Ertak!
Biz uni xalq ogʻzaki poetik ijodining asosiy janrlaridan biri, yaʼnikim toʻqima va uydirmaga asoslangan, sehrli-sarguzasht va maishiy mazmundagi epik badiiy asar sifatida bilamiz. Lekin ayni shu janr ayrim kishilar taqdirida nechogʻli ahamiyatli boʻlishini va hatto inson qismatini bolalikdan belgilab berishini hammamiz ham bilavermaymiz. Masalan, kaminaning yozuvchilikka havas va ishtiyoqi bolalikda ertaklar tufayli yuzaga kelgan desam sira yanglishmayman. Ne baxtki, onam Hanifa Omon qizi ertakchi ayol edi. U minglab ertaklar bilardi va har oqshom to yarim tungacha qorachiroq nuridan yoritilgan oʻn bolorli uyimizda ertak aytilardi. Zamon ogʻir, kitoblar topish qiyin, topilganini ham birpasda oʻqib tashlardik. Boz ustiga, kattalar qatori biz bolalar ham mehnatga tortilgandik. Deylik, kuz va qish tunlari oddiygina koʻrak chuvish biz bolalar zimmasida edi. Kunduzlari har bir xonadonga aravada qop-qop koʻrak olib kelib tashlanardi va tonggacha biz ularni chuvib boʻlishimiz lozim edi. Bola uchun dunyoda koʻrak chuvishdek zerikarli va bemaʼni ish boʻlmasa kerak. Oʻrtada uyilib yotgan koʻraklarni koʻrganda olam zimiston tortib ketardi, tashqarida qora sovuq, tunda boshlanib tongga yaqin tinadigan shamolning uvillashi yurakka battar gʻashlik solardi. Bunga uzoq-yaqindagi boʻrilarning uvlashi qoʻshilganda dunyo yakkash xavf-xatardan iboratdek tuyulardi. Ana shunday paytlarda ertak jonga ora kirardi. Onamiz ertak boshlashi bilan uy ichi kengayib, yorishib ketganday boʻlardi. Oʻrtada uyilib yotgan yoqimsiz koʻraklarni barmoqlarimizgina sezar, aql-hushimiz esa ertak voqealariga ogʻardi. Boʻrilarning uvlashlari bamisli hofizning qichqirigʻidek tuyulib, murgʻak yuragimizda ortiq dahshat hissini tugʻdirmasdi. Negaki, aytilayotgan baʼzi ertaklarda u qonxoʻr maxluq emas, tanti va mard jonivor sifatida talqin etilardi-da. Umuman olganda, ayrim tunlari boʻrilar qishloq oralab, kimningdir qoʻrasiga tushgudek boʻlsa, odamlar bu hodisani fojea oʻrnida qabul qilmas, yengilgina qoʻl siltab: “Aka kep, haqini obketdi-da”, deb qoʻya qolishardi. Bir tomondan ertak, ikkinchidan esa qishloq kattalarining boʻrilarga nisbatan bu xil qarash va munosabatlari biz bolalar qalbida ularga nisbatan ozmi-koʻpmi hurmat hissini uygʻotmay qolmasdi.
Tashqarida shamol quturar, ichkarida esa onamiz ertak aytardi. Ertak bahonasida oʻrtadagi koʻrak chuvilishi lozim edi. Shuning uchun ertak deganlari bir-biriga ulanib ketaverardi. Uzoq tunda aytiladigan ertakning sehri boshqacha boʻladi… Keyin-keyin esa tengqurlarim orasida oʻzim ertak aytishni odat qildim. Ular qolib, katta yoshdagi bolalar ogʻzimga tikilganini koʻrib hayron qolardim va bilganlarim tugab qolgudek boʻlsa, oʻzim ertak toʻqiy boshlardim. Toʻqigan ertaklarimda yovuzlik va yorugʻlikdan tashqari, hayvonot dunyosiga nisbatan boʻlgan munosabatimu muhabbatim aks etardi. Soʻng menda ularni qogʻozga tushirish fikri paydo boʻldi. Biron yerda chop ettirish emas, shunchaki yozgim kelgani uchun yoza boshladim. Mashqlarimni biron gazeta yoki jurnalga yuborish tushunchasi yoʻq edi menda. Axir uchinchi sinf bolasida bu fikr qaydan boʻlsin. Keyinchalik ertak toʻqishdan qoniqmay, bilib-bilmay hikoya janriga qoʻl urdim. Bu holat tafakkur qila boshlaganimni bildirardi. Tafakkur qilish esa kaminada ertak aytish ishtiyoqini soʻndirdi, kamgap boʻlib qoldim. Oqshomlari maysa ustida oʻmbaloq oshib, bolalar bilan kurash tushish ishtiyoqi tark etdi meni. Kamina endi borliqqa oʻzga nigoh bilan nazar sola boshlagandi. Tabiat hodisalari va fasllar almashuvidan oʻzimcha maʼno qidiradigan boʻldim. Uy burchagidagi javonda oʻqigan kitoblarimning soni ortgani sayin nafaqat tafakkurimda, balki feʼlimda ham oʻzgarishlar sodir boʻla boshlagandi. Kitoblar taʼsirida qishloqqa sigʻmay qoldim. Dala-dashtu qir-adirlarga intila boshladim. Qishloqdan narisi qir-adirlik, soʻng chek-chegarasiz togʻlar boshlanardi. Sukunat bagʻriga choʻmib, istaganingcha xayol sur, xalal beruvchi biror kimsa yoʻq, jonivorlar esa gʻij-gʻij edi. Bu paytda jonivorlarga ozor berishdan tiyilgandim. Chunki bu dunyoda barcha narsa tabiiy uygʻunlik asosiga qurilgani va tabiatga ozor beruvchi yolgʻiz jon odam bolasi ekanligini favqulodda anglab yetgandim. Oqibat, yovvoyi tabiat va jonivorlar doʻstimga aylandi. Ular haqida yoza boshladim. Oʻquvchilarga oʻzim koʻra bilgan va his qilgan dunyoni koʻrsatish, ularni ogohlantirish uchun yoza boshladim. Men dunyoni oʻzgartirishni istardim. Yozganlarim bilan goʻyo dunyo oʻzgarib qoladigandek edi. Buning qarangki, taqdir jonivorlarga nisbatan munosabatim oʻzgachiligini sezganday, necha va necha bor meni boʻrilarga duch qildi. Itlar haqida gapirmasam ham boʻladi. Ularning ovozidanoq nima demoqchi ekanligini sezadigan boʻldim. Chunki ular menga shunchaki it emas, tabiiy uygʻunlikning jonli bir boʻlagi edi. Sadoqatni oʻshalarda koʻrdim, mardlikni boʻrilarda uchratdim. Qishning qirchillama kunlaridan birida qirning tor oʻzanida ularning toʻrttasiga toʻsatdan roʻparoʻ kelgan va azbaroyi qoʻrqqanidan yelkasidagi miltiqni olishga ham qurbi yetmagan yigitcha men edim. Surishtirib kelsa, ular emas, men boʻrilarning yoʻlidan chiqib qolgandim. Shunda ular nima qildi dersiz? Nima qilishardi, qorinlari toʻq ekanmi, xuddi toʻnkani chetlab oʻtganday, yoʻrtishgancha yonimdan oʻtib ketishdi. Hatto birining quyrugʻi barimga surgalib oʻtganday boʻldi. Endi ular oʻrnida xashaki itlarni tasavvur qilib koʻring – ular yo tashlangan boʻlardi, yo izlariga qaytib ketardi. Boʻrilar esa izlariga qaytishni xayollariga keltirmagandek, menga eʼtibor ham berishmadi. Yirtqichlarning bu qiligʻi, yaʼni odamni pisand qilmasligi juda qiziq boʻladi. Buni soʻz bilan ifodalash qiyin. Bunaqa paytda ular sizga nigohini qadamaydi, shunchaki bir qarab qoʻyadi. Ularning bu shunchaki bir koʻz tashlab qoʻyishida ulugʻvorlik, oʻziga ishonch, maydalikdan yiroqlik va yana koʻp narsalar borki, bu holatni faqat badiiy asarlarda tasvirlash mumkin. Shunga oʻxshash holatlarni zoti toza itlarda ham koʻrganman.
Hozir oʻylab qolaman. Nechun bu xil holat va hodisalarga bolalikdayoq duch kela boshlaganman? Bundan tashqari, azim kentda yashab turib, nechun hozirda umrimning yarmi togʻu toshlarda, dashtu sahrolarda kechmoqda? Javob esa bitta – bu qismat. Taqdirning menga atalgan inʼomi bu. Bolalikdan ertaklar olamida ulgʻayishim esa taqdirning tuhfasidir. Axir shu ertaklar emasmi, bolalikdayoq menda kitoblarga havas uygʻotib, dunyoqarashimni shakllantirgan, qalbimga ezgu tuygʻular baxshida etib, tabiat va jonivorlarga nisbatan muhabbat hissini yuzaga keltirgan. Shuning uchun barcha onalarga hayqirib aytgim keladi, bolalarga ertak ayting, onalar!
Ijod haqida soʻz yuritar boʻlsam, yozganlarimni uzoq vaqtgacha biron yerda chop ettirishga oshiqmaganman. Darvoqe, bolalikda yozgan mashqlarim – ertak va hikoyalarimning bari yoʻqolgan. Qanday qilib yoʻqolgan, buni oʻzim ham bilmayman. Shunchaki mashqlar boʻlgani bois ularga hozirda achinmayman. Keyin yozganlarimni esa… Qaytamga hayotni yaxshiroq oʻrganish maqsadida turli kasblarda, hatto oʻzim yoqtirmagan ishlarda ham ishlaganman. Endilikda oʻylab qolaman, toʻgʻri qilganmanmi-yoʻqmi deb. Chamasi, toʻgʻri qilganga oʻxshayman. Kasb, kasbga bogʻliq turfa xarakterlarni oʻrganishning oʻzi boʻlmaydi. Bu katta bir maktab hayotimda.
Oʻzimcha hayotni oʻrganishga yakun yasab, soham boʻyicha matbuotda ish boshlashim bilan oʻtgan asrning saksonchi yillarida, goʻzal bir ijodiy muhitga tushib qolganman. Oʻtkir Hoshimov, Erkin Aʼzam, Usmon Azim, Sirojiddin Sayyid, musavvir Odil Bobojon – bularning har biri oʻziga xos olam edi. Bu davralarda tafakkur yolqinlanardi, fikr nurlanardi. Adabiyotga oʻzni fido aylash tushunchasi qanotlantirilardi. Ertaklar meni oyoqlatgan, ijodiy izlanishlar dunyoqarashimni shakllantirib, oʻzligimni anglatgan boʻlsa, bu ijodiy muhit kaminaga ustozlik qildi desam sira xato qilmagan boʻlaman. Turgan gap, ijodiy muhitda gap koʻp, u kishini mukammallikka yetaklaydi. Soʻzning zalvorli kuchini teran his qilgan holda, uning qatidagi ranglarni ilgʻay boshlaysiz. Va tinimsiz ijodiy izlanish hayot tarzingizga aylanadi. Adabiyot qismatingiz, uningsiz tiriklik maʼnisiz va tussiz ekanini anglashga yordam beradi. Muxtasar qilib aytganda, adabiyot mangu yoniq qalb nuridir. Xalq ongining shakllanishida, uning oʻzini anglashda adabiyotning beqiyos roli mavjudligini yanada teran tuyganingizdan soʻng esa, ulkan bu adabiy jarayonning zanglamas bir murvatiga aylangan koʻyi, uning azaliy va abadiy harakatiga oʻz ulush va hissangizni qoʻshish ishtiyoqida yona boshlaysiz. Bu yaratish ishtiyoqidir. Afsuski, ushbu ishtiyoq koʻplarda juda tez soʻnadi. Adabiyot esa qalbi mangu yoniq ijodkorlar ishidir va faqat ulargina uning badiiy va maʼnaviy xazinani yangi durdonalar bilan boyita oladi. Xullas, saksoninchi yillardan qator hikoyalarim “Yoshlik” jurnalida, soʻng boshqa gazeta-jurnallarda yuz koʻrsata boshladi.
Shu kungacha oʻn beshga yaqin kitobim chiqdi. Shu oʻrinda kitobxonlik xususida andak fikr yuritmoqchiman. Bu yorugʻ olamda kitobdan zoʻr doʻst yoʻqligi bizdan avval ham koʻp taʼkidlangan. Haqiqatdan kitobdan zoʻr doʻstning oʻzi yoʻq va uning oʻrnini hech qaysi sanʼat turi bosa olmaydi. Oʻz oilasida kitobxonlikni shakllantira olgan ota-ona tarbiyada koʻp narsani yutadi. Bu borada, ayniqsa, onaning roli oʻzgachadir. Chunki bolalar koʻproq ayollar bilan muloqotda boʻladi-da. Turmush oʻrtogʻimiz Toʻxtaxon muallima, maktabda til va adabiyotdan dars beradi. Bolalarning yoshi va qiziqishiga qarab kitob tanlashda juda ustasi farang, ming qilsayam, oʻqituvchi-da. Qisqasi, kitob oʻqigan bolaning hayajoni sal boʻlakcha boʻladi, uning hayajoni paytida andak eʼtiborli boʻlsangiz, bolada kitobxonlik hissi yanada oshadi. Aks holda quruq oʻquvchiga aylanib qolishi mumkin. Ularni fikrlashga undash uchun bolaning hayajoniga esh boʻlish lozim. Donolar aytishadiki, bolasiga oʻrgatmagan va soʻng bolasidan oʻrganmagan odam hayotdan orqada qolib ketadi deb. Shu bois uydagi chugʻur-chugʻurlardan ham nimadir oʻrganayapmiz.
Adabiyotda shovqinni yoqtirmayman, bir-ikkita narsa yaratib qoʻyib, oʻzini daho sanaydiganlarni jinim sevmaydi. Oʻquvchi tushunishi qiyin boʻlgan holda murakkab yozish kerak, deydi shunaqalardan bittasi. Keyin allaqanday oqimlarni roʻkach qilib, oʻzbek adabiyotida bittayam haqiqiy isteʼdod yoʻq deydi. Masalan, Navoiyni kim oʻqiyapti deydi. Gapidan shu narsa anglashiladiki, u oʻzbek adabiyotini oʻqimagan, oʻqimagani holda unga baho berishga tirishadi. Gʻarb adiblaridan bir-ikkisining nomini sanab, shunaqangi vaʼzxonlik qiladiki, oqibat, kalavasining uchini yoʻqotib, nima deyayotganini oʻzi ham bilmay qoladi. U Navoiyni maktab dasturida oʻqigan, “Oʻtkan kunlar”ni varaqlab ham koʻrmagan. Choʻlpon va shuningdek, boshqalarning nomini eshitishni ham istamaydi. U vaysashni, daʼvo qilishni yaxshi koʻradi. Soʻng oʻzini hech kim tushunmayotganidan nolib, hammani gʻirt nodonga chiqaradi.
Bu xil kimsalar bahsga arzimaydi. Uning yonidan, qirning tor oʻzanida oʻzimga yoʻliqqan boʻriday, indamay, shunchaki bir koʻz tashlab oʻtaman. O-o, shunchaki koʻz tashlab oʻtishdan yomoni yoʻq va shunda uning nigohida “isteʼdodga nisbatan hurmatsizlik bu” degan taʼnani oʻqiyman.
Ha, adabiyotni isteʼdodlilar yaratadi, isteʼdodsizlar esa qora quyunday doim ular atrofida charx urib, daholikka daʼvogar boʻlib yuraveradi. Bu ham kunu tundek, azaliy holat erur.
Mendan koʻpincha, nimalar yozayapsiz, deb soʻrashadi. Yozayapman, lekin oʻsha yozayotgan narsam haqida avvaldan bir narsa deyishdan hamisha istihola qilaman. Avvaldan aytish, nazarimda, non oʻrniga xamir tutishdek bir gap emasmi?!
Normurod NORQOBIL
“Yoshlik”, 2010 yil, 7-son
https://saviya.uz/hayot/suhbat/adabiyot-mangu-yoniq-qalb-nuridir/