Agar hayot boʻston esa, bogʻbon muallim

Shuhrat domlani eslasam, koʻz oʻngimda isteʼdodli shoir, atoqli romannavis, mohir tarjimon, ajoyib dramaturg hamda tabassum bilan boqib turgan komil insonning porloq siymosi gavdalanadi. Men adibni goʻdakligimdan bilardim, u kishi qadrdon mahalladoshimiz, Xalil dadamning eng yaqin doʻsti edi. Har gal Shayx Shibliy mahallasi tomonidan oʻtganimda, albatta, kindik qonim toʻkilgan uyimizni, gʻuborsiz bolalik va yoshlik chogʻlarimni, oila aʼzolarimni, mahalladoshlarimni va biz uchun aziz boʻlgan Shuhrat domlani eslayman.

Aslida dadam ham, Shuhrat domla ham Xastimom mahallasida dunyoga kelishgan, ular tengqur edilar. Ularning bolaliklari ham Xastimom mahallasida oʻtgan. Dadamlar shoʻx-shodon bolalik yillarini eslaganlarida mahalla yaqinidan oqib oʻtadigan Kaykovus kanalida doʻstlari bilan “kimoʻzar”ga suzishgani haqida hikoya qilib berardi. Ikkinchi jahon urushi boshlanganda ikki doʻst ham frontga otlanishadi, urushda ogʻir jarohat olib, oʻz yurtiga qaytishadi.

Shuhrat domla yangi asar yozsalar, uni albatta, dadamga oʻqishga berardi. Shu sababli menga yoshligimdan adibning asarlarini oʻqish, ulardan bahramand boʻlish nasib etgan.

Har gal “Minor” qabristoniga yaqinlarimni ziyorat qilishga borganimda, albatta, Shuhrat domlani ham xotirlayman. Ilohim, hammalarining oxiratlari obod, ruhlari shod boʻlsin, deb oʻtganlarimizni birma-bir tilga olib tilovat qilaman.

Shuhrat domla yashagan Xastimom mahallasidagi uyini koʻrish maqsadida u yerga bordim. Adibimizning uyi Hazrati Imom majmuasi yaqinida joylashgan ekan. Meni shu fayzli xonadonning sohibi, Shuhrat domlaning jiyanlari tadbirkor Hikmatilla Ziyomuhamedov kutib oldi. Saranjom-sarishta, shinamgina xonaga kirar ekanman, koʻzim kitob javoniga tushdi. Ushbu koʻrkam xonadonda ziyolilar, kitobsevarlar yashashi sezilib turardi.

Xushfeʼl, ochiqchehrali Hikmatilla Shuhrat domlaning tanlangan asarlarini birma-bir olib menga koʻrsatdi. U kishi bilan suhbatimizda: “Oilamiz uchun aziz boʻlgan togʻamiz bizlarga juda mehribon, gʻamxoʻr, qoʻllari ochiq, bagʻrikeng, shirinsoʻz va hozirjavob edilar. Meni oʻz farzandlaridek yaxshi koʻrardilar”, deya xotirlaydi adibimizning jiyani. Urushning dahshatlarini koʻrgan, hayotning ogʻir zahmatlarini boshidan kechirgan boʻlsa-da, lekin adibning hayotga, Vataniga, uning kelajagiga umid bilan boqib, sabrli boʻlib, shijoat bilan yonib ijod qilgani kishini hayratga soladi.

Shuhrat domla nazmda ham, nasrda ham, dramaturgiyada ham ajoyib asarlar yozgan isteʼdodli, qalami oʻtkir adibdir. Ayniqsa, sheʼrlari tiniq va ravonligi, xalq tiliga, diliga yaqinligi, hayotiyligi, ohangdorligi bilan kitobxonni oʻziga maftun etadi. Aksariyat sheʼrlarida Vatanga, xalqqa sadoqat, sevgi, yaxshilik, toʻgʻrilik, kamtarlik, doʻstlik kabi mavzular samimiy va haqqoniy ifodalangan. Vatanparvar adib kindik qoni toʻkilgan muqaddas ona yurtini jondan sevadi va unga hamisha sodiq qoladi.

 

Tuningdek yulduzli osmon koʻrmadim,

Vatanim, yelingday xushboʻy yumshogʻin.

Bir jahon oltinga almashmas edim,

Bir xarsang toshingning kichik ushogʻin!

Bir on ham mehringsiz olmasdim nafas,

Qayerda boʻlmayin, ey ona oʻlkam!

 

Shuhrat domlaning shogirdi, taniqli shoir Oydin Hojiyeva ustozini shunday xotirlaydi: “Shuhrat aka chinakam hayot oshigʻi, yaxshiliklar elchisi edilar. Shuhrat aka juda mehribon, mehnatkash, qattiqqoʻl edilar. Xodimdan oʻtgan har bir imlo xato, matn tayyorlashdagi pala-partishlik uchun otalarcha koyib berardilar.

– Bir qoʻlingizda qalam, birida oʻchirgʻich boʻlsin, – derdilar. Qoʻlyozmalarning toza, sifatli boʻlishiga alohida eʼtibor berardilar”.

Shuhrat domlaning sheʼriyati bamisoli odobnoma, hikmatnomadir. Ayniqsa, sakkizliklari, oltiliklari, toʻrtliklari bunga yorqin misolr. Quyidagi toʻrtligida shoir dilozor boʻlmaslikka, xushfeʼllikka chaqiradi:

 

Til dami qilichdan oʻtkir boʻladi,

Jarohat izi ham bitmaydi aslo.

Dilozor boʻlmagin tilim uzun deb,

Til boshing posboni har choq, har asno!

 

Shuhrat domla juda bolajon edi, shu boisdandir, bolalar uchun ham samarali ijod qilgan. Bugungi kunda uning mazmunli hikoyalarini, sheʼrlarini, hajvlarini farzandlarimiz sevib oʻqiydi. Bu haqda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Hakim Nazir zamondoshini eslab shunday degandi: “Shuhrat bolalarga ham asarlar yozishga vaqt topardi. Bolalarga yozganda u xuddi quvnoq kichkintoylar davrasiga kirib qolganday, ular bilan chugʻur-chugʻur tillashganday, ularning shoʻx-shodon oʻyin-kulgilariyu qiliqlariga qoʻshilib ketganday sezardi oʻzini. Hikoyalarida… bolalarda urushga qattiq nafrat uygʻotuvchi voqealarni keltirar, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlikning kuchini ochib beruvchi, atrof tabiatga mehr uygʻotuvchi mavzularga koʻproq diqqatni tortardi. Sheʼrlari ham goʻzal, shoʻxchan, xilma-xil boʻlib, oʻgʻil-qizlar ongi-qalbiga maʼnaviyat urugʻlarini moʻl-koʻl sochar, ota-onalarni, Vatanni jondan sevishga undardi”.

Shuhrat domla frontda koʻrganlari, boshidan kechirganlari, vatandoshlarining Ikkinchi jahon urushidagi koʻrsatgan jasoratlari asosida “Shinelli yillar” romanini yozdi. Mazkur asarni oʻqiganda beixtiyor urush dahshatlariga guvoh boʻlamiz, tinchlikning naqadar oliy neʼmat ekanligini chin dildan his etamiz. “Oltin zanglamas” romani esa, mashʼum qatagʻon yillari haqida yozilgan birinchi asardir. Qatagʻon etilgan begunoh kishilarning fojeali qismati, xalqimizning metin irodasi, olijanobligi yozuvchi tomonidan jonli tasvirlangan bunday asarni yozishning oʻzi oʻsha paytda katta jasorat edi. Vatanga sadoqat, oʻz yurtiga hamisha sodiq boʻlishga undovchi “Jannat qidirganlar” nashr etilganda biz talabalar bu romanni qoʻlma-qoʻl olib oʻqiganmiz.

Shuhrat domlaning “Besh kunlik kuyov”, “Qoʻsha qaringlar”, “Ona qizim” kabi dramatik asarlari sahnalashtirilgan va ularni xalqimiz katta qiziqish bilan tomosha qilgan. Adibimiz qirqqa yaqin jahon va qardosh xalqlar shoirlarining sheʼrlarini oʻzbek tiliga tarjima qilib, dunyo adabiyoti namunalaridan barchamizni bahramand qildi. Sabrli, irodasi mustahkam, mehnatsevar adib ona Vatanini, uning ajoyib xalqini dildan sevib kuyladi, hatto xastaligida ham, umrining oxirigacha ijod qildi. Bu haqda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov adibni eslab: “Shuhrat domla halol odam edi. Ijodda ham, hayotda ham! Shoir Shuhrat zamon azoblaridan yiqilib, toʻshakka yotib qolgan chogʻida ham titroq qoʻllari bilan haqiqat oldida titramaydigan asarlar yozdi”, degan edi.

Ustozning asarlari qayta-qayta nashr qilinmoqda, sheʼrlari kuyga solinib, xonandalarimiz tomonidan ijro etib kelinmoqda. Uning oʻlmas sheʼrlarini bolajonlar bogʻcha yoshidanoq yod olishadi. Ayniqsa, oʻqituvchilarga atab yozilgan “Oʻqituvchi qasidasi” sheʼrini Shuhrat domlaning “shoh asari” desam mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki mazkur sheʼr xalq orasida shunday ommalashganki, uni yod olmagan kishi boʻlmasa kerak. Har gal ushbu sheʼrni oʻquvchilar yoddan oʻqishganda koʻzlarimda sevinch yoshlari bilan tinglayman.

 

Agar hayot boʻston esa, bogʻbon muallim,

Agar hayot karvon esa, sarbon muallim.

Agar hayot oltin boʻlsa, zargar muallim,

Agar hayot dengiz boʻlsa, gavhar muallim.

Agar hayot uzuk boʻlsa, koʻzi muallim,

Agar hayot shoir boʻlsa, soʻzi muallim…

 

Shuhrat domla muallimlarni goʻzal satrlarida chiroyli taʼriflagan ekan, oʻzi ham yuzlab shogirdlariga va koʻplab adabiyot muxlislariga ustoz edi, desam yanglishmayman. U kishining shogirdi, taniqli yozuvchi Saʼdulla Siyoev ustozini shunday xotirlaydi: “Shuhrat aka zukko muharrir – noshir edi… Shuhrat aka gapirayotganida birov u kishining soʻzini boʻlolmasdi. Chunki ustozning gapi shu qadar samimiy, joʻyali, serjilo, eng muhimi, yurakka jiz etib tegadigan boʻlardi. Ustoz yerni tebratgudek boʻlib shahdam yurar, gʻayrati ichiga sigʻmas, qoʻlga olgan ishini oxiriga yetkazmaguncha tinchimasdi”.

Oradan yillar oʻtsa-da, dadamizdan soʻng ham Alimovlar oilasi bilan bogʻlangan rishta davom etib, menga Shuhrat domlaning nevarasi Botu Alimovga ona tili va adabiyot fanlaridan dars berish, sinf rahbari boʻlish nasib etdi. Oʻquvchilarim bilan qadrli adibimizning uylariga borib, u yerda suhbatlar oʻtkazganman. Hozir Alimovlar sulolasi turli sohada yurtimiz tinchligi, Vatanimiz ravnaqi, xalqimizning farovon hayoti yoʻlida hormay-tolmay mehnat qilishmoqda.

Yonib yashab, shijoat bilan ijod qilgan Shuhratdek atoqli adib bilan mahalladosh boʻlganimdan behisob gʻururlanaman.

 

Men yashayman totli mevalar

Lazzatida, husni-koʻrkida.

Men yashayman ulugʻ xalqimning

Niyatida, orzu, erkida –

 

deb yozganidek, ustoz oʻzlari yaratgan koʻrkam bogʻning erta bahorda unib chiqqan navniholida, nafis, xushboʻy gulida, shirin mevasida doimo barhayotdirlar.

 

Guljamila AʼZAMXOʻJAYEVA,

Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi,

adabiyotshunos

 

“OʻzAS”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/agar-hayot-boston-esa-bogbon-muallim/

5 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x