Adabiyot fidoiylari bilan barhayot

Inson umri orzular, umidlar, qaygʻu va iztiroblar majmuidir. Bugun bolalik yillarimni eslar ekanman, koʻz oldimda tuproq koʻchalaru saharmardonda poda haydab yurgan sarpoychan bolalar gavdalanadi. Ne tongki, oʻsha sodda va begʻubor bolalarning biri, shubhasiz, men edim. Garchi bizning bolalik davrimiz baxtu saodatga yoʻgʻrilgan zamonlarda kechmagan boʻlsa-da, oʻsha begidir va begʻubor kunlarni sogʻinaman.

Hamon esimda, oʻshanda urushdan keyingi ogʻir va mahzun kunlar… Bizning Joʻraboy qishlogʻimizga har hafta, eshagida, xurjunini toʻldirib pochtachi bobo kelardi. U kishi uyma-uy yurib, gazeta, jurnal, xat tarqatib chiqardi. Tabiiyki, bunday paytlarda mening ham qoʻlimga bir-ikki gazeta yoki jurnal tushib qolardi. Ana shu “tushib qolish” keyinchalik meni oʻqishga, hatto baʼzi bir narsalarni yozishga undadi. Vaqt oʻtgan sari oʻsha paytda chop etiladigan “Qizil Oʻzbekiston”, “Lenin yoʻli” (hozirgi “Zarafshon”), “Kommunizm bayrogʻi” (hozirgi “Payariq hayoti”) gazetalarini qoldirmay oʻqib boradigan boʻldim.

Oʻquvchilik yillarimda “Kuntugʻmush”, “Orzigul”, “Avazxon”, “Hasanxon” singari dostonlarni qiziqib oʻqib chiqdim. Olis qish kechalari doston qahramonlari bilan “muloqot” qilganlarim hamon esimda.

Uyimizda kutubxona yoʻq edi. Adabiyot darsliklaridan Oybek, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Uygʻun sheʼrlari, Abdulla Qahhor hikoyalaridan namunalar oʻqib, rasmlarini koʻrib ijodga havas paydo boʻlgan boʻlsa ajabmas. Elliginchi yillar boshlarida “Kitobdan-kitobga” deb nomlangan, kichik hajmli kitobchalar paydo boʻlgan edi. Ularda taniqli adiblarning asarlaridan parchalar berila boshlandi. Mana shu kitoblarning aksariyatini qoldirmasdan oʻqib chiqdim. Eslaganlarim: “Yosh gvardiya”, “Polk oʻgʻli”, “Oderda bahor”, “Gazandalar uyasining tugatilishi” va shunga oʻxshash asarlar edi. Bu asarlarning deyarli barchasi urush, harbiy-vatanparvarlik mavzuida edi.

Bu borada shuni afsus va oʻkinch bilan aytishim mumkinki, biz bolalik paytlarimizda oʻqishga chanqoq edik, ammo oʻqiydigan kitob ham, borini sotib oladigan imkoniyat ham yoʻq edi. Ne ajab, endilikda kitob koʻp, imkoniyatlar katta, biroq oʻqiydigan mard kam.

Koʻbay Pirimqulov degan matematika oʻqituvchimiz boʻlardi. Gʻayratli, bilimli odam edi rahmatli. Tuman, viloyat gazetalarida turli xil xabar va maqolalari tez-tez chiqib turardi. Ularga doim havas qilardim. Kunlardan bir kun “men ham urinib koʻrsam-chi”, degan fikrga keldim. Soʻngra nimalarnidir yozib oʻqituvchimga koʻrsatdim. U kishi menga yozish borasida qimmatli maslahatlarini berdilar. Shu-shu menda yozish istagi paydo boʻldi.

Oradan koʻp oʻtmay viloyat gazetasida “Begʻamlik oqibati” deb nomlangan ilk maqolam chop etildi. (“Yoshlik”da eslashicha, Abdusaid Koʻchimov “Uyimizda stol-stul yoʻq, yotib dars qilamiz”, deb oila devoriy gazetasida otasini tanqid qilgan ekan. Men esa oʻzim oʻqiyotgan maktabda yozgi taʼmirlash ishlari sust ketayotganini tanqid qilibman). Maqola chop etilgach, maktab direktorimiz biroz xafa boʻldilar. Ammo tanqid besamar ketmadi. Maktabimizda taʼmirlash ishlari tezlashib ketdi.

Oʻrta maktabni kumush medal bilan tamomladim. SamDU filologiya fakultetiga imtihonsiz qabul qilishdi. Men endilikda haqiqiy ijod va adabiyot maydoniga kirib kelgan edim. Biz talabalar bu dargohda Vohid Abdullayev, Boturxon Valixoʻjayev, Orif Ikromov, Nuritdin Shukurov, Hamdam Berdiyorov, Xudoyberdi Doniyorov, Saydulla Mirzayev, Rahmonqul Orzibekov kabi allomalardan dars oldik, oʻqishga, yozishga ishtiyoqimiz oshdi. Talabalik yillarimda viloyat gazetasida ikki hikoyam, sheʼrlarim, masallarim bosildi. Ilk adabiy-tanqidiy maqolam 1957 yili “Oʻzbekiston madaniyati” gazetasida chop etildi. Unda shoir Poʻlat Moʻminning “Sovgʻa” degan kattagina kitobi tahlil etilgan edi. Ammo bundan ilgari ham mazkur gazetaga bir necha adabiy maqolalar, taqrizlar yuborgan edim. Biroq ular chop etilmadi.

Talabalik yillarimda adabiy toʻgaraklar, ijodiy uchrashuvlar menga katta saboq berdi. Ayniqsa, talabalar ishtirokidagi yigʻin, uchrashuvlar nihoyatda qiziqarli kechardi. Men rus adabiyotiga qiziqqanim bois rus tilida boʻlib oʻtadigan uchrashuvlarni oʻtkazib yubormasdim. Esimda, odatdagi ilmiy konferensiyalardan biri yozuvchi Chexov ijodiga bagʻishlandi. Oʻshanda men hali yosh talaba boʻlishimga qaramay oʻrnimdan turib maʼruzachiga savol berdim: “Chexov bir hikoyasini “Qaygʻu” (“Gore”) deb, boshqa birini “Hasrat” (“Toska”) deb ataydi. Bu tushkunlikning, har xil nomlanishning sababi nima?” Savolim taniqli adabiyotshunos, Timofeevday mashhur olimlarga ustozlik qilgan Ya. Zundelovichga maʼqul keldi shekilli, oʻrnidan turib, “Bu yigit toʻgʻri savol berdi, Chexov har bir soʻzga alohida vazifa yuklaydigan teran adib”, deya tushuntirib ketdi.

1958 yili “Literaturnaya gazeta”ning bir guruh ijodkorlari, jumladan, Aleksandr Yashin, Vladimir Salouxin kabi adiblar Samarqandda, SamDU majlislar zalida ijodiy uchrashuv qilishdi. Tavakkal qilib, domlalar daldasi bilan soʻzga chiqdim. Ayni paytdagi ijodiy jarayon haqidagi fikr-mulohazalarimni, takliflarimni aytdim. Buni qarangki, uchrashuvdagi ushbu mulohazalar biroz muddat oʻtib gazetada chop etildi.

Zamonaviy adiblardan Sergey Antonovni sevib oʻqirdim. Oʻziyam oʻsha paytlarda “Mashinalar yoʻllardan oʻtib boradi” kitobiga kirgan olti hikoyasi uchun davlat mukofotiga sazovor boʻlgan edi-da. Yana, olimlikka daʼvo qilmagani holda, “Hikoyada detal” nomli kattagina ilmiy kitob ham yozgan edi. Keyinchalik ilmiy ish yozishimga shu adibdan oʻrganganlarim hamda “Detal. Syujet. Qahramon” va boshqa kitoblar muallifi, oʻz vaqtida M. Gorkiy bilan yozishmalar qilgan leningradlik taniqli olim Ye. Dobinning maslahatlari katta yordam berdi.

Ilk kitobim 1974 yili “Sanʼatning sehrli kaliti” nomi bilan chop etildi. Kitob yozuvchi A. Qahhorning mahoratiga bagʻishlangan boʻlib, nashr etilishiga adabiyotshunos olim Pirmat Shermuhamedov katta yordam bergan edi. Albatta, keyinchalik “Milliy madaniyatlar rivojida tanqidchilikning roli”, “BAM haqida hikoya”, “Daʼvatkor soʻz”, “Sollanib oqayotgan daryo”, “Tolibnoma”, “Ziyobaxsh umr sahifalari” (bu ikkisi hamkorlikda), “Dorilfunlar taqdirimda”, singari kitoblarim birin-ketin nashr etildi. Yangi kitob – “Maʼnaviyat mulkiga sayohat” chiqish arafasida “Gʻaybulloh as-Salom zamondoshlari xotirasida”, “Yaxshidan qolgan bogʻ”, “Asil Rashidov safdoshlari, zamondoshlari nigohida” kabi kitoblarga toʻplovchi, nashrga tayyorlovchi va bir necha asarlarga taqrizchi boʻldim. Gazeta va jurnallarda, badiiy-ilmiy toʻplamlarda bosilgan taqriz, maqola, ocherklarim soni 500-600 chogʻli boʻlsa kerak.

Albatta, nashr etilgan kitoblarimning hammasidan ham koʻnglim toʻlmaydi. Misol uchun, “BAM haqida hikoya” magistral qurilishida qisqa muddat boʻlganim uchun yuzakiroq yozilgan. Chunki oʻsha paytlarda Markazning gʻoyasi va tashabbusi bilan yaxshi hisob-kitob qilinmay boshlangan “asr qurilishi” shusiz ham shalvirab qolgan sobiq mamlakat xazinasini oʻpirib ketgani, oʻzini oqlamagani keyinchalik maʼlum boʻldi.

“Sollanib oqayotgan daryo”ni fanimiz, taʼlimimizga katta hissa qoʻshgan, oʻnlab shogirdlar yetishtirgan, koʻplab kitoblar yozgan fidoyi olim Gʻaybulla as-Salomning oʻksik koʻngliga dalda, taskin berish niyatida yuragimdan chiqarib yozganman. Bu koʻpchilikka maʼqul boʻldi, maktublar ham oldim.

Ustoz bilan hamkorligimiz samarasi, yangi davrning yangi avlodiga bagʻishlab yozilgan “Tolibnoma” asarimiz haqida ham koʻp iliq gaplar aytildi, yozildi, taqdimotlar boʻldi. Ayniqsa, Qarshi pedagogika kollejining oliy toifali oʻqituvchisi, publitsist Boʻritosh Nosirova maxsus maqola-taqrizida, jumladan, shunday yozibdi: “Sizlar birgalikda yozgan “Tolibnoma” kitobingizni Qarshi universiteti kutubxonasidan olib qayta-qayta oʻqiganman. Koʻchirtirib oʻquvchilarimizga ham oʻqitganman, ayrim joylari yod boʻlib ketgan. Ushbu kitob insonlarni tarbiyalashda “Murabbiynoma” maʼnosida ham qabul qilinishi mumkin. Hozirgi kunda kelajagi buyuk davlat uchun komil inson tarbiyasi dolzarb bir muammo boʻlib turgan paytda “Yoshlar – bizning kelajagimiz” iborasi ostida yotgan chuqur mazmunning masʼuliyatini turmushdan, hayotdan olingan oddiy va ibratli voqea-hodisalar misolida tushuntirib aytgan. Ushbu kitob ravon tilda yozilgan, maroq bilan oʻqiladi. Lekin, ming afsuslar boʻlsinkim, bunday kerakli, zaruriy qoʻllanma sotuvda yoʻq. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi buyurtmasi bilan yozilgan bunday kerakli kitob koʻp nusxada bosilsa boʻlmaydimi? Kitob rastalari maza-matrasiz, qoni qaynoq yoshlarni ur-yiqit, oʻldir-oʻldirlarga, rasmlar bilan bezatilgan chet el romanlari, allaqanday behayo hislar uygʻotuvchi beparda nasihatlaru behayo rasmlar solingan kitoblarga liq toʻla. Esiz, qimmatbaho qogʻozlar!”

Kamina nokamtarlik qilayapti deb oʻylamasligingiz uchun aytayki, kitobimizning asosiy qismini rahmatli ustoz yozganlar, maqtov ham koʻproq ularga tegishli.

“Dorilfunlar taqdirimda” kitobimni ikkinchi jahon urushi jangohlarida halok boʻlgan, nomi Mustaqillik maydonidagi “Xotira” kitobida naqshlangan otam Umirqul Haydar oʻgʻli va uning sadoqatli, vafodor yori, butun umrini yurt xizmatiga, farzandlari tarbiyasiga baxshida etgan onam Oysuluv Boli qizining porloq xotiralariga bagʻishlaganman. Kitobda Vohid Abdullayev, Saʼdi Sirojiddinov, Abdulla Qahhor, Chingiz Aytmatov, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qoʻshjonov, Solih Qosimov, Begali Qosimov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Oqil Salimov, Oʻtkir Hoshimov, Muhammad Yusuf, Mashrab Boboyev, Aʼzam Oʻktam, Umarali Normatov, Xayriddin Sultonov, Ahmadjon Meliboyev, Gʻulom Gʻafurov asarlarining badiiy jozibasi, oʻziga xos xususiyatlari haqidagi kuzatuvlarim, tahlillarimni qogʻozga tushirishga, boshqalar fikrlarini takrorlamaslikka harakat qilganman.

2004 yili Moskvadagi “Voskreseniye” nashriyotida chop etilgan sal kam yetti yuz sahifalik “Chingiz Aytmatovning najot kemasi” (“Kovcheg Chingiza Aytmatova”) kitobidan “Sayyoraviy tafakkur adibi” nomli yigirma sakkiz betlik maqolam joy olgani kamina uchun kutilmagan yangilik, shodiyona boʻldi. Bu maqola haqida adabiyotshunoslar Ozod Sharafiddinov, Baxtiyor Nazarov, Sanjar Sodiqlarning iliq fikrlari xursandchiligimga xursandchilik qoʻshdi.

Darhaqiqat, kitobsiz, adabiyotsiz hayotimni tasavvur qilolmayman. Toʻgʻri, adabiyotsiz, kitobsiz ham yaxshi yashayotganlar, amaliga, boyligiga mahliyo boʻlib, davri-davron surayotganlar bordir. Ammo men uchun bunday hayot cheklangan, zerikarli, maʼnisiz boʻlib qolardi.

Adabiyot insonni odob-axloqli, iymon-eʼtiqodli, madaniyatli qilib tarbiyalaydi. Yaxshilik qilishga, yomonlikdan qaytishga undaydi. Abdulla Qodiriy “Oʻtgan kunlar”ni boshdan oyoq yod olgan kishiga toʻn kiydirganini eshitganmiz. Urush jangohlarida qon kechib yurgan yigitlar yorlari, maʼshuqalariga yozgan xatlariga K. Simonovning “Meni kutgil” sheʼrini qoʻshib yuborishar ekan. Dangʻillama hovli-joyi, qoʻsha-qoʻsha mashinasi, qoʻrasida mol-qoʻylari boʻlgani holda kitobi, kitob javoni yoʻq ayrim kishilar haqida faylasuf olimimiz, akademik Vohid Zohidov afsus-nadomat bilan yozganlarini eslaylik.

Asl kitobxonlar, kitobsevarlar, kitoboʻqirlar koʻp. Aslida adabiyot ana shu fidoiylari bilan barhayot va rivojlanish yoʻlidadir. Soʻnggi yillarda bizning milliy adabiyotimiz ham oʻziga xos tarzda rivojlandi. Misol uchun, keyingi oʻn yilliklarda sheʼriyatimizda modern yoʻnalishi takomillashib bormoqda. Toʻgʻri, shaxsan men modern adabiyoti namunalaridan yaxshi xabardor emasman. Ammo bu haqda ustoz Ozod Sharafiddinovning bir qator maqolalarini oʻqiganman. Bu haqida baʼzi tanqidchilarimiz qarama-qarshi qutbda fikr bildirishlaridan ham xabardorman. Biroq shunisi aniqki, men oʻqiydigan asar – modernizmmi, realizmmi, eng avvalo, haqqoniy, tabiiy, samimiy boʻlsa boʻldi. Nazarimda, modern adabiyoti bizda bora-bora keng ildiz otadi – globallashuv davri, madaniyatlar, adabiyotlar hamkorligi shuni taqozo etadi. Faqat bizning modern asarlarimiz gʻarbdan nusxa koʻchirmasligi, milliy mentalitetni, sharqona axloq, hayo, maʼnaviyatni oʻziga singdirishi kerak.

Prozada yangi, yorqin asarlar paydo boʻlayotibdi. Sheʼriyatga yosh isteʼdodlar shaxdam qadamlar bilan yonib, yorib kirib kelishayotibdi. Ular Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Halima Xudoyberdiyeva, Omon Matchon, Muhammad Yusuflar baland koʻtarib qoʻygan nazm plankasi bilan boʻylashib ijod qilishayotibdi. Orada bir qadar susayib qolgan dramaturgiyada ham jonlanish sezilayotibdi. Publitsistikamiz koʻproq eniga, kamroq boʻyiga oʻsdi, oʻsayotibdi. Bir qator oʻtkir maqolalar, baquvvat kitoblar, yaxshi hujjatli filmlar, fotosuratlar yaratildi, sakkiz yuzdan ortiq gazeta, jurnallar va boshqa nashrlar, yangi nashriyotlar, tele-radiokanallar, axborot agentliklari paydo boʻldi. Ammo bu ham hali kam.

Oʻylashimcha, badiiy publitsistika, kino-fotopublitsistika ayniqsa jadal taraqqiy etadi, voqea boʻlarli asarlar yuzaga keladi. Negaki, keyingi paytlarda oʻquvchilarda hujjatli badiiy-publitsistik asarlarga qiziqish, ishonch ortib borayotgani kuzatilmoqda.

Taniqli munaqqid Ibrohim Gʻafurov “Hayo – xaloskor” kitobida, badiiy toʻqimaning ahamiyatini kamsitmagan holda, shunday yozadi: “Yozuvchi hech narsani toʻqib chiqarmasligi kerak, deb oʻylayman. Toʻqib chiqarilgan narsalar yolgʻonga oshno narsalardir. Adabiyotning obroʻsi tushib ketganiga sabab uning keyingi vaqtlarda toʻqimalarga zoʻr berilganida boʻldi. Bugungi hayotga, bugungi odamlarga badiiy soʻzning unchalik keragi boʻlmay qoldi. Hozirgi hayot va insonning ayni oʻzi haqida yozish va qudrati kelsa, u haqda taʼlim berishgina oʻzini oqlaydi”. Buni toʻqimani tamom inkor etgan keskin fikr deb tushunmaslik, koʻproq mansuralarga, maqolanavislik janrlariga daxldor mulohaza deb qabul qilmoq joiz.

Darhaqiqat, bugun bizning dunyo bilan bemalol boʻylasha oladigan adabiyotimiz, sanʼatimiz, kino asarlarimiz bor. Hech ikkilanmasdan Nobel mukofotiga tavsiya qilish mumkin boʻlgan daho ijodkorlarimiz bor. Agar adolat qilinganda, mukofot berishda ochiq va pinhoniy ayirmachilik, siyosiy oʻyinlarga yoʻl qoʻyilmaganda, fan, adabiyot sohasidagi eng yuksak asarlar uchun Qodiriy, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor kabi ulkan yozuvchilarimiz, Habib Abdullayev, Ibrohim Hamroboyev singari mashhur olimlarimizning asarlari oʻz vaqtida shunday eʼtirofga munosib edi.

Meni adabiyotga, sanʼatga hamnafas qilgan taqdirdan minnatdorman. Mana, butun umrim ilmu maʼrifat ichida kechyapti. Bu sharafli yoʻlda menga oilam ham yaqin koʻmakchi, hamqadam, hammaslak. Turmush oʻrtogʻim Oylarxon filolog. Qomusimiz ilk nashrining toʻqqiz jildida boʻlim mudiri degan nomi bor. Hozir nafaqada. “Siz ishlang, yozing, kiyim-kechak, bozor-oʻchar qilishni bizga qoʻyib bering”, deydi. Yozuvchi Nusrat Rahmat bir davrada, oʻziga xos quvnoqlik bilan: “Qirq yildan beri ishdan qaytsam, eshikni faqat bir ayol ochadi. Eshigini uch-toʻrt ayol ochgan qadrdonlarimga havasim keladi”, deya hazil qilgandi. Uning haziliga hazil bilan javob berdim:

– Sizniki holva ekan, doʻstim. Bizning eshikni ellik yildan beri shu birgina ayol ochadi. Chimildiqda tanishganmiz, kuydim-yondim deb oila qurgan ne-ne juftlar ajrashib ketdi. Xudoga shukr, biz bir-birimizga toqat qilib yashab kelayotibmiz. Farzand, nevaralar oltin toʻylarinigizni oʻtkazamiz deb turishibdi.

Ikki farzandimiz bor. Qizimiz Gulchehra dotsent, Kimyo-texnologiya institutida kafedra mudiri. “Erkin Vohidov sheʼriyatida antiteza” mavzuida nomzodlik ishini yoqlagan. Kuyovimiz Hayitmurod huquqshunos. Oʻgʻlim Vohidjon ham oliy maʼlumotli. Rus, ingliz, yapon tillarini yaxshi biladi. Bir yil Yaponiyada oʻqib, ishlab keldi, hozir “ABU MATBUOT – KONSALT” nashriyotini boshqarmoqda. Yaponchadan Kavabata, Akutagava hikoyalarini, rus tilidan Zoshchenko hikoyalarini tarjima qilgan. Kelinimiz Zulfiya jurnalist. “Yoshlar” teleradiokanali muharriri. Nevaralarim ham barchasi oliy oʻquv yurti talabalari, litsey, maktab oʻqituvchilari.

 

Saydi UMIROV

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 6-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/adabiyot-fidoiylari-bilan-barhayot/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x