Adashgan qoʻngʻizcha

Rustamjon chiroyli ninachi va kapalaklarni juda-juda yaxshi koʻradi. Ularning gulzorda gullar bilan oʻynab, bir-birlari bilan quvalashib yurganini koʻrsa, oʻzida yoʻq quvonib ketadi.

Gulzordagi gulxayri hamma gullardan erta ochildi. Uning qip-qizil gulkosachalari atrofida xol-xol koʻylakli kapalakchalar ham, shosha-pisha bol toʻplayotgan xipchabel asalari ham, konchilarga oʻxshab peshonasiga chiroq oʻrnatib olgan ninachilar ham parvona boʻlishardi. Rustamjon har kech paqirchasida gulxayrining tagiga suv quyib turardi. Oʻsha damlarda gulxayri yaproqlarini silkitib, Rustamjonning yuzlarini silab, goʻyo rahmat bolakay, deb qoʻyardi.

Rustamjon odatdagiday kechki payt gulxayrini sugʻorayotgandi, gulkosachada beparvogina sharbat emayotgan tillaqoʻngʻizchani koʻrib qoldi. Atrofga esa qorongʻulik choʻkayotgandi.

– Voy bechora, kechikib qolibsan-ku. Endi uyingga qanday ketasan? Ovozdan choʻchigan qoʻngʻizcha bezovtalandi.

– Ketmoqchi boʻlayapsanmi? Bugun biznikida qolaqol. Tagʻin yoʻlda ochofat chumchuq tutib olmasin. Bir pas kutib tur. Men hozir kelaman. – Rustamjon chopqillagancha uyga kirib ketdi. Zum oʻtmay oyisining tilla uzugi turadigan qutichani koʻtarib chiqdi. – Mana, tilla qoʻngʻizchaga tilla uycha, – u shunday deb qoʻngʻizchani guldan olib qutichaga soldi, keyin qoʻshib qoʻydi, – qoʻrqma, bu yer tinch, issiq. Ertalab oftob chiqishi bilanoq uchirib yuboraman. Xoʻpmi, qoʻngʻizvoy…

Rustam odatdagiday erta uygʻondi. Qoʻngʻizchadan xabar olgach, tashqariga chiqdi. Quyosh endigina togʻ tepasidan koʻtarilayotgan ekan. Oyisi hovliga suv sepayotgan, yengilgina esayotgan shabadada gulxayri chiroyli tebranib ashula aytayotgan ekan. Rustamjon oyogʻiga shippakchasini ildi-yu gulga yaqinlashdi. Qarasa, gulkosa atrofida kattakon tillaqoʻngʻiz uchib yuribdi.

– Oyi, qoʻngʻizchamning oyisi oʻgʻlini qidirib kelibdi, – sevinib ketdi Rustam. Qoʻngʻiz xola, oʻgʻlingizni qidiryapsizmi, hozir olib chiqaman. Faqat iltimos, uni urishmang, qorongʻiga qolib ketgani uchun men mehmon qilib olib qoldim. – Rustam ichkaridan qutichani olib chiqib, asta qopqogʻini koʻtardi. Quyosh nurini sezgan qoʻngʻizcha gʻimirlab qoldi. Soʻng qanotlarini pirpiratgancha “viz” etib gulga qoʻndi. Uning ketidan oʻsha gulga katta tillaqoʻngʻiz yaqinlashdi-da, uzun oyoqlari bilan oʻgʻilchasini bir-ikki turtib qoʻydi. Qoʻngʻizcha xursandligidan qanotlarini keng yozdi-yu, oyisidan ham balandga parvoz qildi. Kutilmaganda ona-bola tillaqoʻngʻizlar ortlariga qaytishib, Rustamjonning boshi ustida aylanib xayrlashgach bejirim qanotlarini quyoshda tovlantirib uchib ketishdi.

 

Muhabbat HAMIDOVA

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 11–12-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/adashgan-qongizcha/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x