“Sharq yulduzi” jurnali sahifalarida “Muallif oʻlimi”ga siz ham ovoz berasizmi? (yoki asl ijod sogʻinchi)” nomi bilan chop etilgan kuzatuvlari, oʻy-fikrlari va keyingi sonlarda Zuhriddin Isomiddinov, Mahkam Mahmudov va Hamidula Boltaboyevlar tomonidan davom ettirilgan ushbu mavzuga oid mulohazalar badiiy ijod ixlosmandlarini befarq qoldirmaydi, albatta.
Deylik, teatr sahnasida bir spektaklni tomosha qilish asnosida tugʻilgan oʻy-mulohazalar muallif qalbida chuqur iztirobli kechinmalar hosil qiladi, badiiy ijod qonuniyatlari, chinakam ijod namunasiga daxldor jarayonlar va aksincha, soxtakorlikka asos boʻluvchi manbalar, ularning mohiyati haqida fikr yuritishga, muammo sifatida bu mavzuni oʻrtaga tashlab, sizu bizni munosabat bildirishga chorlagan. Ulugʻbek Hamdam alloma faylasuflarning fikrlariga tayanib (Aristotelning “mimesis” nazariyasi), ijodning asl manbai Yaratganning yaratigʻi – Hayot (borliq)dir, degan xulosaga keladi. Har qanday yaratilayotgan asarda, avvalo, hayot asos qilib olinmas ekan, u chinakam badiiyatga daxldor boʻlolmaydi, degan mantiq muallif kuzatuvlarining oʻq tomirini tashkil etadi. Shuning uchun ham har biri hayotiy dard bilan yoʻgʻrilgan Bobur sheʼriyati muallif diliga yaqin, samimiy tuyuladi.
Muallif asl ijodga soya soladigan omillar haqida fikr yuritar ekan, “muallif oʻlimi”ga u yoki bu muayyan tarzda daxldor bir qator masalalarga toʻxtaladi, ularning taʼrifu tavsifini keltiradi, misollar bilan boyitadi. Jumladan, badiiy ijodda uchraydigan taqlid, koʻchirmakashlik, atayinlik, analogiya, chalkashlik, taʼsir va taqdir, mushtarak sharoit va oʻxshash ijod, ijodiy taʼsir, anʼanaviylik, sayyor syujet anʼanasi, “davom ettirish” tamoyili, shaklan oʻxshashu mazmunan boshqa, mushtarak mavzu, mimesis va hokazo.
Adabiyotni isteʼdodlar yaratadi va yangilaydi. Zero, ming yillik adabiyotimiz tarixiga nazar tashlasak, uning tom maʼnoda badiiy yuksak namunalarini yaratganlar barmoq bilan sanarli ekanini koʻramiz. Vaholanki, bu davrlarda ijod bilan shugʻullanganlarning sanab sanogʻiga yetish qiyin. Birgina Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”ida besh yuzdan ortiq ijodkorlarga taʼrif berilgan. Ularning aksariyati adabiyotimiz tarixidan oʻrin ololmagan. Yoki XX asr oʻzbek adabiyotini olaylik. Yaqin-yaqinda qoʻsha-qoʻsha orden-medallar sohibi boʻlib yurgan amaldor “yozuvchi”larni bugun koʻpchilik unutgan, kitoblarining qayta nashrlari ham doʻkon peshtaxtalarida uchrayvermaydi. Bu jarayonni Z. Isomiddinov maqolasida taʼkidlangan aedlar bilan rapsodlarga mengzash mumkin. Badiiy ijodga xos bunday xususiyatni bir vaqtlar taniqli munaqqid I. Gʻafurov odam organizmidagi qon bilan suvga oʻxshatgan edi. Qon inson tanasidagi suyuqlikning 4,5, 5 litrini tashkil etsa, qolgani suvdan iborat ekan. Qon tiriklik manbai, usiz odam yashay olmaydi. Lekin suv ham inson organizmi uchun kerakli unsur. Munaqqid fikricha, chinakam ijod qonga oʻxshaydi. Biroq adabiyotning rivoji uchun suv maqomidagi asarlar ham muhim, usiz chinakam badiiyat rivojini tasavvur etish qiyin. Shu bois, Ulugʻbek Hamdam taʼkidlagan taqlid, ijodiy taʼsir, anʼanalarga ergashib yaratilgan asarlarning ham qay bir maʼnoda adabiyot olamida oʻrni bordek. Adabiyotshunoslikda “Jahon va oʻzbek adabiyoti”, “Rus va oʻzbek adabiyoti” va boshqa yoʻnalishlarda juda koʻplab tadqiqotlar yaratilgan va yaratilmoqda. Maqola mualliflari ham bunga oid koʻplab misollarni keltirishadi. Ular haqida toʻxtalib oʻtirmay, bir misolni keltirmoqchiman. Atoqli oʻzbek yozuvchisi Abdulla Qahhorning eʼtiroficha, adib Chexov asarlarini oʻqib-oʻrgangandan keyin goʻyo ustodi muborak koʻzoynagini taqib oʻz oʻtmishiga nazar tashlashni maslahat beradi.
“Ustodning “muborak” koʻzoynagi oʻzbek adibining koʻzini ravshanroq qilib, zehnida choʻkib yotgan xotiralarni qayta tiriltirib qoʻya qolgani yoʻq. Ayni chogʻda, asarni, ayniqsa, hikoyani qanday yozish kerakligini, nima qilsa “kaftdekkina” hikoya sanʼat darajasiga koʻtarilib, umrboqiylik kasb etishi mumkinligini ham oʻrgatdi”, deb yozadi bu haqda adibning shogirdi, atoqli olim Ozod Sharafiddinov. Adabiyotimiz tarixida bunday adabiy taʼsir, taqlid, ergashish bilan bogʻliq misollarni juda koʻplab keltirish mumkin. Oʻtgan asrning oltmishinchi-yetmishinchi yillarida oʻzbek sheʼriyati namoyandalari – Erkin Vohidov va Abdulla Oripovdan ilhom olib, taʼsirlanib, ularga ergashib ijod qilgan koʻplab shoirlar yetishib chiqqan.
Mustaqillik sharofati bilan Choʻlpon adabiy merosi xalqqa qaytarildi. Ayni chogʻda, oʻsha davr sheʼriyati, nafaqat sheʼriyati, adabiy tanqidi, publitsistikasini kuzatsangiz, oʻrni boʻlsa-boʻlmasa “chindan-da, shundan-da” qabilidagi Choʻlponning ifoda yoʻsiniga xos xususiyat yetakchilik qilganiga guvoh boʻlasiz. Yana bir misol. Adabiyotshunos olim Qozoqboy Yoʻldoshev oʻz maqolalarida “sinchi”, “bitik”, “yaratiq”, “oydinlarimiz” (ziyolilar) kabi ilgari uchramagan soʻzlarni koʻp qoʻllaydi. Qizigʻi shundaki, soʻnggi davr tanqidchiligi, ayniqsa, yosh munaqqidlarning maqolalariga bu soʻzlar ham shundoq “koʻchib” oʻtdi. Bu I. Gʻafurov qayd etgan “qon” va “suv” adabiyot olamiga xos hodisa ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
U. Hamdam maqolasida illat sifatida koʻchirmakashlikning bugungi kunda juda “takomillashib”, xilma-xil koʻrinish kasb etayotganini taʼkidlar ekan, shunday yozadi: “Koʻchirmakashlikning ham xili urchib, turfalanib ketgan. Shunday koʻchirishlar borki, uni birdaniga aslmi yoki qalbaki ekanini anglab olish qiyin. Chunki koʻchirmakash gʻoyat quv aqlu tafakkurga ega boʻlib, bir necha durdona asarga xos unsurlarni – shakldan tortib, syujet shaxobchalariyu badiiy priyomlargacha – oʻz asariga payvandlab tashlaydi, soʻng unga niqob, masalan, milliy toʻn kiydirib, eʼtiborni chalgʻitadi. Qarabsizki, bir qarashda bib-binoyidek asar roʻparangizda turibdi-da!”
Ulugʻbek Hamdamning koʻchirmakashlik illatiga oid kuzatishlarini Z. Isomiddinov, M. Mahmudov va H. Boltaboyevlar oʻz hayotiy tajribalari orqali davom ettirishadi va uning soʻnggi davrda ijtimoiy dardga aylanib borayotgan illat ekanini afsus bilan qayd etishadi. Men ham talabalarga saboq beradigan bir pedagog sifatida oddiy referatdan tortib, kurs ishiyu yozilayotgan aksar bitiruv malakaviy ishlarda ushbu illat bilan yuzma-yuz boʻlayotganimizni taʼkidlashni istardim. Toʻgʻri, bajarilayotgan ishlarning barchasi yoppasiga koʻchirmakashlikdan iborat, degan fikrdan yiroqman. Mehnat bilan, chinakam ilmiy izlanish orqali yangi bir fikr aytishga urinayotgan talabalarimiz ham koʻp. Lekin guruch kurmaksiz boʻlmaganidek, koʻchirmachilik, tayyorga ayyorlik talabalar orasida urchib ketgani rost gap.
Ulugʻbek Hamdamning “muallif oʻlimi” bilan bogʻliq oʻrtaga tashlayotgan masalalari Mahkam Mahmudovning “Taqlid, tasvir, ilhom va isteʼdod” nomli maqolasida har tomonlama oʻzining ilmiy yechimini topganligini taʼkidlashni istardim. Olim Ulugʻbek Hamdam tomonidan keltirilgan Rolan Bartning “Sarrizin” asari munosabati bilan “muallif oʻlimi”ga oid qarashlariga munosabat bildirar ekan, ishonarli tahlillar bilan Balzak isteʼdodiga munosib baho beradi. “R. Bart keltirgan misolda, muallif “oʻlmaydi”, aksincha, bunday tasvirda muallif – Balzak koʻrinadi”, deb yozadi u.
“Muallif oʻlimi”ga xos mushohadalar bilan tanishar ekanman, bu dolzarb muammo hayotning barcha jabhasi bilan bogʻliq emasmikan, degan fikrga keldim.
Zero, bu oʻy-mulohazalarda tilga olinayotgan “muallif oʻlimi” gʻoyat keng tushuncha boʻlib, unga taalluqli masalalarni faqat badiiy ijod yoki adabiyot ilmi doirasidagina talqin etish mumkin emasdek tuyuladi. Bu muammolar, taʼbir joiz boʻlsa, insoniyat tarixining taraqqiyot tadrijini belgilab beradigan, ijodkorlik, kashfiyotchilik faoliyatining barcha qirralarini qamrab oladigan global muammolardan biridir. Zero, barcha sohalarga oid kashfiyot, ixtirochilik birdan bugungi holatdagidek mukammal tarzda yaratilgan emas: oddiygina kundalik turmushimizda uzluksiz qoʻllaniladigan qalamning ham yaratilish tarixi, muallif(lar)i bor. Ilk kashf qilingan paytda muayyan muallif tomonidan patqalam (yoki uchi yoʻnilgan qamish choʻp) shaklida paydo boʻlgan qalamning bugungi kundagi xillarini sanab oxiriga yetib boʻlmaydi. Va har bir xilining yaratuvchilari bor. Bu yaratuvchilar asl nusxadan bir ulgi olib yangi-yangi turlarni yaratar ekan, ularni koʻchirmakashlik (plagiatlik)da ayblash ham nojoiz. Chunki yuqorida aytganimizdek, har bir kashfiyotning oʻz yaratilish tarixi va taraqqiyot bosqichlari bor. Birgina qishloq xoʻjaligi sohasini, xususan, paxtachilikni oladigan boʻlsak, turli yillarda koʻplab mualliflar tomonidan oʻnlab yangi navlar yaratilgan, har bir yangi navni oldingilaridan serhosil, ertapishar qilib yaratilishga qaratilgani bilan ajralib turadi. Lekin yangi paxta navini yaratgan olimlar mutlaq yoʻq joydan Amerika kashf etishmagan, albatta, balki oldin boshqalar tomonidan kashf etilgan navning biron-bir qirrasini yangilash, takomillashtirish bilan oʻz maqsadlariga erishishgan. Toʻgʻri, yangi nav hayotga tatbiq etilgandan soʻng eski nav isteʼmoldan chiqib, oʻz oʻrnini yangisiga boʻshatib berishi mumkin, biroq bu uning muallifi “oʻlib”, oʻrnini yangi muallif egalladi, degani emas. Paxtachilik tarixining muayyan bosqichida uning ham oʻrni saqlanib qolaveradi.
Badiiy ijodni, adabiyot ilmini ham qaysidir maʼnoda shunga mengzash mumkindek tuyuladi menga. Bunga misol qilib mumtoz sheʼriyatimizda deyarli barcha shoirlar ijodida uchraydigan bir xil (oshiq, maʼshuqa, yor, sarv, hilol, ohu, may, mayxona va hokazo) kabi poetik obraz va timsollar, poetik vositalarni keltirish mumkin. Bu kabi obrazlarni barcha shoirlar oʻz asarlarida qoʻllaydi, biroq poetik mazmunni oʻz konsepsiya va tuygʻulari bilan yangilaydi. Asarning originalligi ham shu bilan oʻlchanadi. Yoki adabiyot tarixi va adabiyotshunoslikning nazariy muammolariga bagʻishlangan darslik va qoʻllanmalarni ham misol qilib keltirish mumkin. “Adabiyot nazariyasi”ga oid dastlabki darslik oʻtgan asrning 30-yillar oxirida Izzat Sulton tomonidan yaratilgan edi. Keyinchalik, saksoninchi yillarning boshida I. Sulton darslikning yangi nashrini eʼlon qildi. Uning rahbarligida Til va adabiyot instituti xodimlari tomonidan ikki tomlik “Adabiyot nazariyasi” chop etildi. H. Umurov va E. Xudoyberganov ham alohida-alohida nazariya haqidagi darsliklarni yaratishdi. T. Boboyevning “Adabiyotshunoslik asoslari”, D. Quronov va A. Ulugʻovning “Adabiyotshunoslikka kirish” kabi oʻquv qoʻllanmalari chop etildi. Bu darslik va qoʻllanmalarning mavzu koʻlami deyarli bir xil boʻlib, unda keltirilgan adabiyotning predmetidan tortib, tur va janrlarigacha, syujet va kompozitsiya, konflikt va xarakter, sharoit va makon, ijodiy metod, badiiy til va uslub kabi muammolar haqidagi kuzatishlar bir-biridan uncha farq qilmaydi. Keltirilgan misollar boshqa-boshqa boʻlsa-da, nazariy fikr va qoidalar qariyb bir xil. Bundan boshqacha boʻlishi ham mumkin emas. Chunki rus va jahon adabiyotshunosligidagi darsliklar ham aynan shu tarzda yaratilgan boʻlib, qaysidir maʼnoda oʻzbek adabiyotshunoslari uchun andoza rolini oʻtagan. Bu fikriy yaqinlik uchun mualliflarni koʻchirmachilik yoki oʻzlashtirmovchilikda ayblash mumkinmi? Axir, ularning har biri nazariy qarashlarni u yoki bu tarzda oʻz kuzatuvlari bilan boyitishga harakat qilishgan-ku?
Modomiki shunday ekan, “muallif oʻlimi” degan tushunchani qanday izohlab, qanday baholamoq kerak? Ulugʻbek Hamdamni oʻylantirgan, boshqalarni ham bahs-munozaraga chorlagan muammolarning yechimi qanday boʻlishi lozim? Mualliflarning bu boradagi fikrlari bilan tanishar ekanman, ular asosiy eʼtiborni asardagi muallif “men”i, ijodkor isteʼdodiga qaratishganiga guvoh boʻldim. “Demak, badiiy tasvirda muallif “oʻlimi”emas, muallif shaxsi, isteʼdodi hal qiluvchi fazilatdir” (M. Mahmudov).
Xayolimga bundan oʻn besh yillar oldin talabalarga aytilgan bir maʼruza yodimga tushdi. Yigirma yilcha muqaddam xalqimizning sevimli shoiri Abdulla Oripov bir muddat Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti Oʻzbek tili va adabiyoti fakulteti talabalariga maxsus kursdan maʼruzalar oʻqigan edi. Ushbu saboq jarayonida men ham tinglovchilar qatorida boʻlib, alloma shoirimizning badiiy ijod jarayoniga oid fikrlaridan bahramand boʻlganman. Abdulla aka maʼruzalarining birida badiiy asarning boqiyligi sirlari, mangu barhayot asarlar haqida fikr yuritar ekan, buning asosiy sababini badiiy asardagi satrlar qatida oʻzligini namoyon qilib turadigan ijodkor shaxsi, muallif “men”i ruhiyati bilan bogʻlab tushuntirgan edi. “Har qanday badiiy asarni oʻqiy boshlasangiz, undagi oʻlik misralar jonlana boshlaydi, shunda siz satrlar orasidan oʻzligini namoyon qilayotgan yozuvchi siymosini koʻra boshlaysiz. Uning qalbi, ruhiyati, orzu-umidlari, bir soʻz bilan aytganda, oʻzligi bilan tanishasiz. Bundan besh yuz yil oldin yashab ijod qilgan ijodkor ham kitoblaridagi satrlar qatida tirik ruhi bilan kezib yuribdi”, degan mazmundagi fikrlarni aytgan edi.
Demak, koʻchirmakashlar, Ulugʻbek Hamdam aytganidek, qanchalik quvlik va ayyorlik bilan oʻz asarlariga “milliy toʻn” kiygizishmasin, baribir, asl muallifning ruhini matn qatidan sitib chiqarib yubora olmaydi. Mening nazarimda, “muallif oʻlimi” tushunchasi faqat koʻchirilib, muallifning nomi almashishi bilan bogʻliq emas. Chunki koʻchirilsa ham asl matnning oʻzi ham saqlanib qoladi-ku?! Unda “muallif oʻlimi”ga nomzodlar kimlar?
…Buyuk fransuz yozuvchisi Gi de Mopassanning “Azizim” romani bosh qahramoni, unter-ofitser sifatida Afrika koloniyalarida xizmat qilib kelgan xushqomat, moʻylovi oʻziga yarashgan, qarashlari oʻktam Jorj Dyurua, ayni paytda, besh frankdan qolgan qaytimni choʻntagiga solib, Parij koʻchalarida sandiroqlar ekan, qanday qilib mahbubalarga erishish, tezda durustroq homiy topib boyib ketish, bir soʻz bilan aytganda, “baland dorga osilgisi kelardi”. Mana shunday havoyi xayollar bilan kezib yurganida sobiq xizmatdoshi Forestyeni uchratib qoladi. Dyuruaga rahmi kelgan Forestye uni uyiga taklif qiladi. Shu tariqa, kiborlar olamiga kirgan qahramonimiz koʻrkam qomati va soʻzamolligi bilan ularning nazariga tushadi. “Fransuz hayoti” gazetasi muharriri janob Valterdan “Afrika oʻqchisining xotiralari” mavzuida turkum maqolalar uchun buyurtma ham oladi.
Biroq xonimlar oldida maroqlanib, qoʻshib-chatib aytgan hikoyasini maqola qilib yozishga kelganda chuvi chiqadi. Yozishga qogʻozi ham boʻlmagan Dyurua pochta qogʻozining oʻrtasiga sarlavha qoʻyishdan nariga oʻtolmaydi. U chiranib-kuchanib bir necha jumla yozadi-da, alam bilan qalamni uloqtiradi. Yozuvchi Dyuruaning ayni paytdagi ruhiy holatini mahorat bilan tasvirlaydi:
“Dyurua shu tobda tiniq fikrlolmay turardi, u ehtimol, bularni ogʻzaki boplab hikoya qilib berishi mumkin edi, lekin hozir qogʻozda ifodalab berishda ojizlik qilmoqda edi. Uning ikki chekkasi loʻqillab ketdi, qoʻllarini qattiq ter bosdi, qogʻoz qarshisida ojizlikdan isitmasi koʻtarilgan holda u yana oʻrnidan turib ketdi” (Gi de Moppasan. Hayot. Azizim. Novellalar. Toshkent, 1987.249-bet). “Qogʻoz qarshisida ojizlik” Dyuruani yana Forestye yoniga najot izlab borishga majbur qiladi.
Unga rahmi kelgan Forestye uni xotini yoniga yoʻllaydi. Shu tariqa asarga yetakchi qahramonlardan biri (eng muhimi, Dyuruaning kelajagini belgilashda hal qiluvchi rol oʻynagan va mavzuimizga bevosita daxldor boʻlgan) – Forestye xonim – Madlena kirib keladi. U Dyuruaning arz-holini eshitgach, qoʻliga qalam-daftar tutqazadi-da, undan maqola uchun kerakli materiallarni soʻroqlab oladi va maqolani yozdira boshlaydi. Shunda biz haqiqiy isteʼdodni koʻramiz. Dyuruaning uzuq-yuluq xotiralari Forestye xonimning teran aqli va uchqur xayolot olami orqali ajoyib kundalikka aylanadi. Maqola yozib boʻlingan holatni yozuvchi quyidagicha tasvirlaydi:
“ – Davomi ertaga! – shoʻxlik bilan dedi Forestye xonim va kursidan turar ekan, qoʻshimcha qildi: – Maqola degan mana bundoq yoziladi, onhazratim. Dastxatlarini yozib qoʻysinlar.
Dyurua ikkilanib qoldi.
– Qoʻlingizni qoʻying deyapman!
Dyurua kulib yubordi-da, sahifaning tagiga “Jorj Dyurua” deb imzo chekdi” ( oʻsha manba, 257-bet). Maqola ertasi kuni gazetada chop etildi va ancha-muncha shov-shuvlarga sabab boʻldi. Ana shu tariqa jurnalistika olamiga bitta isteʼdodsiz nomzod kirib keldi va tilga olingan “muallif oʻlimi”ga yana bitta asos soldi.
Muhtaram oʻquvchi! Sizga yaxshi tanish boʻlgan roman qahramoni, birinchi maqolada taʼkidlanganidek, “gʻoyat quv aqlu tafakkurga ega boʻlgan” Jorj Dyuruaning parvozlarini batafsil hikoya qilib bermoqchi emasmiz. Aytmoqchi boʻlganimiz, asar qahramoni aynan shu “muallif oʻlimi”ga daxldor asos tufayli jamiyatning yuqori doiralariga ustomonlik bilan kirib boradi. Bir vaqtlar oʻziga yaxshilik qilgan Forestyening vafotidan keyin uning nafaqat amalini, xotiniga uylanib xonadonini ham egallaydi. Endi Madlena tufayli uning qalami yanada “oʻtkirlashib”, hamkasblarining baʼzan kinoya bilan “Forestye” deb chaqirishlariga ham sabab boʻladi. Vaqti kelib, yana yuqoriroq mavqelarni koʻzlagan Dyurua xotinini oʻynashi bilan tutib olib, u bilan ajralishadi-da, oʻzi ishqibozlik qilgan Valter xonimni dahshatga solib, qizi Syuzannaga uylanadi va qari Valterning oʻrnini egallaydi…
Yozuvchi mahorat bilan Dyurua kabi isteʼdodsiz kishilar jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy va madaniy muhitdagi ojizliklar tufayli ustamonlik bilan yuqori mavqelarga chiqib olishlarini tasvirlab bera olgan. Taassufki, bu jarayon barcha davrlarga xos boʻlgan oʻta “yashovchan” hodisa ekanini yuqorida tilga olingan maqola mualliflarining kuzatuvlari ham isbotlab turibdi.
Qurdosh QAHRAMONOV,
filologiya fanlari doktori, professor
“Sharq yulduzi”, 2014–5
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/adabiyotni-istedodlar-yaratadi-istedodlar-yangilaydi/