Ustoz adib, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining “Tarix saboqlaridan xulosa chiqarib yashaylik yoxud adabiyotimizning yaqin oʻtmishiga bir nazar” (“Xalq soʻzi” gazetasi, 2014 yil 8 noyabr) maqolasini oʻqib, adabiyotga mehr qoʻygan yoshlardan biri sifatida juda taʼsirlangan edim. Hurriyat zamonida emin-erkin yashab, ilm olayotgan, hech kimdan kam boʻlmay ulgʻayayotgan biz yoshlar uchun mazkur maqolada keltirilgan har bir dalil – saboq, har bir fikr – oʻgitdir.
Maqola avvalida muallif “Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani oʻz vaqtida maʼn etilgani, uni oʻqigan odamlar taʼqib qilinganini taassuf bilan yozadi. Ushbu dalilning oʻziyoq oʻsha davrning mashʼum qiyofasi toʻgʻrisida yetarli tasavvur beradi.
Umuman, Abdulla Qodiriy nomi oʻzbek kitobxoniga koʻp narsani anglatadi. Bu nom tilga olinganda qalblarimiz ham yorishib, ham choʻng bir gʻamdan ozorlanishi bejiz emas. Gap u zotning shafqatbilmas tuzum qurboni boʻlgani, bor-yoʻgʻi 44 yil umr koʻrgani haqidagina emas. Axir, qancha qaygʻuli boʻlmasin, bu musibat taqdirda bor ekan. Alamlisi shuki, mustamlaka davri Qodiriyning jismigagina emas, uning hali qogʻozga tushib ulgurmagan, adabiyotimizning durdonalari qatoridan, oʻzbekning kitob javonidan oʻrin egallashi mumkin boʻlgan asarlarining-da umriga zomin boʻldi.
“Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari bilan yigitlik chogʻlaridayoq shuhrat qozongan adib hali navqiron yoshida ekanida uchinchi yirik asari – “Amir Umarxonning kanizi” romanini yozish uchun material toʻplashga kirishadi. Oʻgʻli Habibulla Qodiriyning guvohlik berishicha, “Amir Umarxonning kanizi” ham tarixiy, Qoʻqon xonligi hayotidan yozilmogʻi kerak edi”. Buning uchun yozuvchi 1932–1935 yillar orasida Qoʻqon, Fargʻona, Namangan, Margʻilon, Asaka, Uchkoʻprik, Xoʻjand va boshqa joylarda ijodiy safarda boʻlib, maʼlumot toʻplaydi.
“Muallif asarni yozish uchun rejalar tuzgan, material-maʼlumotlar toʻplagan, ularni fikran maʼlum bir tartibga solgan, – deyiladi “Otamdan xotira” kitobida. – Shundan soʻng adibning quyidagi gapi keltiriladi: “Romanga kerakli materiallar yetarli boʻlib qoldi. Endi Toshkent, sharq kutubxonasida (hozirgi Sharqshunoslik instituti kutubxonasi nazarda tutilgan) Umarxonning ukasi yozgan, oʻsha davr tarixiga oid nodir bir qoʻlyozma bor ekan, shu kitobni ham biror oy oʻtirib oʻqib chiqsam va Buxoroga bir borib kelsam, bas. Uy-roʻzgʻor ishlaridan xotirjam boʻlib olib, bir qish qattiq oʻtirsam, romanni yozib bitiraman…”.
Lekin unga oʻsha xotirjamlik nasib etmadi, qattol davr uni rad etdi. “Afsuski, dadam niyatlariga yeta olmadilar”, degan H. Qodiriyning armoni barcha oʻzbek kitobxonining armoni boʻlib qoldi.
Muhammad Ali mustamlaka davrining insonlar ruhiyatiga qanchalar ogʻir shikast yetkazganini taʼsirli misollar vositasida ochib berarkan, maqolada keltirilgan bu maʼlumotlar har qanday kishini larzaga soladi. Jumladan, Oybekning turli boʻhtonlarga yoʻgʻrilgan tanqidlar, kuchli ruhiy tazyiqlarga uchragani oqibatida ogʻir dardga chalinib, umrining oxirgi oʻn besh yilida tildan qolib yashagani haqidagi soʻzlarni yuragi bor inson koʻzyoshsiz oʻqiy olmasa kerak…
Julqunboy(A.Qodiriy)ning 1969 yilda nashr etilgan “Kichik asarlar” toʻplami hamda “Diyori bakr” kitobi (“Yangi asr avlodi”, 2007 yil)ni, ularga kiritilgan asarlarning qay tarzda berilganini muqoyasa qilib koʻraylik.
Avvalo, bu ikki toʻplamni chop etishdan koʻzlangan maqsad mushtarak: oʻquvchini adibning kichik asarlari – hikoya, maqola, hajviya, felyeton va hangomalaridan bahramand etish boʻlganini taʼkidlash kerak. Biroq bundan qariyb yarim asr muqaddam chop etilgan toʻplamdagi asarlarni nashrga tayyorlashda oʻsha davr siyosatidan kelib chiqqan holda gʻoyatda “noziklik” bilan ish tutilgani koʻrinib turibdi. Bu adabiyotshunos Bahodir Karim taʼbiri bilan aytganda, “30-yillarning dahshatli dovulida yuragini oldirgan ziyolilar, baribir, garchi Abdulla Qodiriy 1956 yilga kelib toʻla oqlangan boʻlsa ham, aynan adibning dunyoqarashi va asarlari masalasiga kelganda juda ehtiyotkor”ligidan edi. Oqibatda, to hurriyat shamoli esib, adib ijodi oʻzining toʻla yuksak bahosini olgunicha, asarlari asl holida, hech qanday qisqartirish va oʻzgartirishlarsiz kitobxonlar qoʻliga yetib borgunicha muxlislar suyukli yozuvchisining oʻnlab asarlari toʻgʻrisida majruh tasavvur bilan yashashga majbur boʻldilar.
“Diyori bakr” va “Kichik asarlar”dan oʻrin olgan bir xil asarlarni solishtirish jarayonida besh yuzga yaqin katta-kichik farqlar aniqlandi.
Birinchi katta farq ularga kiritilgan asarlarning miqdori bilan bogʻliq. “Diyori bakr”dan 146 ta, “Kichik asarlar”dan esa 46 ta hikoya, hajviya, felyeton va maqolalar oʻrin olgan. Julqunboy deganda, koʻz oldimizga oʻzbek adabiyotida satira maktabining dargʻalaridan biri, uning oʻtkir kinoyaga yoʻgʻrilgan “It urushdirish ishlari”, “Koʻmak” uyushmasiga ionalar”, “Biz kim va nimalardan qoʻrqamiz?”, “Yigʻindi gaplar”, “Haqiqat – ochib soʻzlashdadir” singari felyeton va maqolalari, Toshpoʻlat tajang, Kalvak maxzumdek qahramonlari keladi. Biroq hukmron mafkura egalari uchun xalqning oʻz milliy qahramonlarini yaxshi bilganidan koʻra u haqda chala tasavvurga ega boʻlib, paxta paykallarini “obod qilib” yuravergani afzalroq edi chogʻi. Buni yuqorida aytib oʻtilgan maqola va felyetonlardan tashqari yana oʻnlab asarlarning eʼlon qilinmay kelgani, chop etilganlari ham oʻzgarish va “tahrir”ga uchrab, “pati yulingan tovuqdek” “taqdim” etilgani, xususan, “Kichik asarlar”dan oʻrin olgan “Toshpoʻlat tajang nima deydi?” hamda “Kalvak maxzumning xotira daftaridan” singari hajviy qissalarining qisqartirib bosilganida ham koʻrish mumkin. Bundan tashqari “Kichik asarlar”da davr mafkurasiga moslab, tahrir etilgan, gʻaliz holatlarni ham koʻplab uchratamiz.
Maqolada: “Adabiy tazyiqlar har qadamda uchrar, yozuvchilar hukmron mafkura ruhida ijod qilishga majbur etilgan edi”, deydi. Bu gap ham koʻp armonlarni yodga soladi.
Bugun biz Choʻlpon, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir singari millatning asl farzandlari nomini ehtirom bilan tilga olamiz. Isteʼdodlari oldida taʼzim qilamiz.
Daryo suvi irmoqqa sigʻmaydi, deganlaridek, yuksak isteʼdod egalari shunchaki, oddiy hayot kechirmaydilar. Ular vujudidagi isteʼdod daryosi toʻlib-toshib, betakror sanʼat asarlariga doʻnadi. Oʻz oʻrnida ular maʼrifatga tashna qancha-qancha dillarni obod aylaydi.
“Irmoqqa sigʻmas daryo” boʻlgani tufayli Lev Tolstoy umrini adabiyotga baxsh etdi – “ustma-ust taxlasa, boʻyi barobar boʻladigan” kitoblar yozib qoldirdi. Maksim Gorkiy, Mixail Sholoxovlar haqida ham shunday deyish mumkin. Ular ijodlari ayni gullagan davrida noyob isteʼdodlarini deyarli toʻsiqlarsiz, tazyiqlarsiz, tahlikalarsiz ijodga safarbar qildilar. Kuch va bilimlarini, intellektual imkoniyatlarini mafkuraviy bosimlar, har xil tazyiqlar, gʻoyaviy kurashlarga emas, yuksak badiiy asarlarni taʼlif etishga yoʻnaltirdilar. Ularning aksariyati bilan deyarli zamondosh oʻzbek shoir va yozuvchilari-chi? Ular bor ijodiy imkoniyatlarini emin-erkin, keng quloch yozgancha yuzaga chiqara oldilarmi?
Men oʻzimdan besh-oʻn koʻylakni oldin yirtgan avlod vakillarining oʻquvchilik yillariga achinaman. Biz darsliklarda Choʻlpon sheʼrlarini, muqovasiga “Kecha va kunduz” deb yozilgan kitobni sevib oʻqiganmiz, bu asarlar hamisha yuragimizning toʻrida yashaydi. Biroq shoir tarjimai holini diqqat bilan oʻrganarkanmiz, biz “Kecha va kunduz” deya oʻqigan romanimiz aslida adib qalamiga mansub durdona dilogiyaning bir qismigina ekanini bildik! Manbalarda, shuningdek, shoir umrining soʻnggi yillarida bir kitob taʼlif etgani ham xabar beriladi. Lekin qani oʻsha kitob?!. Choʻlpon oʻrta asrlarda yashab oʻtgan shoir emaski, “asarlari bizgacha yetib kelmagan”, deya tushuntirsak millat bolalariga! Yoʻq, shunga majburmiz!.. Achchiq savollardan dimogʻlar achishadi.
Gʻafur Gʻulomdek gigant talant sohibi vujudida “Turksib yoʻllari” boʻylab taxlab chiqsa yetgudek qator-qator dostonlar, romanlar yozishga qobil kuch yoʻqmidi? Imom Buxoriy, Moturidiy, Margʻiloniy, Qaffol Shoshiylar avlodi, Alisher Navoiy, Ogahiydek daholarning izdoshi boʻlgan shoirning qalami – “boʻyi” emas, bulutlarga boʻylashadigan asarlar bitishga qodir emasmidi?
Abdulla Qahhordek shiddatu shahdi baland, viqorli inson, donishmand adibning har bir hikoyasi biz uchun qadrli. Ammo uning ham ijodiy imkoniyatlari, bizningcha, yanada koʻproq va salmoqliroq asarlar yozishga yetar edi… Nainki, adabiyot ahli va umuman, ziyolilar, balki oddiy odamlarning-da fikrini boʻgʻib, bemalol soʻzlashga, oʻylashga, mulohaza qilishga yoʻl bermagan toʻsiq qanday toʻsiq edi?
“– Kamolxon aka, “Musulmonqul istibdodiga xotima” boʻlimidagi Yusufbek hojining anovi gaplari turaversinmi yo qoldiraymi, zamonni koʻrib turibsiz…”, – deya hamfikr, sirdosh doʻstlaridan biriga ming hadik va xavotir aralash dil yorgan ekan Abdulla Qodiriy 1930-yillarning avvalida. – “Kamolxon domla biroz oʻylanib turdi-da, qoʻl silkib:
– Turaversin, – dedi…”
Shu ikki ogʻiz suhbat davrning irkit manzarasini ravshan koʻz oldimizga keltiradi.
Ustoz ijodkor “Tarix saboqlaridan xulosa chiqarib yashaylik”, deya, hammadan avval, biz yoshlarga xitob qilgandek tuyuldi. Bugun adabiyotimiz boʻstonini yashnatish niyatida shijoatni beliga belbogʻ qilib boylagan qurdoshlarimni, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Birinchi kitobim” loyihasida ilk toʻplamlari nashr etilayotgan yosh qalamkashlarni koʻrib quvonaman. Matbuotda chiqishlarini kuzatib, koʻnglim yorishadi.
Adabiyotimizdagi armonlarni unuttiradigan, kemtiklarni toʻldiradigan mana shu tengdoshlarim-da! Ular timsolida milliy adabiyotimiz oʻzining yangi Gʻafur Gʻulomlari, Mirtemirlari, Oybegu Abdulla Qahhorlariga ega boʻlib boraveradi.
Axir, bahor ham qaytib keladi-ku!
Elmurod NISHONOV,
“Hurriyat” muxbiri
“Hurriyat” gazetasida chop etilgan.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/adabiyot-armonlari/