Hayot – tilsim, katta bir jumboq. Uning qay bir koʻchasida nima kutayapti, qay birida baxt yashirin, qaysinisida musibat yotibdi – buning bari inson zoti uchun qorongʻi. Kelajak yoʻl, qismat mundarijasi shundoqqina peshonada bitilgan boʻlsa-da, uni oʻqishga bani bashar ojizlik qiladi.
Dunyo adabiyotining yirik vakili Iosif Brodskiy boshida nimalar sinmadi, deysiz. Shunday sinovlarga duch kelishi xayolining bir chekkasiga kelganmidi? Ammo u hayot roʻbaroʻ qilgan kulfatlardan, azoblardan oʻkinib, ortga chekinmadi. Aksincha, berilgan har bir zarbadan imkon izlashga urindi. Uni uqubat emas, u uqubatni qiynadi, tuzum ustidan kuldi.
1963 yilning 29 noyabrida sobiq ittifoqdagi “Vecherniy Leningrad” gazetasida Lerner, Medvedov va Ionin tomonidan imzo chekilgan “Adabiyot atrofidagi tekinxoʻr” nomli maqola paydo boʻldi. Mualliflarning aytishicha, Brodskiy oʻz sheʼrlaridagi ikki parchani Bobishevdan, uch qatorini esa oʻzining “Namoyish” dostonidan oʻgʻirlagan.
Ushbu maqola nafaqat shoirni taʼqib qilishga, balki uni hibsga olishga ham turtki boʻlgandir. Biroq, Brodskiyning aytishicha, uning xayollarini unga qilingan boʻhton, kelgusida payt poylab turgan hibs, sud va hukmdan koʻra, oʻsha vaqtda sevgan ayoli Marina Basmanova bilan aloqalarining uzilishi tamoman egallagandi.
1964 yilning 8 yanvarida “Vecherniy Leningrad” gazetasida podborka (bir umumiy sarlavha ostida beriladigan bir necha kichik xabar va maqolalar) nashr etildi. Unda gazetxonlarning “ishyoqmas” Brodskiyni jazolash talab etilgan maktublari keng oʻrin egallagandi. Oradan bir oy oʻtar-oʻtmas, yaʼni 13 fevralda Brodskiyni toʻppa-toʻgʻri koʻchaning oʻzida soqchilar qurshovida hibsga olishdi.
Ijod ahli koʻngilchan va har narsani yuragiga yaqin oladi, deganlari rost ekan. Bir kun oʻtib – 14 fevral kuni kamerada shoirda birinchi yurak xuruji yuz berdi. Biroq uni davolanishga emas, ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joʻnatishdi. U yerda Brodskiyni 3 hafta tutib turishadi, tagʻin bir necha kun toʻpolonchilar boʻlmasida. Shu paytdan Brodskiy doimiy tarzda stenokardiya (yurak muskullarining siqilishi, shuning natijasida yuzaga keladigan ogʻriq)dan aziyat chekkan, oʻz navbatida, bu kasallik unga doimo ehtimoliy oʻlimi yaqinligi haqida eslatib turardi (bu uning ashaddiy kashandaligiga ham xalaqit berolmagan). Balki shundandir, shoir 33 yoshida “Xush kelibsan, mening keksaligim!”, “Hayotim haqida nima ham deyishim mumkin?”, deya taʼkidlagandi.
Shu tariqa, Iosif Brodskiyni ikki bor sud qilishdi. Jarayon qay tariqa “adolatli” kechganini sudya va shoirning qisqa savol-javobida koʻrish mumkin:
Sudya: Mehnat stajingiz?
Brodskiy: Taxminan…
Sudya: Bizni “taxminan” qiziqtirmaydi!
Brodskiy: Besh yil.
Sudya: Qayerda ishlagansiz?
Brodskiy: Zavodda. Geologiya guruhlarida…
Sudya: Zavodda qancha muddat ishlagansiz?
Brodskiy: Bir yil.
Sudya: Qaysi vazifada?
Brodskiy: Frezerchi boʻlib.
Sudya: Umuman olganda, mutaxassisligingiz qanaqa?
Brodskiy: Shoir, shoir-tarjimonman.
Sudya: Shoirligingizga kim iqror boʻladi? Kim sizni shoirlar qatoriga qoʻshgan?
Brodskiy: Hech kim.
Sudya: Bunga oʻzi oʻqiganmisiz?
Brodskiy: Nimaga?
Sudya: Shoir boʻlish uchun-da? Oliy oʻquv yurtini bitirishga urinmaganmisiz, qayerda tayyorlashadi… qayerda oʻqitishadi…
Brodskiy: Men oʻylamayman… Bunga taʼlim berishadi deb oʻylamayman.
Sudya: Nimaga?
Brodskiy: Oʻylaymanki, bu… Xudodan…
Sudya: Sizda sudga rasmiy iltimos bormi?
Brodskiy: Meni nima uchun qamashganini bilishni xohlardim?..
Koʻrib turibsizki, shoir hatto nima uchun hibsga olingani va ne sabab sud qilinayotganini bilmagan. Sudyaning savollarida esa mantiqni topish qiyin. Oʻzingiz oʻylang, hech zamonda birov birovni shoir safiga qoʻshadimi yoxud shoirlik maqomini beradimi? Axir ijodkor oʻzganing xohish-irodasi bilan shoirlik yoʻlini tanlamaydi, bunga uning qalbi yoʻl koʻrsatadi, oʻrni kelganda, butun vujudidagi dard-alamni goʻzal va latif tarzda qogʻozga toʻkib solishni amr etadi. Qolaversa, ijodkorlikning maktabi yoʻq, shoirlarning fabrikasi yo akademiyasi yoʻq! Shoirlik – bu qismat. Shak-shubhasiz, bu yerda gap asl adabiyot haqida ketmoqda. Barcha biladi-ku, “yasalgan” shoirlar chin adabiyot elagidan oʻtolmay, arosatda qolib ketgan, baʼzilari butkul unutilgan, baʼzilariga esa hozirgacha “tosh otiladi”.
Sudya va shoir suhbatidan soʻng ayblovchi tomonning barcha guvohlari oʻz koʻrsatmalarini “Men Brodskiy bilan shaxsan tanish emasman…”, deya boshlagandi. Bu bir zamonlar Pasternak taʼqibga uchraganidagi foydalanilgan mazkur taʼrifga oʻxshab ketadi: “Men Pasternakning romanini oʻqimaganman, lekin qoralayman!..”.
1964 yil 13 martida sudning ikkinchi kengashida Brodskiyga maksimal darajada “tekinxoʻrlik” koʻrsatmasi bilan hukm oʻqildi – olis joyda besh yil muddatga majburiy mehnat jazosi tayinlandi. U Arxangelsk viloyatining Konosh tumaniga surgun qilindi. Surgun oʻtaladigan joyga boradigan yoʻlda Brodskiy mahalliy militsiya boshligʻi Boris Odinsovni uchratdi. U shoirga eng xilvat qishloqchani tanlashni va bekinishni maslahat berdi, axir uni oʻrmonzorga joʻnatishlari mumkin edi, u yerda esa u xasta yuragi bilan uzoq yashamagan boʻlardi…
Boris Odinsovning maslahatiga kirib, Iosif Norinsk qishlogʻini tanlaydi. Haqiqatan qishloq ancha olisda edi: 24 kilometrlik tuproq yoʻl yomgʻirli kunlarda loygarchilikka aylanganida, hatto traktor ham zoʻrgʻa bardosh berardi. U Volkovga bergan intervyusida surgunda oʻtkazgan vaqtini hayotimdagi eng baxtli damlar, deya xotirlaydi. U qismatning bu oʻyinidan fojia yasamadi. Aksincha, undan unumli foydalanishga intildi. Eng muhimi, irodasi bukilmadi. Surgun jarayonida Brodskiy ingliz sheʼriyatini, shuningdek, Uisten Oden ijodini oʻrgandi:
“Yogʻoch uyda oʻtiraturib xotirlayman, kvadrat oʻlchamidagi illyuminator (kema va samolyotda mahkam yopiladigan qalin oynali toʻgarak tuynuk, darcha) derazadan hoʻl, botqoq yoʻlda daydib yurgan tovuqlarga nazar tashlagancha, hozirgina oʻqib chiqqanimga yarim-yorti ishonaman… hali 1939 yildayoq ingliz shoirining “Tajriba… tilni boyitadi” soʻzlariga iqror boʻlishdan boʻyin tovlayman, olam esa avvalgidek qolmoqda”.
1964 yilning 10 aprelida Brodskiyni 3-sonli brigadaga ishchi sifatida qabul qilishdi. U oʻgʻit sochishi, oʻsimlikdan hosil boʻladigan shox devor uchun xodachalar tayyorlashi, dalani toshlardan tozalashi, mol-holni oʻtlatishi, traktor bilan kuzgi ekinlarni sochishi, donga ishlov berishi kerak edi. Biroq qishloqdagilarning xotirlashicha, Iosifda buning bari u qadar amalga oshmasdi: u xodachalarni tayyorlay turib qonga belangan kaftlarini artar, malina butazorida birmuncha vaqt yoʻqolib qolganida, chorva tarqalib ketardi…
Shubhasiz, bu paytda tegishli organlar Iosifni oʻz holiga tashlab qoʻygani yoʻq. Unga koʻz-quloq boʻlib turishdi – konoshlik militsionerlar Norinskda tez-tez boʻlib turishardi, tintuv oʻtkazishardi. Qaysidir bir kuni Brodskiyni hattoki Leningraddagi uch kunlik taʼtildan kechikib kelgani uchun mahalliy turmaxonaga qamab qoʻyishdi. Bu 23 mayda boʻlgandi, 24 mayda esa Iosif oʻzining 25 yoshini nishonlashi kerak edi. Tugʻilgan kunga doʻstlari kelishdi, ular Brodskiyni turmadan ozod etishning uddasidan chiqishdi.
Brodskiy Norinskda 80 atrofida sheʼr yozdi. Bu paytga kelib esa butun jahon va mamlakat boʻylab madaniyat namoyandalari shoirni ozod etishlarini soʻrab toʻxtovsiz chiqish qilishardi, munosabat bildirishardi. Oxir-oqibatda, ular oʻz maqsadlariga yetishdi. Muddatni qisqartirishdi, 5 yilni shundogʻam oʻtalgan 18 oyga tushirishdi.
Adolat baribir qaror topdi: tuzum, hukumat, oʻz davri ijodkorlari qoralab kelgan, goʻyoki jamiyat yuzidagi chipqondek qaralgan shoir – Brodskiy 1987 yili Nobel mukofoti laureati boʻldi. Baʼzida oʻylab qolasan, baʼzida esa iqror boʻlasan – muhaqqaq va asl adabiyot, asar, ijodkor oʻzining haqiqiy qadr-qimmatini oradan yillar, zamonlar oʻtib topadi. Shu boisdanmikin, bu yoʻlga chiqishga koʻpchilik jazm etmaydi, yuragi dov bermaydi. Chindanam, bu yoʻl – fidoyilik yoʻli, ijodga umri, bor-budi bagʻishlangan sadoqat yoʻlidir.
Azizbek NOROV
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/adabiyot-atrofidagi-tekinxor-ga-nega-nobel-mukofoti-berilgandi/