Tarjimai hol
Abulg‘ozi, Abul G‘oziy xon (Abul G‘oziy, Bog‘odur xoni, Abulg‘ozi Bagadxon) — Chingizxonning avlodlaridan bo‘lgan Xiva xoni, shuningdek tarixchi, birinchi o‘zbek yozuvchisi, mumtoz o‘zbek adabiyoti va adabiy tilining asoschisi sifatida tanilgan.
1603 yil 24 avgust kuni Urganch shahrida tug‘ilgan, Arab Muhammad xonning o‘g‘li.
17 yoshida otasidan o‘z ulushini olib, akalari bilan nizolashib qoladi va Forsga surgun qilinadi. 1644 yil Abulg‘ozi Urganchga qaytadi va xon etib tayinlanadi. Akalari bilan uzoq vaqt kurash olib borishi oqibatida 1645 yil taxtga o‘tiradi. U turkmanlar, qalmiqlar, Buxoro xonligiga qarshi jang qildi. 1663 yilda taxtni o‘g‘li Muhammad Anush foydasiga qoldiradi va 1664 yil vafot etadi.
Abulg‘ozi «Turkmanlar shajarasi» (1661 yil yakunlangan) va «Turklar shajarasi»; (1852 yil Qozonda va 1871 yil Sankt-Peterburgda nashrdan chiqqan) ikki tarixiy asar muallifi sifatida tanilgan; asar ba’zi Ovrupa tillariga, shu jumladan Sablukov tomonidan rus tiliga ham tarjima qilingan va I.N.Berezin tomonidan nashr qilinib, “Sharq tarixshunoslar kutubxonasi”ga joylashtirilgan (t. III, Kaz., 1854 yil).
Hayotining so‘nggi yillarida u o‘zi ham tegishli bo‘lgan Chingizxon va Shayboniyxon sulolasi tarixini sof o‘zbek tilida yozishni boshlaydi. Abulg‘ozining o‘zbek adabiyotidagi ahamiyatli o‘rni shundaki, u forslarning kuchli ta’siridan aziyat chekkan chig‘atoy adabiy tiliga ochiqchasiga qarshi chiqqan. Abulg‘ozi yozgan til xivalik o‘zbeklarning juda oson, sodda tili bo‘lib, chig‘atoy adabiy tilidan kuchli farq qilgan. Abulg‘ozining uslubi asarlaridagi ilmiy xarakteriga qaramay, o‘zining tushunarliligi hamda lug‘atining boyligi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga ko‘plab o‘zbek xalq iboralarini o‘z ichiga oladi.