(Hikoyalar boʻyicha)
Insonni oʻzi yashab turgan muhitdan bir qadar yuksaklikka koʻtarish va tubandagi hayotga bir qur nazar tashlashga undash istagi adabiyotning birlamchi maqsadlaridan biridir. Keyingi yillarda inson ichki holatlarini, kechinmalarini aks ettiruvchi, qalblarni tozalovchi, yuksakka koʻtaruvchi hikoyalar yaratildimi, yaratilgan boʻlsa, ular Gʻ. Gʻulomning “Mening oʻgʻrigina bolam”, A. Qahhorning “Asror bobo”, Sh. Xolmirzayevning “Oʻn sakkizga kirmagan kim bor” hikoyalari kabi dilga yaqinmi va yoki farqlimi? Umuminsoniy tushunchalar bugungi hikoyalarda ham aks etayaptimi, degan savollar ijodkorlar, adabiyotshunoslar oldiga koʻndalang qoʻyilganda qanday javob olamiz? Oʻtish davrining oʻziga xos qiyinchiliklari, maʼnaviy dunyoqarashda roʻy bergan tub burilishlar, shakllangan estetik ideallarning nurashiyu tamoman yangi qiyofadagi zamondosh obrazining paydo boʻlishi, uning ruhiy iztiroblarini qalamga olinishi kitobxonni biroz gangitgani, yangi adabiyotga yot nazar bilan qarashni paydo qilgani sir emas. Biroq bugungi kun adabiyotini tahlil qilar ekanmiz, oʻzimizga qadrdon boʻlgan, asliy va asriy qadriyatlarimizga qaytilayotganiga ham guvoh boʻlamiz.
“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” hamda “Kitob dunyosi” gazetalarining 2013 yilgi sonlarida eʼlon qilingan hikoyalarda ana shu masalalarning koʻtarilayotganligi quvonarli holdir. “Kitob dunyosi” gazetasi sahifalarida ijodkorlarimiz asarlarining jahon adabiyotining mashhur namoyandalari ijodi bilan yonma-yon berilishi nafaqat adabiyotshunoslarimizni, balki oʻquvchilarimizni ham asarlarni tanqidiy koʻz bilan kuzatishga ruhlantirayapti.
2013 yil bu ikki gazetada chop etilgan jami hikoyalar soni 80 ga yaqin. Ular adabiyotimizning oʻq tomiriyu tanasiga aylangan ijodkorlardan tortib, badiiy ijod olamiga endi qadam qoʻyayotgan, hali kitobxonu adabiy jamoatchilikka yaxshi tanish boʻlmagan qalamkashlar hikoyalaridan iborat.
Gazetalarimizda Oʻlmas Umarbekovning “Xadicha”, Shukur Xolmirzayevning “Qorbobo keladi” hikoyalarining chop etilishi oʻquvchilarimizni otaxon hikoyanavislarimiz ijodiga yana bir bor nazar tashlash imkonini berganligi bilan ahamiyatlidir. “Kitob dunyosi” gazetasi oʻquvchilarni professional-zamondosh ijodkorlar bilan tanishtirish maqsadida Erkin Aʼzamning bundan bir necha yillar avval nashr etilgan “Manana” hamda yangi hikoyalaridan biri “Huloʻl”, Isajon Sultonning “Ota qasidasi”, Joʻra Fozilning “Sohildagi uy”, “Toʻy”, “Qoʻshiq”, Normurod Norqobilovning “Keksa tut”, Qoʻchqor Norqobilning “Nozi,… Nozigul”, Nurulloh Muhammad Raufxonning “Etakdagi kulba”, Erkin Norsafarning “Kapalaklar ortidan”, “Chol va nabira”, Abduqayum Yoʻldoshevning “Koʻrinmas farishtalar”, Luqmon Boʻrixonning “Kutilmagan tashvish”, Nodir Normatovning “Ayol ovozi”, Shoyim Boʻtayevning “Dasta rayhon”, Otaulining “Diydor”, Ashurali Joʻrayevning “Ketmon yuzidagi oy”; ham sheʼriyatda, ham nasrda ijod qilayotgan ijodkorlarimizdan Xosiyat Rustamovaning “Gilam”, Halima Ahmedovaning “Sulaymonning bogʻi” kabi hikoyalari va bir qator yosh ijodkorlarning jami 45 ga yaqin hikoyalari eʼlon qilindi. Shuningdek, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida Ulugʻbek Hamdamning “Vatan haqida qoʻshiq”, Abduqayum Yoʻldoshning “Shingil hikoyalar”, Qoʻchqor Norqobilning “Oqibat daraxti”, Nabi Jaloliddinning “Mustaqillik”, Joʻra Fozilning “Yangi bogʻlarda”, “Bayramning rangi”, Abdusattor Hotamovning “Muz ustida”, Allanazar Abdiyevning “Burgut choʻqqisi”, Gulchehra Asronovaning “Yoʻlda”, “Vatan”, Asliddin Mustafoyevning “Hassa”, “Yoʻlovchi”, Muborak Rustamovaning “Shaharlik muallim”, Shodmon Otabekning “Xonadon”, Samiya Aqiyevaning “Nasiba”, Karimberdi Toʻramurodning “Palov” kabi 30 dan ortiq turli mavzulardagi hikoyalari bosildi.
Hikoyalar tahliliga oʻtar ekanmiz, avvalo, oʻzbek nasrining bugungi qiyofasini belgilab beradigan ijodkorlar hikoyalariga eʼtiborimizni qaratdik. Adabiyotimizda oʻz uslubi va oʻrniga ega yozuvchilarimizdan biri Erkin Aʼzamdir. 2013 yilda “Kitob dunyosi” gazetasida adibning “Manana” hamda “Huloʻl” hikoyalari chop etildi. Birinchi asar bundan 30 yil oldin yaratilgan boʻlsa-da, bugungi kun uchun ham muhim boʻlgan voqealar bayon etiladi. Bu asar yozuvchining kitoblariga ham kiritilgan. Asar haqida “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida Murtazo Qarshiboyevning munosabati ham eʼlon qilindi. Hikoya adibning toʻplamlaridan biriga kiritilganligi va ilmiy jamoatchilikka yaxshi tanish boʻlganligini inobatga olib biz u haqda batafsil toʻxtalishni lozim topmadik. Yozuvchimizning ikkinchi hikoyasi “Huloʻl” ham oʻquvchini befarq qoldirmadi. Asarning nomlanishining oʻziyoq unga boʻlgan qiziqishni orttiradi. Adib asarlarining oʻziga xosligini taʼminlovchi asosiy vositalardan biri, asarlaridagi ohang va jonli xalq tilidan unumli foydalanishdir. Erkin Aʼzam har bir asarida oʻziga xos ohang topadi va asar soʻnggigacha shu ohangni saqlaydi. Yumor, kinoya, detal tanlash bu hikoyada ham yetakchilik qiladi. Hikoyada ayol uchun baxt nima, degan savol oʻrtaga tashlanadi.
Isteʼdodli hikoyanavislarimizdan sanalgan Luqmon Boʻrixonning 2013 yilda “Kutilmagan tashvish” (“Kitob dunyosi”) hamda “Tumor” (“OʻzAS”) hikoyalari chop etildi. Har ikki hikoyada ham yozuvchi “muhabbat” tuygʻusiga oʻzgacha yondashadi. Hikoyada bayon etmoqchi boʻlgan maqsad va gʻoyalarini quritilgan yaproq va eski tumor vositasida ochib beradi. Hikoyalarning kompozitsion qurilishi ham tahsinga loyiq. “Kutilmagan tashvish”da adib muhabbatning ilohiy qudratini hikoya qilarkan, biz eng tuban kishilar deb hisoblaydigan oʻgʻri va notavon kimsalarning ham bu tuygʻu qudrati oldida bosh egishini tasvirlaydi. Har ikkala hikoyada ham adibning mahoratini koʻrsatuvchi vosita detal tanlash mahoratida koʻrinadi. Hikoyalarda mulohazali, baʼzi jumlalar qurilishida bahstalab oʻrinlar ham mavjud. Ammo ular yaratilgan hikoyalarning mazmun va mohiyatiga putur yetkazmaydi.
Normurod Norqobilovning “Keksa tut” (“Kitob dunyosi”) hikoyasi kundalik turmushimizda ahyon-ahyonda uchrab tursa-da, dilimizga gʻashlik soladigan, insonning qadr qimmati sustlashib borayotgan, mehr-oqibat unutilayotgan, inson ruhiyatidagi odamiylik degan tuygʻularning yoʻqolib, kundan kunga mayda tashvishlar bilan oʻralashib borayotganligini bayon etishi bilan qimmatlidir. Ming yillarga guvoh boʻlgan tutning eʼtiborsiz harakat tufayli qulashi nurab borayotgan qadriyatlarga ishoradir. Hikoya uchun tanlangan syujet, detallashtirish mahorati adib uslubining oʻziga xosligini taʼminlagan.
Qoʻchqor Norqobilning “Nozi,… Nozigul” (“Kitob dunyosi”), “Oqibat daraxti” (“OʻzAS”) hikoyalari eʼlon qilingan. “Nozi,… Nozigul” hikoyasi bir muhabbat haqidagi anʼanaviy uslubda yozilgan. Mavzu garchand yangi boʻlmasa-da, muallif muhabbatning boqiyligi, koʻngilga tashrif buyurgan ilk tuygʻuning yillar oʻtgani sayin mustahkamalanishi haqida yana bir bor eslatadi. Ammo asarda bugungi ijtimoiy hayotimizning katta muammolari aks etgan, deya olmaymiz. Shunday boʻlsa-da, syujet va kompozitsion qurilish jihatidan ancha mukammal hikoyalar sirasiga kiradi. Adibning ikkinchi hikoyasi “Oqibat daraxti” abadiy mavzulardan biri boqiy qadriyatlarimiz haqida. Koʻchat ekib, bogʻ yaratish, uni kelajak avlodlarga meros qoldirish asriy anʼanalarimizdan biri. Lekin bu meros haqida har kimning oʻz hayot falsafasi bor. Yozuvchining asl maqsadi ham shu, bu falsafa kimga qanday xizmat qiladi.
Isajon Sulton bir qancha hikoyalari, romanlari bilan adabiyotshunoslarning diqqat-eʼtiborida boʻlgan yozuvchilarimizdan. 2013 yilda adibning “Ota qasidasi” (“Kitob dunyosi”) nomli hikoyasi chop etildi. Chindan ham asar ota madhiga bagʻishlangan. Hikoya tili sodda va ravon. Hikoyada muammo toʻgʻri tanlangan, tasvirda, voqealarni bayon etishda yozuvchi koʻproq rivoya usulidan foydalangan va maʼlum maʼnoda, bu oʻzini oqlagan. Ammo janr talablari nuqtai nazaridan baholaydigan boʻlsak, asar koʻproq hikoya emas, badiaga xos unsurlarga ega.
Otaulining “Diydor” hikoyasi (“Kitob dunyosi”) Abdulhamid Choʻlpon va otasining diydorlashuvi haqida. Adib hikoyaga shoirning otasi bilan boʻlgan soʻnggi uchrashuvini asos qilib oladi. Hikoyada yozuvchining badiiy niyati toʻgʻri tanlangan, ammo ochilmay qolganga oʻxshaydi. Choʻlpon obrazini yaratishda dramatik lavhalar yetishmaydi. Hikoyada tarixiy faktlar va badiiyat uygʻunligi asosli tasvirlanmagan.
Vatan va vatanparvarlik mavzuidagi hikoyalar haqida fikr yuritarkanmiz, Ulugʻbek Hamdamning (“OʻzAS”) “Vatan haqida qoʻshiq” hikoyasini alohida taʼkidlashni istardik. Hikoya boboning nabirasiga soʻzlab bergan rivoyati asosiga qurilgan. Garchand bu mavzu adabiyot paydo boʻlgandan buyon yoritilib kelayotgan boʻlsa-da, unga yozuvchining yondashuvi oʻzgacha. Adib Vatan soʻzi bilan yonma-yon ayol va farzand tushunchalarini qoʻyadi. Naslimizning davomchilari farzandlarimiz, farzandning yaratuvchisi ayol, uning davomchisi farzand ularning mavjudligi millat degan tushunchalarni bir nuqtada birlashtiradi. Ana shu uchta mavjudlik vatan degan tuygʻuni tashkil etishiga ishora qiladi. Bu Vatanning himoyasiga shaylangan farzandning ismini Turon, deb ataydi. Turonning vatan ozodligi yoʻlidagi qahramonligining tillardan tillarga oʻtib, asrlar osha kuylanib kelayotganligini “Vatan haqida qoʻshiq”, deb nomlaydi.
Yuqoridagi hikoyada Vatan inson uchun qanchalik muqaddasligi ifoda etilgan boʻlsa, Xosiyat Rustamovaning (“Kitob dunyosi”) “Gilam” hikoyasida bu yana bir bor oʻz isbotini topgandek koʻrinadi. Inson oʻz vatanini qanchalik ardoqlasa, qadriga yetsa Vatan ham uni shunchalik bagʻriga singdiradi, degan gʻoya ilgari suriladi hikoyada. Muallif tanlagan syujetning muvaffaqiyati shundaki, unda bugungi kunning ijtimoiy zalvori aks etib turibdi.
Oʻtgan yili nashr etilgan hikoyalar orasida Abduqayum Yoʻldoshning “Koʻrinmas farishtalar” (“Kitob dunyosi”) hikoyasi kundalik turmushda uchrab turadigan, ammo eʼtiborimizdan chetda qoldirishimiz mumkin boʻlgan “yaxshilik farishtalari”, aniqrogʻi, insonning oʻzini oʻzi taftish qilishi haqida. Hikoyada muallif qahramonning mulohazalari orqali insonning tizginsiz nafs oqibatida uning quliga aylanib qolishidan oʻquvchini ogohlantiradi. Har bir insonning ichki meni, uning oʻzi bilan oʻzi kurashuvini badiiylashtiradi.
Abdunabi Boyqoʻziyev “Toʻqol kampir” (“Kitob dunyosi”) hikoyasida xalqona qarash va ijtimoiy motivlarga yangicha nigoh bilan yondashib, taʼsirchan syujet yarata olgan. Toʻqol kampirning oʻtmishi misolida bugungi kun muammolarini ham koʻrsatadi. Hikoya chuqur dramatizm bilan yozilgan. Muallif qahramon xarakterini chizishda hech qanday ortiqcha taʼrif tavsiflardan foydalanmaydi. Oddiygina qilib “Nosqovoqni bolam deb ovundi”, deyilishining oʻzi Toʻqol kampirning holatini koʻz oldimizda gavdalantiradi.
Yosh ijodkorlarimizdan biri Abdulhamid Abduahad oʻgʻlining “Adashgan fikr” (“OʻzAS”) hikoyasi ham tasvir va talqiniga koʻra eʼtiborimizni jalb qildi. Muallif kundalik ish faoliyatimizda uchrab turadigan rahbar va xodim munosabatlarini tasvirga oladi. Hikoya hajman qisqa boʻlsa-da, unga yuklangan gʻoya oʻzini oqlagan. Ammo bu hali muallif hikoyachilikda oʻz uslubiga ega, deyish uchun asos boʻlolmaydi.
Havaskor ijodkorlarimizdan biri Talʼat Halimovning (“OʻzAS”) “Shaffof tomchi” hikoyasi oʻziga xos tarzdagi tasvirlari bilan ajralib turadi. Muallif endigina qoʻliga qalam olib hikoyalar yoza boshlagan boʻlsa-da, ajabtovur muvaffaqiyatga ham erishgan, deyishimiz mumkin. Ona-bolaning bir-biriga boʻlgan mehri azaldan adabiyotdagi asosiy mavzulardan boʻlib kelgan. Lekin bu hikoyadagi muallif bolalarcha begʻuborlik va soddalik bilan bu holatga yondashadi.
Muyassar Tilovovaning “Qoragʻordagi ov” hikoyasi bolalik xotiralari asosiga qurilgan. Hikoyada bolalikning begʻuborligi ochib beriladi. Unda kattalar va bolalar dunyosi oʻrtasidagi bir-biriga teskari qirralar kitobxonni mushohada qilishga undaydi. Hikoya yechimida esa muallifning biroz tajribasizligi koʻrinadi.
Gulruh Yormatova “Tiniq momo” hikoyasida bor voqealarni qanday boʻlsa, shundayligicha tasvirlashga harakat qiladi. Tasvirda mantiq buzilgan, quruq bayonchilikdan iborat boʻlib qolgan. Tiniq momo xarakterini chizishda biroz mubolagʻaga beriladi. Oʻz nomi bilan polvon, deb atalgan oʻgʻilning oti yoʻqolgandagi holati, qahramon ruhiyati, polvon xarakteridagi chizgilar oʻta ishonchsiz tasvirlangan. Hikoya uchun tanlangan syujet va muallif gʻoyaviy maqsadi oʻzini oqlamagan.
Kuzatganimiz hikoyalar haqidagi xulosalarni umumlashtirib, shuni taʼkidlash mumkinki, hikoyalarning aksariyatida, bayonchilik ustivorlik qiladi.
Shuni taʼkidlashni istardimki, adabiyotning vazifasi bor narsalarni tasvirlash emas, u hayotni voqelikdan ancha balandda turib kuzatishi kerak. Bugungi aksariyat hikoyalarimizda ana shu kuzatuv yetishmayotgandek.
Eʼlon qilingan hikoyalarning soni va salmogʻiga nazar tashlaydigan boʻlsak, oʻzbek hikoyachiligi rivojlanishda davom etayotganidan quvonib, adabiyotimizda voqeaga aylanadigan hikoyalar yaratilishi, “adabiyotdagi izlanish, yuksalish ruhi”ning balandlashishidan umidvor boʻlib qolamiz.
Gulnoza SATTOROVA
“Sharq yulduzi”, 2014–3
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/adabiyot-va-manaviy-ehtiyoj/