Adabiyot – shunchaki havas maydoni emas

yoki ijod odobi haqida oʻylar

 

Gapni turkiy adabiyotdagi eng mumtoz siymo – Alisher Navoiydan boshlasak. Ulugʻ shoir “Muhokamat ul-lugʻatayn” asarida 18-20 yoshlik chogʻlarida bir munosabat bilan turkiy va forsiy shoirlar nazmidan 50 ming bayt sheʼrni yod olganini keltiradi. Bu bejiz emasdi. Chunki tarixiy manbalarning dalolat qilishlaricha, hazrat Navoiy davrida oʻzini ashʼor dunyosiga mansub deb bilganlar birmuncha mushkul talablarga javob bermogʻi shart boʻlgan ekan. Masalan, oʻzidan ilgari yashab oʻtgan shoirlarning sheʼridan 30 ming misra, oʻzi bilan zamondosh shoirlar sheʼrlaridan esa yuz ming misrani yod bilish. Demak, shoirlikka daʼvogar jami 130 ming misra – 65 ming baytni xotirasida saqlashi lozim sanalgan.

Jiddiy talab. Va qiyin ham. Ammo oʻsha davr shoirlari bu talabni ado etishgan. Navoiy kabi ulugʻ daho esa ortigʻi bilan. Birgina munosabat, yaʼni oʻz-oʻzini sinovdan oʻtkazish, qani, uddalay olamanmi, degan qiziqish bilan navqiron yoshda 50 ming baytni yod olishning uddasidan chiqqan mutafakkir sinovlarsiz necha ming misrani yoddan bilgan ekan? Agar bolalik paytida Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” asarini boshdan-oxir yod olganini eslasak, shoir quvvai hofizasi qoʻyilgan talabdan ham yuqori pogʻonada turganini anglash mumkin. Shu oʻrinda savol tugʻiladi: nega bunday talab qoʻyilgan oʻzi?

Sababini esa quyidagicha izohlash mumkin:

birinchidan, koʻp sheʼr yodlash inson xotirasini mustahkamlaydi. Sheʼr yoki matnni qayta-qayta oʻqib, takrorlash, yaʼni uni miyaga singdirish uchun qilinayotgan mashq natijasida quvvai hofiza oʻtkirlashadi. Ikkinchidan, kishining lugʻat boyligi oshadi, soʻz esa oʻzlashadi – kishining lisoniy boyligiga aylana boradi. Soʻz – ilohiy bir xilqat. U oʻz jilovini osongina qoʻlga tutqazavermaydi, duch kelganga qulfini ochavermaydi. Uning maʼno qirralarini, ming bir ohangini, tovlanishini bilgan, usta zargar zarra oltinni, mohir kulol bir parcha loyni kutilmagan goʻzal bir shaklga solgani kabi, soʻzdan ham mutlaqo kutilmagan tashbehu manzaralar yarata olgan qalam egasining yozganlarini aqlda peshlash orqaligina soʻzni oʻziniki qilish, uning magʻzini chaqish, bahosiyu qiymatini, qadrini anglash mumkin. Bu esa qalam ahli uchun eng muhim xususiyatdirki, “soʻz sohibi” degan eʼtirof bekorga qoʻllanmasligi shundan oydinlashadi.

Bu – ijodkorni oʻz qobiliyati ustida ishlashga undaydigan bir talab. Mumtoz sheʼriyatning yana bir odobi bor. Navoiy va boshqa mumtoz shoirlarimizning asarlarini mutolaa qilganda, mualliflar oʻzlarini “faqir”, “banda” kabi kamtarona lutf bilan ataganlarini koʻp kuzatganmiz. Bu – oʻsha soʻz sohibining oʻquvchisi oldida oʻzini gʻoyatda kamtarin tutishi, ijodi yuzasidan “yozganim oʻqiguvchining xotiriga malol kelmasmikin”, deya qilgan andishasidan dalolat bergan. Buni ularning asarlari soʻzboshilarida ham qayta-qayta oʻqish mumkin. Oʻqigan paytingizda esa “Qiziq, nega shunday buyuk shoir, oʻz davrida ham, hozirgi zamonda ham birday tan olingan zot oʻzini shu qadar xokisorlik bilan allaqanday sodda, rangsiz soʻzlar bilan ataganikin?” degan savol xayolingizda, hech yoʻqsa, bir marta charx urgani shubhasiz. Ijodkorning vazifasi – odamlar dilidagini goʻzal tarzda qogʻozga tushirish, el dardini ilhomining shijoati, qalamining kuchi bilan yengillatish. U yozganini odamlar oʻqisa, tanisa va tan olsagina oʻzini haqiqiy ijodkor deb biladi. Mana shu tan olinish umidi uni kamtarlik, xokisorlikka undaydi: “yozganimni kimdir oʻzining dardi deb bilarmikin, yozganim kimgadir maʼqul kelarmikin, agar bunday boʻlmasa-chi”, degan andisha uni kamtarinlik, “bandalik” maqomida tutib turadi, osmonga chiqmoqchi boʻlganida oyogʻidan ushlab qoladi. Odamlar uni soʻz sohibi deb tan olsa, yozganini shodlanib-qaygʻulanib oʻqisa, sheʼrini qalb mulkiga, oʻzini esa sevimlilari qatoriga qoʻshsa-da, ijodkor bundan koʻnglida ajib bir gʻurur tuysa hamki havolanib ketmaydi. Shu gʻururini ham yarashiqli holda oddiy va samimiy bir tarzda “Bandaning…” tarzida boshlab ifoda etadi. Ammo bungacha ulugʻ yosh yashamogʻi, ijodda katta tajriba toʻplamogʻi va maktab yaratmogʻi lozim boʻladi…

Bu kabi talablarni, qoidalarni jamlagan ijod odobiga bobolarimiz qatʼiy rioya etganlar. Yana bir qancha ijodkorlik odobiga xos qoidalar boʻlganki, adabiy yigʻinlar, majlislarda bu meʼyorlarga qatʼiy amal qilingan: davrada ustozdan avval sheʼr aytmaslik, oʻzidan yoshi ulugʻ shoirning iznini olgandan soʻng sheʼr oʻqish, asarining tahliliga tik turgan holda jim quloq tutish, tanqidiy fikrni samimiy qabullash, eʼtibor uchun taʼzimda boʻlish va boshqa shu kabi taomillar rioyasi ijodkorning madaniyati, odob-axloqini koʻzgu yangligʻ tiniq koʻrsatgan…

Rost, u zamonlar oʻtdi, davr tinimsiz yangilanishda, charx evrilishda. Odatlar oʻzgarar, rasm-rusumlar eskirar, ammo qoida, odobni eskirtirib boʻlmas. Adabiyotning, ijodning oltin qoidalari bugun ham mustahkam. Bugun ham ular adabiyotga shiddat bilan yopirilayotgan yengil-yelpi, olomonga xos did oʻlchamining quyunlari yoʻlini toʻgʻonday toʻsa oladi. Bugun ham har qanday soʻzqator sheʼr boʻlolmaydi, har kim koʻksiga urib, “men shoirman”, “men adibman”, desa, shoiru yozuvchi boʻlib qolavermaydi, yo uning yozganini oʻquvchi tan olmasa, oʻzi ming maqtasin – bekor. Adabiyot yoʻli havas bilan tanlanmaydi, uni taqdir, qismat belgilaydi, ijodkorlikni shuhrat keltiradigan kasb deb emas, taqdir yozugʻi deb qabul qilgan odamgina buyuk soʻz sohibiga aylanishi, odamlar uni shoir yo adib sifatida tan olishi mumkin.

Bu gaplarni ustoz ijodkorlar biladi, yaxshi anglaydi. Yoshlar-chi? Yosh, “havaskor” deyiladigan qalamkashlar buni biladimi? Adabiyotning oltin qoidalarini, ijodning odob meʼyorlarini ular qanchalik anglab yetayapti bugun? Hozirda adabiyotni havas maydoni deb bilayotgan yoshlar koʻpayib ketmadimi, sizningcha? Agar shu oxirgi savolga javob soʻrasangiz, “bunday yoshlar hozir juda koʻp, haddan ziyod koʻp”, deyman. Buni hammamiz bilamiz. Bugun koʻchada ketayotgan 3 nafar qiz yo yigitni toʻxtatib, soʻroqqa tutsangiz, shulardan ikki nafari oʻzini ijodkorman deb tanishtiradi. Ijodkor boʻlganda ham aynan “sheʼr yozadigan ijodkor” ular. Uchinchisi “yoʻgʻe, men sheʼr yozmayman”, deyishi mumkin (agar ilgari yozib, keyin “tashlab ketgan” boʻlmasa!).

Nega bunday? Bizning yoshlarimiz adabiyotni shu qadar sevadilarmi? Unday desa, ularning aksariyatidan oʻqigan kitobini soʻrasangiz, uch-toʻrtta nomi mashhur asarni sanashdan nari oʻtisholmaydi. Sevimli shoirini soʻrasangiz, yo Muhammad Yusuf, yo Abdulla Oripov, yo Erkin Vohidovni aytishadi. Bu nomlarni ham mashhur boʻlgani uchungina biladi. Aslida uchala nomdor shoirning sheʼrini yo oxirigacha yod oʻqib berolmaydi, yo Muhammad Yusufning “Xalq boʻl, elim” sheʼrini aytib berib, muallifiga kelganda, kiprik qoqmay, Abdulla Oripov, deyishadi. “Men Navoiyni yo Fuzuliyni oʻqiyman”, deguvchisini topa olmaysiz. Demak, azbaroyi adabiyotni sevib, ijodkor boʻlishga qiziqmayapti ular?! Demak, ular adabiyotni, sheʼriyatni oson bir yoʻl, usul deb bilishayapti?! Shunchaki havas maydoni deb oʻylashayapti. Buning isbotini esa nashriyotlarda bosilayotgan sheʼriy toʻplamlarni olib varaqlaganda koʻrish mumkin: bir xildagi sheʼrlar, qolipdan chiqqanday. Vatan, ona, muhabbat, bahoru kuz haqida. Orasida yarq etgan biror satr, biror toʻrtlik koʻrmaysiz. Mashhur multfilmdagi kabi “Bogʻdan gullar terdim men, terib yorga berdim men” tarzidagi osongina soʻzqatorlar. (Eng yomoni, ularning ayrim sheʼrlari chindan ham qolipga quyilgan. Bir yili bir oʻsmir qizning kitob taqdimotida qatnashishimga toʻgʻri kelgan. Davrada soʻz olganlarning hammasi bu qizginaning bir satrini takrorladi: “Bahorlar qaytguncha, omon boʻlaylik!” Televideniyega intervyu berganida ham, davrada soʻzga chiqqanida ham uning oʻzi faqat har bandi shu satr bilan tugallanadigan sheʼrni oʻqidi. Xullas, bu quymaday satr koʻpchilik qatori mening ham miyamga singib qoldi. Oradan ancha vaqt oʻtganidan soʻng taniqli shoira Zulfiya Moʻminovaning kitobini oʻqiy turib, shoiraning oʻziga xos oʻtli satrlaridan taʼsirlana turib, boyagi tanish misrani koʻrib qoldim. Faqat unda “bahor” soʻzi oʻrnida “turna” soʻzi qoʻllangan va sheʼrning butun maʼnosi turna kelishi-ketishi voqeasiga qurilgan edi: turnalar qaytgancha, omon boʻlaylik…) Bu toʻplamlarning mualliflari bilan suhbatlashsangiz, “falon toʻgarak aʼzosiman, falon shoirning shogirdiman”, deyishdan nariga oʻtmaydi. Yoki sheʼrini tahririyatga “shuni chiqarib bering”, deb yuboradigan, keltiradiganlarning ijod namunalari ham shunday – haminqadarlik, zoʻrma-zoʻrakilik ustun ularda. Lekin oʻzlari uchun bu mashq – mukammal sheʼr! Modomiki, sheʼr ekan, u albatta gazetada yo jurnalda chop etilishi kerak! Bu “sheʼr”dagi gʻaliz jumlalar, saktaliklarni tushuntirishga urinsangiz, gapingizni oxirigacha eshitish oʻrniga bir xil savol beriladi: sheʼrim chiqmaydimi gazetada?

Demak, bu “havaskor ijodkor” uchun xatosini tuzatish, oʻz ustida ishlash emas, sheʼrining gazetada chiqishi muhimroq. Chunki bu harakat yo biror tanlovda ishtirok etish uchun kerak, yo yana shunga oʻxshash manfaatli biror ish uchun. Shunday paytlarda oʻylab qolasan kishi, bu nima, ragʻbatni suiisteʼmol qilishmi, shunchaki mashhurlikka erishishmi? U nimani istayapti: sheʼrini kimdir oʻqib maʼnaviy ozuqa olishinimi yoki “bir amallab, gazetaning bir chetida boʻlsa ham ism-familiyasi chiqsa boʻldi”mi?

Ijod ragʻbatni xush koʻradi, u shundan kuch oladi, bu toʻgʻri. Ammo ragʻbatdan oldin ijod odobi, qoidalari, talablarini bilish kerak emasmikin? Adabiy toʻgaraklarda eng avval shu qoidalarni oʻrgatish, singdirish lozimdir balki? Soʻzning ilohiyligini, u har kimga raftorini ochavermasligini havaskor bilishi shart emasmi yoki?! Shart. Agar “sheʼr yozishdan oson ish bormi, hozir shartta yozib tashlayman”, deydiganlarning safi kengayishini istamasak, shart bu. Yosh havaskor esa bilsin, anglasin:

– soʻz – ilohiy xilqat: u oʻzini xor qilganni kechirmaydi;

– sheʼr yozish – oson ish emas, qofiyasini keltirib, turogʻini taxtlagan bilan u sheʼr boʻlib qolmaydi, binobarin, havaskorning yozgani hali-beri sheʼr emas, balki “mashq” deyilishi shundan;

– “men sheʼr yozaman”, deyishdan oldin bu gapning asl maʼnosini anglamoq kerak;

– ijodni tanlagan kishining ilk sabogʻi ijod odobi boʻlishi kerak – u plagiatlik (adabiy oʻgʻrilik) nimaligini, uning oqibatlarini, oʻziga sevimli shoir satridan foydalanish odobini oʻrgansin, xabari boʻlsin;

– sheʼriyat uni koʻkka koʻtarmasin, aksincha, kamtarlikka oʻrgatsin, oʻzini anglashga odatlantirsin.

Agar shularga va ijodning yana boshqa qoida-usullari, talablariga tayyor boʻlsagina sheʼriyat eshigini taqillatsin. Yoʻqsa, boshqa havas maydonlari ham koʻp. Bir filmda aytilganiday, yomon qoʻshiqchi boʻlgandan koʻra, yaxshi ishchi boʻlgan afzal…

 

Xurshida ABDULLAYEVA

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/adabiyot-shunchaki-havas-maydoni-emas/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x