Adabiyot maʼnaviyat javharidur

(Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori TURSUNOV bilan suhbat)

 

Orziqul Ergash: Anvar aka, biz sizni diniy-milliy qadriyatlarimizning tolmas targʻibotchisi, xalqimiz maʼnaviyati, madaniyatini yuksaltirish yoʻlida astoydil xizmat qilib kelayotgan maʼrifatparvar yurtdoshimiz sifatida yaxshi taniymiz. Ayni choqda, sizning adabiyotimizga, xususan, mumtoz sheʼriyatimizga boʻlgan ehtiromingizni, sheʼriy mashqlar qilib turishingizni ham yaxshi bilamiz va qadrlaymiz. Adabiyotni, jumladan, sheʼriyatni inson hayotida, uning dunyoqarashini shakllanishida tutgan oʻrni borasidagi fikrlaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz.

Anvar qori: Taklifingiz uchun minnatdorman, otaxon jurnalimiz “Sharq yulduzi”dek tabarruk nashrda suhbatimiz berilishi men uchun juda maroqlidir. Chunki bu jurnal menga bolaligimdan yaqin qadrdon, yaqin doʻst. Yaxshi eslayman, onam bu jurnalga har yil obuna boʻlardilar. Adashmasam, oʻn yoshlarimdan boshlab oʻqib kelaman. Va ularni tabarruk kitoblar kabi asrab qoʻyganman. Buvilarimiz otinbibi edilar, uyimizda Navoiy, Fuzuliy, Mashrab koʻp oʻqilardi. Shundan menga adabiyotga havas uygʻongan. Oʻsha paytlarda “Sharq yulduzi”da Navoiy hazratlarining gʻazallariga sharhlar berilardi. Bitta qoldirmay berilib oʻqiganlarim esimda. Umuman olganda, xalqimiz adabiyot yangiliklaridan, asosan, mana shu nashr orqali tanishib borardi desam, mubolagʻa boʻlmaydi.

Bilasizki, Paygʻambarimiz rasuli akram (s. a. v)ga vahiy qilingan Qurʼoni Karimning birinchi sura, birinchi oyatida “Iqraʼ!” deya xitob qilinadi. “Iqraʼ!”, yaʼni “Oʻqi!”, bu – Olloh taoloning bashariyatga buyrugʻi. Paygʻambarimiz (s. a. v) Olloh taolo yaratgan birinchi narsa, bu qalam edi, deydilar. “Iqraʼ” oyati va birinchi yaratilgan qalam juda katta mazmunga ega. Insonni inson qiladigan, uni komillikka eltadigan, jamiyatni ham moddiy, ham maʼnaviy taraqqiyotining asosi ilmdir, oʻqishdir. Va mana shu jihati bilan ham Inson boshqa maxluqotlardan farq qiladi. Odam biror bir mutaxassislikni egallashi uchun albatta oʻshanga taalluqli adabiyotlar bilan tanishadi. Lekin inson oʻzligini anglashi, mohiyatiga yetishi uchun bu kifoya qilmaydi. U yaxshi mutaxassis boʻlib yetishishi mumkin. Ammo uning maʼnaviyatli, dunyoqarashi keng, maʼnan boy inson boʻlib voyaga yetishi uchun badiiy asarlarning alohida oʻrni bor. “Kim oʻzini anglasa, Rabbisini anglabdir”, deyiladi hadisi sharifda. Oʻzini anglashning eng muhim vositalaridan biri, bu shubhasiz, badiiy asarlardir. Nazm boʻlsin, nasr boʻlsin bulardan uzoq odam ruhiy kamolotga yetisha olmaydi. Oʻzini sohasini puxta bilishi mumkin. Ammo maʼnaviyati sayoz boʻlib qolaveradi. “Olim boʻlish mumkin, odam boʻlish qiyin”, degan xalqimiz iborasida nazarda tutilgan bir holat yuzaga keladi. Odam boʻlishlik odamiylik sifatlariga ega boʻlishlik, demakdir. Odamiylik sifatlari esa odob-axloq, halollik, vatanparvarlik, mardlik, sadoqat, iymon-eʼtiqod butunligi… Bu sifatlar kishida tarbiya vositasida shakllanadi. Tarbiyaning eng samarali yoʻli bolada kitobxonlik koʻnikmasini paydo qilishdir. Kitob, kitobxonlik deganda, asosan, badiiy asarlar nazarda tutiladi. Chunki adabiyot adab soʻzidan olingan deyishimiz, bir qarashda joʻnroq tuyuladi. Vaholanki, bu – bor gap. Toʻgʻri maʼnoda ham, koʻchma maʼnoda ham badiiy asar – tarbiya vositasi. Xoh didaktika, xoh yuksak badiiyat namunasi boʻlsin – vazifasi bitta: insonning axloqini poklash, ruhiyati, maʼnaviyatini yuksaltirish, his-tuygʻulari, dunyoqarashini shakllantirishdir. Ruh tarbiyalangan joyda muvozanat, barqarorlik boʻladi.

Orziqul Ergash: Keyingi yuz yillik yuksak taraqqiyot asri boʻldi, fan-texnika yuksaldi, mislsiz kashfiyotlar bashariyat hayotini butunlay oʻzgartirib yubordi. Ilgari ertak-afsonalardagi moʻjizalar oddiy voqelikka aylandi. Ayniqsa, keyingi oʻn yilliklar yangiliklari hech kimni hayratlantirmay qoʻydi. Ayni choqda, odam bolasi tabiatida, ruhiyatida quruqlik deymizmi, moddiyunchilik deymizmi, shunga oʻxshash qusurlar paydo boʻldi. Qadimiy anʼanalar, qadriyatlarga nisbatan bepisandlik paydo boʻldi. Ayniqsa, Gʻarb dunyosida bu narsa ochiq-oshkora koʻzga tashlanib qoldi.

Anvar qori: Toʻgʻri aytasiz, bugungi Gʻarb hayratlanarli tarzda taraqqiyotga erishdi, buni tan olish kerak. Lekin, shu bilan birga, juda katta yoʻqotishlarga uchradi. Oddiy insoniy munosabatlar, ota-ona va farzandlar, kattalar va kichiklar, ayniqsa, er-xotinlar oʻrtasidagi sof insoniy munosabatlar bachkanalashdi. Chuqurroq oladigan boʻlsak, erkin muhabbat degan zararli qarashlar insonni inson qiladigan oilaviy muhitga, nikoh, sevgi, muhabbat, sadoqat kabi ezgu tuygʻularga putur yetkazdi. Xudbinlik, molparastlik, ishratparastlik, oilaviy norasoliklar paydo boʻlib, yuqumli kasallik kabi yon-atrofga tarqalib boryapti. Bularning tagzaminida barcha ezguliklar, yaxshiliklar manbai boʻlmish kitobdan uzoqlashib qolganimiz yotibdi. Bu narsa chegara bilmaydi. Kecha dunyoning olis bir nuqtasida yuz koʻrsatgan illat, bugun boshqa bir mintaqada paydo boʻlishi hech gap emas. Muhtaram Prezidentimiz har bir chiqishlarida, xususan, “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch”, “Adabiyotga eʼtibor – maʼnaviyatga, kelajakka eʼtibor” kabi qator asarlarida xalqimizni, birinchi navbatda, yoshlarimizni bunday yot taʼsirlardan himoya qilishning, oʻzligimizni, qadriyatlarimizni asrashning birdan bir yoʻli, bu xalqimizning maʼnaviyatini yuksaltirish ekanligini qayta-qayta taʼkidlaydilar. Maʼnaviyatning javhari esa adabiyotdir.

Paygʻambarimiz (s. a. v) soʻzda sehr bor, deganlar. Sheʼrda esa hikmat. Sehr, bu yaxshi maʼnodagi sehr. Yaʼni taʼsir bor, demoqchilar. Qachon taʼsir qiladi, agar u qalbdan chiqsa. Oʻzi, adabiyot – qalb ishi. Ulamolarimiz aytadiki, adabiyot qachon adabiyot boʻladi, u inson qalbiga nur olib kirsa. Keyingi paytlarda sariq matbuot, sariq adabiyot degan tushunchalar paydo boʻldi. Bu yoʻnalishdagi “asar”lar qalbni nurlantirish u yoqda tursin, aksincha, fasodga toʻldiradi. Ularning badiiyati haqida gapirmay ham qoʻyaqolaylik. Bunday yozishmalarning Paygʻambarimiz (s. a. v) nazarda tutgan sehrli soʻzga, hikmatga, umuman sof maʼnodagi adabiyotga mutlaqo aloqasi yoʻq. Eng zararli, xavotirli jihati shundaki, yetarli malakaga ega boʻlmagan kitobxonning, ayniqsa, yoshlarning didini oʻtmaslashtiradi, adabiyot borasidagi notoʻgʻri qarashlar paydo qiladi, soʻz degan buyuk neʼmat qadrini tushirib yuboradi.

Mumtoz asarlarimizni olib qarang, Navoiyni olaylik, Lutfiy, Fuzuliy, Bobur, Mashrab, Ogahiylarni olaylik. Soʻzning qudratini, taʼsir kuchini na qadar yuksaklarga koʻtarishgan. Shu sababli ham ular mumtoz, shu sababli ham asrlar osha yashab kelyapti.

Orziqul Ergash: Sizga maʼlumki, sal kam bir asrlik tarixga ega boʻlgan bizning “Sharq yulduzi” jurnalimiz respublikamiz ijod ahlining asosiy tabarruk minbari hisoblanadi. U oʻz tarixi davomida (eng murakkab zamonlarda ham) xalqimiz badiiy didi, maʼnaviyatini oʻstirishda, shubhasiz, katta oʻrin tutib keldi. Muqaddas Kitobimiz – Qurʼoni Karimning ilk bor ona tilimizda mazkur nashrda chop etilgani nafaqat jurnalimiz, balki xalqimiz tarixidagi eng yorqin maʼnaviy hodisalardan boʻlgani va bu sharafli ishning amalga oshishida, xususan, sizning ham munosib hissangiz borligini hamisha minnatdorlik bilan eʼtirof etamiz.

Anvar qori: Darhaqiqat, “Sharq yulduzi”da Qurʼoni Karim maʼnolarining tarjimasi bosilishi katta voqea boʻlgandi. U paytlarda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov rahmatli bosh muharrir edilar. Shu paytgacha bu Muqaddas kitobni oʻzbek tilida xalqimiz oʻqimagan edi. Madina shahrida yashab oʻtgan vatandoshimiz Oltinxon Toʻra tarjimalari esa bizga yetib kelmagan, boz ustiga, u arab imlosida edi. Bu xayrli tadbir Istiqlol sharofati, Prezidentimiz tashabbuslari bilan amalga oshdi.

Ustozimiz Alouddin Mansur hazratlari ona tilimizga oʻgirib, bizga yetkazib berib turdilar. Biz oqqa koʻchirib, rahmatli adibimiz Omon Muxtorov ikkimiz unga muharrirlik qilib, nashrga tayyorlab bordik. Katta olimlarimizdan Ozod Sharafiddinov, Alibek Rustamovlar yaqindan yordam berishdi. Shunday qilib, Mustaqilligimizning dastlabki yillari, 1990–92-yillarda jurnalning yigirma toʻrt sonida ketma-ket bosildi. Xalqimiz bundan judayam minnatdor boʻldi. Aytish mumkinki, buyuk Istiqlolning dastlabki oliy neʼmati sifatida qabul qilingan edi bu maʼnaviy hodisa. Haligacha oʻsha kunlarni umrimning eng munavvar bir damlari sifatida shukronalik bilan eslayman.

Orziqul Ergash: Har bir adabiy nashrning bosh maqsadi – adabiyot muxlislarini, xususan, yoshlarimizni, tom maʼnodagi yuksak badiiyat durdonalaridan oʻz vaqtida bahramand etib borish, hozirgi murakkab globallashuv zamonida paydo boʻlgan, Gʻarb “ommaviy madaniyati” gʻoyalari targʻibotchisiga aylangan, xalqimiz badiiy didining oʻtmaslashishiga sabab boʻlayotgan “sariq matbuot” xurujidan asrashdir.

Anvar qori: Oʻzini ziyoliman degan kishi, u shifokor boʻladimi, oʻqituvchimi yo bir aniq fanlar boʻyicha ilm qilayotgan olimmi, kitob oʻqishi kerak. Internet urfga kirdi. Uning ham oʻziga yarasha qulayliklari bor, har qanday yozuvchini, boringki, Lotin Amerikasi adibi boʻlsin, uning asarini bir necha daqiqada topishingiz, mutolaaga kirishishingiz mumkin. Lekin, baribir, Internet kitobning oʻrnini bosolmaydi. Kitob bilan hech bir texnik vositalarsiz, u bilan yolgʻizlikda suhbatlashish kerak. Buning zavqi, gashti boʻlakcha. Olloh taolo Qurʼonni ham kitob, deydi. Kitob bashariyatga berilgan eng buyuk neʼmat. Kitobsiz kishi oʻzini anglashi mumkin emas. Men ayrim oʻziga toʻq, davlatmand kishilarni kitobdan bebahra oʻtib borishayotganidan achinaman. Masalan, Hazrat Navoiyning bir baytini tushunish zavqini his etish, bu – katta baxt. “Boburnoma”ni oʻqib qoyil qoladi kishi. Bu asarda umri talotumlarda kechgan buyuk sarkardaning qanchalar noziktaʼb shoir, yozuvchi, olim, geograf, elshunos sifatidagi kuzatuvlaridan, ayni choqda, oʻta rostgoʻy, mard insonligidan hayratga tushamiz. Bu inson oʻz yurtdoshimiz ekanligidan faxrlanamiz. Va mana shu faxr bizni tarbiyalaydi. Oʻz tariximizga, Vatanimiz, xalqimizga mehrimiz yana ortadi. Kitobning buyuk tarbiyachi ekanligiga amin boʻlamiz.

Istiqlol sharofati bilan barcha jabhalarda boʻlganidek, adabiyot uchun ham keng yoʻllar ochildi. Tarixiy asarlarimiz koʻpaymoqda. Shu maʼnoda, ayrim fikrlarimni aytib oʻtsam. Xalqimiz tarixi Islom tarixi bilan chambarchas bogʻlangan. Islom dini aqoidlari xalqimizning turmush tarziyu milliy-axloqiy qadriyatiga aylanib ketgan ekan. Shuning uchun tarix haqida asar yozishni niyat qilgan adiblarimiz Islom tarixini mukammal oʻrganishi kerak. “Oʻtkan kunlar”ni oling. Har bir obrazning xatti-harakatida Islom kishisining tabiati sezilib turadi. Qodiriy domla madrasa koʻrganlar, dinni chuqur bilganlar. Oybekning “Navoiy” romanida Navoiy hazratlarining gap-soʻzlarida, olib borgan ishlarida naqshbandiya tariqati taʼsiri yashirin tarzda (ochiq aytib boʻlmagan) ehtiyotkorlik bilan singdirib yuborilgan. Hazrat Navoiyning “Kahfi fano ichra alar boʻlsa gum, Men ham oʻlay robiuhum kalbuhum…”, degan baytlarini olaylik. Kahfi fano nima? Qurʼonda “Kahf surasi” bor. Unda kelishicha, dinsiz kishilardan qochib, bir necha yosh yigit Kahf gʻoriga berkinishadi. Oʻsha yerda uch yuz yil qolib ketishadi. Ularning orasida bir it ham boʻladi. Navoiy majoziy maʼnoda aytayaptilarki, Kahf gʻoriga agar Nizomiy Ganjaviy, Xisrav Dehlaviy va Abdurahmon Jomiylar kirib ketishsa, men ham ularning sadoqatli iti boʻlib ergashardim va xizmatlarida boʻlardim, deyaptilar. Agar Kahf surasini bilmasak, Navoiyning mazkur baytini tushunishimiz mumkinmi? “Xamsa” dostonlarimi, “Mahbub ul-qulub”mi, “Lison ut-tayr”mi, qay bir asarlarini olmang, ularning mohiyatiga yetishimiz uchun dinni bilishimiz kerak.

Orziqul Ergash: Kuzatib borayotgan boʻlsangiz, jurnalimiz keyingi yillarda oʻz qadimiy mavqeini tiklamoqda, uning qiyofasida, mazmun-mohiyatida sezilarli ijobiy oʻzgarishlar yuz bermoqda. Mundarija rang-barangligi, eʼlon qilinayotgan asarlarning gʻoyaviy-badiiy mukammalligi, zamonaviy asarlar qatorida mumtoz adabiyotimiz durdonalariga, maʼnaviy-maʼrifiy ruhdagi asarlarga (masalan, Jaloliddin Rumiy, Hujviriy kabi allomalarimizdan qilingan yangi tarjimalar) tez-tez murojaat qilayotganimiz muxlislarimiz eʼtiborini qozonmoqda. Shu yilgi birinchi sonda, masalan, Ibn Sino hazratlarining M. Mahmudov tarjimasidagi “Ishq haqida risola”sini chop etdik.

Anvar qori: Xursand boʻldim. Xayrli ishlarni qilyapsizlar. Oʻtmish ajdodlarimiz u shoh boʻladimi, oddiy fuqaromi, sheʼriyat shaydosi boʻlganlar. Adabiyotni sevganlar. Ibn Sino hazratlari (boshqa tabiblar ham) tibbiy asarlarini sheʼrda yozishgani maʼlum. Chunki xalqimiz tabiati shunga mos, tushunilishi yengil. Qizigʻi shundaki, Shayx ur-rais deb tan olingan Abu Ali ibn Sino hazratlarining, tabobatni ilmiy asosga qoʻygan zotning falsafiy-badiiy asarlari (70 dan ortiq) tibbiy asarlaridan (40 tacha) ancha koʻproq ekan. Demoqchimanki, sheʼriyatga oshnolik, ezgulik, yaxshilikka intilib yashash xalqimiz uchun ota meros anʼana. Bugungi kunda ham bizni xavotirga solayotgan yot taʼsirlar, “ommaviy madaniyat” deb atalgan nojoiz illatlar xurujiga qarshi turaoladigan asosiy qalqon boʻladigan kuch ham xuddi ana shu qonimizda yashab kelayotgan anʼana, qadriyatlarimizdir. Dahriylik zamonlarida bir qadar quvvatsizlangan qadriyatlarimizni qayta tiklasak, oʻzligimizni asrab qolgan boʻlamiz. Buning uchun kitobga suyanishimiz, kitobga qaytishimiz kerak boʻladi. Va shunday qilinyapti ham.

Orziqul Ergash: “Imom minbari – iymon minbari”, degan gap bor. Istiqloldan keyin xalqimiz chin maʼnoda eʼtiqod erkinligini qoʻlga kiritdi. Koʻplab jomeʼ masjidlari qurildi, qarovsiz yotganlari taʼmirlandi. Ularda Islom universiteti, Islom instituti va koʻplab maxsus bilim yurtlaridan yetishib chiqqan imomlar xizmat qilishmoqda. Yurtimizda bugun ikki mingdan ortiq jomeʼ masjidi faoliyat yuritayotganini nazarda tutsak, axloqiy-maʼrifiy tarbiyani yoʻlga qoʻyishda, diniy savodxonlikni oshirish, dinimizning tub mohiyatini anglatishda imomlar ham muhim oʻrin tutadi, shunday emasmi?

Anvar qori: Shu masalada toʻxtalmoqchi edim. Qadimda maktab-madrasalarda badiiy adabiyotga ham keng oʻrin berilgan. Navoiy, Fuzuliy, Mashrab, Bedil gʻazallari oʻqitilgan, sharhlangan. Buning ahamiyati chuqur tushunilgan. Yaʼni sheʼriyat kishi nutqini bezaydi. Soʻzini taʼsirli qiladi. Men istardimki, imomlarimiz, xalq oldida turib maʼruza qiladigan mutassaddilarimiz koʻproq badiiy asarlar oʻqishsa, nafaqat oʻtmishda yaratilgan, bugungi zamonaviy adabiyotdan ham xabardor boʻlib borishsa. Ayni choqda, yozuvchi-shoirlarimiz ham din sohasida tanilgan ulamolarimiz bilan yaqin hamkorlikda boʻlishsa, foydadan xoli boʻlmasdi. Chunki bizning vazifamiz mushtarak – xalqni ezgulikka boshlash, maʼnaviyatini yuksaltirish. Bu yoʻlda qanchalik puxta bilimga, tushunchaga ega boʻlsak, ishimiz shuncha samarali, soʻzimiz shuncha taʼsirli boʻladi. Yana bir gap: shu kunlarda xalqimizning sevimli farzandi, Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 60 yilligi keng nishonlanmoqda. Muhammad Yusuf xalqimiz qalbiga kirgan, mehrini qozongan ijodkorlarimizdan edi. Men uni tez-tez oʻqib turaman, hayratga tushaman. Juda sodda va xalqona. Shu bilan birga, ana shu soddalik tagida qanchalar chuqur maʼnolar yotganidan zavqlanaman. Parij restoranlarini bitta tandiringga alishmayman, deydi shoir. Xorijda boʻlganlar biladi, u yerdagi hasham, dabdaba bir zumda kishining badiga uradi. Oʻzbekona hayot tarzini qoʻmsab qoladi kishi. Gʻarbda taraqqiyot baland. Ammo bizdagi baraka, fayzni topolmaysiz u yerdan. Koʻrdingizmi, shoirning “bitta tandir”i kishini qanchalik mushohadaga chorlaydi. Muhammad Yusuf tavalludi tantanalari, bu adabiyotimiz bayrami, adabiyotimizga boʻlgan xalqimizning ulkan mehr-muhabbati ifodasidir. Bu muhabbat barhayot ekan, adabiyotimiz ravnaq topaveradi. Adabiyotimiz ravnaqi esa – maʼnaviyatimiz yuksalishi, yurtimiz gullab-yashnashi demakdir.

Orziqul Ergash: Mazmunli suhbatingiz uchun jurnalimiz jamoasi, koʻp sonli mushtariylarimiz nomidan minnatdorchiligimizni bildiramiz!

Anvar qori: Tashakkur! Sizlarga ham ezgu maqsadlar yoʻlida olib borayotgan ishlaringizda Yaratgandan kuch-quvvat tilayman!

 

Suhbatdosh: Orziqul ERGASH

 

“Sharq yulduzi”, 2014–2

https://saviya.uz/hayot/suhbat/adabiyot-manaviyat-javharidur/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x