Yigirmanchi asr oʻzbek adabiyotiga nazar tashlasak, xalqimiz maʼnaviyati xazinasiga beqiyos ulush qoʻshgan, chin maʼnoda oʻlmas asarlar ijod qilgan ulugʻ shoir va adiblarni koʻramiz. Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Oybek, Gʻafur Gʻulom kabi ijodkorlarning har biri alohida olam yaratgan desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Abdulla Qahhor ham adabiyotimizning ana shunday ustunlaridan biridir. Agar biz Abdulla Qodiriyni oʻzbek romanchiligining otasi desak, Abdulla Qahhor oʻzbek realistik hikoyachilik maktabini yaratgani shubhasiz.
Birgina “Bemor” degan hikoyani oʻqing. Hajmi ixchamgina bu asarda bir qarashda oddiy voqea tasvirlangan. Tirikchiligi arang oʻtayotgan qashshoq bir odamning xotini ogʻrib qoladi va vafot etadi. Biroq adib bu voqeani shu qadar teran tasvirlaydiki, hikoyaning soʻnggi jumlasini oʻqigan kitobxonning koʻzidan yosh chiqib ketadi. Asar qahramonining kulfatiga beixtiyor sherik boʻladi. Fojia xuddi oʻzining boshiga tushgandek larzaga keladi. Hikoya, Abdulla Qahhorning oʻzi taʼkidlaganidek, “atom”ga oʻxshaydi. Oʻzi mittigina boʻlsa ham, oʻquvchi qalbini “portlatib” yuborgandek boʻladi.
“Bemor”, “Anor”, “Oʻgʻri”, “Dahshat” kabi talay hikoyalarda yuz yil naridagi oʻtmishning qorongʻu sahifalari qalamga olingan boʻlsa, “Ming bir jon”, “Asrorbobo”, “Mahalla” kabi asarlarda xalqimizga xos boʻlgan iroda, sabr-qanoat, bir-biriga mehr-shafqat tasvirlangan.
Abdulla Qahhor hikoyalari uchun mushtarak boʻlgan tagʻin bir xususiyat – ularning gʻoyat ixcham va tigʻizligida. Bu hikoyalarning hajmi kitobda ikki-uch sahifadan oshmaydi. Bu hol yozuvchining azbaroyi “soʻz topolmay qolganidan” emas, aksincha, soʻz boyligi nihoyatda kattaligidan darak beradi. Aynan, shuning uchun ham adib hikoyada ishlatilishi mumkin boʻlgan yuzta soʻzdan eng oʻrinli bittasini tanlab oladi. Shu boisdan bular loʻnda va magʻzi toʻq asarlardir.
Qahhor domlaning yaqin shogirdlaridan biri Said Ahmad gʻalati voqeani hikoya qiladi. Bir kuni ustoz-shogird doʻkonga kiradilar. Abdulla Qahhor ikki pachka qogʻoz sotib oladi. Said Ahmad aka yarim hazil qilib: “Ikkita romanga yetadigan qogʻoz oldingiz, domla”, deganida Abdulla Qahhor: “Ikkita hikoyaga yetsayam katta gap”, deb javob beradi. Qahhor domlaning yana bir shogirdi Ozod Sharafiddinovning yozishicha, “Tobutdan tovush” nomli satirik komediyasining hajmi oltmish sahifa atrofida. Yozuvchi qoralamalari esa salkam ming bet boʻlgan. Demak, Abdulla Qahhor pyesaning har bir sahifasini oʻrtacha oʻn besh martadan qayta yozgan. Adibning tili shu qadar puxta, shu qadar obrazliki, uning roman va qissalari, hikoya va dramalaridagi biron soʻzni olib tashlash ham, biron soʻz qoʻshish ham mumkin emas.
Abdulla Qahhorning yozuvchilik mahoratini belgilaydigan fazilat faqat bugina emas. Eng muhimi – yozuvchi asar qahramonlarini tirik odamga aylantirgan. Kitob oʻqiyotib oʻsha odamlarning qiyofasini aniq koʻrgandek, ovozini eshitgandek boʻlasiz. Ularning quvonch va dardiga sherik boʻlasiz. Birini yaxshi koʻrib qolasiz, biridan nafratlanasiz. Aslida adabiyotning bosh vazifasi ham, asar yozishdagi eng qiyin muammo ham shu!
Abdulla Qahhorning faqat hikoyalari emas, roman va qissalari ham el orasida mashhur boʻlib, qoʻlma-qoʻl oʻqilgani va oʻqilayotgani bejiz emas. “Sarob” – “Oʻtkan kunlar”dan soʻng oʻzbek adabiyotida yaratilgan jiddiy roman boʻldi. Talabalar hayotidan hikoya qiluvchi bu asar adabiyotimizda yaratilgan puxta psixologik romanlardan biridir. Holbuki, Abdulla Qahhor bu asarni yozganida oʻttiz yoshga ham bormagan edi. Mustabid tuzum qilichini qayrab turgan, Qodiriy, Choʻlpon, Usmon Nosir kabi allomalar “xalq dushmani” degan tuhmat bilan oʻlimga mahkum etilgan bir pallada yozilgan roman muallifi boshiga talay savdolar tushgan. Biroq roman har qanday sinovlardan omon chiqdi va oxir-oqibat xalqimizning maʼnaviy mulkiga aylandi.
Abdulla Qahhorning “Sinchalak”, “Oʻtmishdan ertaklar” qissalari oʻzbek adabiyotida katta voqea boʻldi. Koʻplab tillarga tarjima qilindi va oʻzbekning boy maʼnaviy olamini dunyoga tanitishga salmoqli hissa qoʻshdi. Albatta, bugungi kitobxonga, ayniqsa, yosh avlodga “Oʻtmishdan ertaklar”dagi voqealar choʻpchakdek koʻrinishi mumkin. Bu haqda muallifning oʻzi ham yarim hazil-yarim chin qilib aytib oʻtgan. Biroq asar voqealarining hammasi hayotdan olingan, qissada xalqimizning oʻtmishdagi turmushi, ayanchli qismati, tengsizlik va nohaqliklar gʻoyat aniq tasvirlangan. “Sinchalak” esa oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida yozilgan, bir qarashda “siyosatga mosroq” asardek koʻrinsa ham, qissada oʻquvchi xotirasiga mixlanib qoladigan odamlar koʻp. Adibning bir qadar istehzoli tabassum bilan yozgan satrlarida shunday yashirin maʼnolar borki, buni tushungan tushunadi…
Abdulla Qahhor dramaturg sifatida ham boy meros qoldirdi. “Shohi soʻzana” komediyasi jahonning koʻplab teatrida millionlab tomoshabinlarga namoyish qilindi va olqishga sazovor boʻldi. Bu asarning muhim fazilatlaridan biri – unda dramaturg oʻzbek xalqining sodda-donishmandligi, joʻmardligini samimiyat bilan tasvirlaydi. Spektaklni koʻrgan tomoshabin asar qahramonlarini, demak, oʻzbek xalqini chin dildan yaxshi koʻrib qoladi. “Ayajonlarim” komediyasi haqida ham shunday deyish mumkin.
…Haqiqat degani koʻ-oʻ-oʻp yaxshi narsa. Ammo bir “kamchiligi” bor: hamisha ham shirin boʻlavermaydi. Achchiq haqiqat koʻ-oʻ-oʻp foydali narsa. Ammo uning ham bir “kamchiligi” bor: hammagayam yoqavermaydi. “Tobutdan tovush” satirik komediyasida ana shunday “yoqimsiz” haqiqatlar achchiq kinoya bilan fosh etilgani uchun yozuvchi boshiga ancha-muncha malomatlar yogʻildi. Oltmishinchi yillarda butun shoʻrolar yurtida boshlangan “puflab” qahramon yasashlar, qoʻshib yozish va poraxoʻrliklar bora-bora yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini sezgan adib bu asarni bekorga yozmagan edi.
Dramaturg haq ekanini, bunday illatlarni azbaroyi joni achigani uchun qalamga olganini vaqtning oʻzi isbotladi…
Abdulla Qahhor nihoyatda oʻqimishli, jahon adabiyotidagi har bir yangilik, har bir yoʻnalishni diqqat bilan kuzatib boradigan alloma adib edi. Rus adabiyotining buyuk namoyandalari – Chexov hikoyalarini, Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” epopeyasini, Pushkinning nasriy asarlarini, Gogolning mumtoz dramalarini oʻzbek tiliga tarjima qilganining oʻzi ham Qahhor domlaning adabiyotimiz va madaniyatimiz oldidagi ulkan xizmatlaridan darak beradi.
Abdulla Qahhorning tagʻin bir xizmati – chinakam maʼnodagi oʻta qattiqqoʻl va adolatli ustozligidir. Adib yarq etgan isteʼdod paydo boʻlsa, yosh adib yoki shoirning birinchi asari eʼlon qilinishi bilanoq qandaydir bir ichki sezgi bilan bilar, qalamkashni izlab topar, toʻgʻri yoʻlga solar, muallif boshiga “bulut” kelsa, qatʼiyat bilan himoya qilar edi. Said Ahmad va Shuhrat domla, Odil Yoqubov va Pirimqul Qodirov, Ozod Sharafiddinov va Matyoqub Qoʻshjonov, Erkin Vohidov va Abdulla Oripov, Oʻlmas Umarbekov va Toʻlapbergan Qaipbergenov, Uchqun Nazarov, Nosir Fozilov, Umarali Normatov, Shukur Xolmirzayev, Gulchehra opalar va Oydin Hojiyeva Qahhor sabogʻidan bahramand boʻldi.
Ustoz isteʼdodli qalamkashlarni avaylar, ularning yutugʻidan quvonar, ammo shosha-pisha xom asarlar yoza boshlasa, qattiq koyib, toʻgʻri yoʻlga solar, adabiyot maydoniga tasodifan yoki biron manfaat izlab kirib qolgan talantsizlarni esa jinidan ham yomon koʻrar, kezi kelganda, ularning isteʼdodsiz ekanini, adabiyot ravnaqiga nafi tegmasligini ochiq-oydin aytib qoʻya qolar edi.
Adib oltmish yoshga toʻlishi munosabati bilan uning shogirdlaridan biri Uchqun Nazarov qisqa metrajli hujjatli filmni suratga oldi (Uchqun Nazarov taniqli adibgina emas, taniqli kinochi ham).
Kinoni suratga olish jarayonida roʻy bergan bir voqeani eslash foydadan xoli boʻlmasa kerak, deb oʻylayman. Shunday qilib, yozuvchilar bogʻidagi azamat argʻuvon daraxti ostida ustoz va shogirdlar “kinoga tushdik”. Bir manzara suratga olinib boʻlgach, Abdulla Qahhor Uchqun Nazarovga murojaat qildi: “Bitta gapni qaytadan sʼyomka qilishga toʻgʻri keladi. Men “adabiyotga mushukka oʻxshab, eshik qolib tuynukdan tushadiganlar bor”, debman. Aslida “oʻgʻri mushukka oʻxshab” deyishim kerak edi, “oʻgʻri” degan soʻzni aytmabman”. Ehtimol u paytlarda kino tasmalari kamyobroq boʻlganmi yoki qayta-qayta suratga olishlar bir qadar charchatganmi, hammasini boshidan boshlashga uncha ragʻbat boʻlmadi.
Shunda Ozod domla oʻrinli gap aytdi: “Endi, domla, eshik qolib tuynukdan tushganidan keyin oʻgʻri mushuk boʻlmay, toʻgʻri mushuk boʻlarmidi?”. “Shunaqa-ku, – dedi ustoz kulimsirab, – adabiyotga eshik qolib tuynukdan tushadiganlarni joʻn mushukka oʻxshatsak, mushukning haqi ketadi-da!”
Ustoz badiiy ijodni “sababi tirikchilik” deb hisoblash oʻrinsiz ekanini, isteʼdod insonga Xudo tomonidan berilgan noyob inʼom boʻlib, uni “maydalab sotish”, moddiy va maʼnaviy manfaat vositasiga aylantirish gunoh boʻlishini koʻp taʼkidlar va oʻzi ham shu qoidaga qatʼiy amal qilar edi.
…Odatda, har qanday yaxshi asar ikkita xolis, ammo beshafqat hakam sinovidan oʻtadi. Biri – kitobxon sinovi, biri – vaqt sinovi. Abdulla Qahhorning koʻplab hikoyalari, roman va qissalari, dramatik asarlari har ikki sinovdan yorugʻ yuz bilan oʻtdi. Bugungi avlod ham adib asarlarini katta qiziqish va hayajon bilan oʻqishiga imonim komil. Kechagi kun haqidagi asarlarni mutolaa qilgan yosh avlod bugungi kunni teranroq qadrlashga oʻrganadi. Adib asarlarining sehri shunda…
Oʻtkir Hoshimov
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/adib-dramaturg-ustoz/