AGROKIMYO

AGROKIMYO, agronomik kimyo — tuproq va oʻsimliklardagi kimyoviy jarayonlar, oʻsimliklarning mineral oziqlanishi, oʻgʻitlar va tuproqni kimyoviy melioratsiyalash vositalarini qoʻllash toʻgʻrisidagi fan. A. q. x. ni kimyolashtirishning ilmiy asosini tashkil etadi. Agrokimyo oʻsimlik, tuproq va oʻgʻitlar oʻrtasidagi munosabatni, dala sharoitida oʻsimliklar oziqlanishini oʻrganadi, oʻsimliklarning oziqlanishiga eng qulay sharoit yaratish, tuproq va oʻgʻitlar tarkibidagi oziq moddalarning oʻzlashtirilish koef. oshirish maqsadida ushbu sharoitlarni oʻzgartirish yoʻllarini, shuningdek, hosildorlikni oshirishning boshqa vositalari — pestitsidlar, oʻsish stimulyatorlarini koʻllash, tuproq unumdorligini yaxshilash va hosildorligini oshirish maqsadida kimyoviy melioratsiya vositalarini qidirib topadi. Agrokimyo fani tuproqshunoslik, dehqonchilik, oʻsimliklar fiziologiyasi va biokimyosi, q. x. mikrobiologiyasi, kimyo va fizika fanlari bilan bevosita bogʻlangan. Agrokimyoda nazariy va amaliy masalalarni oʻrganish uchun har xil tadqiqot usullari qoʻllaniladi. Bularga oʻsimlik, tuproq va oʻgʻitlarni lab. da kimyoviy, fizik-kimyoviy tahlil qilish; oʻsimliklarda vegetatsion tajriba (vegetatsion uychalarda va issiqxonalarda) oʻtkazish; har xil tuproq-iqlim sharoitlarida oʻgʻitlar bilan dala tajribalari (oʻgʻitlarning geografik mintaqalardagi tajribalari) olib borish; xoʻjaliklarda i. ch. tajribalari oʻtkazib, olingan natijalarga iqtisodiy baho berish ishlari kiradi. Agrokimyoda oʻsimlik asosiy tadqiqot obyekti hisoblanadi. Oʻsimliklar oziqlanishini oʻrganish va oʻgʻitlar vositasida uni izga solish usullarini ishlab chiqishda har bir oʻsimlik (ekin)ning biologik va agrotexnik xususiyatlari hisobga olinadi. Agrokimyo tuproqshunoslik va tuproq mikrobiologiyasi bilan bogʻliq boʻlganligi uchun unda tuproq ham oʻrganilishi kerak. Agrokimyo tuproq tarkibidagi oziq moddalarning umumiy miqdorini, ularning oʻsimliklarga oʻtish xususiyatini, oʻgʻitlarning oʻzgarish jarayonlarini va tuproq xossasiga taʼsirini hamda oʻgʻitlarni ishlatish meʼyorini va nisbatini, ularni turli xil ekinlarga solishning ratsional muddatlari va usullarini, oʻgʻitlarni qoʻllashning tuproqni ishlash tizimlari, almashib ekish, sugʻorish tartiboti va b. bilan toʻgʻri qoʻshib olib borishni oʻrganadi. Agrokimyo oʻsimliklarning oziqlanishini oʻrganishi tufayli oʻsimliklar fiziologiyasi va biokimyosi bilan bogʻlangan. Oʻgʻitlarni bir shakldan ikkinchi shaklga oʻtishi tuproqning xususiyatlariga, tuproqshunoslar, kimyogarlar va mikrobiologlar oʻrganadigan kimyoviy va mikrobiologik jarayonlarga bogʻliq.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x