Adibning tafakkur olami

Serqirra ijodiy faoliyat egasi, millatimizning fidoyi yozuvchisi, haqiqatgoʻy adib Shukur Xolmirzayev roman, qissa, hikoya, drama singari janrlarda koʻplab badiiy asarlardan tashqari ijod psixologiyasi, ijodkor shaxsiyati, adabiyot va jamiyat munosabati kabi masalalarga bagʻishlab oʻnlab adabiy-tanqidiy maqolalar ham yozgan edi. Aslida, ijod psixologiyasi, ijodkor shaxsiyati hamda ular oʻrtasidagi koʻzga koʻrinmas, gʻoyatda nozik robita barcha zamonlarda bahsu munozaralarga sabab boʻlib keladi. Qizigʻi, bu borada soʻnggi xulosani aytish imkonsizdir. Ayni chogʻda, Adabiyot haqida har kimning oʻz nuqtai nazari boʻlishi ham tabiiy. Shu maʼnoda bilimdon adib, chin ziyoli Shukur Xolmirzayevning adabiyot, ijod va hayot haqidagi fikrlari hech kimni befarq qoldirmaydi. Qolaversa, Shukur aka uchun adabiyot hayot kechirish vositasi emas, balki yashashning shakli ediki, Soʻz sanʼatiga soʻngsiz fidoyilik nafaqat oʻzbek, balki dunyo adabiy jarayonida ham kamyob hodisa sanaladi.

Sanʼatsiz, adabiyotsiz yashashni tasavvur etolmaydigan qahramonlar talqini Shukur Xolmirzayevning soʻnggi davrda yozgan asarlarida bot-bot koʻzga tashlanadi, binobarin, ushbu omil ham yoshi ulgʻayib, hayotdagi aqidalari qatʼiylashgan, xulosalari aniqlashgan muallifning maslagi haqidagi tasavvurimizni yanada boyitadi. Ijodkorlikning qismat, umr savdosi ekanini anglatuvchi taʼkid adibning adabiy-tanqidiy maqolalarini umumlashtirib turuvchi yagona mushtarak belgidir. Bu quyida eʼtiboringizga havola etilayotgan, turli maqolalar, suhbatlardan olingan, adibning adabiy qarashlarini muxtasar ifodalaydigan fikrlarda ham yaqqol namoyon boʻladi.

 

* * *

…har bir asar ayricha bir dunyo boʻlganidek, unga kirish yoʻllari ham oʻziga xos boʻladi.

 

* * *

…adabiy jarayonni izchil kuzatib borish, lozim boʻlganda, uning oldiga borish – juda ulugʻ fazilat. Eng zukko tanqidchilarga xos fazilatdir.

 

* * *

…hissiyot shunday olam ekanki, baʼzan uning tashqi belgilarini koʻrish ham, eshitish ham, sezish ham mumkin boʻlmagani holda, ularning jonli harakatda yarqillab aks etganinigina koʻrib qolish mumkin.

 

* * *

…shaxsan men kitobxonni bir yoqqa torta bilgan, uning didiga moʻljallab – unga asarini nima qilib boʻlsa ham yoqtirish maqsadida emas, oʻsha didni bir bahya boʻlsa-da koʻtarish niyatida ter toʻkkan yozuvchilarni sevaman.

* * *

…Qodiriydagi dialoglarni shundoq sahnaga olib chiqib qoʻyish mumkin. Aktyorlar lazzatlanib ijro etishadi. Shundandirki, “Oʻtgan kunlar” ekranga koʻchirilganda, ssenarist yozuvchilar sanʼatkorning dialoglarini deyarli oʻzgartirmaganlar. Kino sanʼati bilan proza sanʼatining oʻziga xos xususiyatlaridan xabardor kishilar bu nechogʻlik tansiq hol ekaniga imon keltirishar!

 

* * *

…asarlarim baʼzilarga manzur boʻlmagan esa-da, vaqtimning koʻpi ana oʻsha asarlarni qanday yozish kerakligi ustida kechdi.

 

* * *

…baʼzida yaxshi odam bilan yomon odamni farqlash qiyin. Chunki ikkisi ham bir xilda gapiradi, goʻyo bir xil fikrlarni aytadi, boringki, bir xil ishni bajaradi. Ularni oʻz joyiga qoʻyib tasvirlash uchun yozuvchidan oʻta sezgirlik talab etilib qolmay, uning ezgulik va yaxshilik haqidagi eʼtiqodining avvalgisidan ham mustahkam boʻlishi talab etilsa kerak.

 

* * *

…bugungi kun yozuvchisi, shubhasiz, faqat oʻz adabiyoti tajribalariga suyanib qalam tebratishi mumkin emas.

 

* * *

…muhabbatning ijodga taʼsiri haqida gap ketadigan boʻlsa, fikrim shu: ijodning tagida aslida muhabbat yotadi.

 

* * *

…zamon aylanib, rost gapni – borini aytish imkoniyati ochildi.

Bu – yozuvchi uchun baxt!

Axir yozuvchiga nima kerak? Ana shu erkinlik-da! Yozuvchining vazifasi nima? Haqiqatni aytish-da!

Shuning uchun boʻlsa kerak, dunyo adiblari oʻrtasida tarqalgan qadim bir gap bor: yozuvchining Xudosi – haqiqat emish.

Endi shunday muhitda yeng shimarib, ishga kirishmaslik – gunohi azim.

 

* * *

…muammolarning muammosi – odam. Odamni chinakamiga aks ettirar ekansiz, uning qilmish-qidirmishlaridan muammolar kelib chiqaveradi. Oʻsha muammolarni hal etish esa… sening ishing emas: uni hayot hal etadi va pirovardi, oʻsha “hal etilish” jarayoni yana adabiyotda aks etishi mumkin.

 

* * *

…uslubda hamma narsa mujassam: dunyoqarashdan tortib, nuqta qoʻyishgacha…

 

* * *

…men uchun asl muddao – izhori dil. Ammo buning tagida menga bogʻliq boʻlmagan… tashviqot yotadi. Ha-a, adib oxir-oqibat nimanidir tashviq qiladi.

 

* * *

…Abdulla Qahhor hikoyalari hozirgi kun adiblari, xususan, hikoyanavislari uchun tom maʼnoda bir maktab, milliy maktabdir.

 

* * *

…Abdulla Qahhorni yoʻq deb, yaʼni hayotga kelmagan, hikoyalar ham bitmagan, qissalari, “Sarob” ham – bizning xayol, deb koʻzimni yumdim. Dunyo qorongʻi boʻlib qoldi. Oʻzim ham… yoʻq boʻldim. Koʻzimni ochsam, u – qarshimda. Demak, oʻzim ham borman.

 

* * *

…hikoyada yechim yozuvchining dunyoni zuhur etishi, inson ruhining ichki va sirtqi qonuniyatlarini nechogʻlik bilishi, qolaversa – mahorat-professionallik, ijod texnikasini qanchalik egallagani bilan bogʻliq masaladir.

 

* * *

…anchayin materialdan ham usta adib yaxshi hikoya yaratishi mumkin.

 

* * *

…asar, har qalay, oʻzi uchun oʻzi javob berishi kerak: sanʼat haqiqati hayot haqiqatidan sal-pal baland turmasa, u sanʼat boʻlib nima boʻldi?

 

* * *

…haqiqiy adib mukofot uchun yozmaydi va yozmasligi kerak.

 

* * *

…bulbul nega sayraydi? “Biz uchun!” deb oʻrgatishgan bizga. Holbuki, u oʻzi uchun – yaʼni, sayrashi kerakligi uchun sayraydi: illo, sayramasa – oʻladi.

Yozuvchilik ham – shu!

 

* * *

…shaxs inson sifatida kamol topishni istar ekan, va ayni chogʻda oʻziga xos jihatlarniyam qoʻldan chiqazmas ekan, demak… u shaxsning navbatdagi asarlari ham uning oʻzi bilan birga shakllanib boraveradi. Va oqibat shaxs qanday Inson boʻlsa, uning asarlariyam shunday Sanʼat boʻladi.

 

* * *

… yozuvchi qandaydir bir mavzuni olib, qandaydir qahramonlar yoʻnalgan maqsad sari qalam tebratadi. U nega bu ishni qilyapti? U kitobxonga nimadir demoqchi, unga oʻzi uchun aziz-muqaddas boʻlgan bir nimalarni aytmoqchi, pirovardi, unga bir nima bermoqchi, uning maʼlum bir masalaga munosabatini oʻzgartirmoqchi yoki oʻsha masalaga yangicha nazar bilan qarashini istab shu ishni qilyapti.

 

* * *

…biz bitta adabiy tilni qabul qilganmiz. Haqiqiy adabiy tilimiz Choʻlponning tili. Men yozganimda hamma vaqt muallif tilidan, adabiy tilda yozishga harakat qilaman. Ammo qahramonlarim oʻz-oʻzicha. Shuning uchun adabiy tilga har narsani tiqishtirib, talaffuzini buzib yurishni yoqtirmayman.

 

Otabek SAFAROV nashrga tayyorladi.

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 9-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/adibning-tafakkur-olami/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x