Suvon MELI[1]
1
Nafis adabiyot, buyuk Choʻlpon taʼbiri bilan aytganda, “hisli koʻngil tarixi”dir. Bu taʼbir biz tuyqus oʻylagandan ancha chuqurroqdir. Tarix fani oʻtmishga oid fakt va hodisalar majmui, kechmish voqealar jamuljami ekan, hisli koʻngil tarixi bundan-da poyonsiz va tubsizdir. U inson koʻnglida paydo boʻlmish his-tuygʻularning muayyan vaqt, masofa davomida kechib, oqib oʻtishi va bu oqimning hisli tarzda qayd etilishini anglatadi. Inson, insoniyat barhayot ekan, bu oqim mangu. Oqim sadolari bizga notanish boʻlgan olamlarda qaysidir darajada, qay bir holatda seziladi, “Qurʼoni karim”da aytilgan Lavhul-Mahfuz – oʻchmas lavhda muhrlanadi. Lekin odmi ongimizda yorugʻ olamdagi hisli koʻngilning quvonch va iztiroblari qalb tebranishlari boʻlib borliqqa (yoʻqlikka) singib, izsiz yoʻqolib ketadigandek tuyuladi. Ushbu izsiz yoʻqotishlik sanʼat tomonidan maʼlum darajada instisno etiladi. Sanʼat, jumladan, soʻz sanʼati, yaʼni adabiyot bani odam koʻnglida kechadigan tuygʻular, roʻy bergan voqea-hodisalardan tugʻiladigan taassurot va tasavvurlarni konsentratsiyalashgan holda soʻzga, kalomga muhrlab, hozir va kelajak avlodlarga meros qilib qoldirishga jahddir. Asar yaratish oʻzidan, oʻzi mansub boʻlgan, guvoh boʻlgan zamondan iz qoldirishdir.
Soʻz sanʼati boʻlmish adabiyot, tabiiyki, bu jarayonda oʻzining asosiy quroli soʻz bilan ish koʻradi – hisli koʻngil tebranishlarini soʻzda muhrlaydi.
Soʻz chinakam sanʼat asarida, yaʼni soʻz sanʼati – tom maʼnoda adabiyot paydo boʻlganda sehr kasb etadi. Soʻzning oʻzi va u orqali tiklangan turli insoniy holat-manzaralar, munosabatlar, soʻzlashuv-toʻqnashuvlar shunday xos maʼnolar kelib chiqishiga imkon yaratadiki, bunday maʼnolar majmui, teranligi va yuksakligi adabiyotshunoslik uchun torlik qilib, yangi bir tarmoq – adabiyot falsafasiga zarurat tugʻdiradi goʻyo. Soʻz sehri, soʻz alkimyosi uning xos maydoni boʻlsa, ajabmas.
2
Koʻpchilik koʻzni mukammal aʼzo, deb ishonadi, koʻz bilan koʻrganini bor haqiqat deb oʻylaydi. Chindan ham koʻz mukammal yaratilgan. Ammo u olamning bor sir-sinoatini koʻrish darajasida mukammal emas. Hodisa, jarayonlar borki, koʻrilmaydi, his etiladi. Koʻrilmaydi, lekin koʻngil anglaydi. Mavlono Jaloliddin Rumiyning mashhur “Koʻzni yumgil, koʻzga aylansin koʻngil” degan hikmati borliqqa, olamga oʻzgacha qarash, insonning oʻzini va borliqni yangi koʻz, koʻngil koʻzi bilan kashf etishiga ham otashin daʼvat, ham ilmiy yoʻllanmadir.
Badiiy adabiyotni tom maʼnoda anglash va anglatish uchun kitobxon va tadqiqotchi (tadqiqotchi ham kitobxon, faqat u xos kitobxon) “hisli koʻngil” sohibi boʻlishi lozim. Xuddi shu narsa badiiy adabiyot, umuman, sanʼatni mantiqqa tamom boʻysunuvchi boshqa sohalardan ajratadi. Adabiyot hisli koʻngil mahsuli va faqat shunday koʻngil yordamidagina oʻz qalbini tadqiqotchiga ochadi. “Oʻtkan kunlar” romanidagi “Navo kuyi” bobida shunday tasvir va tadqiq bor: “Dutorning nozik torlaridan, tilsimlik yuraklaridan chiqgʻan “Navo” kuyi oʻz nolasiga tushunguchi Otabekdek yigitlarga juda muhtoj edi. Oʻz dardiga tushungan bu yigitka borgʻan sayin dardini ochib soʻzlar, yigʻlab va ingrab soʻzlar edi… Eshitkuchi esa dunyosini unutib yigʻlar, kuchini yigʻishtirib yigʻlar va hasratu alamini koʻz yoshisi bilan toʻkib yigʻlar edi…”
Bu oddiy tasvir emas. Bu sanʼat, musiqa kuchini koʻrsatishda soʻz ojiz qolgan nuqtada yana soʻz va tuygʻu yordamida holatning qayta tiklanishi, yaʼni juda noyob tasvirdir. Buni hisli koʻngilning badiiy portreti deyish mumkin.
3
Adabiyot falsafasi biz biladigan tabiat, jamiyat va tafakkur taraqqiyoti, umumiy qonuniyatlari haqidagi fan, yaʼni falsafa yoki uning uzviy boʻlagi emas. Ushbu qonun-qoidalarni adabiy asarlarga qoʻllash, ular mazmunidan falsafiy kategoriyalarni izlash va topish ham emas. Aytish joizki, shunday yoʻl ham mavjud boʻlib, u aytarli ilmiy va amaliy natija bermaydi. Chunki bunday majburan qoʻllangan falsafiy qoidalar badiiy asarga singishmaydi, unga zaxa yetkazadi. Adabiyot, badiiy asar bunda qalbini ochmaydi, u chetdan suqilgan gʻoya va qoidani xush koʻrmaydi. Oʻzini oʻzida koʻrishni istaydi.
Mangu hayotning qat-qatida “hali onasidan tugʻilmagan hamma”[2] qalbi va vujudida jobajo va cheksiz takrorlanuvchi olamiy hissiyot hamda shu hissiyot sohiblarini jonli, xuddi oʻziday, tiriklardan tirikroq qilib tasvirlashga, koʻrsatishga falsafaning tishi oʻtmaydi, insof bilan aytganda, bunday choʻng amal uning zimmasida ham emas.
Oʻtayotgan, kechayotgan har bir vaqt zarrasi oʻz qiymati va maʼnosiga ega boʻlgan, har bir tirik nafas olamcha maʼno-mazmun tashiydigan voqelik faqat sanʼatda – badiiy adabiyotda tiklanadi. Dongdor shoirimiz yozadi:
Bir onning bahosin oʻlchamoq uchun
Oltindan tarozu, olmosdan tosh oz.
Nurlar qadami-la chopgan sekundning
Barini tutolmas ayhannos ovoz.
(Gʻafur Gʻulom, “Vaqt”)
Tirik nafas bahosiga sanʼat, badiiyat va intuitsiya, gʻayri shuuriy yoʻl bilan yetish mumkin. Jahon adabiyotining shoh asarlarida bot-bot qilinadigan taʼnalar falsafaning ushbu boradagi ojizligiga ishoradir. Shekspirning “Romeo va Julyetta” tragediyasida rohib Lavrentiy surgunga joʻnayotgan Romeoga “falsafaning gʻoyat shirin sharbatidan ich” deya oʻgit berganida, u deydi:
Men surgunga ketar boʻlsam, falsafang bir pul!
Julyettani falsafami yarata olur?
(M.Shayxzoda tarjimasi)
Ushbu soʻzlar ruscha tarjimada yanada kuchliroq jaranglaydi: “Vsya filosofiya mira ne stoit Djulyetti” (Butun dunyo falsafasi Julyettaning tirnogʻiga arzimaydi).
Lekin badiiy adabiyot Julyettaning mukammal timsolini yarata oladi, oʻlmas tragediya bunga misol. Asarda hayoti dunyodan oʻtgani bilan Julyetta jismoniy hayotdan behad yuksak maʼvo – mangulik bagʻrida. Uning va boshqa buyuk timsollarning mangu tiriklik sirini ochish adabiyot falsafasi zimmasida. Bu falsafa Julyettaning tirnogʻiga arzishi lozim. Ulkan shoirimiz tili bilan aytganda, davrning “butun qoʻpolligini, butun nozikligini, butun sovuqligini, butun haroratini Sening gʻunchadek nozik lablaringga jo qilmoq istayman, sevgilim…” (Abdulla Oripov). Bunday nafis nazokat, inja mahobat faqat adabiyotning, buyuk sheʼriyatning qoʻlidan keladi.
Yana Shekspirning “Hamlet” tragediyasida oʻlgan qirol arvohini koʻrib aqli shoshgan hamrohiga qarata Hamlet deydi: “Horatsio, dunyoda koʻp narsalar borki, Falsafangiz tushiga ham kirmagan hali” (Jamol Kamol tarjimasi).
Romeo qalbida yonayotgan sevgi otashi maʼshuqaning “gʻunchadek nozik lablariga jo” boʻlgan, Hamlet aytmoqchi, falsafaning tushiga ham kirmagan sir-asrorlar kashfi – adabiyot falsafasi zimmasidagi ulkan va yoqimli vazifalardandir.
Badiiy adabiyotning shohona namunalariga koʻzga aylangan Koʻngil bilan boqib va shunday koʻz bilan tahlil qilsak, qila olsak adabiyot falsafasiga yovuq borsak, ajabmas.
4
Adabiyot falsafasi Soʻz, uning old-ort va qaʼridagi kichik ham katta olamlar falsafasidir.
Badiiy falsafa koʻzi bilan qaralsa, muayyan asardagi oddiy, tuyqus koʻzga tashlanmaydigan jumla, qahramonga berilgan tavsif katta maʼno yuki tashib, xuddi sehrgar tayoqchasidek badiiy asarga yangi qiyofa baxsh etishi mumkin. Mumtoz romanimiz “Qutlugʻ qon”da Shokir otaning “tumorcha shaklli kichkina hovlisi” yoki shu qahramon tilidan roman bosh qahramoni haqida “Durust, Yoʻlchiboy er oʻgʻli – er edi, u boshqa olamdan edi” degan gapi butun asar va yetakchi qahramon Yoʻlchi obraziga boshqacha, irfoniy koʻz bilan qarashga undaydi, shunga yoʻl ochadi. Bu tavsif zamirida Yoʻlchi bu dunyoning odami emas, degan maʼno bor, biroq qizigʻi shundaki, bu gap romanning ruscha tarjimasida mutlaqo yoʻq. Tarjimon bu gapning zalvorini anglagan va “hushyorlik” qilgan chogʻi.
Chingiz Aytmatovning mashhur “Jamila” qissasidagi bosh qahramonlardan biri Doniyor haqida “Stranniʼy chelovek, ne ot mira sego” (oʻzbekcha tarjimada keyingi gap aks etmagan) degan tavsif uning ham xuddi Yoʻlchi singari ilohiyotga qorishiq qiyofasini tiklaydi.
Gap shundaki, ikki adabiy qahramonga berilgan bu taʼrif asos-eʼtibori bilan muqaddas kitob “Injil”dagi Iso paygʻambar soʻziga borib taqaladi. Iso oʻzi va ummatlari haqida deydi: “Men bu dunyodan boʻlmaganim kabi, ular ham bu dunyodan emaslar” (Yuhanno, 17:16). Yana shu joyda u “Sen yahudiylarning Podshohimisan?” deb soʻragan rimlik hukmdor Pontiy Pilatga: “Mening shohligim bu dunyodan emas” (Yuhanno, 18:36) deb javob beradi. Rus tilida bot-bot ishlatiladigan “ne ot mira sego” iborasi, aslida, “Injil”dagi Iso alayhissalom soʻzidan olingan boʻlib, gʻalati, esi past, shuningdek, darveshsifat, avliyonamo odamlarni tavsiflaydi.
Ikki adabiy qahramon – Yoʻlchi va Doniyorga islom dinimizda ham eʼzozlanadigan Iso alayhissalomga xos tavsif berilishi aslo tasodif emas. Va bunday bogʻlanish (buyuk bogʻlanish!) har ikki qahramonni yangi, yuksakroq mehvarga olib chiqadi. “Jamila” qissasini olamga mashhur qilgan Lui Aragon tomonidan “Jahonda eng goʻzal sevgi qissasi” deya baholanishiga ilk bois Doniyorning bu dunyodan emasligi, uning yuragi olis olamlar mavji bilan hamohang tepishidan emasmikan? Jamiladay asov va magʻrur ayolni oʻziga rom qilgan ayni kuch shu boʻlsa-chi?
Buyuk romanimiz “Qutlugʻ qon”ga kelganda, asar yetakchi qahramonini Iso alayhissalomga eltib bogʻlovchi bu taʼrif, nazarimizda, ulugʻ adib tomonidan romanga joylab qoʻyilgan ezoterik[3] kod, shubhasiz. U shunchalik mohirlik bilan Shokir ota soʻzlari orasiga joylashtirilganki, bir qarashda mutlaqo koʻzga tashlanmaydi. Oʻquvchilik yillarim asarni bir necha marta oʻqiganman, lekin ushbu jumla faqat 90-yillar boshidagina eʼtiborimga tushdi, koʻzimga koʻrindi. Ushbu ezoterik kodning xizmat vazifasi, badiiy energiyasi nimada? U, birinchidan, Yoʻlchi obraziga yangi koʻlam, oʻzgacha fasohat baxsh etadi. Yoʻlchi potensial yirik shaxs, u tabiiy yombi aql egasi. Insoniy yuksakligini aytmaganda ham, u asarda tasvirlangan barcha boylar va oʻqimishli jadid Abdushukurdan ham aqlan, ham maʼnaviy jihatdan ustun. Oʻzini tutishi, maʼnaviy tozaligi, har qanday xavf-xatarga qaramay haqiqat, adolat tarafida turishi, u – gʻayri oddiy odamligidan, boshqa olamdan kelgan, boshqa olamdan boʻlgan odam ekanidan dalolat bermaydimi? Yoʻlchini Iso paygʻambar shuʼlasida tutib, romanni qayta oʻqing va har bir xatti-harakati haqida qayta fikr yuriting – shunda Yoʻlchi, demakki roman ham behad yuksalishiga imon keltirasiz. Men bunga aminman.
Ikkinchidan, ushbu ezoterik kod Yoʻlchini uning maʼnaviy otasi – asar muallifi Oybek bilan bogʻlaydi, bogʻlaganda ham mustahkam bogʻlaydi.
1994 yilda yirik olim va adib Naim Karimov masʼul muharrirligida buyuk yozuvchimiz rafiqasi Zarifa Saidnosirovaning “Oybegim mening” xotiralar kitobi nashr etildi, 2005 yilda ikkinchi nashri ham bosildi. Bu, hech shubhasiz, ulugʻ adibimiz haqidagi noyob kitobdir. Unda shunday bir voqea hikoya qilinadi. Oybek tramvayda oʻtirib, allaqanday bir kuyni xirgoyi qilib ketmoqda. Kuy juda vazmin boʻlsaki, roʻparada oʻtirgan bir ayol jahl bilan “Daje v tramvaye net pokoya! Yedesh pod poxoronnem marshem!” deya yuklarini koʻtarib, tramvayning narigi boshiga ketadi. Endi kitobdan aniq koʻchirma olaylik: “Men ham Oybekka bir ogʻiz soʻz qotmadim. U hech narsani sezmadi, eshitmadi, qoʻshigʻini aytib oʻtiraverdi. Koʻzlaridan anglar edimki, u uzoqda, boshqa dunyoda… Xulas, ToshMIga yetdik. Tramvayning soʻnggi bekati. Hamma qoʻzgʻalayapti, ammo Oybek hamon oʻtirardi.
– Turing endi, yetdik, – dedim yelkasiga sekin qoʻlimni qoʻyib.
– A? Qachon chiqding? – soʻradi u taajjublanib”.
Xuddi shu yerda muhtaram opamiz Oybekni Yoʻlchi orqali Iso alayhissalom bilan bogʻlovchi gapni yozadilar: “U ana shunday bir jahonga arziydigan ajabtovur tabiatli, boshqa dunyodan kelmish kishi edi”. (Taʼkid bizniki – S.M.)
Aytilgan mazkur holatlar adabiyot falsafasida qiyos va qiyosiy tahlil metodining mustasno oʻrnini koʻrsatadi hamda badiiy asarda mavjud yashirin maʼnoviy kontaktlar izlash, topish va ularni amalda qoʻllash, yaʼni ular namoyon etgan yangi maʼnolarni ochish hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini taʼkid etadi. Maʼnolar tutashgan joyda paydo boʻladigan yangi maʼnolar fasohati adabiyot falsafasining zaruriyatini urgʻulaydi.
5
Ezoterikaga oid moʻtabar bir kitobda yoziladi: “Biz oʻzimiz haqimizda bilganimizdan ancha-muncha ulkanmiz. Buni shunchaki unutganmiz, xolos” (Drunvalo Melxisedek. Drevnyaya tayna Svetka Jizni. – M., Sofiya, 2012. –S.13). Gap bu yerda jami inson, uning bitmas-tuganmas botiniy imkoniyati haqida ketmoqda. Ushbu fikr toʻligʻicha badiiy adabiyotga ham tegishli. Inson qalbi va tafakkurining xos mahsuli boʻlmish adabiyot ham biz bilganimizdan ancha-muncha ulkan, uning sir-asrori ham tasavvur qilganimizdan moʻlroqdir. Ushbu haqiqatni anglay va tinglay olsak, yaʼni ulkanligimizni eslay olsak, balki hozirgidan sirliroq, ulugʻvorroq Adabiyot, unga oid yanada teranroq Ilm yarata olarmiz, balki.
Hazrat Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostoni 63-bobida Iskandar bilan ustozi Arastu oʻrtasida “Chun inson darki maqsudi asliy haqiqati idrokidin muarrodur, nega soyir hayvonotdin mustasnodurur” (yaʼni modomiki inson fahmi maqsudning asl va toʻliq haqiqatini idrok qilishdan ojiz ekan, oʻzga hayvonlardan ne farqi qoldi) degan mazmunda suhbat kechadi. Savolga Arastu, yaʼni hazrat Navoiy, shunday javob beradi:
Vale muncha bilmishki, bilmaydurur,
Bu maqsud darkini qilmaydurur.
Oʻzi bilmasi anglagʻon soʻzu dard,
Ani barcha maxluqdin qildi fard.
Mumtoz matnning, bizningcha, soddaroq bayoni shunday: lekin inson oʻziga berkitilganini bilmagani, oʻz maqsad va muddaolarini yetarlicha idrok etmagani holda shunchalik koʻp narsa biladiki, oʻzini-oʻzi yaxshi tushunmagan holda anglagan soʻzlari (taʼkid bizniki. – S.M.) – uni barcha maxluqlardan ajratib, ulugʻlab turadi.
Demak, buyuk Navoiy nazdida inson shunchalik mukammal yaratiqki, undagi barcha bilim, sir-asror uning oʻzida – vujudi va qalbida. Dostonning shu bobida yana inson haqida “Ki Haq sirri zotida pinhon erur” degan misra ham bor. Yaʼni inson shunday sirli va mukammal bitikki, bu bitikni insonning oʻzi ham osonlikcha oʻqiy olmaydi. Inson vujudi va koʻnglida koinotning sir-asrori, bitmas-tuganmas maʼnolar ilohiy qalam bilan bitib qoʻyilganki, bani odamning buyuk siymolari yaratgan shoh asarlarda ushbu ilohiy qalam muttasil nur taratib turadi.
Ayni shu nuqtada adabiyotga koʻchamiz. Adabiyot insonni har xil koʻrinishda, turli alfozda tasvirlaydi. Har bir yaratilgan obrazga, manzara yoki holatga muallif munosabati seziladi, bu munosabat ularning muayyan talqini ham. Lekin insoniyat yaratgan buyuk badiiy obidalarda tasvir va ifoda etilgan holatlar, insoniy qiyofalar shunchalik koʻz hamda aql ilgʻamas mavj va toʻlqinlarga egaki, ularni birdan, uzil-kesil tushunish, talqin qilish mutlaqo imkonsiz. Shunday boʻlmaganda ular asrlar, ming yillar davomida yashab qolmagan boʻlardi, albatta.
Ushbu obidalar, ulardagi rang-barang obrazlarda Hazrat Navoiy aytmish “Oʻzi bilmasi anglagʻon soʻzu dard” nafis adabiyotning sehrli kuchi bilan bir qadar anglanadi, badiiy soʻzda tajassum topadi, yaʼni ifoda belgisiga ega boʻladi.
Daho shoirimiz “Xamsa”ning soʻnggi dostonida olgʻa surgan bu buyuk haqiqat hozirgi zamon fizikasi va ezoterikasida oʻz ilmiy tasdigʻini topmoqda. Yapon olimi va shifokori Masaro Emato oʻzining “Suvdagi maxfiy maktublar” kitobida mashhur nazariyotchi fizik Devid Tom tadqiqotlariga suyanib, shunday yozadi: “Har bir odamda, hatto uning har bir hujayrasida koinot haqidagi axborot saqlanadi” (Emato M. Skriʼtiʼe poslaniya vodiʼ. Tayniʼe kodiʼ krisstalov lda. – M., Sofiya, 2008 –S.75).
Mana sizga Navoiy bobomiz yuqoridagi bobda topib aytgan “Ki, inson erur mudriki kulliyot” (Inson hamma narsani idrok etuvchidir) va “Oʻzi bilmasi anglagʻon soʻzu dard” (Oʻzi bilmagani holda anglagan soʻz va ishq) ning ilmiy tasdigʻi. Inson oʻzida, har bir hujayrasida joylangan bilimni, axborotni anglaydi, aniqrogʻi, muayyan hol holatlarda ilgʻaydi. Badiiy adabiyot esa inson oʻz-oʻzini oʻqish, oʻzida, hujayralarida bitilgan bitiklarni qisman boʻlsa-da (chunki bu maxfiy va mukammal bitiklar), maʼnosini chaqish, anglash vositasidir.
Buyuk nemis faylasufi Fridrix Shelling oʻzining asosiy “Transendental idealizm sistemasi” asarida borliqni anglashda “sanʼat abadiy hamda haqiqiy qurol (organon) va bir paytning oʻzida falsafiy hujjatdir”, deb yozadi hamda sanʼat asari haqida gapirib, “Asl sanʼatkor yaratiqlariga beixtiyor tubsiz teranlik baxsh etar ekan, oʻz niyatini qattiq oʻylab, pishitishiga qaramay, bu teranlikni uning oʻzi ham, boshqa birov ham toʻligʻicha anglab yetolmaydi” – deydi (Shelling F.V.Y. Soch. V 2-x t., T.1. – M., Miʼsl, 1987 –S.484). Buning asl sababi, bu haqda Shelling gapirmaydi, hazrat Navoiy aytgan – inson zotida “Haq sirri” pinhon etilgan, yashirilganidir. Aql-idrokida emas, zotida, javharida. Badiiyat daholari yaratgan asarlarda pinhon etilgan sirlar toʻliqroq namoyon boʻladi, xolos.
Chinakam badiiy asarni idrok etish hech qachon nuqta qoʻyilmaydigan abadiy jarayon, yana Shelling taʼbiri bilan aytganda, “Sanʼat asarining asosiy xususiyati – gʻayrishuuriy cheksizlik”dir, lekin undagi cheksizlik, tubsiz teranlikni anglash va qayd etishga urinish ham xuddi shu kabi cheksiz jarayondir.
Demak, buyuk adabiyot Parvardigor insonga tuhfa etgan sirli xilqat, noyob yaralmadir. Yaralganga yaratish layoqatini bergan Tangri taologa hamdu sanolar boʻlsin!
6
Demak, adabiyot falsafasi hisli koʻngil koʻzi bilan koʻrilgan buyuk badiiy kashfiyotlar, ular haqidagi ilm, yangi davrdagi ilmi badeʼdir.
Adabiyot falsafasi – badiiy obraz falsafasidir.
U badiiy asar qalbiga kirish, undagi fikr va tuygʻuni mushtarak koʻrib, badiiy tuygʻu zamiriga shoʻngʻishdir, yaʼni adabiyot falsafasi – tuygʻu falsafasidir.
Adabiyot falsafasi soʻz, badiiy soʻz falsafasidir. Zero daho shoirimiz yozganidek, “Bil: ham avval soʻzu ham oxir soʻz”.
“Jahon adabiyoti”, 2018/1
[1]* Suvon Meli – filologiya fanlari nomzodi.
[2] “Qobusnoma”dagi “Hamma narsani hamma biladi, hamma hali onasidan tugʻilgan emas” degan buyuk hikmatga ishora (izohlar muallifniki).
[3] Ezoterika – uxraviy bilimlar majmui.