zavq totib boʻlurmu

Yuksaklarga uchmay tafakkur!

Birovlar bor uyning toʻrida

Ziynat uchun kitob saqlagay.

Bu ham yaxshi, va lekin afsus

Bir kitobni ochib boqmagay.

Axir bilsa, kitob oʻqisa,

Kitob ichra aqlu donish koʻp.

Gar oʻqisa, kitob zoʻr davlat,

Bong urardi “Mana – oftob!” deb.

Ey, kitoblar! Sassiz xitoblar!

Oyat kabi sevdim sizlarni.

Oʻqiganga chiroy bagʻishlab,

Yashamoqqa chorlang bizlarni!

 

 

Semyon GUTGARS

Gutgars Semyon (Samuil Xaimovich). 1938 yil Kiyevda tugʻilgan. 1941 yilda evakuatsiya qilingan. 1946 yildan buyon Toshkentda yashaydi. Muhandis-samolyotsoz. Shoir, yozuvchi, ssenariynavis.

 

TAQDIRIM TOSHKENT

 

Eshalonlar hayqirib joʻnab ketmoqda Sharqqa,

Bolaligimni olib uchar nomaʼlum yoqqa.

 

Sharqda bir oʻlka bormish, turarmish quyosh balqib,

Pichirlayman: “Xayr, Kiyev!” – vidomidi bu balki?!

 

Beshafqat vaqt bizlarga quvonch bagʻishlamadi,

Lekin Toshkent bizlardan mehrini ayamadi.

 

Bolalar shovqiniga toʻldi kichkina hovli,

Tandirnonning hidi ham yodimda hali-hali.

 

Soʻng… katta yoshda Dnepr kengliklarini koʻrdim,

Lek dilda Oʻrda, Anhor bilan suhbatlar qurdim.

 

Koʻrdim ming xil shaharlar – ozodayu sarishta,

Baribir ham Toshkentga boshlar meni har rishta.

 

Toshkentdan olislasam yeb tashlar meni hijron,

“Qachon yetib borarman?” – oʻtda qovriladi jon.

 

Faqatgina men emas, ulkan mamlakat u vaqt

Toshkentning hurmat, mehrin yodda tutardi albat.

 

Oddiy bir temirchining uyidagi bolalar,

Qanday esdan chiqarsin urush davrini ular?

 

Mensiz joʻnayversinlar poyezdlar gʻarbga tomon,

Mangu shahrim, sen bilan men birgaman har qachon!

 

 

Stanislav KOLMAKOV

Kolmakov Stanislav Vsevolodovich. 1938 yil Zaporojye (Ukraina)da tugʻilgan. Yurist, ichki ishlar podpolkovnigi. Shoir va essenavis, oʻndan ortiq sheʼriy toʻplamlar muallifi. Zargarlik toshlari haqida “Toshlar saltanati” nomli lugʻat-kitobi ham bor.

 

TANDIRNON

 

Oʻzbegimning noni, yaʼni tandirnon!

Moʻjizalar ichra moʻjiza, aʼlo!

Ushogʻin ham yerga tushirmay aslo

Ogʻzimga solaman, shirin, qadrdon!

 

Shunchalar shirinki, yumshoq, xushboʻy is,

Tishlasang, ogʻzingda erib ketar, bas.

Uni tabarruk deb aytishmas bejiz,

Neʼmatlar ichra ham oʻrni muqaddas.

 

Hech kim pichoq tiqib ozor bermaydi,

Tishlab ham uzmaslar undan bir boʻlak.

Avaylab ushatar, mehmon hurmati,

Mehmon ham qoʻshqoʻllab tutmogʻi kerak.

 

Jon kabi yumshoqdir nonning tegrasi,

Oʻrtasi kisirlab sinadi oson.

Eng baxtli inson bu – noni bor kishi,

Nonsiz tiriklik yoʻq, non zarurdir, non!

 

Dasturxonga avval non qoʻyiladi,

Soʻngra choy, soʻng qand-qurs, murabbo, asal.

Non haqi-la hatto ont ichiladi,

U – shunchalar ulugʻ, muqaddas azal…

 

Nonni qoʻlga olib jim qoldim beun,

Boʻysunib oʻzbaki urf-odatlarga.

Shu aziz neʼmatga yetkazgani-chun,

Shukurlar aytaman Parvardigorga!

 

 

Vyacheslav LI

Li Vyacheslav Borisovich. 1944 yilda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida tugʻilgan. Moskva pedinstitutini tamomlagan, oʻrta maktab oʻqituvchisi, gazeta muxbiri boʻlib ishlagan. Oʻzbekiston Koreys madaniy markazlari Assotsiatsiyasi yozuvchilar va jurnalistlar gildiyasi (uyushmasi)ning raisi. Oʻzbekistonda “Vaqt yaproqlari” sheʼriy toʻplami nashr qilingan.

 

* * *

Tong uygʻondi bugun ham erta,

Osmon koʻm-koʻk. Dunyo charogʻon.

Halovat bor huv dalalarda,

Choʻqqilarni koʻz-koʻzlar Chimyon.

 

Suv oqadi qoʻshiqlar kuylab,

Majnuntollar silkinadi shod.

Shahar-qishloq, vodiylar boʻylab,

Orolanar eng goʻzal hayot.

Yerga soya toʻshaydi chinor,

Bu mehrni zamin qilar his.

Agar qalbda pok hislarki bor,

Demak, biz ham inson ekanmiz.

 

Shukrona bor borliq tilida,

Har qadamda hayotdan mastlik.

Mumkinmi bu oʻzbek elida

Yashab turib, baxtli boʻlmaslik?!

Sevdikmi shu vatanni magar,

Saqlagaymiz hurmat, sadoqat.

Tinch boʻling, ey tanti odamlar,

Yurtdoshlarim, sizga baxt, omad!

 

 

Vladimir KUZNESOV

 Kuznetsov Vladimir Ivanovich. 1947 yilda tugʻilgan. 1971 yil Rossiyadagi fizika-texnika institutini tamomlagan. Zelenograddagi ilmiy markazda, Rossiya FA ning AQSH va Kanada institutida Rossiyaning Qozogʻiston va Ozorbayjondagi elchixonalarida ishlagan. Shoir, diplomat-maslahatchi. “Sevaman”, “Moʻjizalar burjida” (Oʻzbekiston haqida) sheʼriy toʻplamlarining muallifi.

 

ULUGʻ ShAHARLAR

 

Uch ulugʻ shahar bor dunyoyi dunda,

Yer yuzi hayratda jim boqar: evoh!

Ular – koʻz quvonchi, zavq erur dilda,

Samarqand, Buxoro va yana Xiva!

 

Naqshlarda asrlar namoyon boʻlar,

Isteʼdod, mehnat va ijod mujassam.

Har bir gʻisht muqaddas tarixdan soʻzlar,

Jim tinglab turguday Parvardigor ham.

 

Shaharlar, tilayman viqor, shukuhlar,

Inson ijod qilsin eng aʼlo ishni.

Bobo tarix oʻzi yaxshiroq bilar,

Qayerda, nimani, qachon qurishni.

 

Balki yangilanar yulduz, burj, falak,

Yo safi oʻzgarar sayyoralarning.

Lek muqaddas oʻrni mangu turajak

Xivayu Buxoro, Samarqandlarning.

 

 

Lyudmila ORLOVA

Orlova Lyudmila Nikolayevna. 1947 yil Ingushetiyada tugʻilgan. Moskvadagi M. Lomonosov nomidagi universitetni tamomlab, “Rabochaya tribuna”, “Pravda Vostoka”, “Torgovaya gazeta”da Markaziy Osiyo boʻyicha muxbir boʻlib ishlagan.

 

EʼTIROF

 

Xayyom.

Hofiz.

Xusrav. –

Sehrli nomlar.

Sizga mehrim boʻlak. Sizlar – ilhombaxsh.

O, jozibador Sharq, allaqachonlar,

Ishqingni qalbimga naqsh qilganman, naqsh.

 

To quyosh socharkan dunyoga pok nur,

To zamin Ishq, Shafqat hukmida ekan,

Oʻt-olovli, goʻzal sheʼr yozilarkan,

Sharqning shoirlari peshqadam erur.

 

Toʻldi yondaftarim sahifalari,

Unda insho boʻldi ishq toʻla hikmat.

O Sharq, donishmand Sharq, shu tuhfalaring –

Aʼlo hikmatlaring uchun ming rahmat!

 

ShAFTOLI

 

Shaftoli gulladi. Qiygʻos gulladi.

Qaylargadir ketib qolgim keladi.

Qochgim kelar uydan, tashvishdan yiroq

Bogʻda shaftolilar gullayotgan choq.

 

Koʻz yoshlar quridi. Bitdi oʻpka, kek –

Xuddi bir aziz doʻst kelib qolgandek.

Osmon pok, oʻylagan oʻylarim ham, pok,

Bogʻda shaftolilar gullayotgan choq.

 

Kunduzlar charogʻon. Hayot farovon.

Hademay bolalar kezadi shodon.

Men ham shod yashayman, shoʻx-shaʼn va quvnoq,

Bogʻda shaftolilar gullayotgan choq.

 

 

Valeriy KAZANJANS

Kazanjans Valeriy Ivanovich. 1950 yil tugʻilgan. Psixologiya fanlari mutaxassisi. Shoir, adib, “Nuh kemasi” adabiy-ijodiy uyushmasining rahbari. Oʻzbekistondagi Arman milliy-madaniy markazi boshqaruvi rahbarlaridan.

 

MUHABBATIM MENING – OʻZBEKISTONIM!

 

Har tomchining shaklu shamoyili bor,

Taqdiri bor, qilar vazifasi ham.

Har nigoh va har bir nafasda takror

Zamona shiddati, rangi mujassam.

 

Mana, yillar oʻtdi, qadim va ulugʻ

Mamlakat yoʻl topdi dunyolar ora.

Pokiza nurlardan kelajak yorugʻ,

Zeroki, nur bilmas cheku chegara.

 

Omon boʻl, mustaqil Vatanim mening,

Yayra, ey tabiat, chiroy och yana.

Boqiy davom etsin tantanalaring,

Ulugʻ Mustaqillik, ezgu tarona!

 

Nafas, ezgu umid, pok sevgi ahdi,

Oʻz yoʻlingni izlash erkinligi ham,

Maqsadga intilish, yashamoq baxti –

Arziydi bari-chun shukrona aytsam!

 

Baxtliman: uyimda toʻla dasturxon,

Tunlar uyqularim osuda, xumor.

Jannati vatanim – hur Oʻzbekiston,

Men unga farzandman! Shukrim koʻp, bisyor!

 

Uyim tokzor, gulzor bilan chulgʻangan,

Nurlarga vobasta hovlida oʻsdim.

Oʻzbekcha muloqot qilar men bilan,

Eshigimdan kirib kelgan har doʻstim.

Iqbolga oshnodir umrim kunba-kun,

Qaygʻu-gʻamni nari irgʻitar jonim.

Qalbim, muhabbatim, mehrim, inchunun,

Baxtim – sen oʻzingsan, Oʻzbekistonim!

 

 

Mekemboy OʻMAROV

Mekemboy Oʻmarov. 1949 yilda Toshkent viloyatining Qibray tumanida tavallud topgan. Shoir, Oʻzbekiston va Qozogʻiston yozuvchilar uyushmalarining aʼzosi. Bir qancha sheʼriy va nasriy asarlar, shuningdek, qozoq tilidagi oʻrta maktablar uchun yozilgan darsliklar, oʻquv qoʻllanmalarning muallifidir. Alisher Navoiy, Oʻtkir Hoshimov asarlarini qozoq tiliga tarjima qilgan. U Olmaota va Toshkent shaharlarida oʻtkazilgan bir necha Xalqaro aytishuv musobaqalarida ham oqin sifatida ishtirok etib, gʻolib chiqqan.

 

ELLAR TILAGI

 

(Bu terma sheʼr Toshkent shahrida ulugʻ qozoq shoiri Abayga haykal ochilgan kunlar munosabati bilan yozildi)

 

Yaxshilikka bogʻlarding,

Har bir kunni,

Chechanlikda oʻtkazmay sen hech kimni.

“Hushyorlik-u epchillik,

Tadbirkorlik

Bari bor!” – deb maqtarding oʻzbegimni.

 

Ulugʻ ish – dengiz oshmoq,

Togʻ oshmoq ham,

Yovniki – yoqalashmoq, dovlashmoq ham.

Gaping rost, donishmandim,

Ogʻaynining

Bir-biri-la shahri ham

Yovlashmagan.

 

Keng dalada qozogʻing

Tinmay kezdi,

Topilgan bir yaxshini mingday sezdi.

“Oʻzbekning qilmaydigan hunari yoʻq!”

Sendan burun kim aytgan

Bunday soʻzni?!

 

Yurganing yoʻq togʻ-toshni

Uzoq oshib,

Qazigʻurtdan tushgansan uch bor oshib.

Amir Temur bahodir,

Navoiy ham

Turar, ana, oʻzingga quchoq ochib.

 

Oʻzbek bilan qozoqning

Avlodiga,

Omad qoʻshdi Tangrim ham

Omadiga.

Oyoqlardan tortsa ham

Qasd yovlaring

Qoʻshildi chiroy, savlat – savlatinga.

 

Vaqt – shamol ,

Kimsa yoʻqdir oʻtsa undan,

Orzu shul:

      Yuksalaylik oʻngdan soʻldan.

Yurtboshimiz

Nurli soʻz aytdi topib:

“Qarsak ham chiqadi, – deb, –

Ikki qoʻldan.

 

Toshkentda oʻrning topding

Gulday boʻlib,

Tong qolmasdan boʻlarmi

Zavqqa toʻlib.

Yurtboshimning oʻrinli topgan soʻzin

Maʼqul, dedi Nursulton kunday kulib.

 

Ogʻasining huzuriga ini kelib,

Yarashimli soʻz aytdi maʼqul qilib.

Prezidentlar koʻmaydan bol oqizdi,

Biriga yoqar soʻzni

Biri bilib.

 

Xaloyiq shod yayrasa –

Kim chidaydi?!

Tabiat ham zaminni qamchiladi.

Prezidentlar aytganda qutlugʻ tilak,

Oq yomgʻirlar quvonib tomchiladi.

 

Har kimning baxti yerda yonib yursin,

Har kim oʻz nasibasin topib yursin.

Navoiy ham Ostonaga borganida,

Allohning nuri koʻkdan yogʻib tursin.

 

Zoʻrdan qoʻrib,

Kechagi toʻrdan qoʻrib,

Sariorqaga qironlar toʻlgan qoʻnib.

Ne baxtdir bu –

Navoiy Ostonada

Tursa agar Qozoqqa qoʻrgʻon boʻlib!

 

 

Aqchagul TOʻLEGENOVA

Aqchagul Toʻlegenova. 1971 yili Navoiy viloyatining Konimex tumanida tugʻilgan, 1994 yilda Qozogʻiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini bitirgan. 2002 yilda shoiraning “Erkalagim keladi”, 2006 yilda “Sogʻinch” nomli sheʼriy kitoblari chop etilgan. Hozirda Konimex tumani xalq taʼlimi boʻlimida boʻlim mudiri vazifasida ishlaydi.

 

QALDIRGʻOCH

 

Bor dunyosi bunyodday hayajondan,

Bizning uyga qaldirgʻoch uya solgan.

Bizning uyga qaldirgʻoch uya solgach,

Xudo menga zoʻr baxtni bera qolgan!

 

Har harakat – goʻzallik, komillik bor,

Ishsiz turmas, qimirlar, uchmas bekor.

Odamlarda men siyrak uchrataman,

Qaldirgʻochda komil bir totuvlik bor!

 

Juftlik – poklik lazzatin totib ular,

Chirqillaydi uyada yotib ular.

Evoh, deysiz, dunyoda odamlar bor,

Farogʻatni yurarlar sotib ular.

Kel, qaldirgʻoch, jonimga uya solgin,

Jips totuvlik – qushlarda, dey olarman.

Ahillik, totuvlikni senda koʻrib,

Odam boʻlib yurganimga uyalarman.

 

Ulansin tonglarga tun, aziz qushim,

Har doim mehrga tashna gʻarib boshim.

Yer yuzida topmasam halovatni,

Sen meni uyangga ol, qaldirgʻochim!

 

Uyangga kirgiz meni, polapon qil,

Tuxumdan endi chiqqan chalajon bil.

Uyangda bir uxlayin mazza qilib,

Vujudimni allala sen qush – oqil!

 

Kel, qaldirgʻoch, yoningda tin olarman,

Jips totuvlik – qushlarda, dey olarman.

Ahillik, totuvlikni senda koʻrib,

Odam boʻlib yurganimga uyalarman.

 

 

Navroʻzboy Jarboʻsin oʻgʻli

1975 yil Navoiy viloyatining Konimex tumanidagi Qizilquduq ovulida tugʻilgan, 1997 yil Qozogʻiston Milliy universitetini bitirgan. Konimex tumanida oʻqituvchi. Sheʼrlari vaqtli matbuotda muntazam eʼlon qilib boriladi. Qozogʻistonda oʻtkazilgan bir qancha xalqaro darajadagi mushoiralarda ishtirok qilib, sovrindor boʻlgan.

 

ABAY

 

Ulugʻ Gyote, rost, olamda shuhratli,

Pushkin ham bor, Lermontov bor – bari zoʻr.

Krilovning masallari ibratli,

Daholarning soʻzi – oltin, kumush, dur.

 

Bu keng jahon – buyuklarning elidir.

Buyuklarni tanib olsin hamma der.

Bor dunyoni oʻz sheʼriga qaratdi

Saʼdiy, Hofiz, Fuzuliy va Alisher.

 

Soʻz podshohi saralangan ellarda

Koʻz yetmagan choʻqqilarga soʻz yetdi.

Manov bir gap naq ulugʻlik emasmi –

Abay barin oʻz tilida soʻzlatdi!

[1]

 

Shoir soʻzi – soʻnmas yulduz, oʻlmas kun,

Buyuklik shu – buyuklarni soʻzlatar!

Soʻz zargari – Abay, desam, endi kim

Maʼqullamay, soʻzlarimni rad etar?!

 

Buyuklardan soʻz ochmoqning vaqtidir,

Daholardir har bir xalqda arjumand.

Har qanday xalq baxtlidir-ov, baxtlidir,

Abay kabi oʻgʻli boʻlsa donishmand.

 

Ulugʻ qalblar xalqqa mashʼala boʻlsa,

Ulugʻlarning tili – shirin, ajab, xoʻb!

Agar Abay zamonida tugʻilsa,

Pushkinlar ham ketardi-ya qozoq boʻp!…

 

 

Vladimir VASILYEV

Vasilyev Vladimir Germanovich. 1948 yil Rossiyaning Yaroslavl viloyati, Ribinsk shahrida tavallud topgan. Toshkentda tahsil olgan. Texnika fanlari nomzodi. Shoir va adib. “Oʻq parvozi” sheʼriy toʻplamining, “Fan – fan sifatida”, “Mehmonxona”, “Mikrobcha” nomli romanlar muallifi. Toshkentda yashab, ijod qiladi.

 

BIZ KIMMIZ?

 

Olga Beysga

Taqdir kitobida

Biz oʻzi kimmiz?

Oʻrinsiz qoʻllangan

Tinish belgimiz?!

Balki gʻalat tushgan,

Yoki ters turgan

Poyintar-soyintar

Nuqtalarmizmi?

Yoki sozning

Ohangdorligin buzib,

Yanglish chalinishidan bezib

Tor qatorda turgan

Pardalarmizmi?

Balki biz, balki biz

Umid harfimiz?

Ehtiros mavj urib

Turgan chogʻida,

Yo toʻpolon avjga

Kelgan chogʻida

Ezgulikka dovul

Qoqar zarbimiz?!

Balki qora tunda

Porlagan bir iz –

Ilohiy vahiyning xabarchisi biz?

Falakni ogohlab

Balo-qazodan,

Falokatlardanmi,

Kulfat, azobdan,

Omon qolmoq yoʻlin

Koʻrsatadirmiz?

Taqdir satrlari,

Taqdir satrlari,

Bizmi oʻsha –

Aytilganlarning bari.

Ne yozilsa – amalga

Oshiradirmiz,

Amal oshirmoqqa

Shoshiradirmiz.

 

Taqdir kitobida

Biz oʻzi kimmiz?

Biz – qogʻoz, siyoh va nonga mahkummiz…

 

 

Nikolay ILIN

Ilin Nikolay Dimitriyevich. 1950 yil Zlatoust (Rossiya) shahrida tugʻilgan. Oʻzbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. Oʻzbekiston oliy taʼlim dargohlarida faoliyat koʻrsatadi. “Birinchi daftar”,

“Ruhiyat ohanglari”, “Vaqt belanchagi” kabi sheʼriy toʻplamlari muallifi. Oʻzbek sheʼriyatidan tarjimalar qiladi.

 

MINORADAN TARALADI SAS

 

Tong tirqish izlaydi tun girdobida,

Oqib kirsa deydi falaklardan nur.

Arabiy xatga til urgan chogʻida

Ilohiy ovozlar yoprilib kelur.

 

Shunda… tun ufqni tark etmay turib-oq

Vahiylar yetadi falak qaʼridan.

Dunyo koʻz ishqalab ochadi qovoq,

Parvardigorimning daʼvatlaridan.

 

TOSHKENT EʼTIROFI

 

Bolalikning shoʻx bayramlari,

Yosh doʻstlarga sadoqat, vafo. –

Qardoshlikka aylansa bari,

Bundan afzal narsa yoʻq aslo!

 

Yaproqlarning tillarang naqshi,

Har hovlining eshigida gul –

Ne narsa bor shahardan yaxshi,

Seni sevib qolgan boʻlsa ul!

 

Tabiatning samimiy qalbi,

Tarix kabi uzun hikoya –

Seni sevsa mamlakat xalqi,

Afzal ne bor bundan ham gʻoyat!

 

Xotirangni yoritsa dangal,

Bolalikdan taralgan bir nur –

“Yaxshilikka – yaxshilik” degan

Soʻzdan aʼlo nima bor axir!

 

Muzaffar AHMAD tarjimalari

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–8


 

[1] Abayning koʻplab jahon sheʼriyati vakillarining sheʼrlarini qozoq tiliga tarjima qilganligiga ishora.

https://saviya.uz/ijod/nazm/ahillik-totuvlikni-senda-kordim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x