Abul Muʼin an-Nasafiy ziyoratgohi

Viloyatimiz markazidan 17 kilometr janubi-gʻarbda Qovchin qishlogʻi joylashgan. Ana shu qishloqda Abul Muʼin an-Nasafiy ziyoratgohi bor. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yil 24-25 fevral kunlari viloyatimizga qilgan tashrifi davomida bu joyni kengaytirib, katta ziyoratgohga aylantirish va u yerda katta kutubxona tashkil qilish haqida koʻrsatma berdilar.

Abul Muʼin an-Nasafiy kalom ilmining buyuk namoyandalaridan biri boʻlib, u Abu Mansur Moturidiy asos solgan moturidiya taʼlimotining dunyoda keng miqyosda  tarqalishida muhim rol oʻynagan alloma hisoblanadi. Tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov rahbarligida nashr qilingan “Oʻzbekiston – buyuk  allomalar yurti” nomli kitobda shunday  deyiladi:

“U (Abul Muʼin an-Nasafiy)ning “an-Nasafiy” nisbasi bilan atalishi xususida esa barcha tarixnavislar yakdillik bilan bir xil yozganlar. Shu bilan birga, baʼzi manbalarda an-Nasafiyning bir qancha muddat Samarqandda yashaganligi va soʻngra uzoq yillar Buxoroda muqim istiqomat qilganligi haqida ham  xabarlar keltirilgan…”

Abul Muʼin an-Nasafiy ziyoratgohida Xitoy ipak qogʻoziga bitilgan Qurʼoni karim qoʻlyozmasi mavjud. Bu muqaddas kitobning boʻyi 60, eni 41 santimetrni tashkil qiladi. Mazkur Qurʼon uchun usta Zarif degan kishi tomonidan balandligi 1 metru 60 santimetrlik lavh yasalgan. Lavhda hijriy yil hisobi bilan 1266 (milodiy yil boʻyicha 1851) sanasi  yozib qoldirilgan. 12 qatordan iborat forsiy sheʼr lavhga oʻyib bitilgan. Sheʼrning mazmuni quyidagicha:

“Ey bandani yaxshi koʻruvchi va bandaning doʻsti, unutishdan qochib, senga umid qoʻlini choʻzaman. Bu jahonda magʻizdan poʻstgacha sen oʻzingsan. Bundan boshqasini sendan soʻrashga xohish-istagim yoʻq. Sening koʻmaging menga rahnamo boʻlsin. Mening joyim har doim senda boʻlsin. Ey uzr istab kelganlarning uzrini qabul qiluvchi,  sening magʻfirating koʻp gunohkorlar uchun shafoatdir. Sening noming zikri bilan mening jonim chiqsin. Bu yoʻlni koʻrsatuvchi mendan  pinhondir…”

Ziyoratgoh atrofida katta qabriston bor. Ziyoratgoh bilan qabristonni qoʻshib hisoblaganda, hudud 50 gektardan koʻproq maydonni egallaydi. Qabristonda 100 dan ortiq har xil marmar toshlarga bitilgan yodgorliklar bor. Yodgorliklarga qaraganda, qadimiy Ibsan qishlogʻidan chiqqan olimlar ham shu yerda dafn qilingan.

VIII-XII asrda yashagan olimlar haqida maʼlumot bergan as-Samʼoniy (1113-1167) oʻzining “Al-Ansob” (Nasabnoma) asarida: “Ibsan – Nasafdan bir farsax uzoqlikdagi qishloq. Abu Yaʼqub Yusuf ibn Abu Bakr al-Ibsaniy shu qishloqdan. Bu kishi shayx, qori, chiroyli siyratli va koʻp ibodat qiluvchilardan edilar. Abu Bakr Muhammad al-Baladiydan taʼlim olganlar. Nasafda boʻlganimda Al-Azraqiyning “Axboru Makka” kitobini shu kishidan oʻqiganman. Hijriy 478 (milodiy 1086) yilning safar oyida tugʻilib, hijriy 552 (milodiy 1158) yilning safar oyida vafot etganlar”, deb yozadi.

Bu kabi yana koʻplab maʼlumotlar hali oʻrganishga, tadqiq qilishga arziydigan va shuni kutib yotgan manbalar, oʻtmish sirlari bisyorligidan darak beradi. Ayniqsa, mazkur ziyoratgoh hududi oʻzida katta bir tarixni asrab turibdi. Shukurki, vatanimiz mustaqillikka erishganidan keyin yurtimizdagi shunday ziyoratgoh va qadamjolarga boʻlgan munosabat tubdan oʻzgarib, ular koʻrkam va obod joylarga aylantirildi. Endi Prezidentimiz koʻrsatmasiga binoan Abul Muʼin an-Nasafiy ziyoratgohi yangidan chiroy ochishi ajdodlarga boʻlgan yuksak ehtiromni bildirsa, bu yerda tashkil qilinadigan kutubxona esa ular qoldirgan boy maʼnaviy merosni ixlos bilan oʻqib-oʻrganish istagida boʻlgan yurtdoshlarimiz uchun katta bir tuhfa boʻlishi shubhasiz.

 

Ruhiddin AKBAROV,

Qarshi tumani

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/abul-muin-an-nasafiy-ziyoratgohi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x