Mening tavallud topgan yillarim mamlakatimiz tarixining eng algʻov-dalgʻovli kezlariga toʻgʻri keldi. Yaʼni, 1929 yili kamina yorugʻ dunyoga kelgan davrda qishloq xoʻjaligini kollektivlashtirish tadbiri avj olgan ekan. Undan buyogʻi ocharchilik (1930–33), mamlakatni yot unsurlardan tozalash bahonasida qama-qama (1937–38), Ikkinchi jahon urushi (1941–45) yillari… Bundan keyingi davrlarda ham odamlarimizning kundalik hayoti ancha yillargacha vayronaligicha qolaverdi. Urushdan charchab chiqqan mamlakatni qayta tiklash, (1950) tagʻin mamlakatni yot unsurlardan tozalash bahonasida millatimizning guli hisoblanmish ziyolilarni qatagʻon qilishdi. Mana shu suronli davrlarga qarab, bizning bolaligimiz qanday kechganini tasavvur qilsangiz boʻladi.
Men tugʻilgan Koriz qishlogʻi shundoqqina Turkiston shahrining biqinginasida. Qishlogʻimiz shaharga, bozorga yaqin boʻlgani uchun odamlarini “bozorliklar” deb atashadi. Men oʻn yoshga toʻlganimda, yaʼni 1932–33 yillari qishlogʻimizning yarim aholisini ilgarilari chorvamiz yoyiladigan yoyilma joyga koʻchirib, kolxozlashtirildi. Jumladan, bizning oilamiz oʻsha yaydoq dalalar bagʻriga kuchib oʻtdi. Oʻsha paytdan boshlab mening bolaligim shahardan yigirma chaqirimlar uzoqdagi biyday dalada kechdi. Boshlangʻich taʼlimni ham shu yerda oldim.
Biz koʻchib oʻtgan Yoyilma degan qishloqdagi 70-80 chogʻli xonadon ahli chorva bilan shugʻullanardi. U paytlarda odamlar oʻqish-yozishga havas qoʻyishdan ham koʻproq qorin qaygʻusi bilan qattiq bogʻlangan edi. Qishlogʻimizda faqat bitta – Qahhor degan odamda patefon boʻlib, salgina boʻlsa-da dillardan gʻamlarni quvib, seni uzoqlarga olib keta olardi. Biroq kitobxonlik tuygʻusi kuchli edi. Odamlar oʻqish-yozishni deyarli bilmasalar-da, menga oʻxshagan 7-8 yoshdan maktabga borib, sharillatib oʻqishni qoyillatadigan bolalarga kechalari xalq dostonlari – “Goʻroʻgʻli” turkumidan “Hasanxon”, “Ravshanxon”, “Avazxon” dostonlarini takror va takror oʻqitishdan, sel boʻlib tinglashdan charchashmasdi. Keyinchalik angladimki, ular shu dostonlarda ushalmagan armonlarini koʻrishar, ular bilan birga tugʻilib, birga yashab, gʻam-hasratlarini unutishar ekan. Adabiyotning kuchini qarang-a!
Oʻqigan maktabim xuddi kechagiday koʻz oʻngimda. Qishloq chetidagi qoʻrgʻon, bir tomoni somonxona, bir chetida doʻkoncha, bir yonida somon toʻkiladigan kungay joy. Xuddi shu yerda tengqurlarim bilan oftobroʻyada, somonlar ustida oʻtirib, ilk saboqni chiqardim. Birinchi oʻqituvchim, amakim Pochchaxon Qudratov hamma sinflarga bir oʻzi dars berardi. U paytlarda hamma uchun – 1-4-sinfgacha bitta oʻqituvchi ajratilar edi. Qurbi yetganlar shaharga – oʻqishni davom ettirishga ketar, yetmaganlar dalada, oilada qolishardi.
Bobom meni Turkiston shahridagi maktabga joyladi. Bu maktab shoʻrolar hukumati tomonidan millatchi deb ayblangan, uy-joyi musodara qilingan, Turkistonning maʼrifatli boylaridan biri – Saidnosirboyning uyi boʻlib, u birinchilardan boʻlib rus tilida tahsil olgan, birinchi oʻzbek olimasi sifatida kimyo faniga muhim hissa qoʻshgan, kimyo darsligi yozgan, Oybekdek zabardast oʻzbek adibi bilan umrguzaronlik qilgan Zarifa Saidnosirovaning bolaligi, yoshligi kechgan uy edi. Ammo shaharda oʻqishning oʻzi boʻlmas edi. Biz oʻqiymiz deb qishloqdan chiqqan besh-olti nafar boladan oxiri bir oʻzim qoldim. U paytlarda yotoqxona yoʻq, uch chaqirim joydan yayov qatnaymiz. Qishning sovugʻi, yozning issigʻi, shamol, yomgʻirlar bilan olishib boʻlsa ham ortga qaytmadim. Shu yerda maktabni tugatdim. Adabiyotga, ijodga boʻlgan ixlos, ishtiyoqim shu yerda kuchli muhabbatga aylandi. Robiya opa Ibrohimova degan adabiyot oʻqituvchimizni ehtirom bilan eslayman.
Tengqurlarim bilan oʻqishdan boʻsh paytlarimizda qoʻsh haydadik, suvchilik qildik, gʻoʻza chopdik, yozgi jaziramada oʻroq oʻrib, xirmon yanchdik. Eshak karvonlar tuzib, shaharga gʻalla tashidik. Keyinchalik tabelchilik ham qildim. Xullas, qilmagan ishim qolmadi.
Tagʻin, bu odam oʻzining kechmishidan, bolaligidan nega buncha noliydi, deb oʻylamang. Men hech ham noliyotganim yoʻq. Toʻgʻri, biz urush davri farzandlari bolalikning barcha imtiyozlaridan bebahra oʻsdik. Shu tufayli oʻqishlarimiz ham oʻlda-joʻlda, uzuq-yuluq boʻldi. Goʻdakligimiz ham, bolaligimiz ham, oʻsmirligimiz ham oʻsha davrlarning turmush tashvishlari bilan omuxta kechdi. Koʻrgan-bilganlarimiz murgʻak qalblarimizda bir umrga muhrlanib qoldi. Ozmi-koʻpmi hayotning qadriga yetadigan, uni eʼzozlaydigan odamlar boʻlib ulgʻayganimiz uchun oʻsha davrlarning mashaqqatli saboqlaridan minnatdor boʻlishimiz zarur. Negaki, bolalikda chekkan aziyatlarimiz-u, koʻrgan-bilganlarimiz – hammasi yozgan va yozilajak asarlarimizga material boʻlib xizmat qilyapti va bundan keyin ham shunday boʻlajak.
Otam Fozil Yoʻldosh oʻgʻli oʻqimagan boʻlsalar ham uqqan odam edilar. Koʻp yillar kolxozda ferma mudiri, paxtachilik brigadasining brigadiri lavozimlarida ishladi. Oʻsha paytlarda men otamning brigadir boʻlaturib baʼzan akushnik haydab yurganlarini koʻrib: “Yo tavba, brigadir ham akushnik haydaydimi?” deb ajablanardim. Shunda otam bunga izoh berardilar: “Bolam, sen hayron boʻlma, men Abduvoyitning oʻrniga ishlayapman. Abduvoyit esa mening hisob-kitobimni toʻgʻirlab beradi. Oʻzing bilasan, mening savodim yoʻq, oʻqimaganman. Hisob-kitobni tugatgach, akushkasini qaytarib beraman, oʻzi haydayveradi”. Otamning bu gaplari hanuzgacha esimdan chiqmaydi.
Onam Jahonbibi Abdulla qizi esa bir umr dehqonchiligu uy yumushlari, farzand tarbiyasi bilan shugʻullanib oʻtdilar. Yoyilmada toʻrtinchi sinfgacha oʻqiganimdan soʻng meni Yoʻldosh bobom Korizga olib ketib, shahar markazidagi oʻrta oʻzbek maktabiga oʻqishga berdi. U kishi oʻqigan, obroʻ-eʼtiborli zot edilar. Yaqin-yiroq qishloqlarda bironta dov-janjal bobomning ishtirokisiz bitimga kelmagan, deyishadi. Shuning uchun turkistonliklar u kishini “Yoʻldosh oqsoqol” deb atashar ekan. Men koʻproq bobom bilan Mastura buvimning tarbiyasida boʻlganman. “Sen Fozilning emas, mening bolamsan. Men seni huv anavi qandak oʻrikning tepasida tuqqanman”, deb erkalardilar meni Mastura buvim. Shuning uchun boʻlsa kerak, oilamizdagi boshqa uka-singillarimning ism-shariflari Yoʻldoshev, meniki esa Fozilov boʻlib qolgan.
Endi adabiyotga, ijodga boʻlgan ishtiyoqim qachondan boshlangani-yu, qanday qilib bolalar adabiyotiga qiziqish paydo boʻlgani haqida aytsam.
Avvalo, bolalik bu – begʻuborlik. Bolalar uchun asar yozgan va butun umrini shunga bagʻishlagan adib ham bu begʻuborlikdan bebahra qolmaydi. Negaki, bolaga yozgan adibning oʻzi bola tabiatli boʻladi. Yaʼni, yozuvchi oʻzining tabiatiga mos, koʻngliga yaqin mavzuni qalamga oladi. Ikkinchidan, bolalarni chin dildan sevgan yozuvchigina bolalar adabiyotiga sodiq boʻlib qoladi. Bolalar hayoti koʻnglidan yiroq boʻlgan yozuvchi oʻzini majburlab bir-ikkita nimarsa yozgan boʻladi-yu, bir yumalab kattalar adabiyotiga oʻtadi-ketadi. Bundaylar adabiyotimizda toʻlib-toshib yotibdi. Men ularning ism-shariflarini aytmasam ham oʻquvchilarning oʻzlari ularni aniq-tiniq bilishadi. Buning ustiga, bir umr bola tabiat boʻlib yurish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Bola bilan gaplashganingda bola boʻlib gaplashishing, bolalarga asar yozayotganingda bola boʻlib, yaʼni bolaning nazari bilan yozishing kerak boʻladi. Shunday qilmasang yozgan asaringni bolalar oʻqimaydi. Bola asaringdan oʻzini topa olsagina, har kuni oʻzi birga oʻynab yurgan oʻrtoqlarining feʼl-atvorlariyu, qiliqlarini koʻra olsagina qiziqib oʻqiydi.
Bolalar adabiyoti – nozik adabiyot. Bolaning birinchi adabiyoti – onasining allasi. Qolaversa, sodda, ravon, quvnoq, maʼnoli, ritmik sheʼrlar, xalq ertaklari, hikoyalar, qissalar bola uchun juda zarur. Bolalar yozuvchilari oʻz asarlari bilan bolalarni katta adabiyotga boshlovchi dargʻalardir. Bu adabiyot – hurmattalab adabiyot, eʼzoztalab adabiyot. Chunki bolalar uchun yozilayotgan har bir asarda oʻzing bolaga aylana olmas ekansan, u jonsiz tanaga aylanadi. Qattiqroq qilib aytganda, birovnikini olib yopishtirsangiz, yopishmay turadi, yamoq boʻladi. Bolaning koʻngli ham xuddi shunday. Uni sindirib boʻlmaydi. Unga hamisha eʼtibor darkor. Unga mehr bersangizgina uning koʻngli toʻlib oʻsadi. U – mehrtalab. Shundagina, u muhabbatingiz mevasiga aylanadi, izingizni bosadi.
Adabiyot darsliklari, bolalar adabiyoti darsliklari alohida katta mavzu deb oʻylayman. Darsliklarga kiritilgan adiblarimiz, shoirlarimizning kitoblari qoʻshimcha adabiyot sifatida muntazam chop etilib turilishi, ayniqsa, lotin yozuvida berib borilishi muhimligini taʼkidlab oʻtmoqchiman. Ayni kunlarda xuddi shunga ehtiyojimiz juda kuchli. Buning uchun noshirlik faoliyatlari markazlashgan holda olib borilsa, uchrayotgan saviyasiz, pala-partish, kitob deb atashga ham til bormaydigan noxushliklardan holi boʻlinar edi. Adabiyot yaratiladi, uni “yasab” boʻlmaydi. Bu tom maʼnoda, ham bolalar, ham kattalar adabiyotiga taalluqlidir.
Meni bolalar adabiyotiga boshlab kelgan omillardan yana biri boya aytib oʻtganimdek, bolaligim bilan oʻsmirligimning urush yillariga toʻgʻri kelganligidan, deb bilaman.
Otam bilan onam xolavachcha, ikkalasining ham bobosi bitta – oʻsha katta bobomning bir qizidan otam, ikkinchi qizidan onam tugʻilganlar. Katta bobom Turkistonda katta ulamo oʻtgan. U kishini Tursunmuhammad Aʼlam domla atasharkan. Gʻurbatiy taxallusi bilan Toshkentda u kishining toʻrtta sheʼriy toʻplami chop etilgan. Toshkentlik shoirlar Kamiy, Xislat domla, Sidqiy Xondayliqiylar bilan doʻst tutinib, bordi-keldi qilishib, nomalar yozishib, muloqotda boʻlib turar ekanlar. Menga oʻsha katta bobomdan nimadir oʻtgan boʻlsa ajab emas, deb oʻylayman.
Xullas, 1949 yili oʻrta maktabni bitirib Toshkentga yoʻl oldim. Oʻrta Osiyo davlat dorilfununining filologiya kulliyotiga oʻqishga kirib, uni 1954 yili tugatdim. Soʻng “Gulxan” jurnalida, “Yosh gvardiya”, Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotlarda, “Sharq yulduzi” jurnalida turli lavozimlarda ishladim. Adabiy xodim, katta muharrir, boʻlim mudiri boʻldim, jurnallarda masʼul kotiblik vazifasida faoliyat olib bordim.
Dorilfununda oʻqib yurgan kezlarimda oʻz kursdoshlarimdan ikki-uch yosh ulugʻroq edim. Negaki, boya aytib oʻtganimdek, ham oʻqib, ham ishlaganim uchun oliy oʻquv dargohiga kechroq keldim. Yozish-chizish mashqlarini ham kechroq boshladim. Matbuotga ham elliginchi yillardan boshlab ishtirok eta boshladim. Dastlab tanqidiy maqolalar yozdim, soʻng badiiy lavhalar, keyin esa asta-sekin hikoyalarga oʻtdim. Qozoq adiblarining yirik-yirik asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qila boshladim. Tarjima sohasidagi saʼy-harakatlarim ijodimda ham tarjima, ham tajriba rolini oʻtadi desam xato qilmayman. Tarjima qilish asnosida, shubhasiz, juda koʻp narsani oʻrgandim.
Birinchi kitobim 1959 yili “Irmoq” degan nom bilan bosilib chiqdi. Shundan soʻng ketma-ket “Oqim” (1962), “Robinzonlar” (1964), “Qush qanoti bilan” (1965), “Qor xat” (1968), “Koʻklam qissalari” (1970), “Saraton” (1975), “Kichkina demang bizni” (1977), “Diydor” (1979), tanlangan asarlarimning ikki jildligi (1983–84), “Shum bolaning nabiralari” (1885), “Ustozlar davrasida” (1988), “Bolaligim – poshsholigim” (1989), “Bir otar toʻpponcha” (1995) kabi kitoblarim chop etildi. Nashr etilgan kitoblarim oʻzga tillarga tarjima qilinganlari bilan qoʻshilganda oʻttiztadan oshib ketadi. Boshqa tillardan tarjima qilganlarim va oʻzim yozganlarimni qoʻshganda yetmish beshdan koʻproq.
Ha, aytgandek, men qozoq adiblaridan Abay, Muxtor Avezov, Sobit Muqonov, Gʻabit Musrepov, Gʻabiden Mustafin, Abdulla Tojiboyev, Abdijamil Nurpeisov, Sherxon Murtazoyev, Taxani Axtanov, Qaltoy Muhammadjonov, Qalnubek Tursunqulov, Xoldorbek Naymanboyev, Sayn Murodbekov kabilarning mashhur asarlarini, bulardan tashqari talaygina qirgʻiz, qoraqalpoq yozuvchilarining kitoblarini oʻzbek tiliga agʻdarib kitobxonlarga hadya etdim.
Kamina shuning uchun ham baxtlimanki, oʻzimga yarasha oʻquvchilarim bor. Jamoatchilik va hukumat ardogʻidan ham chetda qolmadim – ijodiy mehnatlarimni munosib taqdirlashdi. 1985 yili “Shum bolaning nabiralari” degan kitobim uchun Gʻafur Gʻulom nomidagi mukofotga, 1986 yili qozoq adabiyotidan qilgan tarjimalarim uchun Beyimbet Maylin nomidagi mukofotga, 1990 yili “Ustozlar davrasida” nomli kitobim uchun Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofotiga sazovor boʻldim. 1984 yili oʻzbek va qozoq adabiy aloqalarini rivojlantirishdagi faol ishtirokim uchun “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi” degan yuksak unvon bilan, 1994 yili esa, xalqaro madaniy aloqalarga qoʻshgan hissam, qozoq adabiyotining yetuk asarlarini muntazam tarjima qilganim hamda mazkur xalqlar oʻrtasidagi doʻstlikni rivojlantirish borasidagi xizmatlarim uchun Qozogʻiston Prezidenti mukofoti bilan taqdirlandim.
1999 yili “El-yurt hurmati” ordeni bilan, 2003 yili Qozogʻiston Yozuvchilar uyushmasining “Alam” nomli xalqaro mukofoti bilan, 2011 yili esa “Topdimu yoʻqotmadim” degan kitobim uchun Davlat mukofoti bilan taqdirlandim.
Bunchalik eʼtibor, bu qadar eʼtirof meni oʻquvchilarim oldida yana ham burchdor, yana ham kelajakdan umidvor qilib qoʻyadi. Oʻzni oʻquvchilar oldida burchdor, kelajakdan umidvor his etmak tuygʻusi hamisha mehnatga chorlab turadi. Shu muqaddas tuygʻu yoʻldoshim boʻlib turar ekan, kamina elu yurt xizmati uchun qamishdan bel bogʻlab ijod qilaveraman.
Nosir FOZILOV
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 7–8-sonlar
https://saviya.uz/hayot/suhbat/adabiyot-yasalmaydi-yaratiladi/