Isajon Sulton – zamonaviy Oʻzbekistonning taniqli yozuvchilaridan biri. Uning roman, qissa va hikoyalari Oʻzbekistonda munosib eʼtirof etilganidan tashqari, adib nomi Germaniyadagi baʼzi davralarga ham birmuncha tanish. Bir necha hikoyasini istisno etganda, uning ijodi chet ellarda keng maʼlum emasligi sabab “Boqiy darbadar” romanini tarjima qilish jarayonida oʻarb oʻquvchisi bu yozuvchini qanday qabul qilar ekan, deya xayolimdan oʻtkazgan mulohazalarimni quyida bayon etmoqchiman. I.Sulton ijodiga Sharq, rus, Yevropa, Janubiy Amerika va postsovet adabiy tajribalarining sintezi sifatida qarash oʻrinli, nazarimda. Meni, asosan, zamonaviy yoʻnalish boʻlgan postmodernizm bu adib ijodida qanday namoyon boʻlayotgani qiziqtiradi.
I.Sulton nasri uslubini olsak, undan postmodern belgilarini topish qiyin. Postmodern nasr, odatda, adabiy iqtiboslarga ragʻbati bilan ajralib turadi. Ammo postmoderncha iqtiboslar, aytaylik, rus adabiyotining XIX asr oxiri –
XX boshlaridagi kumush davridan asl maʼnosini yoʻqotgani bilan farqlanadi. Bunday tendensiyaga ajoyib misol – Dmitriy Prigov sheʼriyatidir. Ayni sheʼriyat, Mixail Epshteyn fikricha, turli adabiy iqtiboslarni ular oʻz maʼnosini yoʻqotmaguncha qaytarish va qorishtirishdan iborat. I.Sulton nasrida ham, albatta, iqtiboslar talay, ammo Prigov darajasida emas. Qolaversa, bu adib iqtiboslari oʻquvchi bilan oʻyinga kirishishga emas, balki unga toʻgʻridan-toʻgʻri gʻoyaviy-hissiy taʼsir koʻrsatishga yoʻnaltirilgan.
I.Sulton nasri postmoderncha bayondan ham farq qiladi. Vladimir Nabokovning postmodernga uyqash “Pushaymon” asarida muallif oʻquvchi bilan oʻyinga kirishadi, uni avval koʻp bor yurilgan yoʻllardan yetaklaydi-da, soʻng esa kutilmagan xulosaga yuzma-yuz qiladi. I.Sulton oʻz muxlisini sira bu taxlit “chuv tushirmaydi”, uning oʻquvchisi ham yozuvchiga aslo qarama-qarshi bormaydi, oʻquvchi har doim adib falsafasini maʼqullaydi. Shu maʼnoda, I.Sulton asarlarida realizm va hatto XIX asr didaktikasi anʼanalarini koʻrish mumkin.
Yuqoridagi farq-tafovutlarga qaramay, I.Sulton asarlari, baribir, postmodern gʻoyasiga hamohang. oʻarb dunyosi shoʻro saltanatining qulashi va kommunizm gʻoyasining halokatga uchrashini tarix intihosi deb qabul qildi. Kommunizm ustidan gʻalaba qozongan kapitalizmga esa endi odamlarga oʻzgacha, farahbaxsh kelajakni vaʼda qilishiga hojat qolmadi. Kapitalizmning oʻzi utopiya deb eʼlon qilindi, undan-da yuksak tuzum haqidagi umidlar soʻndi. Tarix intihosi — oʻz-oʻzidan gʻoyalar intihosi hamdir: baxtli kelajak haqida umidlar soʻngan ekan, demak, bu yogʻiga hech bir mafkura yetakchilikka daʼvo qilolmaydi.
Oqibatda postmodernizm va unga yondosh poststrukturalizm oʻz gʻoyalarini qayta koʻrib chiqa boshladi, yaʼni jamiyatning bir qismigagina foyda keltirib, qolgan qismiga zarar yetkazayotgan tartibotni fosh etib, shuning oʻzini gʻoya sifatida koʻrsatishga tutindi. Kelajakni nazarda tutmagan har qanday mafkura esa yolgʻon fikr paydo qiladi, xolos. Shunday qarashni I.Sulton nasrida bot-bot uchratish mumkin. “TODD” hikoyasi yakunida roviy nemis konslagerlarining mahbuslari boshiga tushgan dahshatlarni sanab chiqqach, ularning urushdan keyingi bitmas jarohatlaridan qaygʻuga tushib, barcha gʻoyalaridan voz kechadi: “Bildimki, hech bir falsafa hayot hikmatini izohlab bera olmas ekan. Chunki hayot hamisha haq va rang-barang, tovlanuvchi, falsafa esa, uning faqatgina soyasi, boshqa hech narsa emas ekan”. I.Sulton nazdida, mafkura (yoki falsafa – ular bir-biridan juda kam farq qiladi) jamiyatdagi fikrlar xilma-xilligini toʻla qamray olmaydi. U ijtimoiy taraqqiyotning boshqa yoʻllarini nazardan soqit qilgan holda, insoniyatning butun kuch-quvvatini birgina yoʻnalishga burib yuboradi. I.Sultonning shu xulosasi aynan postmodernchadir.
oʻarbning aksar ateist postmodernchilaridan farqli oʻlaroq, I.Sultonning gʻoyadan voz kechishi tarixning tugagani oqibati emas, balki Xudoga va eʼtiqodga qayta yuz burishdir. XIX asr boshlarida Yevropa faylasuflari, chunonchi, Gegel Xudoning irodasini bilishga daʼvo qilgan hamda oʻz falsafasiga dunyoda Yaratgan irodasini qaror toptirish quroli deb qaragan edi. Marks esa Xudodan darhol yuz oʻgira qoldi va ayni chogʻda tarixni oʻz nihoyasi sari yetaklaydigan qonuniyatlar borligini ovoza qildi. XX asr tarixi XIX asr gʻoyalari roʻyobi ekani shundaki, endi insonning oʻzi Xudo yoki Aʼlo odam boʻlishga chogʻlanmoqda.
Yuqorida zikr etganimizdek, postmodernizm – gʻoyalardan voz kechmoqdir. Komil insonni yaratish yoʻlidagi genetik yoki ijtimoiy tajribalar endi, oʻtgan asrdagi xomxayollardan farqli oʻlaroq, moʻjiza ham, gʻalaba ham emas, aksincha, bunday tajribalar xulosasi – insonning Xudo oldida benihoya zaifligiga iqror boʻlish va Uning irodasiga soʻzsiz boʻysunishdir. “Boqiy darbadar” romanining qahramoni boʻlmish daydi oʻz irodasini yuzaga chiqarish oʻrniga Aʼlo odam yoki Xoliqi Mutlaqni izlab ketadi: “Shu bois bu makonni, avvalo, Uni izlab topish va butun olam yaratilishining sabablarini Oʻzidan soʻrash uchun tark etmoqdaman”. Oʻtgan asrda inson kim oʻzi, yashashdan maqsad nima, degan savollarga javobni zaminning oʻzidan topish mumkin edi. Lekin bizning asrimizda, I.Sulton fikricha, bu savollarga zamindan javob topmoq dushvor. Javob undan tashqarida, yaʼni Xudodadir.
Maʼlumki, tabiatga muhabbat insonni Xudoga yaqinlashtiradi. “Sofiya” hikoyasi roviysi shu nom bilan atalgan boʻron sabab yuzaga kelgan vayronagarchilik haqida dahshatga tushib hikoya qiladi, ayni chogʻda romantik sifatida Tangri irodasi-la bosh koʻtargan shu falokat goʻzalligidan lol ham qoladi: “Qaytaqol, goʻzal Sofiyam, oʻzing bino boʻlgan makonlarga. Men bilmaydigan, men tushunmaydigan begona togʻlar oralaridagi sarvlar boʻy choʻzgan, yovvoyi oʻtlar qator-qator gullagan va hamma yoqni enlab kuchli islar taraladigan qoyalarning oralariga… Bagʻirlarida rahmat va marhamatlarni olib kelayotgan shu qora-qizgʻish bulutlar bino boʻlgan yovvoyi hududlarga. Men ham oʻz oromimu osoyishimga qaytay! oʻoyatda tartibli, hamma narsa oʻz oʻrnida, doimo badastir turadigan, sira oʻzgarish roʻy bermaydigan, doimo osoyishta va tinch, hech dolgʻalanmaydigan… oʻz makonlarimga! Yoʻq, shoshma… ketma!”
Qahramon bilan ofatning oniy toʻqnashuvi qahramonga u avval hech tuymagan bir farogʻatni baxsh etadiki, bu – paradoksdir. Bir tomondan, har doimgi tinch-osoyishta hayotiga qaytishni, boshqa tomondan, Sofiya qurboniga aylanishni xohlaydi u. Bunday hissiy qarama-qarshiliklarni gʻarbliklar Freyd ilmiy isteʼmolga olib kirgan oʻlim instinkti, yaʼni subʼyektning avval boshdan kechirilmagan holat, yaʼni yoʻqlikka intilishi sindromi bilan izohlagan boʻlar edilar. Lekin I.Sulton chuqur oʻrgangan Jaloliddin Rumiy va boshqa mutasavvif ijodkorlar merosi buni boshqacha talqin qilishga undaydi. Rumiy taʼlim beradiki, dunyodan etakni silkish insonni Xudoga yaqinlashtiradi.
Uning nazdida, bizlar doimo izlanishdamiz va shu sabab barchamiz darbadarmiz. “Boqiy darbadar” nomi ham ana shu qanoatdan kelib chiqqan. Hatto romandagi eng salbiy personaj boʻlmish professor Ziyo (intellekt ramzi) – dunyoni fan va texnologiyalar yordamida birlashtirishga intilgan olim ham oʻz iddaolari notoʻgʻri ekaniga iqror boʻladi. Ilohiy haqiqatni izlayotgan oʻgʻlining maktubini oʻqigach, bunday oʻyga choʻmadi: “Yuragi unga oʻgʻlining haq ekanini, butun olam ahli ilgarilab borayotgan turli-tuman yoʻllar orasida oʻgʻlining tutgan yoʻli aniqroq va haqiqatga yaqinroq ekanini sezdirib turardi”. Oʻgʻil esa otasining orzularidan iztirobda: “Bularning oldida dunyo nima? Taraqqiyot nima? Hammasi birlashganida ham, oddiygina qum zarrasi kabi ahamiyat kasb etarmikan?” Baribir, ota tan oladiki, oʻgʻil haq: fan, taraqqiyot, globallashuv, yaʼni inson qoʻli bilan bunyod etilajak ezguliklar Tangri tortiq etajak mukofotlar bilan tenglasholmaydi. Xudoning zaruriyligini tan olish, baʼzi gʻoyalar aralashganiga qaramay, I.Sulton personajlarida koʻzga aniq tashlanadi.
Biroq I.Sultonni indeanist yozuvchilardan globallashuvga moʻtadil yondashuvi ajratib turadi. Patritsia Greysga oʻxshash indeanist adiblar ibtidoiy hayotga qaytishni yoqlab, zamonaviy voqelikni qoralaydi.
I.Sulton ijodi, amerikalik oʻquvchi nuqtai nazaricha, indeanist adabiyot, fusunkor realizm, postsovet adabiyoti va postmodernizmga oʻxshash bir qancha adabiy yoʻnalishlarga mansubdir. oʻarb oʻquvchisi uchun betakror tarafi esa unda indeanistik yondashuvning tasavvuf gʻoyalari bilan uygʻunlashib ketganidir. Aksar indeanistlar masihiylik va boshqa dunyo dinlarini insonni tabiat, ilohiyot bilan xususiy aloqadan judo qilishda ayblaydi. I.Sulton esa bunday qarash notoʻgʻri degan fikrni dalillaydi.
Men katta ishtiyoq bilan Isajon Sulton asarlarini ingliz tiliga tarjima qilmoqdaman. Maqsadim – oʻarb kishisi oʻzi uchun yangi, betakror adabiyotni kashf etishida unga baholiqudrat koʻmaklashish.
Ayni vaqtda atoqli oʻzbek adibi Choʻlponning “Kecha va kunduz” hamda Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romanlarining ingliz tiliga tarjimasini poyoniga yetkazdim…
Kristofer FORT
(AQSH, Michigan universiteti)
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/adib-doimiy-izlanishda/